1.2. Yoshlar axborot axloqini shakllantirishda ongning o’rni XXI asr avvalgi davrlardan mazmun va shakl jihatdan butunlay farq qiladigan yangi qurol yaratilganligi bilan izohlanadi. Sezgan bo‘lsangiz kerak, bu - axborot qurolidir. Axborot janglarda qurol sifatida shu paytgacha ham foydalanib kelingan albatta. Biroq tarixda odamlar muloqot davomida suhbatdoshga so‘zlari, gapirish ohanglari, mimikalari, imo-ishoralari orqali ta’sir ko‘rsatib kelishgan. Bugungi kunga kelib, mingyilliklar davomida yig‘ilib borilgan tajriba, kashf etilgan muloqot texnologiyalari yordamida insonning ongiga ta’sir qilish va boshqarish yo‘llari o‘zgarib, samaraliroq va ta’sirliroq bo‘lib qolgan. Shuning uchun, axborot tahdidi – bu moddiy sohada ma’lum bir yutuqni qo‘lga kiritish maqsadida odamlarning bir-biriga aniq va yashirin qaratilgan axborot ta’siri harakatidan boshqa hech narsa emas. Axborot tahdidiga keltirilgan ta’rifdan kelib chiqqan xolda, axborot qurolining qo‘llanishi, avvalambor, jamoa fikri, raqibning mafkurasi bilan ish olib borishni bildiradi. Nazariyotchi olim S.Padover axborot jangi deb, “dushmanlarda kurashish ishtiyoqini so‘ndirish uchun barcha kommunikatsiya turlaridan farqli o‘laroq, o‘zgacha ta’sirni tushunadi”10. Bundan ma’lumki, axborot oqimlari omma tafakkuriga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.
Amerikalik taniqli jurnalist Jeffri Steynberg «CHeynining dastyorlari yadro qiyomatiga yo‘l ochmoqdalar» sarlavhali maqolasida ong uchun kurash uydirma emasligini isbotlashga harakat qiladi. Okean ortidagi odamlarning ongini buzish qanday naf keltirishi haqidagi gap-so‘zlar o‘tgan asrning 80-yillarida shaxsiy tashabbusdan davlat dasturi darajasiga ko‘tarildi. Davlatning qo‘llab-quvvatlashi natijasida mazkur loyiha tarqalib, okkult yoki jismoniy o‘limga olib bormaydigan tahdid nomini oldi. Uning asosida ruhiyat, ma’naviyat va ongni bo‘ysundirish orqali fikrlashda yalqovlikka olib borish, ishonchga kirish yotadi. Bu xalqaro miqyosda «mind war» deyiladi. U haqda Jon Aleksandr, Pol Velleli, Maykl Akino kabi mutaxassislarning tadqiqotlarida atroflicha to‘xtalib o‘tilgan. Ular tafakkurni barbod qilishga qaratilgan xuruj va an’anaviy axborot tahdidi o‘rtasidagi chegarani aniq ko‘rsatib berganlar. Ikkinchi jahon tahdididan beri qo‘llanib kelinayotgan aksiltarg‘ibot, psixologik operatsiyalar ong uchun kurashdan farq qilishini Steynberg ham alohida e’tirof etadi: «Aqlni buzish quroli do‘stlar, dushmanlar, betaraflarga birdek ta’sir etadi. Unda oddiy varaqalar, targ‘ib bo‘limlarining maxsus tashviqotchilari ishlatadigan radiokarnaylar, kichik doiraga qaratilgan psixotrop vositalardan foydalanilmaydi. Mazkur dastur yordamida birgina markazdan turib sayyoramizning ixtiyoriy nuqtasidagi odam ongini nishonga olish mumkin. Albatta, bunda elektron OAV, televidenie va radio eng katta yordamchilardir. Yo‘ldosh aloqalar, videoyozuv texnikasi, optik tolali texnologiya butun jahondagi odamlarning ongiga ta’sir etish uchun shunday imkoniyat beradiki, ilgari buni tasavvur qilishning o‘zi amrimahol edi. Bunday imkonga ega bo‘lgan inson xuddi ekskalibur(qirol Arturning afsonaviy qilichi) ni qo‘liga olgandek bo‘ladi. U o‘zini shu qurol yordamida butun dunyoni o‘zgartirib yuborishga qodirdek his qiladi. Buning uchun qat’iylik va jur’at bilan mazkur vositalarni dunyo sivilizatsiyasiga singdirish kerakligini ham biladi. Mazkur vositalarsiz bizning mafkura (g‘oya) begona mafkuralar qurshovida kuchsizlanib, yo‘qolib ketishi mumkin. Agar boshqalar ana shu qilich oldida bo‘ysunib, o‘zligidan qaytishni istashmasa, undan ham dahshatliroq usullar bilan kurashishimizga to‘g‘ri keladi»11.
