Asosiy adabiyotlar:
1. O’zbek mumtoz adabiyoti namunalari. 1-jild. Toshkent, Fan, 2003. B 41-44.
2. Arat R.R. Eski turk siiri. –Ankara: 1991
Qo’shimcha adabiyotlar:
1. Rahmonov N. Ruhiyatdagi nur murodi. Toshkent, Xalq merosi, 2003. B.28-37.
2. Mamatqulov M. Qadimgi turkiy adabiyotda to’rtlik va marsiya. Toshkent, Yangi asr avlodi, 2006. B. 55-60.
XULOSA
O’zbek adabiyoti tarixiga nazar solganda, shubhasiz, uning jahondagi ko’pgina xalqlar adabiyoti kabi boy adabiy merosga ega ekanligi ko’zga tashlanadi. Bu adabiyotning ildizi uzoq davrlarga borib taqaladi. Uning shakllanishi va taraqqiyoti bevosita qadimgi turkiy adabiyot bilan mustahkam bog’liq. Chunki o’zbek adabiyoti qadimgi turkiy adabiyot negizida rivoj topgan. «Qadimgi turkiylar davridagi adabiy an’ana izsiz yo’q bo’lib ketmadi, balki o’zida murakkab estetik-adabiy tizimni gavdalantiradigan mumtoz turkiy she’riyatga kirib keldi»30. Qadimgi turkiy moniylik she’rlari, turkiy buddaviylik adabiyoti, O’rxun-Enasoy obidalari, «Devonu lug’otit turk»da saqlanib qolgan badiiy ijod namunalarining shakliy-poetik xususiyatlari ilk klassik davrdagi turkiy adabiyotda davom etganligi turkiy adabiyotning uzluksiz ravishda taraqqiyotda bo’lganligini ko’rsatadi. Biz mazkur o’quv qo’llanmada qadimgi turkiy adabiyot bilan ilk klassik davr adabiyotining shakliy-poetik xususiyatlaridagi uzluksizligini ko’rsatishga harakat qildik, xolos. Kelgusida har bir diniy muhitda – moniylik, budda, shomonlik oqimlari ta’sirida yaratilgan ijod namunalarini alohida maxsus yo’nalishlarda tadqiq etish o’z dolzarbligini saqlab qolmoqda. Ayni paytda bu adabiy yo’nalishlar o’rtasidagi o’ziga xoslik va aloqalarning ildizlarini o’rganish ham adabiyotshunoslikning navbatdagi vazifalaridan biri bo’lmog’i lozim.
Turkiy adabiyotda she’r qadimdan mavjud. She’rning shakllanishi turkiy adabiyotning ichki imkoniyatlari asosida paydo bo’lgan. Bu xususiyat uning janrlar tizimida yaqqol ko’rinadi. Shunga ko’ra, o’quv qo’llanmadagi asosiy e’tibor qadimgi turkiy adabiyotning taraqqiyoti masalalariga qaratildi.
O’quv qo’llanmada bildirilgan fikr va mulohazalarni qisqa tarzda quyidagicha xulosalash mumkin:
Qadimgi turkiy yozma yodgorliklardagi janrlar poetikasini o’rganish ko’pgina janrlarning tashqi ta’sirlarsiz turkiy adabiyotning ichki imkoniyatlari asosida paydo bo’lganligini ko’rsatadi. Ular asosan qadimgi turkiy adabiyotda aralash holda mavjud bo’lsa-da, keyingi davrlardagi taraqqiyot janrlarning alohida shakliy va g’oyaviy-badiiy jihatdan mukammallashishiga zamin bo’ldi. Albatta, bunda xalq og’zaki ijodi va yozma adabiyotdagi mavjud an’analar muhim rol o’ynadi.
She’r turkiy xalqlar adabiyotida qadimdan keng qo’llanilib keladi. Ularning turkiy yozma adabiyotdagi ilk namunalari Moniy va Budda muhitida yaratilgan she’riyatda uchraydi. Mazkur diniy oqimlar ta’siridagi aksariyat she’rlarning to’rtliklar tarzida yaratilishi turkiy xalqlar og’zaki va yozma adabiyotining qadimiy an’analari bilan chambarchas bog’liqdir.
Qadimgi turkiy moniylik she’riyatidagi badiiy tasvir vositalarini o’rganish ularning turkiy adabiyotdagi shakllanish jarayonini tasavvur qilish imkonini beradi. Qadimgi turkiy adabiyotdagi mavjud badiiy tasvir vositalarining ilk klassik davr adabiyotida ham davom etganligi turkiy adabiyotning uzluksiz taraqqiyotda bo’lganligidan dalolat beradi. Faqat qadimgi turkiy adabiyotdagiga qaraganda keyingi davrlarda badiiy tafakkur rivoji bilan bog’liq ravishda ularning imkoniyatlari kengaya borganligi ko’rinadi.
Dostları ilə paylaş: |