Bulg‘or guruhi. Bu guruhga chuvash tili va oʻlik bulg‘or tillari kiradi. Barcha turkiy tillardan oʻzining fonetik-morfologik xususiyatlari bilan keskin farqlanadi. Ushbu bitiruv malakaviy ishimizda oʻzbek va turk tillaridagi kelishik va egalik kategoriyasini oʻzaro qiyosiy metod asosida oʻrganar ekanmiz, oʻzi tillarni qachondan boshlab qiyosiy oʻrganish boshlandi degan savol yuzaga keladi.Jahon tillarini qiyosiy oʻrganish XVIII asrning birinchi yarmidan boshlandi. Yer yuzidagi qarindosh tillarni fonetik, leksik-grammatik jihatdan qiyoslash, bir tomondan, har bir til oilasi uchun asos boʻlgan bobo tilni aniqlashga urinishni maydonga keltirgan boʻlsa, ikkinchi tomondan, tilshunoslik fanining ham fan sifatida shakllanishiga sabab boʻldi.
XVIII asrning II yarmida Hindistondagi Kalkutta madaniyat institutining professori, ingliz tilshunosi Uilyam Yonz qadimgi hind yozma yodgorligi boʻlgan sanskrit (“sanckrta” ishlangan, takomillashgan) tili va yozuvini yangi hind tili boʻlgan prakrit (“prakrta” - oddiy, sodda) tili va yozuviga qiyoslash, qadimgi sanskrit yozuvini yangi hind yozuvi prakrit asosida transliteratsiya qilish (qayta koʻchirish) natijasida qadimgi sanskrit tilining grek, lotin va hatto, fors tillari bilan ham faqat oʻzak soʻzlar jihatidan emas, grammatik shakllariga koʻra ham bir oʻzakdan tarqalgan tillar ekanligiga asos soldi. XIX asr birinchi yarmida esa Uilyam Yonz tomonidan maydonga tashlangan bu fikr butun Ovrupa olimlarining diqqatini tortib, butun asr davomida oʻsha davr mashhur tilshunoslari Frans Bopp, Rasmusk Kristian Rask, Yakob Grimm, A.X.Vostokov va Vilgelm fon Gumboldt tomonidan hind-ovrupa tillari oilasi tarkibidagi tillarning ma’lum tizim asosida oʻrganilishi qiyosiy-tarixiy tilshunoslikka jahon tillarini qiyosiy oʻrganishning bosh yoʻnalishi sifatida asos soldi.
Turkiy tillarni qiyosiy-tarixiy oʻrganish nisbatan ancha keyin XIX asrning oxiri, asosan, XX asrning birinchi yarmida hind-ovrupa, fin-ugor va boshqa til
oilalari qiyosiy grammatikalari manbaida vujudga keldi. Shunga koʻra ham, turkiy tillarni qiyosiy-tarixiy oʻrganish, ularning mukammal ilmiy-qiyosiy grammatikalarini yaratish hozirgi turkiy tillar tilshunosligi oldidagi hali toʻla hal qilinmagan, hal qilinishi lozim boʻlgan eng muhim muammolardan biridir. Bu muammolarni qiyosiy-tarixiy tilshunoslik oldiga qoʻyilgan asosiy tamoyillar asosida hal qilish hozirgi turkiy tillar qiyosiy grammatikasining maqsad va vazifalari, mazmun va mundarijasini ham belgilab beradi.
Tillarni qiyosiy oʻrganish garchi, XVIII-XIX asrlarda Gʻarb mamlakati tilshunoslari tomonidan asoslangan deyilsa-da, aslida bu Sharqda oʻrta asrlarda boshlangan boʻlib, turkiy tillarni qiyosiy oʻrganishning asoschisi XI asr mutafakkir tilshunosi Mahmud ibn Husayn Muhammad Koshgʻariydir. U Koshgʻarda tugʻilgan, Koshgʻar, Samarqand, Buxoro, Marv, Nishopur, soʻngra Bagʻdodda ta’lim olgan, mashhur arab tilshunoslari Xalil ibn Ahmad va Sibovayhiyning tilshunoslikka doir asarlari bilan tanish boʻlgan.
Mahmud Koshgʻariydan bizgacha “Devonu lug‘otit turk” (Turkiy soʻzlar toʻplami) asari yetib kelgan boʻlib, u bu asarida oʻzi yashagan davr turkiy urugʻ, qabila va elatlarning tarixi, etnografiyasi, xalq ogʻzaki ijodi, xususan, til xususiyatlari haqida ulkan meros qoldirgan.
