Nafosat falsafasi va boshqa fanlar bilan bog’liqliligi.
Nafosat falsafasi. Estetika qadim-qadimlardan buyon ko’pgina fanlar bilan mustahkam aloqada rivojlanib kelgan. Shulardan biri bo’lgan falsafa haqida, ular orasidagi bog’liqlik to’g’risida yuqorida aytib o’tdik. Nafosat falsafasi uchun yana bir yaqin aloqador, «qadrdon» fan axloq falsafasidir.
Nafosat falsafasi va ruhshunoslik. Estetika ruhshunoslik (psixologiya) bilan ham mustahkam aloqada. Ma’lumki, insonning ruhiy hayotini o’rganar ekan, ruhshunoslik hissiyotlar masalasiga katta o’rin beradi. Go’zallikni, san’at asarini yaratish va idrok etish ham ma’lum ma’noda hissiyotlar bilan bog’liq.
Nafosat falsafasi va Sotsiologiya. Bugungi kunda nafosat falsafasining sotsiologiya (ijtimoiyshunoslik) bilan aloqadorligi juda ham muhim. Ma’lumki, har bir san’at asari alohida inson shaxsiga e’tibor qilgani holda, jamiyatni ijtimoiy munosabatlar tizimi sifatida badiiy tadqiq etadi. Hatto inson va jamiyat bevosita aks etmagan manzara janridagi asarda ham ijtimoiylik jamiyat a’zosi – muallif qarashlarining bilvosita in’ikosi bo’lmish uslubda o’zini ko’rsatadi. Zero asar muallifi hech qachon o’zi mansub jamiyatdan chetda «tomoshabin» bo’lib turolmaydi. Shuningdek, yirik asarlar sotsiologik tadqiqotlar uchun o’ziga xos material bo’lib xizmat qiladi. Bundan tashqari, sotsiologiya jamiyat bilan san’atning o’zaro aloqalarini, san’atning ijtimoiy vazifalarini o’rganadi; san’atkorning jamiyatdagi o’rni, mavqei, o’quvchi va tomoshabinlarning ijtimoiy-demografik holatlarini tadqiq etadi; shaxs ijtimoiylashuvida san’atkor va san’at asarining ahamiyatini tahlil qiladi.
Nafosat falsafasi va Dinshunoslik. Nafosat falsafasining dinshunoslik bilan aloqasi alohida diqqatga sazovor. Chunki din va san’at doimo bir-birini to’ldirib keladi va ko’p hollarda biri boshqasi uchun yashash sharti bo’lib maydonga chiqadi. Buning ustiga, har bir umumjahoniy dinning «o’z tasarrufidagi» san’at turlari bor: buddhachilik uchun - haykaltaroshlik, nasroniylik uchun -tasviriy san’at, musulmonchilik uchun - badiiy adabiyot. Shuningdek, barcha umumjahoniy dinlar o’z ibodatxonalari bo’lishini taqozo etadi. Ibodatxonalarning esa me’morlik san’ati bilan bog’liqligi hammamizga ma’lum.