II BOB. O’zbek tili punktuatsiyasining tamoyillari va tinish belgilarini qo’llanish qoidalari. 2.1 TINISH BELGILARI VA ULARNING QO‘LLANILISHI Punktuatsiya yozma fikrni aniq va ravon, tushunarli va ifodali bayon qilishda muhim ahamiyatga egadir. Yozma nutqning ayrim leksik-garammatik vositalar bilan ifoda qilish mumkin bo‘lmagan tomonlarini ifoda qilishda punktuatsiyaning ahamiyati yanada ortadi. Punktuatsiya tilshunoslikda uch ma’noda qo‘llanadi: tinish belgilari sistemasi va ularninq qo‘llanish qoidalari haqidagi bilim; tinish belgilarining qo‘llanishi haqidagi qoidalar to‘plami; tinish belgilari. Umuman, punktuatsiyaning tekshirish ob’ekti tinish belgilaridir. Punktuatsiya grafika va orfografiya, sintaksis, intonatsiya bilan uzviy aloqadordir. O‘zbek tili punktuatsiyasining birinchi asosi o‘zbek tilining grammatik sistemasi nutqning mazmun, intonatsiya va tuzilish tomonlarining bir butunligini tashkil qiladi. Bu o‘zbek tili punktuatsiyasining negizidir. O‘zbek tili punktuatsiyasining ikkinchi asosi rus tilining punktuatsion sistemasidir. Bu o‘zbek tilidagi ko‘pchilik tinish belgilarining rus tilidan o‘zlashganligi, rus tili punktuatsiyasining ilmiy va nazariy jihatdan chuqur ishlanganligi, bilan bog‘liq. Punktuatsiya prinspi (tamoyili)–tinish belgilarining qaysi usul va tartibda qo‘llanilishi demakdir.
O‘zbek tili punktuatsiyasining tamoyillari quyidagilardir:
1. Logik-grammatik tamoyil. Bu tamoyilda tinish belgilarining qo‘llanishi nutqning mazmuni, tuzilishi, intonatsiyasi bilan bog‘liq.
2. Stilistik tamoyil. Bunda tinish belgilarining qo‘llanishi nutq stili bilan aloqador bo‘ladi.
3. Differensiya tamoyili. Bu tamoyilda tinish belgilarining qo‘llanishi yozuv texnikasi (formasi)ni aniqlash (differensiya qilish) bilan bog‘liq. Tinish belgilarining qo‘sh qo‘llanish sistemasi (masalan boshida yoki oxirida ikki qo‘shtirnoqning barobar qo‘llanishi) ham shu tamoyilga a’loqador.
O‘zbek tilida tinish belgilari quyidagi xususiyatlari asosida klassifikatsiya qilinadi:
1. Qo‘llanish o‘rniga ko‘ra.
2. Qo‘llanish usuliga ko‘ra.
3. Tuzilishiga ko‘ra.
Tinish belgilari qo‘llanish o‘rniga ko‘ra uchga bo‘linadi: 1.Gap oxirida qo‘llanuvchi tinish belgilari. 2.Gap ichida qo‘llanuvchi tinish belgilari. 3.Aralash holda qo‘llanuvchi tinish belgilari. Gap oxirida qo‘llanuvchi tinish belgilariga nuqta, so‘roq va undov belgilari kiradi. Gap ichida qo‘llanuvchi tinish belgilariga vergul kiradi. Aralash holda qo‘llanuvchi tinish belgilariga ikki nuqta, nuqtali vergul, qo‘shtirnoq, qavs, tire, ko‘p nuqtalar kiradi. Bulardan tire gap boshida va o‘rtasida; ikki nuqta, nuqtali vergul gap o‘rtasida va oxirida; qo‘shtirnoq, qavs, ko‘p nuqta gap boshida, o‘rtasida va oxirida qo‘llanadi. Tinish belgilari qo‘llash usuliga ko‘ra ikkiga bo‘linadi:
1. Yakka holda qo‘llanuvchi tinish belgilari.
2. Yakka va qo‘sha qo‘llanuvchi tinish belgilari.
Yakka holda qo‘llanuvchi tinish belgilari yakka va qo‘sha qo‘llanadi. O‘zbek yozuvida uslubiy aniqlik, ravonlik hamda turli xil leksik-grammatik ma’nolarni ifodalash uchun tinish belgilarini qo‘shaloq qo‘llash hollari ham uchrab turadi. 1.His-hayajon bilan aytilgan so‘roq gaplar oxirida so‘roq va undov belgilari ketma-ket qo‘yiladi.
- Axir, ablah, - dedi Yunus, - birovning uyiga oyog‘ingni artmasdan kirgani ibo qilasan, nega havoni bulg‘atgani ibo qilmaysan?! (A.Qahhor)
2. So‘roq va undov gaplar kuchli his-hayajon bilan aytilsa, ketma-ket ikkita yoki uchta bir xil belgi qo‘yilishi mumkin. Ey, purviqor tog‘lar! Nega jimsiz, nega!!! ( Cho‘lpon) 3. So‘roq va undov mazmunini bildirgan gaplarda fikr tugallanmay qolsa, mazkur belgilardan so‘ng ikki nuqta qo‘yiladi.
“Ertaga! – deya xotirjam dilidan o‘tkazdi va birdan to‘xtadi – xo‘sh, ertaga nima bo‘ladi?..” (N.Qilichev) 4.Muallif gapi va ko‘chirma gaplar o‘rtasida tinish belgilari ketma-ket ishlatilishi mumkin. “Adabiyot hunar, uni kasbga aylantirib olgan yozuvchi olmaga tushgan qurtdan farq qilmaydi”, deb yozgan edi A. Qahhor. Tinish belgilari tuzilishiga ko‘ra ikkiga bo‘linadi:
1. Bir elementli tinish belgilari.
2. Ko‘p elementli tinish belgilari.
Bir elementli tinish belgilariga vergul, tire, nuqta kiradi. Qolgan tinish belgilari ko‘p elementlidir. Tinish belgilarining qo‘llanilishi
Nuqta.Nuqtaning yozuv belgisi sifatida ishlatilishi qadimgi arab manbalariga borib taqaladi. U o‘zbek tilida tinish belgisi sifatida XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab ishlatila boshlangan.