SHuni aytib o‘tish kerakki, qo‘poruvchilik harakatlarining real xavfi va asoratlarini anglash mumkin, ammo ma’naviyatni buzishga qaratilgan tahdidlar xatarining qay darajadaligini tushunib etish qiyin. Milliy o‘zlik, qadriyatlar, shunga yarasha tafakkur qilishning buzilishida turli tadqiqotlar, OAV va reklama agentliklari katta rol o‘ynashi bilan bir qatorda, aksincha, mazkur xavfning oldini olish yoki to‘g‘rilashda ham muhim ahamiyatga egadir. Ongni bo‘ysundirish, aqlni buzish, axborot tahdidlari haqida fikr bildirish kimlar uchundir balandparvozlik, jimjimador gaplar bo‘lib tuyular. Munosabatlarning turli ekanini tabiiy qabul qilish lozim. Shuni unutmaslik kerakki, axborot asrida amalga oshirilishi odat tusiga kirib borayotgan turli ayyorliklarni o‘z vaqtida anglab, uni mafkuraviy immunitet chig‘irig‘idan o‘tkazgan har bir odam ma’naviy kompasini qaerga yo‘naltirish zarurligini to‘g‘ri anglaydi.
Hozirgi kunda xayrli maqsadlarda zimdan olib borilayotgan o‘zaro kurashlar biror-bir millatning o‘zligini yo‘qotishga qaratilayotganini sezish qiyin emas. Unda dastlabki e’tibor hududlarni o‘zlashtirishga emas, inson ongini egallashga yo‘naltirilgan. Zombilashuv, manqurtlik, ommaviy madaniyat asirlari, fanatiklar ana shunday harakatlar qurbonlaridir.
Ayrim mutaxassislar mazkur ma’naviy-axboriy xurujlarning haqiqiy tahdiddan kam emasligini ta’kidlab, uni « war for consciousness », ya’ni «ong uchun jang», deb atashmoqda. Er sharida axboriy va kommunikativ bog‘liqlikning kuchayishi hamda ayrim millatlarga xos belgilarning globallashuv davri ta’sirida o‘z qadrini yo‘qotayotganligini boshqacha ma’noda talqin etadiganlar ham topiladi. Ularning fikricha, mazkur hol o‘z qolipi, o‘z to‘niga berkinib olganlarni tashqariga chiqishga majbur qilar ekan.
Rivojlanayotgan davlatlar, ayniqsa dunyoni egallashga da’vogar davlatlar kundan-kunga axborot tahdidi muammosiga ko‘proq e’tibor qaratmoqda, chunki uning ob’ekti - odamlarning ongi, maqsadi esa – omma ongini boshqarishdir. Bu maqsad tabiiyki, axborotning psixologik ta’siri orqali amalga oshiriladi. Axborot quroli odamzod uchun bevosita xavf soladi, axir u kishining ongini o‘zgartirib, borliqni noto‘g‘ri qabul qilishga va kishining o‘limi bilan tugaydigan harakatlargacha undashi mumkin.
“Ko‘pincha mamlakatlar o‘z fuqorolari, madaniyati, an’analari va ma’naviy boyliklarini begona davlat axborot ta’siridan saqlash uchun maxsus choralar ko‘rmoqdalar. Milliy axborot manbaalarini himoya qilish va axborot maxfiyligini jahon ochiq tizimlarida axborot almashinuvining saqlab qolish zaruriyati tug‘ilgan. CHunki, bunday ketishda davlatlar siyosiy va iqtisodiy qarama-qarshilik, xalqaro munosabatlarda inqirozga yuz tutishi mumkin. SHuning uchun, axborot xavfsizligi, axborot jangi hamda axborot quroli xozirgi kunda barchaning e’tibori markazida”12.
Hozirgi paytda ongni buzish uchun kurashda ommaviy madaniyat vositalaridan ham keng foydalanilmoqda. Ommaviy madaniyat fenomeni vujudga kelishida reklama, moda, mass-media muxandisligi, dizayn, xullas, ongga ta’sir etuvchi vositalarning ahamiyati katta.