“Devonu lug‘otit turk” ikki qism - muqaddima va lugʻat qismlaridan iborat boʻlib, uning muqaddima qismida muallif oʻsha davrda Shimoliy Xitoydan tortib butun Movarounnahr, Xorazm, Fargʻona, Buxorogacha yoyilgan katta hududlarda yashovchi urugʻlar, qabilalar, elatlar va ularning tillari haqida, qabila va qabilalar uyushmalari tillarining fonetik va morfologik xususiyatlari haqida qimmatli ma’lumotlar beradi.
Oʻrta asrlarda oʻzining 50 dan ortiq asarlari bilan nom qoldirgan zabardast tilshunos olim Maxmud Zamaxshariydir.
Tilshunoslik sohasidagi Zamaxshariy ilmiy merosining koʻpchiligi arab tili tahliliga bagʻishlangan boʻlsa ham, uning “Muqaddimat ul-adab” asari oʻsha davr turkiy qabila va elat tillari haqida ham ma’lumotlarga boy
asar boʻlgan. Asarda arabcha soʻzlarning forscha, turkcha, moʻgʻulcha va, hatto, xorazm tili asosida ham izohlanishi oʻtmish turkiy tillar qiyosini oʻrganish uchun ham qimmatlidir.
Oʻrta asrlarda turkiy tillarning qiyosi haqida asli Afrikadagi Berber qabilasiga mansub boʻlgan, Ispaniyada tugʻilgan, Bagʻdodda ta’lim olgan va ijod qilgan arab tilshunosi Asiritdin Abu Xayyon al-Andalusiyning “Kitob al-idrok lison ul- atrok” (Turklar tilini tushunish kitobi), arab sayyohi Jamolitdin ibn Muxannaning “Hayvat ul-lison xalibat ul-bayon”, Jamolitdin at- Turkiyning “Bi lugʻat al-mushtoq” va muallifi noma’lum boʻlgan “Kitob at-tuhfatuz zakiyati fil lugʻatit turkiya” (Turkiy tillar zakovatlari haqida tuhfa) nomli asarlarida qorliq, oʻgʻiz va qipchoq guruh turkiy tillarning leksikasi, fonetik-grammatik xususiyatlari haqida boy material berilgan.
Mashhur tarixchi va etnograf olim G.F.Myuller Sibir ekspeditsiyasida ishtirok etib, Sibir tarixi va butun Sibir oʻlkasida yashaydigan elatlarning til xususiyatlari haqida boy material toʻplaydi.
XIX asrda turkiy tillarni qiyosiy oʻrganuvchi gʻarb va rus turkiyshunos tilshunoslarining peshqadami Vasiliy Vasilevich Radlov oʻzining hozirgacha butun turkiy tilshunoslikda mashhur boʻlgan lugʻati “Опыт slovarya tyurkskix narechiy” (Turkiy lahjalar lugʻati tajribasidan) asarining soʻzboshisida turkiy til va lahjalarni oʻrganishga 1859- yildan boshlab kirishganligini yozadi. V.V.Radlov shundan keyingi qariyb yarim asr mobaynida turkiy elat va xalqlarning xalq ogʻzaki ijodini tadqiq qilish bilan birga ularning til va lahjalari leksikasi boʻyicha ham behad koʻp material toʻplab, 1888- 1911 yillarda Sankt-Peterburg matbaasida oʻzining toʻrt jild sakkiz qismdan iborat boʻlgan yuqorida qayd qilingan qiyosiy «Lugʻat»ini nashr qildiradi. Nashriyot bu “Lugʻat”ni “turkiy tillar leksikasi koʻlami va ilmiyligi” jihatidan V.V.Radlovning eng buyuk muvaffaqiyati deb baholaydi. Darhaqiqat, “Lugʻat” oʻz qiymatini hozirga qadar ham yoʻqotgan emas.
Yuqoridagilardan xulosa qiladigan boʻlsak, bir bobo tildan tarqalgan
turkiy tillarning oʻzaro oʻxshash va farqli tomonlarini oʻrganish muhim ahamiyatga ega. Bu oʻrinda aytish mumkinki, bir oilaning farzandi boʻlgan ikki tilni solishtirishning ahamiyati nimada? Buning ahamiyati shundaki, har bir tilning boshqa tillarga oʻxshash umumiy tomoni boʻlishi bilan birga uning oʻziga xos xususiy tomoni ham boʻladi. Ana shu oʻziga xoslik har bir tilni , jumladan , oʻzbek va turk tilining bahstalab, munozarali jihatlari oʻz yechimini topishga asos boʻladi.