O‘zbekistonda fermer va dehqonxo‘jaliklari faoliyatini takomillashtirish yo‘llari
Fermer xo’jaliklarining yer maydonlarini optimallashtirish.
Fermer xo’jaliklari faoliyatini chuqur tahlil qilish amalga oshirilgan chora-tadbirlarga qaramay, hali ham fermer xo’jaliklari faoliyatida bir qator kamchiliklar mavjudligini ko’rsatmoqda. Xususan, ayrim fermerlar tomonidan yer maydonlaridan samarasiz foydalanilayotganligi, moliyaviy-iqtisodiy ahvolining surunkali nobarqarorligi, moddiy-texnika resurslari bilan yetarlicha ta’minlanmaganligi, yer ajratishda hududlarning tuproq-iqlim sharoiti, aholi zichligi va bandligi kabi masalalar inobatga olinmaganligi, shuningdek xo’jaliklarning tarmoq ixtisosligi (paxta va g’allachilik, bog’ va uzumchilik, sabzavot va polizchilik, chorvachilik va boshqalar) bo’yicha yer uchastkalari maqbul bo’linmaganligi kabi masalalar aniqlandi.
Shuning uchun ham, fermer xo’jaliklari ixtiyoridagi yer maydonlarini optimallashtirish jarayonini amalga oshirish, barqaror iqtisodiy faoliyat uchun asos yaratish maqsadida keng qamrovli chora-tadbirlar ishlab chiqish taqozo etildi.
Qishloq xo’jaligida fermer xo’jaliklarini yiriklashtirishda quyidagi omillar e’tiborga olindi:
yer maydonlari kichik bo’lgan va ulardan oqilona foydalanilmagan, qishloq xo’jaligiga mo’ljallangan yer maydonlarida oxirgi 3 yil davomida belgilangan kadastr bahosidan past hosil yetishtirgan, tuproq unumdorligining pasayishiga yo’l qo’ygan;
qonunda belgilangan muddatlarda yagona yer solig’i, boshqa turdagi soliqlar va to’lovlarni muntazam ravishda to’lamagan hamda yirik miqdorda qarzdor bo’lgan;
davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xo’jalik ekinlarini to’liq hajmlarda ekmagan va ular bo’yicha tuzilgan shartnomaviy majburiyatlarni surunkasiga bajarmagan;
mavjud suv resurslaridan oqilona foydalanmagan, irrigasiya-meliorasiya va boshqa agrotexnik tadbirlarni o’z muddatida hamda sifatli bajarmagan fermer xo’jaliklari bilan tuzilgan yer ijara shartnomalari bekor qilindi.
Bugungi kunda fermer yer va o’zi ishlab chiqargan mahsulotning egasi bo’lib, o’z mehnatining natijasidan bevosita manfaatdordir. Natijada fermerlarning dunyoqarashi tubdan o’zgardi, ularda yer- suv resurslaridan oqilona foydalanish uchun mas’uliyat hissi kuchaydi.
Jami fermer xo’jaliklarining qariyb 50 foizdan ortig’i (37567 tasi) paxta va g’alla yetishtirishga ixtisoslashgan. Qolgan qismi esa sabzavot va polizchilikka (3715 tasi), chorvachilikka (7506 tasi), bog’dorchilik va uzumchilik (17068 tasi), shuningdek, asalarichilik, baliqchilik va boshqa turdagi faoliyat bilan shug’ullanadi.
Bunday yuqori natijalarga erishilishining asosiy omillari quyidagilardir:
birinchi galda tarmoqdagi real ahvolni hisobga olgan hamda xorijiy mamlakatlar tajribasini chuqur o’rgangan holda qishloq xo’jaligini iqtisodiy isloh qilish bo’yicha kompleks chora- tadbirlarning amalga oshirilishi;
qishloqda bozor munosabatlarining joriy etilishi va xususiy mulkchilik shaklining rivojlantirilishi;
fermerlik harakatini barqaror rivojlantirish uchun huquqiy, tashkiliy, moliyaviy va zamonaviy agroinnovasion shart-sharoitlar yaratilgan;
dehqonlar, fermerlar va mexanizatorlarning, qishloq xo’jaligi bo’yicha barcha mutaxassislarning kasbiy mahorati va o’z ishiga sodiqligi, shuningdek, qishloq xo’jaligidagi barcha resurslar va imkoniyatlarning to’liq safarbar qilinishi.
Fermer xo’jaliklarining barqaror rivojlanishi va samarali faoliyat yuritishini ta’minlash, ularga uzoq muddatli ijaraga yer uchastkalarini ajratish, qishloq xo’jaligi ekinlarini yetishtirish, ularni yig’ish, tashish, qayta ishlash va realizasiya qilish bilan bog’liq barcha masalalarni fermerlar kengashining bevosita ishtirokisiz hal etib bo’lmaydi. Shunday ekan, bugungi kunda fermer xo’jaliklarining barqaror rivojlanishi ko’p jihatdan barcha darajalardagi fermerlar kengashlari faoliyatiga bog’liq.
