1.2.Eski turkiy tilda ko’plik shaklining qo’llanilishi Otlarda ko‘plik shakli asosan -lar affiksi yordamida hosil bo‘ladi. Eski o‘zbek tilida ham bu affiksning asosiy vazifasi grammatik ko‘plik ma’nosini ifodalashdan iborat bo‘lgan:
Dahr bog‘i gullari husnin vafosiz erkanin,
Yuzi gul, jismi suman, ko‘yi gulistonimg‘a ayt.
(A. Navoiy)
Yaxshi xotunlar safoyi zuhdidin,
Olam ichra gar yorug‘luq bo‘lsa fosh,
Yo‘q ajab, chunkim arab alfozida,
Istiloh ichra muannasdur quyosh.
(A. Navoiy)
Qal’alarni, bo‘stonlarni, ko‘p makonlarni
Vayron etdi hukmronliq degan kasofat.
(Dilshodi Barno)
“Ayollar sochi uzun, aqli qisqadur”, degonlarg‘a Tovuqcha aqli yo‘q, axlatni titkonlarg‘a o‘t tushsin
(Anbar Otin)
Ko‘nglung istar yorlar birla hamesha shod bo‘l
Mendin-u kimdinki, ko‘nglung istamas ozod bo‘l.
(A. Navoiy)
Ey raqiblar, siz deyursi: “Ishq so‘zidin kech-kech”.
Men deyurman: “Ishq so‘zidin kechmagayman hech-hech”.
(Dilshodi Barno)
-lar affiksi ko‘plikdan boshqa ma’nolarni ham ifodalagan. Masalan, mavhum tushunchani bildiradigan otlarga qo‘shilganda ko‘plikni emas, balki kuchaytirish, ta’kidlash kabi ma’nolarni ifodalaydi
Ey Navoiy, bor anga mundoq uqubatlarki, bor
Hajrdin dardi-yu lekin vasldin darmoni yo‘q.
(A. Navoiy)
Sho‘x ikki g‘izolingni noz uyqusidin uyg‘at,
To uyqulari ketsun, gulzor ichida o‘ynat.
(A. Navoiy)
Oshiq o‘ldum, bilmadim, yor o‘zgalarga yor emish,
Olloh-olloh, ishq aro mundoq balolar bor emish.
(A. Navoiy)
Ishq dardinmu deyin, hajri nabardinmu deyin,
Bu qatiq dardlar aro vasli davosinmu deyin.
(A. Navoiy)
-lar affiksi payt bildiruvchi so‘zlarga qo‘shilib, grammatik ko‘plikni bildirmay, ravish ma’nosini ifodalaydi:
Holo… podshohimiz zamonlarida bir bo‘sh chordevor topilmas, uyalurmiz. (Gulxaniy “Zarbulmasal”)