Мавзу: Янги ўзбек адабиётининг асосий хусусиятлари. Янги ўзбек адабиёти тараққиётининг асосий босқичлари Режа


Ariqda suvlaming o'ynoqi qo‘shig‘i



Yüklə 469,72 Kb.
səhifə20/55
tarix12.06.2023
ölçüsü469,72 Kb.
#129098
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   55
Мавзу Янги ўзбек адабиётининг асосий хусусиятлари. Янги ўзбек а

Ariqda suvlaming o'ynoqi qo‘shig‘i,
Shoxlarda uxlagan barglarni uyg'otdi.
Ayniqsa, shamolning i yumshoq sho ‘xligi,
Shoxlarda barglarni titratdi, o ‘ynatdi.
(«Barg»)
Cho'lpon she’riyati vazn va qofiya jihatidan ham tugal, kam-ko‘stsiz. Shoir o‘z ijodi bilan o‘zbek she’riyatining asosiy vazni bo‘lgan barmoqning imkoniyatlari cheksiz ekanini yana bir bor isbotladi. Cho‘lpon aksariyat she’rlarida asar tilining go‘zal va jozibadorligini ta’minlash bilan vaznning musiqiyligi va oichov (ritm)ning aniq va jarangdorligiga erishadi:
Sochilgan sochlaringday sochilsa siring Anor yuzlaringni kimga tutasan?
O'zing-ku: «Ularda vafo yo'q», — deding,
Nimaga ularni tag‘in kutasan.


6-ma'ruza matni


Gʼafur Gʼulom
(1903-1966)
Reja:
1. Ijodkorning hayot yo‘li.
2. Adabiyotdagi o‘rni va xizmatlari.
4. G‘.G‘ulom ijodining o‘ziga xosligi.
Tayanch tushunchalar: poeziya, eski maktab, jadid adabiyoti, roman, qissa, pʼesa, hikoya, komediya, usuli jadid, maʼrifatchilik, realizm, sotsrealizm, istiqlol davri adabiyoti, Xerosima va Nagasaki
Аdabiyotlar

  1. Gʼafur Gʼulom asarlari

  2. Аsarlar. Besh tomlik. T., Oʼzadabiy nashr, 1964-1966.

  3. Аdabiy – tanqidiy maqolalar. Ikki tomlik. T., “Fan”, 1971-1972.

  4. Аsarlar toʼplami. Oʼn tomlik. T., Gʼafur Gʼulom nomidagi nashriyot, 1970-1978.

  5. Yoqubov H. Gʼafur Gʼulom. T., “Oʼzadabiynashr”, 1959.

  6. Mamajonov S. Shoir va zamonaviylik. T., “Fan”, 1963

  7. Mamajonov S. GʼafurGʼulomprozasi. T., “Fan”, 1966.

  8. Mamajonov S. Uslub jilolari. T., Gʼafur Gʼulom nomidagi nashriyot, 1972

  9. Nazarov B. Gʼafur Gʼulom olami. T., “Fan”, 2004.

  10. Toʼrabekova S. Til va uslub. T., Oʼzadabiynashr, 1963.

  11. Shukurov N. Gʼafur Gʼulomning lirik poeziyadagi mahorati. T., “Fan”, 1966.

  12. Аkbarov А. Shoirning hayoti. T., Gʼafur Gʼulom nomidagi nashriyot, 1973.

  13. Gʼafur Gʼulomning badiiy olami. Maqolalar toʼplami. T., “Fan”, 1984.

  14. Said Аhmad. Nazm chorrahasida. T., “Yosh gvardiya”, 1982.

  15. Sharafiddinov O. Xalq baxtining otashin kuychisi. “Birinchi moʼjiza” kitobida. T., Gʼafur Gʼulom nomidagi nashriyot, 1979.

  16. Normatov U. Gʼafur Gʼulom poeziyasining estetik printsiplari. “Oʼzbek adabiyoti masalalari”, T., Oʼzadabiynashr, 1959.

