Uzaytirilgan tanaffuslarda ko‘ngil ochar o‘yinlar va jismoniy mashqlar Jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari shakllari orasida uzaytirilgan tanaffuslarda tashkil qilinib o‘tkaziladigan ko‘ngil ochar o‘yinlar va boshqa jismoniy mashqlar o‘ziga xos o‘rin tutadi. O‘qituvchilar ishi amaliyotida bu mashg‘ulotlar har xil nomlarga sazovor bo‘ldi: “faol dam olish soati”,” dinamik pauza”, “olimpiya darsi” va boshqalar.
Ularning mazmuni va mohiyati quyidagicha ifodalanadi. Ikkinchi - uchinchi darsdan keyin ( soat 11- 12 larda) o‘quvchilarda toliqish alomatlari paydo bo‘la boshlaydi, natijada esa ularning ishga qobiliyatligi pasayadi. Shuning uchun ham maktablarga bu vaqtda tanaffusni 45 minutgacha uzaytirish va jismoniy mashq mashg‘ulotlarini tashkil qilib o‘tkazish tavsiya qilinadi.
Kuni uzaytirilgan guruhlarda sport soatlari Kuni uzaytirilgan guruhlarda bolalar aqliy va jismoniy mehnatni almashlab borishni o‘rganadilar, kun rejimini ratsional quradilar, gigienik talablarga qat’iy rioya qiladilar, sog‘liqlarini mustahkamlaydilar, jismoniy rivojlanishlarini yaxshilaydilar, “Alpomish” va “Barchinoy”test sinovlarini bajarishga tayyorlanadilar.
Sport soatlarini tashkil qilishda mashg‘ulotlarning boshqa shakllari bilan o‘zaro munosabatini hisobga olmoq lozim. Uning o‘rni o‘quv kuni tartibida tanaffuslardagi o‘yinlarga, sayrlarga va mshg‘ulotlarning boshqa shakllariga, hamda ovqatlanish va dam olish vaqtiga nisbatan ratsional joylashtirilishi kerak.
Biz umumiy o‘rta ta’lim maktablarida DTS bo‘yicha tashkil qilinib o‘tkazilishi kerak bo‘lgan 4 xil jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari shaklini qisqacha ta’riflab o‘tdik. Lekin bu mashg‘ulotlar hozirgi kunda maktablarda o‘tkazilmoqdami? Shu maqsadda bizlar Buxoro shahrining maktablarida pedagogik kuzatishlar o‘tkazdik va maktab jismoniy tarbiya o‘qituvchilari bilan suhbatda bo‘ldik.
Kuzatishlar natijasi shuni ko‘rsatdi-ki, deyarli barcha maktablar faqat haftasiga 2 soat jismoniy tarbiya darsini o‘tish bilan kifoyalanib kelmoqda. Bu esa yuqorida aytib o‘tganimizdek, o‘quvchilarning kundalik harakatga bo‘lgan fiziologik ehtiyojini 11% qondira oladi xolos. Bundan tashqari maktablarda sport turlari bo‘yicha sektsiyalar va boshqa to‘garaklar deyarli ishlamaydi.
Hozirgi kunda maktablarning aksariyat qismi bir smenada ishlamoqda (Buxoro shahrida). Lekin, shunga qaramasdan barcha maktablarda katta tanaffuslar 15 minut belgilangan. Bir smenada ishlaydigan maktablarda katta tanaffuslarni 45 minut, hatto 60 minut belgilab, sinf rahbarlari boshchiligida har xil o‘yinlar, estafetalar va boshqa o‘quvchilarning qiziqishiga qarab jismoniy tarbiya mashqlarini tashkil qilib o‘tkazishga katta imkoniyatlar bor. Kuni uzaytirilgan guruhlar va ularda o‘tkazilishi kerak bo‘lgan sport soatlari haqida gapirmasak ham bo‘ladi, chunki sport soatlari umuman tashkil qilinmagan.
