1981 yilgi Prezident saylovlari. “So‘l tajriba”. XX asrning 70 yillari oxiriga kelib Fransiya siyosiy hayotida 4 ta partiyaning mavqei yaqqol ko‘zga tashlana boshladi. 1978 yilgi parlamentga bo‘lgan saylovlarda ham shu partiyalar o‘rtasida kurash bordi. Parlamentga bo‘lgan saylovlarning birinchi bosqichida so‘l partiyalar o‘ng partiyalarga qaraganda 48,6% ovoz oldi. O‘ng partiyalar 46,5% ovoz oldi. Saylovning ikkinchi bosqichida o‘ng partiyalar ustunlik qildi. OPR- 148 o‘rin (1976 yil YuDR “Respublikani qo‘llab-quvvatlash birlashmasi” – OPR nomini oldi), SFD- 122 o‘rin (1977 yil NFNR “Respublika partiyasi”, 1978 yil “Fransiya demokratiyasi uchun” – SFD nomni oldi)ga ega bo‘ldi. Biroq, bir yildan keyin Yevroparlamentga bo‘lgan birinchi saylovda OPR- 16% ovoz olib, qattiq mag‘lubiyatga uchradi. SFD- 27,4%, FSP- 23,7%, FKP- 20,6% ovoz oldi. 1981 yilgi prezident saylovlari arafasida bu partiyalar o‘rtasidagi kurash o‘zining yuqori cho‘qqisiga chiqdi.
1981 yil 26 aprelda o‘tgan prezident saylovlarining birinchi turida “O‘ng Fransiya”dan bo‘lgan nomzod o‘z ustunligini namoyish etdi. Jiskar d’Esten 28%, J.Shirak 18%, debre 1,6%, Garo 1,3% ovoz oldilar. “So‘l Fransiya” nomzodlari F.Mitteran 25,8% va Marshe 15,3% ovoz oldilar. Saylovda gollistlarning katta qismi J.Shirakning g‘alabasiga ishonmay Jiskar d’Esten uchun ovoz berdilar. Saylovning ikkinchi turi 10 mayda bo‘lib o‘tdi va F.Mitteran 51,7% ovoz to‘plab 48,3% ovoz olgan Jiskar d’Esten ustidan g‘alaba qozondi. G‘alabaga erishgan F.Mitteran parlamentni tarqatib, yangi saylov belgiladi. O‘ng partiyalar orasidagi bosh-boshdoqlik kuchli saylov kompaniyasini tuzish imkonini bermadi. Parlamentga bo‘lgan saylovlarda so‘l partiyalar g‘alaba qildi. Fransiya sotsialistik partiyasi (FSP) fraksiyasi- 271 deputat, Fransiya kommunistik partiyasi (FKP) fraksiyasi- 44 deputat, so‘l radikallar- 14 deputatlik o‘rinlariga ega bo‘ldi. O‘ng partiyalar- OPR 83 deputatlik va SFD 71 deputatlik o‘rinlariga ega bo‘lishdi. Per Morua boshchiligida tuzilgan hukumat tarkibiga uchala so‘l partiyalarning vakillari kirdi. F.Mitteran “so‘l tajriba” dasturini amalga oshirish uchun to‘laqonli imkoniyatga ega bo‘ldi. “So‘l tajriba” dasturida milliylashtirish asosiy o‘rinda turdi. 1982 yili beshta sanoat tarmoqlarining milliylashtirilishi natijasida davlat sektori xalq xo‘jaligiga sarflanayotgan mablag‘ning ½ qismini, yalpi milliy mahsulotning 1/3 qismini, eksportning 1/3 qismini, yollanma mehnatning ¼ qismini bera boshladi. Davlat ixtiyoridagi korxonalar soni 3 mingdan oshib ketdi. Davlat xalq xo‘jaligining informatika, energetika, bioindustriya kabi kelajagi porloq sohalarida yetakchilik qildi. Bir vaqtning o‘zida P.Morua 36 kommersiya banklari, yirik moliya gruppalari- “Pariba” va “Syuez” ustidan davlat nazoratini o‘rnatdi. Natijada moliya va kredit sektorlarida davlatning ulushi 95% ga yetdi. Biroq, “So‘l tajriba”ning salbiy tomonlari tezda ko‘rina boshladi. 1983 yili sanoatning davlat sektoridagi defitsit 7,5 mlrd. frankni tashkil etdi. Milliylashtirish tufayli kapitalning chetga chiqib ketishi kuchaydi. Faqat 1981 yili Fransiyadan 77 mlrd. frank chetga chiqib ketildi. Buning ustiga 1981 yilda boshlangan jahon iqtisodiy inqirozi ham salbiy oqibatlarini ko‘rsatdi. AQShning valyuta-moliya siyosati ham Fransiyaga kuchli zarba berdi (ya’ni dollarning qiymatini sun’iy ravishda oshirib iqtisodiy qiyinchilik keltirib chiqarish va shu yo‘l bilan foyda olish). 1981-1982 yillarda Fransiyada ishlab chiqarish yillik o‘sishi 2% bo‘lgan bo‘lsa, 1983 yilga kelib bu ko‘rsatgich 0,7%ga tushib qoldi. Ishsizlar soni 2 mln. kishidan oshdi. Turmush kechirish darajasi pasaydi. 1982 yil yozidan F.Mitteran “So‘l tajriba”ni to‘xtatishga majbur bo‘ldi. 1983 yil aprelida “o‘n moddalik dastur” (Dollar dasturi) nomi bilan iqtisodiyotni rivolantiirishning davlat dasturi qabul qilindi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tannarxini tushirish va eksport sur’atini oshirish maqsadida 18 oy ichida uchinchi marta frank devalvatsiya (muomaladagi qog‘oz pulning qiymatini tushirish) qilindi. Soliqlarni oshirish ko‘zda tutildi, majburiy zayomlar chiqarish e’lon qilindi, ijtimoiy sohalarga mablag‘ sarflash kamaytirildi, kasalxona joylariga to‘lovlar oshirildi, transportga yo‘l to‘lovlari va kommunal to‘lovlar miqdori oshirildi. Bu tadbirlar oxir-oqibat o‘z samarasini ko‘rsatdi. 1984 yilda ishlab chiqarish o‘sishi 1,75%, 1985 yilda esa 2%ni tashkil etdi.