Nuqta o‘zbek tilida quyidagi o‘rinlarda ishlatiladi:
1. His-hayajonsiz aytilgan darak gap oxirida:Og‘irliklarni engmoq mardning ishi. (P.T) 2. Tinch oxang bilan aytilgan buyruq gaplar oxirida:Avval o‘yla, keyin so‘yla. (Maqol) 3. Atov gaplardan keyin: Bahor. Daraxtlar endi kurtak yoza boshlagan palla.
4. Shaxsning ismi, otasining ismi qisqartirilganda yozuv texnikasiga ko‘ra nuqta qo‘yiladi: A.Qahhor, Sh. Rashidov, A.S. Pushkin va boshqalar.
5. Nashriyot ishlarida, lug‘at va ma’lumotnomalarda shartli ravishda qisqartirilgan ayrim so‘zlarning birinchi harfi yoki bo‘g‘inidan so‘ng:va sh.k. (shu kabilar), s.t.(so`zlashuv tilida)
6. Ba’zi bir hollarda yil, oy, kunni ifodalovchi raqamlardan so`ng ham nuqta qo`yilishi kuzatiladi: 21.03.2010. 7. Butunning qismlarini sanash uchun qo‘llanilgan arab raqamlaridan so‘ng ham nuqta ishlatilishi mumkin. Tovushlar quyidagi turlarga bo‘linadi: 1.Unli tovushlar. 2.Undosh tovushlar.
So‘roq belgisi.So‘roq belgisining kelib chiqishini lotincha question – so‘roq so‘ziga olib borib taqaydilar. So‘roq ma’nosida mazkur so‘zning birinchi harfi “Q” ishlatila boshlagan, keyinchalik uning shakli hozirgi “?” holatga kelib qolgan, o‘zbekcha matnlarda 1885-yildan boshlab uchraydi. 1900-yildan so‘ng muntazam ishlatila boshlangan.
So‘roq belgisi quyidagi o‘rinlarda ishlatiladi:
1. So‘roq gaplarning oxirida: Shuncha qurilishni qachon qilishdi? Qanday ulgurishdi? (I.R)
2. Kim, nima, qanday, qachon, qanday qilib, nima qildi kabi so‘z va iboralar so‘roq ma’nosida ishlatilsa, ulardan so‘ng so‘roq belgisi qo‘yiladi. Ega kim?, nima?, qaer? so‘roqlaridan biriga javob bo‘ladi. 3. Gap yoki matn ichidagi birorta so‘z yoki jumla mujmal, noaniq, tushunarsiz bo‘lsa, undan so‘ng qavs ichiga “toping” manosida qo‘yiladi. Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” qissasida (?) o‘zbek xalqining yaqin o‘tmishi haqida hikoya qilinadi. Undov belgisi
Undov belgisi o‘zbek tiliga rus tilidan o‘tgan. Mutaxassislarning fikricha u lotincha lo – undov so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, unga nuqta (.) ning qo‘shilishidan hosil bo`lgan. Undov belgisi quyidagi o‘rinlarda qo‘llanadi:
1. Kuchli his-hayajon bilan aytilgan gaplar oxirida qo‘yiladi. Chindan ham poyonsiz cho‘lda hayot tantana qildi! (Sh.P.)
2. Buyurish, yalinish, istak, xohish va shu kabi ma’nolarni ifodalovchi gaplarning oxirida ham ishlatiladi. Qahramonim, arslonim, mehribonim, bo‘l omon! (H.O.)
3. Bo‘laklarga ajralmaydigan gaplar emotsionallikka ega bo‘lganda, ulardan so‘ng undov belgisi qo‘yiladi.
Siz chakana mehnat qilmadingiz. Qoyil!
Nogoh katta darvoza tomondan tanish ovoz yangradi: - Ermat aka! 4. Gap boshida kelib, his-hayajon bilan aytilgan undalmalardan so‘ng undov belgisi qo‘yiladi. Onajonlarim! Nechuk shamol uchirdi? (A.Q)
5. Ha, yo‘q, xo‘p, uzr, mayli, xayr, salom kabi so‘z gaplar hayajon bilan aytilsa, ulardan so‘ng qo‘yiladi. - Balli-balli! – dedi Rahim va Sharifga qarab im qoqdi.
-Yo‘q! Borolmayman, - dedi qayrilib. (A.Qodiriy)
6. Aytilishi lozim bo‘lgan fikr o‘ta kuchli his-hayajon bilan aytilsa, ketma-ket uchta belgi qo‘yiladi.
- Chiqar buni jallod!!! Jallodlar harakatlandilar.
-Xanjarimiz qonsirag‘on! (A.Qodiriy)
7. His-hayajon bilan aytilgan so‘roq, shuningdek, ritorik so‘roq gaplardan so‘ng qo‘yiladi. Kimdir seni kutsa, kimnidir sen ham sog‘insang, qanday baxt bu! (O‘.Hoshimov)
Vergul
Vergul tinish belgisi sifatida G‘arbiy Yevropada XV asrdan boshlab ishlatila boshlangan. O‘zbekcha matnlarda XX asr boshlaridan boshlab uchraydi. Vergul quyidagi o‘rinlarda qo‘llanadi: 1. Bog‘lovchisiz, sanash ohangi bilan uyushgan bo‘laklar o‘zaro vergul bilan ajratiladi. Kelajak yorqin va eng go‘zaldir. Uni sevingiz, unga intilingiz, uning uchun ishlangiz, uni yaqinlashtiringiz. (Chernishevskiy) 2. Undalmalar vergul bilan ajratiladi. Xotirjam bo‘ling, otaxon, maqsadingizga yetasiz. (H.G‘.) 3. Kirish so‘z va kirish birikmalardan so‘ng vergul qo‘yiladi. Ilmsiz, ma’rifatsiz yangi turmush qurib bo‘lmaydi, albatta. (H.G‘.) Forobiyning yozishicha, inson jamiyatda, o‘zaro munosabatlarda voyaga yetadi. 4. Tasdiq, ta’kid yoki inkorni bildiruvchi so‘zlar gap boshida kelganda vergul bilan ajratiladi. Ha, cho‘ponlar kam uyqu bo‘ladi. (Sh.R.) Xo‘p, soat beshlarda etib boraman. Yo‘q, to‘yni hali boshlaganimiz yoq. (A.Q.)