Yana achinarli hollardan biri shundaki barcha maktablarda maxsus tibbiy guruhlari uchun o‘quv mashg‘ulotlari tashkil qilinmagan. Nosog‘lom, kasal va sog‘ligida nuqsoni bor o‘quvchilar jismoniy tarbiya mashg‘ulotlaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ozod qilinadilar va ular umuman jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanmaydilar. Buxoro shahridagi bir necha maktabni ko‘rib chiqqanimizda har bir maktabda 200 ga yaqin o‘quvchilar jismoniy tarbiya darslaridan ozod qilinganlar. Agar Buxoro shahridagi barcha maktablar bo‘yicha hisoblasak, bu 8 - 10 ming o‘quvchini tashkil qilishi mumkin.
Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, maxsus tibbiy guruh ishlari barcha maktablarda vaqt talabidan jiddiy ortda qolgan. Ko‘pgina jismoniy tarbiya o‘qituvchilari maxsus tibbiy guruhlarda jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarini olib borish metodikasi va uning o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risida juda past, etarli darajada bilimga ega bo‘lmaganliklaridan passiv va inertlik holatlarini namoyon qilib kelmoqdalar. Ko‘pgina o‘qituvchilar bu ishni o‘ziga yuklatilgan ortiqcha yuklama deb qaraydilar.
Yuqorida ko‘rsatilgan omillarning barchasi o‘quvchilarning sog‘ligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi va ularning sog‘ligi holatining buzilishiga zamin yaratadi: qomatning buzilishi, ko‘rishning buzilishi, arterial bosimning oshishi, bu esa o‘z navbatida yurak-tomir, nafas olish tizimlari, moddalar almashinuvining buzilishiga va boshqalarga olib keladi.
Jismoniy tarbiya bo‘yicha sinfdan tashqari ishlar darsdan tashqari vaqtlarda maktab tomonidan o‘tkaziladigan jismoniy mashq mashg‘ulotlarining takomillashatirilgan tizimini o‘z ichiga oladi
Turli tuman qo‘llaniladigan vositalar va uslublar mashg‘ulotlarni tashkil qilish shakllari bilan birgalikda sinfdan tashqari ishlar majburiy darslar tizimida “Jismoniy madaniyat” predmeti bo‘yicha amalga oshiriladigan o‘quvchilar jismoniy tarbiyasining asosiy vazifalarini ancha to‘la va sifatli hal qilinishiga imkoniyat yaratadi, bo‘sh vaqtni foydali va sog‘lom o‘tkazishga, tanlangan mashq turi mashg‘ulotlarida individual qiziqishlarining qoniqtirilishiga, shug‘ullanuvchilar ijtimoiy faolligininng rivojlanishiga ko‘maklashadi
O‘quvchilar jismoniy tarbiyasi tizimi va ta’lim tarbiya imkoniyatlari o‘rnini hisobga olgan holda jismoniy tarbiya bo‘yicha sinfdan tashqari ishlar:
ü muntazam jismoniy mashq mashg‘ulotlari bilan imkon qadar ko‘p o‘quvchilarni jalb qilish;
ü mustaqil ravishda sog‘lom bo‘lish maqsadida kundalik faoliyatlarida jismoniy tarbiya vositalaridan foydalanish, aqliy toliqishning oldini olish, o‘zini jismoniy takomillashtirish va bo‘sh vaqtlarini foydali o‘tkazish malaka va odatlarini shakllantirish;
ü “jismoniy madaniyat” predmeti bo‘yicha o‘zlashitirishni oshirish va o‘quv materiallarini sifatli o‘zlashtirish imkoniyatlarini ancha kengaytirish;
ü “Alpomish” va “Barchinoy” testlari me’yorlari va talablarini bajarishga o‘quvchilar tayyorgarligini ta’minlash
ü sport mutaxassisligini tanlash va o‘z yoshiga muvofiq sport klassifikatsiyasi me’yorlari talablarini bajarishga erishish
ü maktab komandasi safida maktabdan tashqari musobaqalarda qatnashish uchun eng yaxshi sportchilarni aniqlash kabi vazifalarni amalga oshiradi