Mavzu: Qadriyat tushunchasi va uning turlari. Reja: 1.Qadriyat tushunchasining ma’nosi va uning turlari. 2. Qadriyat kategoriyasining mazmuni Aksiologiya – falsafaning qadriyatlarni o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi alohida bo‘limi (yunon. axios - qadriyatlar, logos – bilim: qadriyatlar haqidagi fan). XX asrning boshida fransuz faylasufi P.Lapi qadriyatlar nazariyasini ifodalash uchun «aksiologiya» atamasini muomalaga kiritdi.
Qadriyatlar tushunchasi insonning dunyoga bo‘lgan munosabatining alohida jihatini namoyon etadi. Ular inson faoliyati, jamiyat va madaniyatning o‘ziga xos xususiyatlarini yanada teranroq anglab etish imkonini beradi. Qadriyatlar inson va jamiyat hayotida muhim o‘rin egallaydi, chunki insonning hayot tarzini, uning hayvonot dunyosidan ajralish darajasini aynan qadriyatlar tavsiflaydi.Qadriyatlar shaxsning hayot faoliyatida fundamental ahamiyat kasb etadi. Qadriyatlar odamlarni jipslashtirish, ularni hamjamiyatlarga birlashtirishning muhim omili hisoblanadi.
Qadriyat kategoriyasining mazmuni. Qadriyat – odamlar qadrlaydigan narsa. Narsalar yoki buyumlar ham, tabiat hodisalari ham, ijtimoiy hodisalar ham, insonning xatti-harakatlari ham, madaniyat hodisalari ham qadriyat bo‘lishi mumkin. Ammo «qadriyat» tushunchasining mazmuni, uning tabiati oddiy ong tasavvur qilganidek sodda emas. Qadriyat, xuddi haqiqat kabi, xossa emas, balki fikr va voqelik o‘rtasidagi munosabatdir. Inson o‘zining individual tajribasiga asoslanib, o‘zi uchun muhim bo‘lgan ob’ekt bilan o‘z ehtiyojlari va manfaatlari o‘rtasida aloqa mavjudligini anglab etadi.
Qadriyat – buborliq rang-barang elementlarining ob’ektiv ahamiyati bo‘lib, ularning mazmuni jamiyat sub’ektlarining ehtiyojlari va manfaatlari bilan belgilanadi. QADRIYATLARNING TURLARI. Ijtimoiy hayotning asosiy sohalariga muvofiq odatda qadriyatlarning uch guruhi farqlanadi: moddiy qadriyatlar, ijtimoiy-siyosiy qadriyatlar va ma’naviy qadriyatlar.