2-asosiy savolning bayoni:
She’riyatning qadimgi turkiy adabiyotdagi namunalarini Buddaga topingan turkiylarning adabiyotida ham kuzatish mumkin. «Budda dini YI-YIII asrlar davomida O’rta Osiyoda tarqala boshlagan edi. Biroq Ko’k-turk hukmdori Bilge Xon va uning vaziri To’nyuquq bu dinni yumshoqlik va miskinlikni targ’ib etgani, jangu jadalni va hayvon so’yishni man qilgani, xullas, turklarning hayot tarzlariga nouyg’un kelgani uchun rad etdilar. Chunki Budda dini millatning harb qudratini buzib, Chin xavfiga yo’l ochishi mumkin edi»25. Professor Nasimxon Rahmonovning ta’kidlashicha, buddizmning qabul qilinishiga bo’lgan qarshilik Turk xoqonligining sharqiy qismiga aloqador. Shu sababli Urxun va Enisey yodnomalarida buddizmning ta’siri sezilmaydi26. Shomonlik xoqonlikdagi asosiy din bo’lsa-da, bu davrlarda turkiylarning muqim bir dinga sig’inganliklari kuzatilmaydi. Chunki turli turkiy urug’ va qabilalar shomonlik bilan birga, moniylik va buddizmga aralash holda e’tiqod qo’yganlar. Har bir din vakillari o’z dinining g’oyalarini yoyish hamda targ’ib etishda adabiyotning kishilarga bo’ladigan ta’siridan unumli foydalanishga harakat qildilar va natijada mazkur dinlar ta’siridagi badiiy ijod shakllana boshladi. Shu tariqa qadimgi turkiy budda she’riyati maydonga keldi. L.Yu.Tugushevaning qayd etishicha, budda muhitida yaratilgan turkiycha she’rlar 1500 misradan ortadi27. Mazkur she’rlarning hajmi turlicha bo’lib, ular dinning qonun-qoidalari, shuningdek, buddaviylik g’oyalarining targ’ibiga bag’ishlangan. She’rlardan ayrimlarining muallifi ma’lum. Umuman, buddizmning ta’sirida yashagan va ijod qilgan hamda nomlari bizgacha etib kelgan shoirlar anchagina uchraydi. Ki-ki, Pratyaya-Shiri, Asig Tutung, Kul Tarqon, Chisuya Tutung, Qalim Keysi, Singku Seli Tutung kabilarni shular jumlasiga kiritish mumkin.
«Sergaplik rangi» she’ri 60 misradan tarkib topgan to’rtliklar tizimidagi 15 banddan iborat bo’lib, quyidagi misralar bilan boshlanadi:
O’ng bashlap adqang’ularqa biligler qachar,
O’kush qara ayig’ yo’llug’ urug’ug’ sachar.
O’glug kishi istim tutchi yasmaqsiz bachar,
O’seliksiz yig nirvanning qapig’in achar.
Band misralari «qachar», «sachar», «bachar» va «achar» so’zlari orqali o’zaro uyg’unlashgan holda qofiya tarkibidagi undosh hamda unli tovushlar takrori she’rdagi jarangdorlikni yuzaga keltirib, «a-a-a-a» ko’rinishdagi qofiya shaklini hosil qilgan. Har bir misradagi bo’g’inlar soni 13 ga teng. Barcha misralar qadimgi turkiy she’riyatga xos xususiyat – bir xil tovushli so’zlar bilan boshlanayapti. She’rning qolgan bandlaridan 7 tasi (2,3,6,8,12,14,15-bandlar) ham xuddi «a-a-a-a» tarzida qofiyalangan bo’lsa-da, lekin ayrim to’rtlik misralaridagi bo’g’inlar miqdori xilma-xildir. Xususan, 3,8,14-bandlar misralari xuddi birinchi banddagidek 13 bo’g’inli bo’lsa, 6-band misralari 14 bo’g’indan tuzilgan. Qolgan 2,12,15-to’rtliklar misralaridagi bo’g’inlar miqdori ham bir xil emas: 13 yoki 15 bo’g’inlidir.
She’rdagi ikkinchi qofiya ko’rinishi «a-b-a-b» shaklga ega bo’lib, u to’rtlikning toq va juft misralarida vujudga kelgan:
Aqashtaqi ay tengrini atqanmish bo’lup,
Ayataqi erdinini ichg’inip salma.
