Mavzu: Korxonaning moliyaviy ko‘rsatkichlari. Reja: Moliyaning ijtimoiy-iqtisodiy mohiyati. Moliya tizimi ва унинг sohalari
Mavzu: Korxonaning moliyaviy ko‘rsatkichlari.
Reja:
1. Moliyaning ijtimoiy-iqtisodiy mohiyati.
2. Moliya tizimi ва унинг sohalari.
3. Pulning kelib chiqishi va uning funksiyalari.
4. Korxona daromadlari.
5. Korxona foydasi va uni maksimallashtirish.
6. Korxona rentаbelligi.
1. Moliyaning ijtimoiy-iqtisodiy mohiyati.
O’zining lug’aviy ma’nosi jihatidan “moliya” so’zi frantsuzcha “finance”, lotincha “financia” va ruscha “finansi” so’zlarining ekvivalenti yoki ma’lum ma’noda, sinonimi1 hisoblanib, eng avvalo, “daromad”, “pul mablag’lari” yoki “to’lov” degan ma’nolarda ham ishlatiladi2. Moliya davlatning vujudga kelishi va uning resurslarga bo’lgan ehtiyojining rivojlanishi bilan doimiy (uzluksiz) tovar-pul munosabatlari sharoitida paydo bo’ldi. Davlatning mavjudligi yaratilayotgan iqtisodiy (moddiy) ne’matlarni taqsimlash va qayta taqsimlash bo’yicha oliy hokimiyat organi (shaxsi) sifatida davlat va takror ishlab chiqarish munosabatlarining boshqa ishtirokchilari (sub’ektlari) o’rtasida ma’lum bir munosabatlarning o’rnatilishini taqoza etadi. Xususan, ana shu munosabatlar “moliya” tushunchasi orqali ifodalangan.
Natural munosabatlar ustunlik qilgan jamiyatlarda taqsimlash va qayta taqsimlash jarayonlari natural soliqlar va turli ko’rinishdagi shaxsiy to’lanmalar xarakteriga ega bo’lgan. Tovar-pul munosabatlarining rivojlanishi taqsimlash va qayta taqsimlash munosabatlari shakllarining o’zgarishiga olib keldi – ular ko’proq ravishda pul xarakteriga ega bo’ldi. Biroq bu munosabatlarning mazmun-mohiyati printsipial jihatdan keskin o’zgarmay qolaverdi.
Zamonaviy tasavvurdagi “moliya” tushunchasini davlat xazinasining alohidalashuvi va davlat byudjetining vujudga kelishi bosqichiga kiritish mumkin.
Moliya quyidagilar o’rtasida vujudga keladigan pul munosabatlarini ifodalaydi:
tovar-moddiy boyliklarni sotib olish, mahsulot va xizmatlarni realizatsiya qilish jarayonida korxonalar o’rtasida vujudga keladigan pul munosabatlari;
markazlashtirilgan pul mablag’lari fondlarini yaratish va ularni taqsimlash borasida korxonalar va ularning yuqori organlari o’rtasida vujudga keladigan pul munosabatlari;
byudjet tizimiga soliqlarni to’lash va xarajatlarni byudjetdan moliyalashtirish davomida korxona va davlat o’rtasida vujudga keladigan pul munosabatlari;
soliqlar va boshqa ixtiyoriy to’lovlarni to’lash jarayonida davlat va fuqarolar o’rtasida vujudga keladigan pul munosabatlari;
to’lovlarni amalga oshirish va resurslarni olish jarayonida korxonalar, fuqarolar va nobyudjet fondlari o’rtasida vujudga keladigan pul munosabatlari;
byudjet tizimining alohida bo’g’inlari o’rtasida vujudga keladigan pul munosabatlari;
sug’urta badallarini to’lash va zararlarni qoplash, sug’urta hodisasi ro’y bergan paytda aholi, korxonalar hamda mulkiy va shaxsiy sug’urta organlari o’rtasida vujudga keladigan pul munosabatlari;
korxona fondlarining doimiy doiraviy aylanishiga xizmat qiluvchi pul munosabatlari.
Moliyaning mohiyati uning funksiyalari orqali namoyon bo’ladi. Moliya quyidagi ikki funksiyani bajaradi:
Taqsimlash;
Nazorat.
Bu funksiyalar moliya tomonidan bir vaqtning o’zida amalga oshiriladi. Har qanday (bir) moliyaviy operatsiya YaIM va MDni taqsimlash va shu taqsimlash ustidan nazoratning amalga oshirilishini anglatadi.
Moliyaviy munosabatlarning asosiy tavsifi ularning taqsimlash xarakteriga ega ekanligi uchun, shunga muvofiq ravishda moliyaning bosh yoki asosiy funksiyasi taqsimlashdir. Moliya yordamida amalga oshirilishi lozim bo’lgan taqsimlash jarayoni murakkab va ko’p qirrali jarayondir. Moliya YaIMni taqsimlashning turli bosqich-lariga xizmat qilib, uni birlamchi taqsimlashda va qayta taqsimlashda ishtirok etadi.
Moliyaviy metod orqali taqsimlash iqtisodiyotni boshqarishning turli darajalarini (mamlakat, uning alohida olingan mintaqalari va mahalliy o’z-o’zini boshqarish organlari miqyosida) qamrab oladi. Unga taqsimlashning turli ko’rinishlarini (xo’jalik ichida, tarmoq ichida, tarmoqlararo, hududlararo va b.) tug’diruvchi ko’p bosqichlilik xosdir.
Dostları ilə paylaş: |