Jahon dini: Buddizm Buddizm – dunyodagi eng yirik dinlar ichida qadimiylaridan biri hisoblanib,
mil. av. VI-V asrlarda Hindistonda vujudga kelgan. Bu dinga e’tiqod qiluvchilar,
asosan, Janubiy, Janubi-Sharqiy va Sharqiy Osiyo mamlakatlari: Shri Lanka,
Hindiston, Nepal, Butan, Xitoy, Singapur, Malayziya, Indoneziya, Mongoliya,
Koreya, Vyetnam, Yaponiya, Kombodja, Birma, Tailand, Laosda va qisman
Yevropa va Amerika qit’alarida, Rossiya Federatsiyasining Tuva, Buryatiya,
Kalmikiya respublikalarida istiqomat qiladilar.
Hozirgi kunda e’tiqod qiluvchilar soni jihatidan buddizm xristianlik, islom va
hinduizmdan sо‘ng tо‘rtinchi о‘rinni egallaydi. Buddistlarning soni taxminan 700
mln. atrofida bо‘lib, ulardan 1 mln. ga yaqini rohiblardir.
Buddizm bundan 2500 yildan avvalroq Hindistonda diniy-falsafiy ta’limot
sifatida vujudga kelib, unda kо‘plab diniy manbalar va diniy yо‘nalishlar mavjud.
Buddizm turli milliy va diniy an’analar bilan kelishuvchanligi sababli kо‘p
millatlar tomonidan keng qabul qilindi. Buddizm hayotning barcha sohalari: diniy,
madaniy, siyosiy va iqtisodiy qatlamlariga kirib bordi.
Buddizmni din yoki falsafa, ideologiya yoki madaniyat qoidalari tо‘plami
yoxud hayot tarzi deb baholash mumkin.
Ayni kunda bu dinga e’tiqod qilib kelayotgan Sharq mamlakatlaridagi buddizm
ta’limotini о‘rganish u yerdagi siyosiy-iqtisodiy, ma’naviy madaniyatni
tushunishning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Bu davlatlarda ushbu dinga
e’tiqod qiluvchilar nazarida buddizmning qoida va an’analari markaziy hukumat
qonunlaridan kо‘ra ustunroqdir, tabiiyki, buning zamirida uning potensial kuchi
yotadi.
Buddizm asoschisining shaxsi. Buddizm tarixi tadqiqotchilar mavjud manbalar
asosida bu oqim asoschisi real tarixiy shaxs ekanligini ta’kidlaydilar. Bu ta’limot
tо‘g‘risida xabar beruvchi adabiyotlarda u Siddxartxa, Gautama (Gotama),
Shakyamuni, Budda, Tadxagata, Djina, Bxagavan kabi ismlar bilan zikr etiladi. Bu
ismlar ma’nolari quyidagicha: Siddxartxa – shaxsiy ism, Gautama – urug‘ nomi,
Shakyamuni – «Shakya qabilasidan chiqqan donishmand», Budda – «nurlangan»,
Tadxagata – «shunday qilib, shunday ketgan», Djina – «g‘olib», Bxagavan –
«tantana qiluvchi». Ular ichida eng mashhuri «Budda» bо‘lib, shundan ushbu
dinga buddizm nomi berilgan.