Yuqorida ta‟kidlanganligidek, nazariy bilimlar baholaniyotganida kognitiv o‟quv maqsadlariga erishganlik darajalari aniqlanadi. Amaliy ko‟nikma va malakalar baholaniyotganida psixomotorik , xulq-atvor va shaxsiy fazilatlar baholaniyotganida esa effektiv o‟quv maqsadlariga erishganlik darajalari aniqlanadi.
Bilimlarni tekshirish va baholash muayyan didaktik talablarga javob berishi kerak. Tekshirish va nazorat qilish sistemali doimiy tarzda bo‟lishi shart.
Bu talabga rioya etilmasa ta‟lim oluvchilarning o‟qishga bo‟lgan munosabati yomonlashadi, bilimlarning sifatiga salbiy ta‟sir ko‟rsatadi.
Bilimlarni baholash individual xarakterga egadir. Xar bir ta‟lim oluvchi uning qaysi bilimlari, ko‟nikma va malakalari baholaniyotganligini bilishi kerak . Ta‟lim beruvchining savollariga va vazifalariga javob berishga tayyorlik holati bilimlarni tekshirish va baholash o‟quv jarayonining muhim bir bo‟lagi uning tarkibiy qismiga aylangan taqdirdagina ro‟y beradi.
Quyidagi beshta asosiy tamoyillar baholash tizimi samaradorligini poydevori hisoblanadi.
O‟quv maqsadlariga asoslanganlik.
Haqiqiylik
Haqqoniylik
Ishonchlilik
Qulaylik
O‟quv maqsadlariga asoslanganlik. Samarali baholashning asosiy tamoyillari o‟quv maqsadlariga asoslanganlik hisoblanadi. Baholashning sifati o‟quv maqsadlariga to‟g‟ridan- to‟g‟ri bo‟g‟liqdir. O‟quv maqsadlari baholash mazmunini aniqlab beradi. O‟quv maqsadlarining qo‟yilish darajasiga qarab, baholashning shakli va usullari tanlanadi. Shuningdek o‟quv maqsadlariga erishish uchun bajarilgan faoliyat natijasi, baholash mezonlarini aniqlashda muhim ahamiyatga ega.
Har qanday baholar tizimi loyihalashtirilayotganda, baholash topshiriqlari berilagan ta‟lim mazmuni doirasida bo‟lishi talab etiladi. Baholashni loyihalashtirayotganda, xar doim quyidagi ikki savolni e‟tiborga olish lozim:
Baholash topshiriqlari ta‟lim jarayonidan ko‟zlangan o‟quv maqsadlarini to‟la aks ettiradimi?
O‟quv maqsadlari darajasida baholash shakllari, usullari va mezonlari to‟g‟ri tanlanadimi?
Masalan, yo‟l harakati qoidalari bo‟yicha olingan bilimlarni baholashda yozma test olish usuli mos kelishi mumkin. Lekin undan mashinani boshqarish malakalarini baholashdan foydalanib bo‟lmaydi. Bu malakalar o‟g‟zaki yoki yozma emas, balki amaliy faoliyatga asoslangan baholash usuli yordamida baholanishi maqsadga muvofiq bo‟ladi.