Fermer xo’jaliklarini barqaror rivojlantirish asosan ularning quyidagi yo’nalishlar bo’yicha amalga oshiradigan ko’p qirrali faoliyatiga bog’liq: bog’dorchilik, poliz ekinlari yetishtirish, servis xizmatlari ko’rsatish, hosilni qayta ishlash, chorvachilik, baliqchilik, asalarichilik. 2013 yilda 17 482ta (26,4%) fermer xo’jaliklarini ko’p tarmoqli xo’jaliklarga aylantirish rejalashtirilgan. Bu ushbu xo’jaliklarga yetishtirilgan hosilni qayta ishlash, ishlab chiqarilayotgan mahsulot turlarini kengaytirish, yangi ish o’rinlarini yaratish, eksport faoliyatini keng yo’lga qo’yish hisobiga qo’shimcha daromad olish imkoni beradi.
2015 yil 15 dekabrda fermer xo’jaliklari faoliyati samaradorligini yanada oshirish, shuningdek, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash, fermer xo’jaliklarining moliyaviy va iqtisodiy holatini mustahkamlash maqsadida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Fermer xo’jaliklarini yuritish uchun berilgan yer uchastkalari maydonlarini maqbullashtirish chora-tadbirlari to’g’risida” qaror qabul qildi2. Qarorga asosan fermer xo’jaliklarini yuritish uchun berilgan yer uchastkalari maydonlarini xatlovdan o’tkazish, ulardan samarali va oqilona foydalanishini tashkiliy tahlil qilinadi.
Qishloq xo’jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish bo’yicha Respublika komissiyasi qaroriga muvofiq O’zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo’jaligi vazirligi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari tomonidan hududiy fermerlar kengashlari, fermer xo’jaliklari rahbarlari ishtirokida hamda jamoatchilikni keng jalb etgan holda fermer xo’jaliklarining moliyaviy va iqtisodiy holatini, fermer xo’jaliklari faoliyatini samarali amalga oshirish, yer uchastkasining ijara shartnomasi shartlarini, fermer xo’jaliklari va tayyorlov tashkilotlari o’rtasida, eng avvalo, davlat ehtiyojlari uchun qishloq xo’jaligi mahsulotlarini sotish bo’yicha tuzilgan kontraktasiya shartnomalarini bajarish uchun moddiy texnika bazasining, mehnat resurslari va aylanma mablag’larning mavjudligi o’rganildi.
Fermer xo’jaliklarini yuritish uchun berilgan yer uchastkalari maydonlarini hududlarning mehnat resurslari bilan ta’minlanganlik darajasini, aholi zichligini, fermer xo’jaliklarining iqtisodiy va moliyaviy ko’rsatkichlarini nazarda tutib, ular ishlarining samaradorligini, tegishli kasbiy jihatdan tayyorlangan kadrlar salohiyati mavjudligini hisobga olgan holda yanada maqbullashtirish ishlari amalga oshirildi.
2020-yil yanvar oyi holatiga O‘zbekistonda fermer xo‘jaliklari soni 92,6 mingtani, qishloq xo‘jaligi korxonalari soni 27,6 mingtani, dehqon (shaxsiy tomorqa) xo‘jaliklari soni 5 mln.tadan ortiqni tashkil etmoqda.
Ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 3 foizi qishloq xo‘jaligi korxonalari, 26,9 foizi esa fermer xo‘jaliklari hissasiga to‘g‘ri keladi. Eng katta ulush esa, dehqon (shaxsiy tomorqa) xo‘jaliklariga tegishli – 70,1 foiz3.
Qishloq xo’jaligida amalga oshirilayotgan islohotlar hozirgi kunda o’z samarasini bermoqda.
Fermer xo’jaligi mahsulot ishlab chiqarish, qayta ishlash va sotish jarayonida turli korxona va tashkilotlar xizmatidan foydalanadi. Ularning aksariyati texnika, o’g’it, yonilg’i va shu kabi resurslar yetkazib bersa, boshqalari mahsulotni qayta ishlash uchun sotib oladi va ijtimoiy xizmat ko’rsatadi. Ana shu toifadagi korxonalarni yagona bozorga birlashtiruvchi, ularning o’zaro bozor munosabatlarini amalga oshiruvchi, ularga ko’maklashuvchi tashkilotlar faoliyatini takomillashtirish hozirgi zamon talabidir.
Chunki meva, sabzavot, poliz, uzum yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo’jaliklarining ko’pchiligi hali qishloq xo’jaligi mahsulotlarini sotish, saqlash, qayta ishlash, eksportga chiqarish bilan bog’liq masalalarni mukammal o’zlashtirmaganliklari agrofirmalarni tashkil etish ehtiyojini keltirib chiqardi.