Matematika darslarida tarixiy bilim berish bilan
o’quvchilarda o’zlikni anglash hissini tarbiyalash.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning ‘Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q’ asarida ‘o‘zlikni anglash tarixni bilishdan boshlanadi’, degan muhim fikr mavjud. Haqiqatdan ham, ona yurt tarixini xolisona bilmasdan va u bilan faxrlanmasdan turib, milliy o‘zlikni anglab bo‘lmaydi. O‘tmish tarixini chuqur va mukammal bilgan xalq va millat tarix saboqlaridan o‘ziga tegishli va zarur xulosalar chiqarib oladi.
Hozirgi yoshlar o‘z xalqining jonkuyari bo‘lishi, milliy qadriyatlarimizni chuqur bilgan, o‘zlashtirgan, ularni qadrlaydigan bo‘lishi kerak.8 Asrlar davomida ajdodlarimizning aqlu-zakovati bilan yuzaga kelgan milliy qadriyatlar inson shaxsining har tomonlama kamol topishida yetakchi omildir. Shunday ekan, hozirgi zamon kishisi, xususan, yosh avlodning milliy tushunchasini, ongini boyitib borish katta ahamiyatga ega.
Ota-bobolarimiz tomonidan yaratilgan ilmiy boyliklar xalqimiz tomonidan ko‘z qorachig’idek saqlanmoqda va o‘rganilmoqda. O‘sib kelayotgan yosh avlod - maktab o‘quvchilarini mana shu asarlar bilan tanishtirish ularning dunyoqarashini kengaytiradi, bilim saviyasini yuksaltiradi.
O‘tmishni, goh g‘amgin, goh quvonchli kechgan tarixni ajdodlarimizning buyukligi nimadan iboratligini bilmay turib, milliy g‘urur, milliy iftixor tuyg‘usi shakllanmaydi. Kelajak o‘tmishdan boshlanadi, degan gap bor. Vujudimizda, qadriyatlarimiz tarkibida nimaki go‘zallik bo‘lsa, Forobiy, Ibn Sino, Xorazmiy, Beruniy, Ulug’bek, Umar Xayyom, G‘iyosiddin Jamshid Koshiylarning pokiza vijdonidan, buyuk e‘tiqodlaridan, muqaddas ruhlaridan jamlanganini har bir o‘qituvchi, har bir o‘quvchi bilmog‘i kerak. Vatan o‘tmishdan, bugundan va kelajakdan iboratdir.
Biz xalqimizning uzoq yillar davomida yaratgan behisob moddiy -ma‘naviy boyliklari bilan faxrlanamiz. O‘rta Osiyo xalqlari olimlari o‘tmish madaniyatini, badiiy va ilmiy merosini o‘rganish yuzasidan bir qancha muhim ishlarni amalga oshirdilar. Matematika tarixiga doir kitoblarda O‘rta asr Sharq olimlarining matematika sohasidagi ishlari haqida umumiy ma‘lumot berilgan. Keyingi yillarda taniqli olimlardan A.Axmedov, A.P.Yushkevich, B.A.Rozenfeld, G.N.Qori- Niyoziy, S.X.Sirojiddinov, G‘.Jalolov va boshqalarning qilgan ishlari shu olimlar ijodi haqidagi ma‘lumotni yanada kengaytiradi va ularning metodlari bilan tanishtiradi.
Hozir maktablarda qo‘llanilayotgan matematika dasturi va darsliklarda O‘rta Osiyo xalqlari allomalarining, matematika sohasiga qo‘shgan hissalari haqidagi ma‘lumot kam va umumiy tarzda.
O‘qituvchi dars va darsdan tashqari mashg‘ulotlarda, matematikaga katta hissa qo‘shgan O‘rta Osiyo olimlarining ishlariga doir tarixiy materiallar haqida ma’lumot berib borsa, o‘quvchilarning matematikaga qiziqishi ortadi. Matematik masalalarni qadimgi va hozirgi zamon fani nuqtai nazaridan tahlil qilib yechilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
O‘rta Osiyo xalqlari ham boshqa xalqlar qatori jahon madaniyati xazinasiga katta hissa qo‘shgan. Ko‘pgina moddiy va ma’naviy boyliklar chet el bosqinchilarining ko‘p asrlar davomida O‘rta Osiyo xalqlariga qarshi bosqinchilik urushlari oqibatida yo’qolib ketgan. Shu sababli bu xalqlarning o‘rta asrda madaniyatining haqiqiy o‘rganish ancha mushkul.
V asr oxirlariga kelib, Rim imperiyasi qulaydi. Shu munosabat bilan qadimgi Rimda fan va madaniyat tushkunlikka yuz tutadi. Yevropada o‘rta asrlar boshida ijtimoiy - madaniy va siyosiy hayotda dinning ta‘siri nihoyatda kuchayadi.
Din ilm-fan va ma‘rifat taraqqiyotiga katta to‘sqinlik qiladi. Buning oqibatida, G‘arbiy Yevropada fan va madaniyat taraqqiyoti deyarli to‘xtab qoladi. Tarixiy manbalardan bilishimizcha, matematika sohasida XII asrgacha hech qanday ijodiy ish yuzaga kelmaydi. Ammo VII-XIII asrlarda dunyoning boshqa bir tomonida-Sharqda matematika, astronomiya fanlari taraqqiyotida juda katta yutuqlarga erishiladi. Madaniyat markazlaridan biri bo‘lgan O‘rta Osiyoda yashagan xalqlar juda qadim zamonlardan beri Xitoy, Hindiston, Eron, Kavkaz va boshqa mamlakatlarning xalqlari bilan ‘Buyuk ipak yo‘li’ orqali savdo-sotiq, siyosiy madaniy aloqa qilib turar edilar. O‘rta Osiyo xalqlari ilm-fan sohasida bu mamlakatlarning xalqlari yaratgan yangiliklarni qunt bilan o‘rganadilar va o‘zlari ham Sharqda ilm - fanning taraqqiyotiga katta hissa qo‘shadilar.