5. Ajratilgan bo‘laklar vergul bilan ajratiladi. Ko‘kda, daraxtlar ustida, g‘uj-g‘uj yulduzlar yonadi. (O) Onaga, eng ulug‘ zotga, ehtirom chinakam insoniylik sanaladi.
6. Qo‘shma gap komponentlari vergul bilan ajratiladi. Bog‘lovchisiz qo‘shma gaplarni tashkil qilgan sodda gaplar orasida ishlatiladi.
Do‘sting mingta bo‘lsa ham oz, dushmaning bitta bo‘lsa ham ko‘p. 7. Bo‘g‘langan qo‘shma gaplarda ham vergul ishlatiladi. Darhaqiqat, bo‘ron kuchli, ammo dehqonlar undan kuchli. (Sh. P.)
Yo biz boraylik, yo siz keling. 8. Undov so‘zlar his-hayajon bilan aytilsa, ulardan so‘ng vergul qo‘yiladi. Ey, menga bir minutga qarab qo‘ying. 9. Ko‘chirma gap darak, buyruq gap bo‘lsa, undan so‘ng vergul qo‘yiladi. “Inson qalbi javohirlardek toza, pok bo‘lmog‘i lozim”, deb aytgan edi Abu Rayhon Beruniy.
Qavs.Qavs o‘zbek yozuvida XIX asrning oxirgi choragidan boshlab ishlatila boshlangan. Dastlab “Turkiston viloyatining gazeti”da 1873-yilda ishlatilgan.
O‘zbek tilida quyidagilar qavsga olinadi: 1. Kiritma gaplar: Men mulla akani (Muqumiyni shunday atardilar) bohavoroq deb supachaga boshlab keldim. (Uyg‘un)
2. Remarkalar: Sodiq. Qizarib ketgan ekanman, qarang, aka, mingboshini ham (Bo‘ripolvonga kalla solib ko‘rsatmoqchi bo‘lib yoqasidan oladi, u qo‘rqib dodlab yuboradi) mana shunday kalla qilib cho‘ziltirmoqchi edim-u, nomardlar orqadan kelib qo‘limni bog‘lab qoldilar. (Nazir Safarov)
3. Sitata yoki misolning manbayi: Badantarbiya bilan mo‘tadil va o‘z vaqtida shug‘ullanuvchi kishi kasalliklarning davosiga muhtoj bo‘lmaydi. (Abu Ali Ibn Sino)
4. Izoh ma’nosidagi so‘z yoki so‘z birikmalari:
Yashasin jonajon mustaqil O‘zbekistonimiz (Farg‘ona viloyatining yirik tumani) qishloq xo‘jaligi maxsulotlarini yetishtirishda katta muvoffaqiyatlarga erishmoqda. Lingvistika (til haqidagi fan) tez rivojlanib boryapti.
5. Matbuotda ilmiy asarlarda uchraydigan boshi 3-betda, davomi bor kabi iboralar ham qavs ichiga olinadi.
6. Shaxs, joy, asar, hodisa va shu kabilarning ikki xil varianti berilsa, ulardan biri qavsga olinadi.“Qutadg‘u bilig” (“Baxt keltiruvchi bilim”)
7. Sitatalarda gumon, anglashilmovchilikni bildirish uchun qo‘llangan so‘roq belgisi ham qavs ichiga olinadi. (So‘roq belgisining qo‘llanishiga qarang.)
8. [ ] ko‘rinishidagi qavsdan foydalanish hollari ham ko‘p uchraydi.
Egalik qo‘shimchasi qo‘shilganda shah [a] ri, o‘r [i] ni, sing [i] lisi so‘zlaridagi “a”, “i” tovushlari qoidaga ko‘ra tushiriladi.
Nuqtali vergul.Nuqtali vergul o‘zbek yozuvida 1885-yildan boshlab uchraydi.
Nuqtali vergul quyidagi hollarda qo‘llanadi:
1. Bog‘lovchisiz qo‘shma gaplar tarkibidagi sodda gaplar mazmun jihatidan tugal fikrni anglatib, bir-biriga yaqin bo‘lmagan hollarda: Pavel noto‘g‘ri soliq solinayotganligi va ishdan nuqul zavod foyda qilajagini tushuntirib berdi; ular ikkovi ham qovoqlari soliq chiqib ketdilar. (M.G.) 2. Bog‘lovchisiz qo‘shma gap tarkibiga kirgan sodda gaplardagi voqealar bir-biriga qiyoslanganda. Ish kuchini elga berma, yerga ber; jamg‘armani selga berma, elga ber! 3. Raqam yoki harflar bilan ifodalangan numerativdagi gaplar oxirigi bandidan tashqari har bir bandi oxirida nuqtali vergul qo‘yiladi.
Hozirgi asosiy vazifamiz quyidagilar:
a) ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlarda berilgan bilimlarni puxta egallash;
b) ko‘rsatilgan adabiyotlar bilan o‘z vaqtida tanishib borish;
v) jamoat ishlarida faol qatnashish;
g) imtihon va sinovlarini muvoffaqiyatli topshirish.
