Ta’limda ko‘rsatmalilik tamoyili o‘qitish jarayonini sifatini oshiradi, o‘quvchilarning bilim olishlarini osonlashtiradi. Ya.A.Komenskiy uni didaktikaning “oltin qoidasi” deb atagan. Unga binoan ta’limda inson sezgi orgalaridan foydalanish kerak. «Agarda biz o‘quvchilarda haqiqiy va aniq bilimlar paydo qilishni istasak, unda biz umuman hamma narsaga shaxsiy kuzatish va sezib ko‘rish bilan ta’limga intilishimiz kerak - deb ta’kidlaydi u - agarda qandaydir predmetni baravariga bir necha sezgi organlari bilan qabul qilish mumkin bo‘lsa, mayli ular baravariga bir necha sezgilari bilan o‘rganilsin».
Tajribalar asosida o‘rganilayotgan narsani namoyish etish va jarayon mohiyatini hikoya qilib berish o‘zlashtirish darajasini birmuncha oshiradi. Xususan, axborotlarni eshitib qabul qilish samarasi 15%, ko‘rib qabul qilish esa - 25%ni tashkil etadi. Ta’lim jarayonida, ularni bir vaqtda ishtirok etishi natijasida ma’lumotlarni qabul qilish samaradorligi 65 % gacha ortadi.
Ko‘rgazmalilikdan o‘quv jarayoni barcha bosqichlarida foydalanish mumkin: yangi materialni o‘zlashtirish, uni mustahkamlash, mashqlarni tashkil qilish hamda o‘quvchilarning dastur materiallarini o‘zlashtirishlarini tekshirish va baholashda.
Ta’limning o‘quvchilarga mos bo‘lish tamoyili deganda o‘quv materiallarining mazmuni uning hajmi, xarakteri, u yoki bu sinf o‘quvchilarining jismoniy rivojiga, umumiy tayyorgarligiga - saviyasi va imkoniyatlariga loyiq bo‘lishi tushuniladi.
Yoshiga muvofiq yondashish o‘quvchilarning psixik xususiyatlari, shaxsiy rivojlanganlik darajasi, ma’naviy-axloqiy sifatlari, ijtimoiy etukligini baholay olishni nazarda tutadi. Agarda qo‘yilayotgan talablar yoki ta’limning tashkiliy tuzilishi o‘quvchilarning yoshi imkoniyatlaridan ortda qolsa yoki ilgarilab ketsa, o‘quv faoliyatining samarasi pasayadi. Individual yondashish o‘quvchilarning murakkab ichki dunyosini o‘rganish, yuzaga kelgan munosabatlar tizimini tahlil qilish va shaxs shakllanishi sodir bo‘ladigan ko‘p turdagi sharoitlarni aniqlashni talab etadi.
Ta’limda bilim ko‘nikma va malakalarni puxta va mustahkam o‘zlashtirish tamoyili muhim didaktik talab va qoidalarni, ya’ni o‘quvchilar tomonidan tizimli va ongli o‘zlashtirilgan ilmiy bilimlarni mustahkam, esda saqlab qolish hamda o‘zlashtirilgan ilmiy bilimlarni o‘z turmush faoliyatlarida qullay olish malakalari bilan qurollantirishni nazarda tutadi.
Ta’limning chuqurligi va mustahkamligi talabi didaktikada an’anaviy hisoblanadi va u yuzakilikka qarama-qarshi qo‘yiladi. Chuqur, mustahkam bilimning asosiy belgisi eng fundamental g‘oyalar, qoidalar, tushuncha, kategoriyalarni tushunish, chuqur o‘zlashtirish, o‘rganilayotgan materiallar mazmunini puxta anglashdan iborat.
Ta’limning tushunarliligi tamoyilio‘quvchilarning mavjud imkoniyatlarini hisobga olish, jismoniy va psixik sog‘lig‘iga yomon ta’sir etuvchi intellektual va emotsional qiyinchiliklardan voz kechishni talab etadi. Ta’limning tushunarli bo‘lishi o‘quvchilarning yoshi, bilish imkoniyatlarini hisobga olib o‘qishning mazmunini to‘g‘ri aniqlash demakdir, ya’ni, har bir o‘quv fani bo‘yicha o‘quvchilar egallab olishi zarur bo‘lgan bilim, amaliy ko‘nikma va malakalari hajmini to‘g‘ri aniqlashdir. Bu tamoyil o‘quv jarayonini o‘quvchilarda qiyinchiliklarni engish istagini hosil qiluvchi va shaxsiy muvaffaqiyatlarining natijalaridan quvonish tuyg‘usini yuzaga keltirishga yo‘naltirilganligini ifodalaydi. Bu bolalarda ko‘zga tashlanuvchi qattiq hayajonlanish, shuningdek, o‘quv masalalarini echishdagi ishonchsizlikni yo‘qotishga yordam beradi.
NAZORAT UCHUN SAVOL VA TOPSHIRIQLAR
Didaktika nimani o‘rganadi? Mazkur sohaning ob’yekti va predmetini izohlang.
Didaktikaning asosiy kategoriyalarini sanab bering.
Zamonaviy ta’lim paradigmalariga nimalar kiradi?
O‘ qitish j arayonining asosiy vazifalariga izoh bering.
O‘qitish jarayonining bosqichlariga ta’rib bering.
O‘quvchilarning bilish faoliyatining tuzilishi va o‘ziga xosliklarini izohlang.
Ta’lim qonuniyatlari deganda nimani tushunasiz?
Ta’limning qanday umumiy qonuniyatlari mavjud?
Ta’limning xususiy qonuniyatlariga nimalar kiradi?
Ta’lim tamoyillari deb nimaga aytiladi?
Ta’limning mazmunga doir tamoyillariga nimalar kiradi?