Alqi o’dte tashtin singar tilemish bo’lup,
Anuq buzni suv timetin arsiqip qalma.
To’rtlikning to’rtala misrasi ham 13 bo’g’indan tuzilgan va «a» tovushli so’zlar bilan boshlangan. Bandga xos bo’lgan jihatlardan yana biri unda radifning ishtirok etishidir. Biroq u barcha misralarda ham mavjud bo’lmay, balki faqat birinchi va uchinchi misralardagina qo’llangan, xolos. Ikkinchi va to’rtinchi misralar esa qofiyaga ega bo’lgan holda radifsizdir. Bo’g’inlar miqdorining teng emasligini hisobga olmaganda, bunday xususiyat she’rning keyingi beshinchi bandida ham xosdir.
Uchinchi guruh to’rtliklari yanada o’zgacha bo’lib, «b-a-v-a» shaklda qofiyalanganligi bilan ajralib turadi. Ularda toq misralar ochiq qolgan va juft misralarning oxiridagi so’zlar ohangdoshlik kasb etgan. Mazkur guruhga oid uch to’rtlikdan ikkitasida (o’ninchi va o’n birinchi bandlarda) alohida xususiyat kuzatiladi, ya’ni ularning birinchi va uchinchi misralarida to’liq qofiya mavjud bo’lmay, faqat radif qo’llangandir. Ikkinchi va to’rtinchi misralar esa o’zaro qofiyalanib kelgan:
Yarup yashup qatchig’larta bo’ldachi erip,
Yaba yirtinchug bir yintem ider tuymayur.
Yasimuqcha bo’di intin anta yo’q erip,
Yamaracha ko’rugin busdachi erur.
Dastlabki misradagi «erip» so’zi uchinchi misrada yana qaytarilib, qofiya vazifasini bajarib kelyapti. Radifning qofiya o’rnida qo’llanishi - qofiyasiz misralar oxiridagi takror so’nggi guruhga kiruvchi to’rtlikning asosiy belgisi hisoblanadi. Chunki uning har bir misrasida ohangdosh so’zlar o’rniga bir so’z takrorlanib qo’llanadi:
Yay-ki suvni kis-ki odte buz tiyur-ler,
Yana yay-in kis-ki buzni suv tip tiyur-ler .
Yangilduk-ta cin burkan-ni kongul tiyur-ler,
Yangilmaduk-ta kongul-ni ok burkan tiyur-ler.
Takror so’zning qofiya vazifasini bajarishi islom muhitining mahsuli bo’lgan «Hibat ul-haqoyiq» dostonida ham uchraydi:
Bu ochun rabot ul tushub ko’chguluk,
Rabotqa tushukli tushar ko’chguluk.
O’ng arqish uzadi qo’pup yo’l tutub,
O’ngi qo’pmish arqish necha ko’chguluk28.
Bu erda «ko’chguluk» so’zi to’rtlik misralarini bir-biriga bog’layapti va ohangdoshlik hosil qilib, qofiya vazifasini bajarib kelyapti. Mazkur usul adabiyotshunoslikda epifora deyiladi. Epifora «... muayyan tushuncha yo jumla ma’nosini ta’kidlaydi; ohangdoshlik va musiqiylikni rag’batlantiradi, misralarni bayt yo bandlarga uyushtiradi, bunda u qofiya vazifasini o’rindoshlik asosida bajaradi»29.
Demak, epifora – radifning qofiya o’rnida qo’llanishi islomdan oldingi turkiy she’riyatda shakllangan hodisadir. Buning Adib Ahmad ijodida uchrashi qadimgi turkiy adabiyotdagi an’ananing keyingi davrlarda ham davom etganligidan dalolat beradi.
Xullas, buddaviylik ta’sirida yaratilgan turkiy she’rlarni o’rganish ularga xos bo’lgan quyidagi xususiyatlarning mavjudligini ko’rsatadi:
a) misra, bayt va bandlarda alliteratsiyaning etakchiligi;
b) takror so’zning qofiya vazifasini bajarishi;
v) bandlararo qofiyalanishning mavjudligi.
Dostları ilə paylaş: |