Hozir yagona dunyo xaritasi mavjud bo‘lsa-da, insonparvar, taraqqiyparvar xalqlarning ezgu maqsad-muddaolari aks etgan g‘oyalariga qarshi bo‘lgan, individuallashgan, foydalanuvchilar talabiga moslashtirilgan, ayrim guruhlar manfaatiga bo‘ysundirilgan, ammo haqiqatdan uzoq turli buzg‘unchi g‘oyalar mavjud bo‘lib qolmoqda. Uning ijodkorlari aqlni bo‘ysundirishning bir nechta yo‘lini o‘ylab topishgan. Bu hol dastlab rivojlangan mamlakatlar aholisining madaniy qatlamiga chuqur kirib borgan bo‘lsa, vaqt uni butun dunyoga yoymoqda.
Taraqqiy topgan davlatlar rivojlanmagan yoki endi rivojlanayotganlar mamlakatlar uchun ideal namuna sifatida namoyon bo‘ladi, deyishadi. SHu o‘rinda biror tomonning yutug‘ini ko‘r-ko‘rona o‘zlashtirishdan ko‘ra, muvaffaqiyat sirlari va uning tub mohiyatini o‘rganish maqsadga muvofiqligini aytib o‘tish joiz.
SHunday kuchlar borki, ular ong va aqlning o‘tmaslashishi, millatga xos belgilarning yo‘qolishidan manfaatdor. Bu yo‘ldagi maqsadni amalga oshirish uchun katta mablag‘ kerak bo‘lsa-da, u keltiradigan daromad sarf-xarajatlarni ortig‘i bilan qoplaydi. Masalan, AQSHning ichki va tashqi qarzlari juda ko‘p bo‘lsa-da, mamlakat har yili 2,5 mlrd. dollar foyda ko‘radi. Qarz bergan davlatlar Amerikadan o‘z pullarini talab qilishi dollar tizimining qadrsizlanishiga olib kelishi kerak, aslida. Biroq amaliyotda hammasi teskarisiga aylanib ketgan. Dunyoning aksariyat aholisi o‘z mablag‘larini AQSHda saqlash daromad keltirishi va boyib ketish uchun zamin yaratishiga ishonadi. Nega qarzlari bunchalik ko‘p davlatga nisbatan ishonch hanuzgacha kuchli? Quyidagi fikr-mulohazalar uning sababini tushunib etishda yordam berishi mumkin. Bu borada AQSHda ishlab chiqarilgan maxsus mexanizmning o‘rni katta. U sayyoramiz xalqlarining ongi, ruhiyati, e’tiqodiga ma’naviy-madaniy jihatdan ta’sir ko‘rsatib, iqtisodiy va siyosiy sohada katta foyda keltiradi. Shuning uchun Xristofor Kolumb kashf etgan qit’adagi ushbu davlatda nima sodir bo‘lishidan qat’i nazar, xorijliklarning ong kompasining kafgiri o‘sha tarafga burilaverib, go‘yoki tayanch nuqtasini topadi. Aslida mazkur kompas maxsus institutlar tomonidan boshqarilayotganini ko‘pchilik anglab etmaydi. SHu yo‘nalishda bir qator tashkilotlar — OAV, san’at va madaniyat markazlari, milliy korporatsiyalar, diniy sekta va jamiyatlar ish olib boradi. Ular amerikacha hayotni ustalik bilan yuqorida aytib o‘tilgan axborot va g‘oyalar yordamida targ‘ib qiladi. SHu orqali etakchilikka intiladi. Bu o‘rinda moliyaviy jihatdan barqarorlik va ustunlikni ta’minlashda ongni egallash, uni buzish qay darajada ahamiyatga ega ekanini eslamoq lozim. Tabiiyki, boshqa davlatlar ham o‘z qiyofasiga ega bo‘lishga intilmoqda. Yo‘qsa, taraqqiyot maydonidagi musobaqadan chetga chiqishga, tobe bo‘lib, kimningdir orqasidan ergashishga to‘g‘ri keladi.
Ommaviy axborot vositalari bilan odamlarning (begona yoki o‘zimiznikilarga ajratmay) ongiga ishlov berish g‘oyasi o‘tgan asrning 80-yillarida paydo bo‘lganini aytib o‘tgandik. Jeffri Steynberg o‘z maqolasida bundan qariyb 30 yil oldingi fikrlar uydirma emasligi, tafakkurni buzishga qaratilgan harakatlarni nima uchun aynan harbiylar va Amerika elitasini boshqaradigan guruhlar qo‘llaganini sharhlab bergan. “Ong va aqlni ishdan chiqarish asosida olib boriladigan tahdid haqida tuzilgan dastur bugun ham qo‘llanib kelinadi”, deb yozadi u. Admiral Jon Poyndekster boshqargan «Axborotni total ta’qib etish» dasturi jurnalistik tekshiruvlar davrida ko‘p ma’lumot berish, shovqin ko‘tarish orqali ongni chalg‘itishga qaratilgan edi. Ongni buzish g‘oyasini siyosat olamidagi taniqli odamlar, masalan, AQSHda dong taratgan mashhur harbiy, ideolog Pol Vulfovits quvvatlab keladi. U 1990 yillarda AQSH harbiy va razvedka tizimlarida jismoniy o‘limga olib bormaydigan tahdid g‘oyalarining targ‘ibotchisi sifatida faoliyat yuritgan. Bunday tajribalar okean ortidagi bir qator ilmiy-harbiy laboratoriyalarda ham olib borilgan. Tadqiqotlarda turli maxfiy xizmat vakillari ishtirok etgan. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: ular inson ongini boshqarish, buzish usullarini qanday o‘ylab topishgan? Ikki xil yo‘l bilan deyish mumkin — ilmiy yo‘l va ijtimoiy institutlar yordamida.
