Uchinchidan, milliy madaniyatimizga bo‘layotgan xurujlar. Sir emaski, xalqimizning milliy madaniyati o‘zining qadimiyligi, boyligi bilan alohida ajralib turadi. Markaziy Osiyo tarixida aql-idrok bilan ma’naviy jasoratni, diniy dunyoqarash bilan qomusiy bilimdonlikni o‘zida mujassam etgan allomalar ko‘p bo‘lgan. Ularning nomlari jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan buyuk hissasi dunyoga ma’lum. Ma’naviy-mafkuraviy xuruj uyushtirayotgan kuchlar jamiyatimiz a’zolarini milliy madaniy boyliklar va imkoniyatlardan begonalashtirishga harakat qilmoqda. SHu maqsadda ular Internet tarmog‘idan, kinofilmlar va san’at turlaridan foydalangan holda nihoyatda ohanrabo, lekin engil-elpi, inson tafakkurini rivojlantirishga emas, aksincha uning sayozlashuviga xizmat qiluvchi namunalarni jamiyatimizga olib kirishga intilmoqda. Bunday san’at va madaniyat namunalarida behayolik, mantiqsizlik g‘oyalarining targ‘iboti etakchilik qilmoqda. Vaholanki, bu mamlaktlarning o‘zlari millatlarning parokandalikka olib boradigan, insoniyat uchun sharmandali vaziyatlarni demokratiya, inson huquqlari kabi oliy qadriyatlar shiori ostida targ‘ib qilmoqda.
Mamlakatimizda aholi, ayniqsa yoshlarimiz uchun axborot resurslari, jumladan Internet global tarmog‘idan foydalanish borasida keng imkoniyatlar yaratilganligini ta’kidlash bilan birga, jamiyat rivojlanishining hozirgi zamon vositalari va usullarini egallashga tom ma’noda tayyor emasligini ham ko‘rsatib qo‘ydi. Psixologlar o‘tkazgan tadqiqotlarga ko‘ra, aholining 15-25 foizigina ahborotni tanqidiy nuqtai nazardan o‘zlashtirishga qodir, qolgan 75 foiz odamlar esa, olingan axborotning ta’siriga shundayligicha berilib ketadi28. Bu esa, axborot-kommunikatsiyalarning hozirgi zamon vositalari va usullari jamiyat boshqaruvchanligini ta’minlash, insonga ma’naviy-psixologik ta’sir o‘tkazish uchun keng imkoniyatlarga ega ekanligidan dalolat beradi. Bugungi murakkab mafkuraviy jarayonlarni ilmiy-amaliy jihatdan atroflicha tahlil qilish va baholash, uning ustuvor turlari qatlamlariga ta’sirini o‘rganish, milliy manfaatlarimizga, hayot tarzimizga zid bo‘lgan zararli g‘oyalar va mafkuraviy xurujlarning mohiyatini ochib berish, fuqarolarimiz qalbida milliy tafakkur va sog‘lom dunyoqarash asoslarini mustahkamlash alohida ahamiyat kasb etadi. Faqat ana shunday asosda yoshlarni o‘z fikriga ega, turli ma’naviy xurujlarga qarshi sobit tura olishga qodir bo‘lgan, irodali, fidoyi va vatanparvar insonlar etib tarbiyalashga erishish mumkin29.
Jahonda globallashuv jarayonlari avj olgan sharoitda ba’zan mafkuraviy markazlar tomonidan davlatlar o‘rtasidagi chegaralar yo‘q bo‘lishi haqidagi hamda yagona jahon madaniyatini qaror toptirish kabi xalqlarning madaniy-ma’naviy o‘zagini zaiflashtirish maqsadlariga xizmat qiladigan g‘oyaviy xurujlar olib borilmoqda. Bu borada “erkin axborot almashuvi” nazariyasining asoschilaridan biri hisoblangan MRB sobiq direktori A.F.Dallesning fikrini keltirish mumkin. “Agar menga, - deb yozadi A.F.Dalles, - tashqi siyosatning faqatgina bitta tamoyilini tanlab olish huquqi berilganda, men axborotning erkin oqimi prinsipini tanlagan bo‘lar edim”30. G‘arbda axborotning erkin oqimi deyilganida cheksiz miqdordagi axborotni bir taraflama uzatish, bunda axborot mazmunining hech qanday me’yorlar bilan cheklanmasligi va mazkur axborot u etkazib berilayotgan hududdagi davlat tomonidan nazorat qilinmasligi tushuniladi.
Axborot almashinuvi mislsiz tezlashgan hozirgi sharoitda, G‘arbdagi “markazlar” boshqa davlatlar va xalqlar o‘rtasida G‘arb hayoti “jozibalari”ni, jumladan, “ommaviy madaniyat” ta’sirini “erkin shabadalari” tarzida yanada keng yoyishga harakat qilmoqdalar. SHu erda AQSHning taniqli siyosatshunosi A.F.Dalles faoliyatining izchil davomchisi Zbignev Bjezinskiyning fikrlarini eslasak: “Madaniyat sohasida Amerika jahon yoshlari orasida alohida jozibadorligi bilan ajralib turadi. Bu esa, AQSHga jahonning hech bir davlatiga nasib qilmagan siyosiy ta’sirini ta’minlaydi. Ayniqsa, Amerikaning televizion dasturlari va filmlari jahon bozorining to‘rtdan uch qismini egallaydi. Uning ommabob musiqasi, amerikaliklarning qiziqishlari, ovqatlanishidagi odatlari, hatto, kiyinishlariga butun dunyoda taqlid qiladilar”31. Bu kabi konsepsiyalar G‘arbning demokratik erkinliklarini targ‘ib etib, boshqa g‘oyalar tarqatilishini imkon qadar cheklashni nazarda tutadi. Hozirgi kunda ham ularning mazmun-mohiyati o‘zgarishsiz qolganligini va yoshlarimizni chalg‘itish, ularning qalbiga, dunyoqarashiga ta’sir o‘tkazish niyatida “mutlaq erkinlik”, “chegarasiz erkinlik”, “erkin axloq” degan soxta g‘oyalardan keng foydalanayotganligini alohida ta’kidlash zarur. Bu yo‘lda “ommaviy madaniyat” namunalaridan radio-televidenie, internetning ijtimoiy tarmoqlari kabi vositalaridan makkorlik bilan foydalanilmoqda.
Axborot vositalari jadal rivojining hozirgi globallashuv sharoitida yoshlar tarbiyasiga o‘tkazayotgan salbiy ta’siri quyidagilarda namoyon bo‘ladi.