Tovar ikki xususiyatga ega: bir tomondan, u kishilarning biror-bir narsaga bo‘lgan ehtiyojini qondira oladigan, ikkinchi tomondan esa, boshqa buyumlarga ayirboshlana oladigan, ya’ni oldi-sotdi jarayonidan o‘ta oladigan buyumdir. Boshqacha aytganda, tovar naflilikka (iste’mol qiymatiga) va qiymatga egadir. Buyumning iste’molga yaroqli ekanligi uning kishilar uchun nafli ekanligi, muayyan naf keltirishi orqali namoyon bo‘ladi. U shaxsiy iste’mol buyumi yoki ishlab chiqarish vositalari sifatida kishilarning biron-bir narsaga bo‘lgan ehtiyojini qondiradi. Demak, tovarning nafliligi deb uning kishilarning biron-bir narsaga bo‘lgan extiyojlaarini qondira olish qobiliyatiga aytiladi. Ijtimoiy zaruriy naflilik deb – talab miqdori va sifatiga mos keladigan
turdagi miqdor va sifatdagi naflilikka aytiladi. Tovarning almashuv qiymati – bu biror turdagi naflilikning boshqa turdagi naflilikka ayirbosh qilinadigan miqdoriy nisbatidir. Masalan, bitta bolta 20 kg donga ayirbosh qilinadi. Ayirbosh qilinadigan tovarlarning bu miqdoriy nisbatida ularning almashuv qiymati ifodalanadi. Tovarlar o‘lchovdosh bo‘lishining boisi shuki, bularning hammasi umuman inson mehnati mahsulidir, ya’ni inson kuchi, miyasi, mushaklari, asablari va hokazolari sarfining mahsulidir. Tovarda mujassamlashgan ijtimoiy mehnat uning qiymatini tashkil qiladi. Bu qiymat tovar ayirboshlaganda ko‘rinadi, shuning uchun almashuv qiymati (ya’ni iste’mol qiymatlarini ayirboshlash nisbati) qiymat shakli bo‘lib, uning ichki mazmunini tashkil etadi. Tovar qiymatining miqdori ijtimoiy-zaruriy ish vaqti orqali hisoblanadi. Ijtimoiy zaruriy ish vaqti muayyan ijtimoiy normal ishlab chiqarish sharoitida va muayyan jamiyatdagi mehnat malakasi va jadalligi darajasi o‘rtacha bo‘lgan sharoitda biron bir tovarni ishlab chiqarish uchun sarflanishi zarur bo‘lgan ish vaqtidir. Tovarning ikki xil xususiyatga ega bo‘lishiga sabab tovar ishlab chiqaruvchi mehnati tabiatining ikki tomonlamaligidadir. Tovarda gavdalangan mehnat bir tomondan, bu – muayyan turdagi aniq mehnatdir. Shuning uchun, naflilikni yaratadigan mehnat aniq mehnat deb nom olgan.
Pul uzoq zamonlardan beri odamlarga ma’lum. Pulning kelib chiqishi turli nazariyotchilar tomonidan tovar ayirboshlash jarayonining rivojlanishi bilan bog‘liq holda tushuntiriladi. Pulning vujudga kelishi va mohiyatining turli ilmiy konsepsiyalari mavjud bo‘lib, ular orasida ratsionalistik va evolyusion konsepsiyalar muhim o‘rin tutadi.