Tahdid – bu so‘z zamirida yo‘qotish yotadi. XX asr oxiri va XXI asr boshlarigacha tahdid deganda, ikki qarama-qarshi tomon bir-biri bilan jang qilishi, jismoniy tomondan yo‘qotish va kimnidir kuch bilan engish tushunilardi. XX asrning 2- yarmida zamonaviy axborot tahdidlari tushunchasi paydo bo‘la boshladi. Endi bunday tahdidlarda tahdid quroli, uning ko‘rinishlari, shakli o‘zgarib bordi. Zamonaviy tahdidlarda qurol kuchiga qarab emas, axborotga egalik qilish va uni aql bilan ishlatilishiga qarab, davlatning kuchi belgilanmoqda. Butun insoniyat ongli mavjudot sifatida xalqlar tengligini ta’minlovchi qonunlar va xalqaro tashkilotlar orqali himoyalanib qo‘yilgan. Bu qonunlar oldida boy-kambag‘al, kuchli va kuchsizlar tengdir. Sayyoramizda yashayotgan har bir inson hamma shaxslar qatori o‘z huquqlaridan foydalanish imkoniyatiga ega. Biroq ba’zilar bunday tenglikka rozi emas. Ular qanday qilib bo‘lsa ham, boshqa xalqlarni emirishga harakat qilishadi yoki o‘z hukumronligini o‘tkazmoqchi bo‘lishadi. Buning uchun albatta, tanklardan foydalanisha olisholmaydi. Bugungi jamiyatda eng samarali va arzon tahdid bu – axborot tahdididir. Bu tahdidning eng daxshatli tomoni tahdid asoratlari bora-bora butun bir millatni yo‘q bo‘lib ketishiga olib keladi. Uchinchi ko‘rinmas kuch ikki tomonni harakatga keltirishi oqibatida, ikki davlat bir-biriga qarshi tahdid ochishadi. Bu joyda uchinchi kuchni topish judayam mushkul masala.
Axborot tahdidida qo‘llaniladigan eng samarali qurol bu – OAVdir. Oddiygina televidenie orqali berilayotgan kino, multfilm, ko‘ngilochar dasturlar, kliplar, musiqalar va siyosiy xabarlar orqali ulkan axborot oqimi kirib keladi. Bu bilan televidenieni ko‘rmaslik kerak degan xulosa kelib chiqmaydi. Faqatgina bu ko‘rinishlarga immuniteti kuchli bo‘lgan jamiyatgina axborot xurujidan qutulib qoladi. Bu immunitetni qanday qilib shakllantirish kerak. Haqiqiy o‘zligini anglash orqali albatta. O‘zlikni anglash deganda nima tushuniladi. Bu milliy manaviyat, milliy tarix, milliy dunyoqarashdan boshlanadi. Buni O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti I.A.Karimov “Yuksak manaviyat - yengilmas kuch” asarida shunday ta’riflagan edi: “Qaerdaki beparvolik va loqaydlik hukm sursa, eng dolzarb masalalar o‘zboshimchalikka tashlab qo‘yilsa, o‘sha erda ma’naviyat eng ojiz va zaif nuqtaga aylanadi. Va aksincha – qaerda hushyorlik va jonkuyarlik, yuksak aql-idrok va tafakkur hukmron bo‘lsa, o‘sha erda ma’naviyat qudratli kuchga aylanadi”13.