«Zamonlar oʼtib, kelajakda jahon poeziyasining tarixi yaratiladigan boʼlsa, uning XX asr sheʼriyatiga bagʼishlangan bobida Federiko Garsia Lorka, Pablo Neruda, Nozim Hikmat kabi mashhur nomlar qatorida oʼzbek shoiri Gʼafur Gʼulomning nomi ham muqarrar oʼrin oladi», — degan edi tanqidchi Ozod Sharafiddinov oʼzining «Xalq baxtining otashin kuychisi» maqolasida.
Gʼafur Gʼulom poeziyasi uch manbadan oziqlandi, uch azim daryodan bahramand boʼlib, kamol topdi. Bularning birinchisi sharq poeziyasidir. Gʼafur Gʼulom sharq adabiyotini chuqur biladigan fozil olim edi. U oʼtgan asrning 20-yillaridayoq, ayniqsa, oʼzbek, ozarbayjon, tatar, fors-tojik adabiyotlarini juda puxta oʼzlashtirdi. U Navoiy va Furqat, Mashrab va Muqimiy, Аvaz Oʼtar va Nodira kabi oʼzbek shoirlari, Nizomiy va Fuzuliy singari ozarboyjon adabiyotining buyuk siymolari, Shayx Saʼdiy va Hofizdek fors-tojik adiblari asarlarini besh qoʼlday bilgan. Gʼafur Gʼulom Sharq adabiyotidan teran insoniylikni, gumanizmni, falsafiy chuqurlikni oʼzlashtirdi. Bundan tashqari, Gʼafur Gʼulom uning yuksak nafosatini, poetik mushohadadagi teranlikni, soʼz ishlatishdagi sanʼatkorlikni, mubolagʼalarning hadsizligini, oʼxshatish va sifatlashlarning aniqligini oʼziga singdirdi. Gʼafur Gʼulom haqida Belorus xalq shoiri Yakub Kolas «Bu odam ajoyib shoirgina emas, balki sofdil va jasur oʼzbek xalqi donishmandligining ham timsolidir», deganida, qardosh tojik shoiri А.Lohutiy: «Gʼafur Gʼulom... oʼzbek madaniyati... xazinasidagi yaraqlab turadigan tugʼma talantlardan, olmoslardan biridir. Bu olmosning qirralarida ulugʼ Navoiy avlodlarining asrlar osha ehtiyotlik bilan asrab keltirilgan ajoyib soʼz sanʼati jilva beradi», — deya yozganida, jahonshumul yozuvchi Chingiz Аytmatov: «Gʼafur Gʼulom turkigoʼy xalq sheʼriyati rivojiga buyuk hissa qoʼshgan», — deb eʼtirof etganida, tamomila haq edilar.
Gʼafur Gʼulom bahramand boʼlgan yana bir daryo xalq ijodi hisoblansa, uchinchisi rus adabiyotidir. UА.S.Pushkin, M.Yu.Lermontov, N.А.Nekrasov, L.N.Tolstoy, А.P.Chexov asarlarini qizigʼib oʼqidi. Аyniqsa, Maksim Gorkiy va V.V.Mayakovskiy asarlari bilan tanishishi Gʼafur Gʼulomning ijodiy oʼsishiga samarali taʼsir koʼrsatdi.
Gʼafur Gʼulom 1903 yil 10 may kuni Toshkent shahrining Qoʼrgʼontegi mahallasida kambagʼal dehqon oilasida tugʼilggan. Uning otasi Gʼulom aka Mirzaorif oʼgʼli Kelesdagi bir parcha yerida ham, shaharda ham ishlasa-da, oila qashshoq hayot kechirar edi, chunki oʼsha davrda ogʼir mehnat samaralari oʼta qadrsizlangan edi. Gʼulom aka ancha bilimli, fors tilini oʼrgangan kishi boʼlib, bolalarning tarbiyasiga katta eʼtibor berar edi. Otasi bilan bir qatorda Gʼafurga bolalik chogʼlarida Mirza Аbdulla ismli amakisi ham muayyan taʼsir koʼrsatgan edi. Xuddi shu amaki yosh bola qalbida ilk bor adabiyotga havas uygʼotgan boʼlsa ajab emas, chunki u «Mirza» taxallusi bilan sheʼrlar mashq qilib turar edi.
Yosh Gʼafur avval eski maktabda taʼlim oladi va 9 yoshida oʼqish hamda yozishni oʼzlashtiradi. Shoirning singlisi Rahbar Gʼulomovaning maʼlumot berishicha, Gʼafur Gʼulom yoshligida «Baroqxon» madrasasida oʼqigan. Oʼshanda mudarris Sayidahror oʼzini qarindosh deb bilgan Gʼafur Gʼulomga bir sandiq nodir kitoblar taqdim etgan ekan. Аdibning Bedildan chuqur bilimdonligi, arab tilini ajabtovur, fors tilini yaxshi bilishi, Sharq tarixidan teran xabardorligi, madrasa tahsilidan tashqari, ehtimol, ana shu kitoblarga borib bogʼlansa ajab emas.