4. Uyushiq bo‘laklar guruhlanib, o‘zaro vergullar yordamida bir-biridan ajratilganda, har bir guruhni anglatuvchi so‘zdan keyin nuqtali vergul qo‘yiladi. Gerb rangli tasvirda bo‘lib, Humo qushi kumushrangda; quyosh, boshoqlar, paxta chanog‘i va “O‘zbekiston” degan yozuv tillarangda; g‘o‘za shoxlari va barglari, vodiylar yashil rangda; tog‘lar havorangda; chanoqdagi paxta, daryolar, yarimoy va yulduz oq rangda berilgan. 5. Murakkab qo‘shma gap qismlari nuqtali vergul bilan ajratiladi:
Ko‘p nuqta
Ko‘p nuqta XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab o‘zbekcha matnlarda ishlatila boshlangan. 1876-yildan „Turkiston viloyatining gazeti”da muntazam qo‘llangan. Ko‘p nuqta quyidagi hollarda ishlatiladi: 1. Mazmunan tugallanmagan gaplar oxirida: Karim. Ha, shunday… Jiyaning Salimjonni ham uning quruq oqsoqol mardikorlikka haydatdi. Etti oy bo‘ldi. Na xat bor, na habar… Buning ustiga kampir ham qazo qildi. O‘sha katakday hovlini qarzga o‘tkazib… Mana shunday… Bolangdan aylanay, Rahimboy, (yig‘lab ketmonni ko‘rsatdi) ana shu hol, ana shu kun… O‘zingdan ahvol so‘ray? (Nazir Safarov) 2. Sitata yoki olingan misollardagi ayrim so‘z va gaplarning tushirib qoldirilganligini ko‘rsatish uchun ko‘p nuqta qo‘yiladi. „Rus tili - eng boy tillardan biri…” “Rus tili shunchaki o‘rganishga ham … undagi adabiyotlarni o‘qish uchun ham o‘rgansa arziydigan tildir…” (F.Engles ) 3. Kuchli hayajonni, emotsionallikni bildiruvchi undov so‘zlardan keyin ko‘p nuqta qo‘yiladi: To‘raxanov. Oh… Honim bilsangiz edi yuragimda yonayotgan g‘azab o‘tini… (Nazir Safarov ) 4. “O‘zbek tili” darsliklarida o‘rganilayotgan ma’lum harf (tovush), affiks yoki so‘z tushirib qoldirilganda ko‘p nuqta qo‘yiladi.
191- mashq. Nuqtalar o‘rniga mos keladigan so‘zlarni qo‘yib ko‘chiring. Issiq…, yosh-…, sabzi-…da boshqalar.
5. Fikr bo‘lib-bo‘lib ifoda qilinsa yoki duduqlanib aytilsa qo‘yiladi.
Muhammadiyor yolg‘iz:
- Turkistonda birinchi m...m...m...artaba tia...t...t...tr, - dedi-da, fikrg‘a to‘ldi. ( A.Cho‘lpon) 6. Suhbatdoshning gapi javobsiz qoldirilsa qo‘yiladi.
- Manavi dub eshiklaringizni yelkamda tashib kelganman. Tushundingizmi?
- Tushundingizmi, deyapman? (X.Sultonov)
Ikki nuqta.Ikki nuqta o‘zbek yozuvida XIX asrning oxiri va XX asrning boshlaridan e’tiboran ishlatila boshlangan. Ikki nuqta quyidagi o‘rinlarda ishlatiladi:
1.Shaklan tugallangan, lekin mazmunan keyingisi birinchisining uzviy davomi sanalgan bog‘lovchisiz qo‘shma gaplarda ishlatiladi. Mehmon rost aytadi:odamning himmati qilgan ishidan bilinadi. (M.G.)
Oltmishga kirib bildim: umrim bekorga o‘tmabdi, odamlarga kerakli ekanman, hayotda iz qoldiribman. (A.Qahhor) 2. Umumlashtiruvchi bo‘lak uyshuq bo‘laklardan oldin kelganda: O‘zbekiston Respublikasining Davlat ramzlari: Davlat bayrog‘i, Davlat gerbi va Davlat madhiyasi milliy iftixorimiz, sharaf va shonimiz sanaladi. 3. Muallif gapi ko‘chirma gapdan oldin kelganda: Rus halqining atoqli lashkarboshisi Suvorov shunday degan edi: “Son bilan emas, mahorat bilan jang qiladilar”. 4. Nutq ichida masalan, misol, chunonchi, mavzu, reja, qaror qilindi kabi so‘zlardan so‘ng qo‘yiladi.
Masalan: maktab, kollej va zavodlar qurildi.
Mavzu:A.navoiyning ”Farhod va Shirin”dostoni.
5. Uslubiy ravonlikni, muxtasarlikni ta’minlash maqsadida turli xil rasmiy ma’lumotlarda, nashr ishlarida ayrim so‘zlardan keyin qo‘yiladi. Toshkentda ”Mustaqil O‘zbekiston: falsafa va huquqning dolzarb masalalari” mavzusida uchinchi an’anaviy respublika ilmiy-nazariy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
6. Sport musobaqalarida raqiblar o‘rtasidagi hisobni ifodalash uchun olingan ochkolar yoki kiritilgan gollarning nisbatini belgilashda qo‘llanadi.”Andijon” va ”Paxtakor” jamoalari orasidagi o‘yin durang natija bilan tugadi – 2:2
Tire.Tireni amaliyotga rus yozuvchisi N.M.Karamzin (XVIII asr) kiritgan. U o‘zbek yozuvida XIX asrning 70-yillaridan boshlab ishlatila boshlangan. Tire quyidagi o‘rinlarda ishlatiladi: 1. Diologlarda har bir shaxs nutqini birini ikkinchisidan ajratish uchun qo‘yiladi. Kozimbekka Saida qaradi. Kozimbekning rangi bir ahvolda bo‘lsa kerak, qushi uchib deraza oldiga keldi. -Tinchlikmi?
-Tinchlik, dedi Kozimbek o‘zini bosib,-Toshkentdan keldim… Saida taajjublanganday bo‘ldi.
- Bilaman kecha kelgan edingiz…
- Mashinani olib keldim…
-Shunaqami… Qutlug‘ bo‘lsin! Qani? - Hovlida, qo‘lingiz bo‘shasa, bir bir aylantirib kelsam degan edim.
-Rahmat... Biron soatda bo‘sharman. (A.Q.)
2. Bog‘lovchisiz qo‘llangan ot kesim bilan ega ortasida ishlatiladi.
Til – millatning qalbi. Mehnating – boyliging.
3. Uyushiq bo‘laklardan keyin kelgan umumlashtiruvchi so‘zdan oldin keladi. O‘zbek, qirg‘iz, qozoq, turkman, tojik – barchamiz bitta yurtning farzandlarimiz.
Payonsiz paxta dalalarining husni va barakasi, so‘lim bog‘larning sharbati va gullarning ming tovlangan ranglari – barchasi suv tufayli. (O.)
4. Muallif gapi bilan ko‘chirma gap orasida qo‘yiladi. ”Oddiylik axloqiy barkamolikning bosh shartidir”, - deb yozgan edi L.N.Tolstoy.
5. Bog‘lovchisiz qo‘shma gaplarda ikkinchi gapning kesimi tushirilsa ishlatiladi. Olamni quyosh yoritadi, insonni – ilm.
6. Bog‘lovchisiz qo‘shma gaplarda: Vataning tinch - sen tinch. (maqol) 7. Zid ma’noli bog‘lovchisiz qo‘shma gaplar orasida: Vaqting ketdi – baxting ketdi. 8. Ko‘chirma konstruktsiyalarni chegaralash uchun: Hovli o‘rtasidagi yosh nihollar orasidagi bola Ma’rifat Hojining o‘g‘ilchasi bo‘lsa kerak - kapalak quvib yurardi. (“Sharq yulduzi”) 9. Kochirma gaplarda avtor gapini ajratish uchun: “Ko‘rdingizmi, Olimjon aka, - dedi oyqiz erga qarab,- tabiat bizning qo‘limizda”. (Sh.R.) 10.Tenglik, taqqoslash ma’nolarini bildiruvchi so‘zlar orasida nutqni ixchamlashtirish uchun: Andijon-Maskva poezdi. “Paxtakor”-“Dinamo”. 22.00-“Vaqt” informatsion programmasi. Toshkent-1977 y. 11. Ayrim so‘z yoki gaplar izohlansa, ularning orasida: O‘zbekiston Milliy sug‘urta kompaniyasi – ”O‘zbekinvest”.
Qo‘shtirnoq.Qo‘shtirnoqni amaliyotga rus olimi A.A.Barsov kiritgan. O‘zbek yozuvida u kiritish belgisi sifatida XIX asrning 80-yillaridan boshlab uchraydi. Qo‘shtirnoq quyidagi o‘rinlarda ishlatiladi:
1. Ko‘chirma gap qo‘shtirnoqqa olinadi. Yosh kitobxon, L.Tolstoyning quyidagi so‘zlarini doimo esda tut: “Hayot qanchalik yaxshi bo‘lmasin, uning yutuqlari qanchalik katta bo‘lmasin, hech vaqt bu bilan hotirjam bo‘lib qolma, doimo buyuk ishlarga tomon intil…”
2. Sitatalar har vaqt qo‘shtirnoq bilan chegaralanadi.
“Maqollar va qo‘shiqlar har vaqt qisqa bo‘ladi. Ularda butun-butun kitoblar mazmuniga teng keladigan fikr va sezgilar ifodalangan bo‘ladi”. (M.Gorkiy)
3. Ko‘chma ma’noda qo‘llangan so‘zlar, ishlatilishi odat tusiga kirmagan, eskirgan yoki yangi qo‘llanayotgan kesatiq, piching, do‘q-po‘pisa va shu kabi ma’nolarni ifoda qiluvchi leksik birliklar qo‘shtirnoq ichiga olinadi. Bu safar Botirovning “jinoyati” o‘n bir yillik qamoq bilan “taqdirlandi”. (T. Malik) Tekintomoq “havaskor” larning holi oxiri voy bo‘ladi. 4. Badiy asar, gazeta, jurnal, musiqa asarlari, spektakl va kartinalarning nomlari qo‘shtirnoqqa olinadi. “Qutlug‘ qon” romani, “Mushtum” jurnali, “Amir Temur”portreti, “Sohibqiron”dramasi 5. Korxona, muassasa, tashkilot, zavod, fabrika, mehmonxona, kema nomlari qo‘shtirnoqqa olinadi.“O‘zbekiston” mehmonxonasi, “O‘rtoq” fabrikasi, “Bilayn”qo‘shma korxonasi va boshqalar. 6. Transport ( mashina, samolyot, avtobus va sh.k.) larning markasini bildirgan so‘zlar, o‘simliklarning turini, mahsulotlarning nomini ifodalovchi leksik birliklar qo‘shtirnoqqa olinadi.“Neksiya” rusumli yengil mashina, “Boing” samolyoti, “Otayo‘l” avtobusi, “Kibo” oyoq kiyimi va boshqalar 7. Ayrim orden va medallar, faxriy unvonlar nomi qo‘shtirnoq ichida beriladi.
“El-yurt hurmati” ordeni 1998-yil 28-avgustda ta’sis etildi.
Professor Q.G‘.Abdullayev “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi” faxriy unvoni bilan mukofotlandi. 8. Qonun, farmon, buyruqlarning nomi, ayrim bandlari qo`shtirnoq ichida beriladi.1995-yil 6-may kuni “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida” gi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida” Qonun qabul qilindi 9. Sinflar, kurslar, buyruq va qarorlarga qo‘shilib yoziladigan harflar qo‘shtirnoqqa olinadi. 5-“A” sinf, 11-“B” kurs, 95-“B” buyruq, 12-moddaning “G” bandi va boshqalar. 10. Baho ballari qo‘shtirnoqqa olinadi. “besh” baho, “yaxshi” baho.
TINISH BELGILARINI QO‘LLASH QOIDALARI.Ma’lum bir maqsad, fikr og‘zaki nutqda ma’lum bir ohang bilan, yozuvda esa gapning grammatik qurilishi va tinish belgilari orqali ifodalanadi.Tinish belgilari fikrni, maqsadni yozuvda ko‘rsatishda qo‘shimcha, ammo zaruriy vositadir. So‘zlovchining maqsadini tinish belgilari orqali bilib olamiz:
Bahor keldi. Bahor keldi! Bahor keldi? Bu uch gapdagi habar, his-hayajon, so‘roq mazmuni gaplardan so‘ng qo‘yilgan tinish belgilari orqali bilinadi. Tinish belgilari mazmun, ohang va gapning grammatik qurilishiga ko‘ra qo‘llanadi.
1. Mazmun jihatdan. Ifodalanmoqchi bo‘lgan mazmun tugallangan bo‘lsa, nuqta, undov, so‘roq belgisi, uch nuqta qo‘yiladi:
- O‘zimiz institut ochayapmiz, bilib qo‘y...
- Institut?
- Institut!
O‘zgalarning gapi bo‘lsa, qo‘shtirnoqqa olinadi: “Ertaga sinovlar boshlanadi”-dedi o‘qituvchimiz. Gaplar orasidagi mazmun munsoabatlari qo‘shma gaplarda ikki nuqta, tire, vergul yoki nuqtali vergul orqali ifodalanadi. Tugallanmagan yoki izoh talab qilgan tushunchalar ko‘p nuqta yoki qavslar orqali ifodalanadi. 2. Grammatik qurilish. Ayrim tinish belgilari gapning grammatik tuzilishiga ko‘ra qo‘llanadi. Masalan, ega bilan kesim orasida tire qo‘yilishi yoki qo‘yilmasligi ma’lum grammatik qoidalar asosida belgilanadi. Ayrim ergash gaplar o‘z tuzilishiga ko‘ra vergul bilan ajratiladi: Yo‘lchi, qancha aqchasi bo‘lsa ham, berishga tayyor edi. Bu jumladagi qancha aqchasi bo‘lsa ham, ergash gap bo‘lgani uchun bosh gap orasida to‘xtalish (pauza) bo‘lmasa ham, undan so‘ng vergul qo‘yiladi. 3. Ohang jihatdan. Ohang fikr maqsadning og‘zaki nutqdagi asosidir. Har bir tinish belgisi o‘ziga hos ohangga ega bo‘ladi. Undov, so‘roq belgisi, ko‘p nuqta va nuqta, tire tugallangan ohang bilan nuqtali vergul, qo‘shtirnoq, qavs kichik to‘xtalish bilan, ajratilgan ohang bilan nuqtali vergul, ikki nuqta, tire izoh ohangi bilan; vergul, nuqtali vergul kichik to‘xtalish ohangi bilan talaffuz qilinadi. Ayrim tinish belgilari ohang talabi bilangina qo‘yiladi.
Qush mag‘rur – qanoti bo‘lgani uchun,
Tog‘ mag‘rur – savlati bo‘lgani uchun
Bu jumlada tire ohang talabi bilan, birinchi gaplarning ma’nosiga diqqatni jalb etish talabi bilan qo‘yilgan.
Vatanimiz – kelgusida buyuk davlat bo‘ladi. Bu jumlada kesim egaga bo‘ladi bog‘lamasi bilan birikkani uchun egadan so‘ng tire qo‘yilmasligi kerak edi. Ammo ega mantiqiy urg‘u olgani uchun undan so‘ng tire qo‘yilgan.
SODDA GAPLAR VA ULARDA TINISH BELGILARINING QO‘LLANISHI
1.Darak gaplar mazmuniga ko‘ra xabar beruvchi, tinch ohang bilan aytiluvchi gaplardir va bu xil gaplar oxirida nuqta qo‘yiladi.
Valijondan salom. Oydin kecha. Havo sof va salqin.
His-hayajon ifodalangan darak gaplardan keyin undov belgisi yoki ko‘p nuqta qo‘yilishi mumkin.
Minglab gulistondan afzaldir bu joy.
2. So‘roq gaplar biron narsa, voqea hodisa to‘g‘risida xabar berishni so‘ragan gaplardir. Bu xil gaplar so‘roq olmoshlari, yuklamalari ohangi orqali tuziladi va ulardan so‘ng so‘roq belgisi qo‘yiladi:
Sinovlarga qanday tayyorlanayapsiz? Zarur – zarur adabiyotlarni?
Agar so‘roq gap qo‘shimcha mazmun ifodalasa, undan so‘ng undov belgisi, so‘roq belgisidan tashqari, ko‘p nuqta va boshqa belgilar qo‘yiladi:
Kurashadi ikki to‘lqin qarab turaymi!? Nahotki daryolar teskari oqar?! Siz bu ishga qanday qilib qo‘l urdingiz!?
3. Undov gaplar mazmuniga ko‘ra ikki guruhni tashkil etadi:
mazmunidan buyruq, iltimos, tashbiq, maslahat, tilak – orzu, kinoya, do‘q ma’nolari anglashilgan undov gaplar (bunday gaplarni buyruq gaplar ham deyiladi); faqat his-hayajon anglatuvchi undov gaplar birinchi turdagi undov gaplarning kesimi buyruq fe’li yoki shart fe’llari bilan ifodalanadi. Bu xil gaplardan so‘ng ko‘proq undov belgisi, ba’zan mazmuniga qarab ko‘p nuqta, undov belgisi bilan ko‘p nuqta, ba’zan birdan ortiq undov belgisi qo‘yiladi. Undov gaplarning ikkinchi turi sof his-hayajon bildiruvchi gaplardir. Bu turdagi undov gaplar, undov so‘zlar, nisbiy olmoshlar, ohang va bu vositalarning birlashishi bilan ifodalanadi:
Ey bola paqir–ey! Eshikka tomon yurar ekan: essiz, essiz, ey bechora!...-dedi o‘zicha.
O‘h u kapshanchilar qishlog‘i shunaqa chiroylimi! Bu qanday bedodlik, bu qanday zulm!!!
Bu qanday adolatsizlikki, bola onasiz qolsa!
EGA BILAN OT - KESIM O`RTASIDA TIRENING ISHLATILISHI
Ot-kesimlar bosh kelishikdagi ot orqali ifodalanganda, ega bilan ot-kesim orasiga tire qo‘yiladi. Kesim bosh kelishikdagi ot bilan ifodalanganda ega ot, olmosh, otlashgan so‘z yoki harakat nomi bilan ifodalanishi mumkin. Kesimlar ot, olmosh, otlashgan so‘z bilan ifodalangan ega yoki kesim bilan yoki har ikkisi o‘ziga oid so‘zlar bilan kengayib kelganda, tire kesimga oid so‘zlardan oldin, bevosita egadan so‘ng qo‘yiladi. Kesim harakat nomi yoki sanoq son bilan ifodalanganda ham ega bilan kesim orasiga tire qo‘yiladi.
Maqsadim – a’lo o‘qimoq. Ikki karra ikki – to‘rt.
Ega bilan kesim bu, u, mana bu so‘zlari bilan ajralganda ham, ega va kesim orasida tire ishlatiladi, tire bu so‘zlardan oldin qo‘yiladi.
Tinchlik – bu sevinchdir, hayotda lazzat,
Tinchlik - bu totuvlik, har ishda orom.
Ega bilan ot kesim orasida tire qo‘yilmasligining sababi shuki, kesim –dir, bo‘ladi bog‘lamalari bilan kelgan yoki kelishik qo‘shimchasini olgan bo‘ladi. Bundan tashqari, kesim sifat, ravish, egalik olmoshi yoki tartib son bilan ifodalanganda ham, ega bilan kesim orasiga tire qo‘yilmaydi. Ega bilan kesim orasida quyidagi o‘rinlarda ham tire qo‘yilmaydi:
1.Agar ega bilan kesim orasida quyidagi o‘rinlarda ham yordamchisi bo‘lsa: Olma ham meva. Bular ham a’lochi. 2.Kesim shaxs qo‘shimchasini olsa yoki yuklama bilan birikib kelsa: Bu kishi muallimimiz. Bu ishni bajaruvchi sensan. Yuragi qalam-u, qog‘ozi – keng yer. A’lochilaringiz Salimjonmi? 3.Kesim sifat, son, olmosh, ravish bilan ifodalansa: Yurtimiz obod. Ona tilidan yuqori baho olgan talabalarning soni yigirma beshta. Nega yurishingiz sekin?
UYUSHIQ BO‘LAKLARIDA TINISH BELGILARI.Gapda birdan ortiq ega, kesim, hol, aniqlovchi, to‘ldiruvchi bo‘lishi mumkin. Bunday bo‘laklar uyushiq bo‘laklar deyiladi. Uyushgan bo‘laklar bir xil shaklda, bir xil vazifada keladi. Uyushgan bo‘laklar o‘zaro bog‘lovchisiz yoki bog‘lovchilar bilan bog‘lanadi. Bog‘lovchisiz bog‘langan uyushiq bo‘laklar biriktiruvchi ohang bilan o‘zaro birikadi.
1.Bog‘lovchisiz bog‘langan uyushiq bo‘laklar vergul bilan, agar ular birikib kelsa, nuqtali vergul bilan ajratiladi: Kitob, qalam, daftar bo‘lsin yo‘ldoshing. U hovli supurdi, suv tashidi, kul tozaladi. Qo‘nonboy yonida bir gala xushomadgo‘ylari: Segizboylardan Moybosar, Jaqib, Iziquttilardek qarindoshlari; Juontayoq, Qorabotir, To‘pay, To‘rg‘ay elining oqsoqollari bor edi. 2. Bog‘lovchili uyushiq bo‘laklar o‘zaro teng bog‘lovchilar yordamida bog‘lanadi. Teng bog‘lovchilar to‘rt xil bo‘ladi:
zidlovchi bog‘lovchilar: ammo, lekin, biroq;
ayiruv bog‘lovchilar: yo, yoki, yohud, goh, dam;
biriktiruv bog‘lovchilari: va, ham, bilan;
inkor bog‘lovchisi: na-na.
XULOSA. Punktuatsiya tinish belgilari haqidagi qoidalar yig’indisi bo’lib, u fikrni yozuvda to’g’ri ifodalashga va o’zgalarning fikrini tog’ri anglatishga yordam beradi.Ona tili darslarida sintaksis bo’limini o’rgatish punktuatsiya bilan birgalikda olib boriladi. Punktuatsiyasiz sintaksisni o’rganib bo’lmaydi. Maktabda punktuatsiya boshlang’ich sinflarda o’qitila boshlanib,8-9-sinflarda muntazam o’rgatiladi. Punktuatsiya o’rgatish darak, so’roq, buyruq, istak gaplar hamda his-hayajon gaplarga bog’lab, ularda nuqta, so’roq va undov belgilarini qo’llashini tushuntirishdan boshlanadi. Sintaktik konstruksiyalarini erkin tahlil qila oladigan o’quvchigina punktuatsiyani ongli va puxta o’zlashtiradi. O’quvchi har bir gapning mazmuniga to’la tushungan bo’lishi bilan birgalikda, undagi tinish belgining nima uchun ishlatilganligi, uning sintaktik vazifasi nimadan iborat ekanligini aniq tasavvur qilib turish kerak. Darsda quyidagi sintaktik- punktuatsion tahlil o’tkazish mumkin. O’quvchi biror matnni aytib beradi, o’quvchilar tinish belgilarini mustaqil qo’yadilar. Matn yozib bo’lingach, o’quvchilar tinish belgilarining qo’yilishi sababini izohlaydilar.Ko’pincha o’quvchilar gapni sintagmalarga ajratishda va gapdagi sintagmalar orasida vergulning qo’yilgan yoki qo’yilmagan o’rinlarida yanglishadilar. Gapdagi sintagmalar har doim ham vergul bilan ajratilavermaydi.Punktuatsiya mashqlaridan biri o’quvchilarning o’zi, punktuatsiya qoidasiga mos keladigan misollar totib, tinish belgilarining ishlatilish sababini tushuntirishdir.Matn tinish belgilarining turli xillarini o’z ichiga olgan bo’lish kerak. Mashqning bu turi punktuatsiya o’rgatishda keng tarqalgan usul bo’lib, dastavval, o’quvchilarning mustaqil ishlash faoliyatini yaxshilaydi. Punktuatsiya o’qitishda turli xildagi diktantlar o’quvchilarning xatosiz yozish malakasini takomillashtirishda katta ahamiyatga egadir. O’qituvchining diktovkasi orqali o’quvchilar tinish belgilarning qo’yilishi pauza, logik urg’u kabilarga ham bog’liq ekanligini uqib oladilar.Punktuatsiya bilan bog’liq ish turlaridan yana biri stilistik mashqdir. Bunday mashq nutq o’stirish bilan ham bog’lab olib boriladi. O’quvchi bir sintaktik konstruksiyani boshqasi bilan almashtiradi: 1.Uyushiq bo’lakli gaplarga umumlashtiruvchi so’z qo’yib, tinish belgilarini to’g’ri ishlatish 2.Bog’langan qo’shma gapni ergash gapli qo’shma gapga aylantirish va uning aksi: 3.Sodda yoyiq gapni qo’shma gapga aylantirishi va buning aksi: 4.O’zlashtirma gapni ko’chirma gapga, ko’chirma gapni esa o’zlashtirma gapga aylantirish O’quvchilarning yozma ishlarida punktuatsion xatolar uchraydi.Agar o’quvchi gapda tinish belgilarini nima uchun va qayerga qo’yish kerakligini bilmasa, uni qo’ymagani ma’qul: zarur tinish belgisini qo’ymay, biror tinish belgisini tavakkal, ammo noo’rin ishlataverish xavliroq, bu ham o’quvchining, ham o’qituvchining ishini murakkablashtiradi. Agar o’quvchi gapda biror tinish belgisini qo’ymagan bo’lsa, demak, u shu tinish belgisining ishlatilishi bilan aloqador bo’lgan punktuatsion qoidani bilmaydi yoki uni yaxshi o’zlashtirmagan bo’ladi. Agar o’quvchi tinish belgisini ortiqcha qo’ysa, u tinish belgisini asosiz qo’yaverishiga odatlanib qo’lgan bo’ladi. O’quvchilarning punktuatsion xatolarini tahlil qilishga bag’ishlangan ish turlari juda foydalidir. Unda o’quvchilarning punktuatsion xatolari ko’rsatilibgina qolmay, uning sabablari ham tushuntiriladi, qoida va ta’riflar eslanadi, amaliy-ijodiy mashqlar bajartiriladi. Shundagina o’quvchilar tinish belgilarini qo’llashga ongli ravishda yondashadilar. Darsni ko’rgazmali o’quv qurollaridan foydalanib o’tish punktuatsiyani o’zlashtirishni yengillashtiradi. Punktuatsiya darslarini ko’rgazmali qurollarning eng ko’p qo’llanadigan turi – jadval va sxemalar yordamida o’tish mustahkamlash darslari uchun ham juda muhimdir.Tinish belgilari yozma matnni idrok etishda muhim rol o'ynaydi. Keling, misolni olaylik - "Ijroni kechirish mumkin emas" iborasi, bu vergulning qayerdaligiga qarab ma'nosini o'zgartiradi. To'g'ri qo'yilgan tinish belgilari matn kimga yuborilganligi tushunarli bo'lishining kafolatidir. Biroq, maktabni muvaffaqiyatli tugatgan biz ham tinish belgilarida ko'pincha qiyinchiliklarga duch kelamiz. Bunday holga duch kelmaslik uchun tinish belgilari qoidalarini puxta o’zlashtirish lozim .Tinish belgilari ham, imlo kabi, ma'lum bir til uchun qabul qilingan grafik tizimning bir qismidir va harfning so'zlashuv mazmunini aniq va to'liq ifoda etishi uchun alifbo harflari kabi tovush ma'nolari bilan mustahkam o'rganilishi kerak. Tinish belgilari yozma nutqni rasmiylashtirishning muhim vositasidir, chunki ularning yordamida nutqning semantik bo'linishi sodir bo'ladi. Qoidalari har bir tilning fonetik va morfologik tuzilishiga asoslangan imlodan farqli o'laroq, tinish belgilari asosan xalqaro ahamiyatga ega. Bundan tashqari, matnni o'qish uchun so'zlar orasidagi bo'shliqlar, qizil chiziq (xat boshi) va boshqa grafikalar ishlatilishida e’tiborli bo’lish lozim.Tinish belgilari o'z vazifalariga ko'ra ikki guruhga bo'linadi: bo’linish (ajratuvchi) va ekskritator.Tinish belgilarini ajratish o'z ichiga oladi: nuqta, savol belgisi, undov belgisi, vergul, nuqta-vergul, ellipsis, yo'g'on ichak, chiziqcha. Ajratish belgilari, qoida tariqasida, bitta funktsional (vergul va chiziqcha bundan mustasno), ular nutqning ayrim qismlarini boshqalaridan ajratish uchun ishlatiladi va har doim bitta belgilar sifatida namoyon bo'ladi.Shunday qilib, tinish belgilari matnni fikrlarni yozma ravishda ifoda artikulyatsiya), nutqning semantik tuzilishini ko'rinadigan qiladi, alohida gaplarni va ularning qismlarini (sintaktik artikulyatsiya) ta'kidlab, intonatsiyani ko'rsatishga xizmat qiladi, shuningdek fraza intonatsiyasi, iboraning ritmi va ohangdorligi. Shuni yodda tutish kerakki, ba'zi tinish belgilarida faqat tarkibiy va sintaktik printsip aks etadi (masalan, tinish belgilarini qismlar o'rtasida belgilash) murakkab jumla), boshqalar - semantik va intonatsion printsip (masalan, ajratilgan a'zolar uchun tinish belgilarini belgilash); uchinchisi uchta printsipga asoslanadi (masalan, so'roq gapining oxiriga savol belgisini qo'yish). Tinish qoidalari imlo qoidalaridan farqli o'laroq, tinish belgilarini majburiy belgilash bilan birga ularni ixtiyoriy ravishda ishlatishga imkon beradi.