O‘zbekistonda OAV tomonidan berilayotgan axborotlarni ko‘pchilik qismini milliy axborotlar tashkil qiladi. Bu ochig‘ini aytganda, o‘zimni ham ensamni qotirar edi. Nega endi bizda chet elga o‘xshab, har bir vaziyatlarni ochiqdan-ochiq ko‘rsatishmaydi, nimaga qiziq dasturlarni bizda olib bermaydi, deb o‘ylar edim. Lekin, diplom ishim uchun izlanishlar olib borganimda, bizning xalqimiz, ma’naviy ozuqa bilan to‘liq oziqlanmaganligiga va hali bunday ochiqlikka tayyor emasligini anglab etdim. Bizning yoshlar, bizning jurnalistlar orasida chet el jurnalistlaridan ham kuchli jurnalistlar bor. Faqat biz, milliy ma’naviy qurolimizni kuchaytirishimiz kerak. Jurnalistlarimizning oldidagi eng birinchi ish, ma’naviy bo‘shliqlarni to‘ldirishdir. Shundan keyingina, o‘zimizni barcha turdagi axborotlarga tayyor deb hisoblashimiz mumkin. “Agar biz O‘zbekistonimizni dunyoga tarannum etmoqchi, uning qadimiy tarixi va yorug‘ kelajagini ulug‘lamoqchi, uni avlodlar xotirasida boqiy saqlamoqchi bo‘lsak, avvalambor buyuk yozuvchilarni, buyuk shoirlarni, buyuk ijodkorlarni tarbiyalashimiz kerak”14.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, keyingi paytlarda mamlakatimizga nisbatan ham axborot-psixologik tahdidlar tez-tez sodir etilayotgani ta’kidlanmoqda. Bu jarayonga O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidentimi Islom Karimov quyidagicha izoh bergan edi: “Jahon geosiyosatida xalqlarni ma’naviy-mavkuraviy jihatdan tobe etishga intilish va bugungi kunda dunyoni shunday asosda bo‘lib olishga urinishlar davom etmoqda. Buning uchun ular hozirgi zamon ommaviy axborot vositalari, ularning yutuqlaridan hamda turli xil markazlar, ayni paytda o‘zaro hamkorlikka yo‘naltirilgan ijtimoiy, madaniy, iqtisodiy vositalardan foydalanish orqali dunyoning turli hududlarida o‘zlariga mos mafkuraviy muhitni shakllantirish maqsadlarini ham ko‘zlamoqdalar. Barchamiz bugungi hayot oldimizga qo‘yayotgan bir achchiq haqiqatning ma’no-mazmuniga etib borishimiz zarur. Bu achchiq haqiqat shundan iboratki, agarda kimda-kim bizning mustaqil taraqqiyot yo‘limizni, orzu-maqsadlarimizga erishish yo‘lini, yangi jamiyat qurish yo‘lini to‘smoqchi bo‘lsa, avvalo, hali suyagi qotmagan, mustaqil dunyoqarashi shakllanib ulgurmagan yoshlarimizning qalbi va ongining mo‘rtligidan foydalanib, ularning ma’naviyatini buzib, bizning azaliy tabiatimizni va muqaddas odatlarimizga mutlaqo zid bo‘lgan g‘oyalar bilan chalg‘itib, o‘zining g‘arazli va jirkanch niyatlarini amalga oshirish yo‘lida qurol qilib olishga urinadi” 15. Bu esa ularga qarshi jiddiy kurashishni taqozo etadi. Buning uchun axborot xavfsizligi bo‘yicha keng qamrovli tadbirlarni amalga oshirish zarur. Milliy istiqlol mafkurasini keng targ‘ib etish, aholini to‘g‘ri axborot bilan tez va o‘z vaqtida ta’minlash, jamoatchilik fikrini to‘g‘ri shakllantirish ana shunday vazifalar sirasiga kiradi.
Bugungi yoshlarning aksariyati asosiy axborot manbai sifatida internetga murojaat qilishadi. Lekin ularda axborot immuniteti shakllanmagan mish-mishlar dunyosi bo‘lmish "Internet" orqali ma’naviyatga salbiy ta’sir vujudga kelishi mumkin. Nega ta’sir qiladi? Bugungi kunda yoshlarimiz - turli xil G‘arb seriallari ta’sirida, milliy qahramonlarimiz jasoratidan bexabar o‘sayotganligi sababli ma’naviyatga qaytadan chuqur e’tibor qaratmas ekanmiz, ularning zehni o‘tkir, dunyo bilimlarini egallagan bo‘lishlariga qaramasdan, Vatan manfaati yo‘lida xizmat qilishlariga, begona g‘oyalarga berilmasligiga kafolat berib bo‘lmaydi. Ular, eng avvalo Vatanga e’tiqodli, urf-odat va qadriyatimizga sadoqatli qilib tarbiyalansagina, istalgan buzg‘unchi axborotlarga nisbatan o‘z axborot immunitetlari shakllanadi.