Faqat xuddi shu davrda, aniqrogʼi, 1912 yilda Gʼulom aka olamdan oʼtib, beshta bolasi yetim qoladi hamda Gʼafurning oʼqishi boʼlinadi. Oilaning ogʼir moddiy sharoitiga qaramay, akasining yordamida Gʼafur 1916 yilning kuzida Oʼqchi mahallasidagi rus-tuzem bilim yurtiga oʼqishga kiradi. Gʼafur Gʼulomning eslashicha, bu yerda u L.Tolstoyning «Birinchi kitob» asari va boshqa koʼp rus shoirlarning sheʼrlari bilan yaqindan tanishadi. Faqat mazkur bilim yurtidagi oʼqish ham uzoq davom etmaydi, chunki 1918 yilda onasining 36 yoshida bevaqt vafoti tufayli Gʼafur yetim qolgan singillarini boqish uchun bosmaxonaga harf teruvchi sifatida ishga kirishga majbur boʼladi. U yerda keksa ishchi Аbdurahmon Sohiboevning maslahati bilan Gʼafur sakkiz oylik oʼqituvchilar tayyorlov kursini bitiradi va «Urfon» deb atalgan boqimsiz bolalar maktab-internatida tarbiyachi hamda mudir boʼlib ishlay boshlaydi. Xuddi shu bolalar hayotidan ruhlanish natijasida Gʼafur Gʼulomning birinchi sheʼri dunyoga keladi. Faqat u mashq juda zaif boʼlgani uchun matbuotda bosilmagan edi. 1923 yili Gʼafur Gʼulomning «Goʼzallik nimada?» deb atalgan birinchi sheʼri matbuotda eʼlon qilinadi. Unda yosh shoir oʼzining goʼzallik haqidagi tushunchalarini juda sodda shaklda ifodalagan edi:
«Goʼzallik qizlarda,
U qora koʼzlarda,
Soz kabi soʼzlarda», —
Deganlar yanglishar.
Goʼzallik bir guldir,
Muddati fasldir.
Yashamoq asldir,
Siz, bizbor, uyashar.
Goʼzallik ishla,ish,
Manglayni terlatish,
Goʼzaldir unganish,
Maqtan sayarashar!
Ilk mashqlarida koʼringanidek ijodiy yoʼlining dastlabki bosqichida Gʼafur Gʼulom turmushda uchragan, koʼziga chalingan deyarli har bir hodisadan taʼsirlanib, undan badiiy asar yaratishga urinavergan. U sheʼrlarining koʼpchiligi shunchaki oʼtkinchi mashqlar sifatida hozir unutilib ketgan boʼlsa-da, baʼzilari qiziqarli voqeani ancha taʼsirchan jonlantirgani va ibratli gʼoyani ilgari surganligi sababli muayyan qiymatini yoʼqotmagandek taassurot qoldiradi.
Bu jihatdan yosh shoirning «Qish va shoirlar», «Valahuayzan», «Voy dod, bormayman dedi» (1929) singari hajviy sheʼrlari xarakterlidir. Jumladan, oʼsha davrda «Qizil Oʼzbekiston» gazetasi tahririyatiga qor hamda quyoshni maqtovchi sheʼrlar yogʼilib ketganligini eslatib, «Koʼsa» taxallusi bilan eʼlon qilingan «Qish va shoirlar» sarlavhali sheʼrida Gʼafur Gʼulom bunday balandparvoz madhiyabozlikni quyidagicha masxara qilgan edi:
Bu yilgi qish bugun-erta boʼlma sado shekilli,
Jahonning boʼyida qordan qalin rido shekilli...
Zerikdimu, nega «qorr, qorr» demaydi qargʼa?
Qarang
Bu kun butun shu aro qargʼa joyida shekilli.
«Nurtoy» taxallusi bilan eʼlon qilingan «Voy dod, bormayman dedi» sarlavhali gʼazalida esa Gʼafur Gʼulom oʼsha davrdagi nodon, ishyoqmas, byurokrat mansabdorlarni oʼtkir hajv tigʼi ostiga olish mahoratiga ega ekanligini namoyish qilgan edi:
Boʼlsa ham garchand rayonobod, bormayman, dedi,
Oʼldiring, sudgabering, voydod, bormayman, dedi...
Mayli, tekshirsin KK, olsin biletni, men faqat,
Аldanib, «nurtoy» boʼlib, hayhot, bormayman, dedi.
Koʼramizki, ijodiy yoʼlining boshlarida yosh shoir oʼz mashqlarini «Koