1.3 O’qish malakalari. O'qish malakasini egallash ancha murakkab bo'lib, uni shakllantirish uzoq vaqtni talab etadi. Ruhshunos olim T. G.Yegorov o'zining ,,Oчерки психологии обучени детей чтению" nomli asarida o'qish malakalarini shakllantirish jarayonini uch bosqichga ajratadi: analitik bosqich, sintetik bosqich va avtomatlashgan bosqich. Analitik bosqich savod o'rgatish davriga to'g'ri keladi, bunda so'zni bo'g'in-harf tomonidan tahlil qilish va bo'g'inlab o'qish malakasi shakllantiriladi. Sintetik bosqich uchun so'zni sidirg'a o'qish xarakterlidir; bunda so'zni ko'rish orqali idrok qilish va uning talaffuzi so'z ma'nosini anglash bilan asosan mos keladi. O'qish so'z ma'nosini idrok qilish bilan amalga oshadi. O'quvchilar sintetik bosqichga 3-sinfda o'tadilar. Bundan keyingt yillarda o'qish avtomatlasha boradi.
O'qish darslarida asar ustida ishlashni shunday tashkil etish kerakki, asar mazmunini tahlil qilish o'qish malakalarini takomillashtirishga yo'naltirilgan bo'lsin.
To'g'ri o'qish. To'g'ri o'qish deganda xato qilmasdan, yanglishmasdan o'qish tushuniladi, ya'ni to'g'ri o'qish so'zning tovush-harf tarkibini, grammatik shakllarini buzmasdan, so'zdagi tovush yoki bo'g'inni tushirib qoldirmay, boshqa tovushni qo'shmay, harflar o'r-nini almashtirmay, aniq talaffuz qilib, so'zga urg'uni to'g'ri qo'yib o'qish hisoblanadi. M.Odilova va T.Ashrapovalar ,,Adabiy talaffuz me'yorlariga qo'yilgan barcha talablar to'g'ri o'qish ko'nikmasiga ham taalluqlidir", — deb ta'kidlaydilar. Rus metodisti Yakovleva to'g'ri o`qishga quyidagicha ta'rif bergan: ,,To'g'ri o'qish — bu materialning tovush tomonidan xatosiz va bir tekisda ravon nusxa ko'chirishdir". Demak, to'g'ri o'qish so'zning tovush tarkibini, grammatik shaklini buzmasdan adabiy-orfoepik me'yorlar asosida o'qishdir.
Boshlang'ich sinf o'quvchilarida idrok etish, talaffuz qilish va matn mazmunini tushunish o'rtasida puxta sintez yo'q bo'lgani uchun ular o'qishda xatoga yo'l qo'yadilar. Bu esa matn mazmunini tushunishni qiyinlashtiradi.