Matematikani o‘rgatish jarayonida tarbiyani o'quvchilarning yoshi va bilimiga mos ravishda sonlar va ularning xossalari bilan tanishtirishdan boshlash mumkin. Masalan, quyi sinflarda ko‘p xonani sonlarni o‘rganishdan boshlab, yuqori sinflarda sonlar xonasini kengaytirish va nihoyat natural sonlar to‘g‘risidagi bilimlar orqali o‘quvchilar hamma sonlar inson amaliy faoliyati, uning hayotiy ehtiyoji va tajribasi natajasida paydo bo‘lganligiga ishonch hosil qiladilar.
Sonlarning xossalarini o‘rganish vaqtida bu xossalar turlicha qarashlar va xurofiy nazariyotchilar tomonidan qanday talqin qilinganligi haqida suhbat o‘tkazish mumkin. Bunday suhbatlar oxirida o‘tkaziladigan mashqlar natijasida va sonlarning muhim xossalarini o‘rganish orqali o‘quvchilarni chekli tasavvurlar bilan tanishtirish mumkin.9 Dastlab, tarixiy materiallar tarkibida mavjud bo‘lgan hikoya, ertak, masallardan o‘rinli foydalanish lozim bo‘ladi. Bunga shu yoshdagi bolaning ko‘pincha uyda va maktabda shug‘ullanadigan asosiy faoliyati bo‘lgan o‘qish, muomala, o‘yin va mehnat yordam beradi. Yetti yoshga to‘lguncha bolalarda ma‘lum obyekt va hodisalar haqida faqat reproduktiv, ayni paytda idrok etib bo‘lmaydigan timsollarni payqash mumkin, bu timsollar asosan axborot ma‘nosidadir.
O‘qishga kelishi bilan bola shaxsiga tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatadigan tengdoshlari, o‘qituvchilar, maktab o‘quv qo‘llanmalari orqali katta yo‘l ochiladi. O‘qish hisobiga ommaviy axborot vositalari orqali aloqalar kengayadi, unga muayyan darajada ta’sir ko‘rsatadigan axborot oqimi kuchayadi. Bola maktabga borishi munosabati bilan oilaning tarbiyaviy ta‘siri birmuncha susayadi, chunki u bilan maktab yaxshigina raqobat qila boshlaydi. Endi bolaning ko‘proq vaqti oiladan tashqarida o‘z tengqurlari, o‘qituvchilari bilan turli vaziyatlarda muomala- munosabat qilgan holda kecha boshlaydi. Quyi sinflarda o‘qiyotgan vaqtida bolaga oila bilan maktabning ta’siri deyarli bir xil bo‘ladi. Bu masalada tarixiy materiallardan foydalanish ayniqsa katta ahamiyatga ega.
Matematika mashg‘ulotlarida sonlarning xossalarini o‘rganishdan tashqari, ayrim matematik olimlarning hayoti bilan ham tanishtirib boriladi. Bu suhbatlar davomida albatta ularning yaratgan kashfiyotlari haqida ilmiy-g‘oyaviy ma’lumotlar beriladi.
O‘qituvchi o‘z imkoniyatiga qarab tinglovchilarni xalq ichidan yetishib chiqqan olimlarning fikrlari va ma’rifatparvar g‘oyalari bilan ularning fanga bo‘lgan qo‘shgan hissalari, matematikaga doir ishlari bilan tanishtirib borsa, o‘quvchilarning fanga qiziqishi ortadi hamda vatanparvarlik dunyoqarashi ham shakllana boradi.
O‘rta Osiyoda yashab ijod qilgan Forobiy, Xorazmiy, Ibn Sino, Beruniy, Hakim va Sobir Termiziylar, Firdavsiy, Rudakiy va boshqa buyuk mutafakkirlar o‘zlarining butun ijodiy faoliyatlarini Vatanda ilm-ma’rifatni rivojlantirishga bag‘ishladilar.
Bular ilk o‘rta asr sharoitida nihoyatda ozchilikni tashkil qilgan edilar. Ularning xizmatlari o‘z zamonasida inobatga olinmadi, ayrimlari moddiy nochorlik, quvg‘in va ta’qib ostida yashadilar. Ilmiy g‘oyalarni targ‘ib qilganliklari uchun ko‘pgina mutaffakkirlarning hayoti fojiali tugadi.10 Ulug‘bekning ilmiy faoliyati va madaniy merosi tarixini ham o‘quvchilarga mukammal tushuntirish zarur, chunki Ulug‘bek davlatning ma’muriy, siyosiy ishlari bilan band bo‘lishiga qaramasdan, jahonshumul ahamiyatga molik ilmiy ishlarni bajaradi, mamlakatning madaniy yuksalishiga alohida e‘tibor beradi. 1417-1420 yillarda O‘rta Osiyoning yirik markazlari bo‘lgan Buxoro, Xo‘janjakon (hozirgi G‘ijduvon) shaharlarida zamonaviy madrasalar qurdirdi. Buxoroda qurdirgan madrasa darvozasining peshtoqiga ko‘pdan-ko‘p yulduzlar rasmini chizdirdi. Ilmga intilish har bir musulmon ayol va erkakning burchidir degan shiorni yozdirib qo‘ydi, xotin-qizlarni ilm-ma’rifatli bo‘lishga da’vat etdi.