Tovar va pul munosabatlari rivojlanishi bozor iqtisodiyotining shakllanishi va amal kilishining asosidir
Mahsulot va xizmatlarni o‘z ehtiyojini qondirish uchun emas, balki bozorda ayirboshlash uchun ishlab chiqarish – tovar ishlab chiqarish, bunday ishlab chiqarishga asoslangan xo‘jalik esa – tovar xo‘jaligi deyiladi. Tovar xo‘jaligida kishilar o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar buyum orqali, ular mehnati mahsulini oldi-sotdi qilish orqali namoyon bo‘ladi. Tovar ishlab chiqarish natural xo‘jalikning rivojlanishi, mahsulotlar turi va miqdorining o‘sishi natijasida paydo bo‘ladi. Natural va tovar xo‘jaliklarining bir-biridan farqini quyidagi jadval orqali ko‘rish mumkin.
Tovar xo‘jaligining vujudga kelishi va amal qilinishining ijtimoiy-iqtisodiy asoslari hamda shart-sharoitlari quyidagilardan iborat: 1) ijtimoiy mehnat taqsimotining ro‘y berishi. Bunda ishlab chiqaruvchilar u yoki bu aniq mahsulotni ishlab chiqarishga ixtisoslashadi. Ixtisoslashuv, o‘z navbatida, qiyosiy ustunlik tamoyili bo‘yicha, ya’ni mahsulotni nisbatan kam muqobil qiymatda ishlab chiqarish layoqati bilan aniqlanadi; 2) shaxsiy va xususiy mulkchilikning shakllanishi va rivojlanishi. Bunda ular o‘z mulklari hamda mehnat natijalarini o‘zlari tasarruf qiladilar; 3) ishlab chiqaruvchilarning iqtisodiy jihatdan alohidalashuvi. Iqtisodiy alohidalik xo‘jalik faoliyatiga oid barcha qarorlarni ishlab chiqaruvchining o‘zi hal qilishini bildiradi; 4) Pulning kelib chiqishi va rivojlanishi; 5) Ishchi kuchining tovarga aylanishi. Xuddi shu besh holat hamma narsani tovar sifatida ayirboshlash va ishlab chiqarishni tovar sifatida olib borishni zarur qilib qo‘yadi va bozor iqtisodiyoti vujudga kelishining shart-sharoiti hisoblanadi. Mehnat mahsuli tovarga, ya’ni bozorda ayirboshlash uchun, sotish uchun tayyorlanadigan narsaga, ishlab chiqaruvchilar esa tovar ishlab chiqaruvchilarga aylanadi. Tovar ishlab chiqarishning mohiyatini yanada kengroq tushunish uchun uning asosiy unsuri bo‘lgan tovarning xususiyatlarini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Tovar-pul munosabatlarini tushunishda tovarning mazmunini, uning xususiyatlarini bilish muhim ahamiyatga ega. Tovarga ta’rif berishda ham iqtisodchilar tomonidan turlicha yondashuvlar mavjud. Jumladan, E.F.Borisov ta’rifiga ko‘ra «Tovar – bu bozorda boshqa tovarga ekvivalent asosida ayirboshlashga mo‘ljallangan, mehnat orqali yaratilgan ijtimoiy naflilikdir»1. Bundan ko‘rinadiki, u tovarga inson mehnati mahsuli sifatida qaraydi va uning nafliligiga e’tiborni qaratadi. V.I.Vidyapin va boshqalar tahriri asosida tayyorlangan darslikda «ne’mat» va «tovar» tushunchalariga keng izoh berilgan. Unda tovar iqtisodiy ne’matning maxsus shakli bo‘lib hisoblanishi ko‘rsatib berilgan: «Tovar – bu ayirboshlash uchun ishlab chiqarilgan maxsus iqtisodiy ne’mat»2. Bu va boshqa qator olimlarning fikrlari asosida ta’kidlash mumkinki, tovar – bu biron-bir naflilikka va qiymatga ega bo‘lgan, ayirboshlash uchun yaratilgan mehnat mahsulidir. Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning hozirgi bosqichida turli mamlakatlarda ishlab chiqarilayotgan millionlab turdagi mahsulotlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlar tovar shaklini olgan. Jumladan, O‘zbekistonda ham ishlab chiqarilayotgan yalpi ichki mahsulotning asosiy qismi tovar shaklida oldi-sotdi jarayonidan o‘tadi. Demak, tovar bir-biriga qarama-qarshi turgan ikki tomonning qiymat va naflilikning birligidan iboratdir. Tovardagi bir-biriga qarama-qarshi turgan bu ikki xususiyat unda gavdalangan mehnatning ikki yoqlama tavsifidan ya’ni aniq va abstrakt mehnatning natijasida kelib chiqadi. Bunda aniq mehnat tabiat ashyolaridan foydalanib tovarning nafliligini ya’ni kishilarning biron-bir narsaga bo‘lgan extiyojini qondirish qobiliyatini yaratadi, ya’ni yerning tuproq unumdorligidan foydalanib, turli xil qishloq xo‘jaligi maxsulotlarini ishlab chiqaradi, yer qaridan olingan temirdan turli xil asbob uskunalar, buyumlar, mashinalar yasaydi. O‘rmonda o‘sib turgan yog‘ochlardan uylar quradi, yog‘och buyumlar yasaydi va h.k. Abstrakt mehnat esa uning qiymatini yaratadi. Gap shundaki, mehnatning ikki tomonlama tabiati bir vaqtning o‘zida ro‘y beradi va bir vaqtning o‘zida tovarning ikki xil xususiyati yaratiladi. Tovarning qiymatini va nafliligini, ularning bir-biriga qarama-qarshi turgan ikki tomonini, bu ikki tomonning doimo harakatda, rivojlanishda bo‘lib, o‘zgarib turishini, ular bir-biri bilan o‘zaro ta’sirda hamda o‘rin almashib, shakl almashib turishini bilmaslik natijasida sifat jihatdan bir-biridan farq qiladigan iqtisodiy jarayonlarni, ularning omillari, manbalari va natijalarini bir-biri bilan adashtirish, ularga bir xil tushuncha deb qarab, chalkashliklarga yo‘l qo‘yish xollarini keltirib chiqaradi. Masalan, tovarning qiymati va nafliligining farqiga bormaslik, ularni aniq ajrata bilmasdan bir xil tushuncha deb qarash nazariy va amaliy jihatdan zararli xulosalar va amaliy harakatlar qilinishiga sabab bo‘ladi. Bunday noaniqlik va chalkashliklar K.Marksgacha yashab, ijod qilgan va undan to hozirgacha iqtisodiy ta’limotlar tarixida ma’lum bo‘lib, ijod qilgan. Agar biz ikki tomonlama yondashuv va taxlil usulini qo‘llab, har bir tovarda va xizmat birligida, binobarin yaratilgan barcha tovarlarda qiymat va naflilik borligini mana shu qiymat va naflilik degan tushunchalarni, ularning kelib chiqish sababi bo‘lgan mehnatning ikki tomonlama tavsifini (aniq va abstrakt mehnatni) ularning harakatidagi o‘zgarishlarni bilsak, uni e’tiborga oladigan bo‘lsak va uni rivojlantirsak, o‘z faoliyatimizda qiymatni ko‘paytirishga emas, aksincha, uni kamaytirib naflilikni ko‘paytirishga harakat qilishimiz zarurligini anglaymiz. Bu narsani to‘g‘ri va aniq tushunish uchun yana bir bor misol bilan ko‘rsatishimiz mumkin. Masalan, g‘alla, paxta, sabzavot ekayotgan xo‘jalik ularni ekish, o‘stirish, parvarishlash va nihoyat yig‘ib olish uchun mehnat, moddiy, pul xarajatlarini amalga oshiradi. Bunda turli darajadagi xo‘jalik uchun, jumladan dehqon uchun etishtirayotgan turdagi mahsulotning hajmi va sifatini oshirish muhimdir, xarajatlarni esa iloji boricha kamroq sarflash, binobarin, qiymatni pasaytirish asosiy maqsad bo‘ladi. Shuni ta’kidlash joizki, har qanday ishlab chiqarilgan narsa ham tovar bo‘lishi uchun unda ikki xususiyat mavjud bo‘lishi shart.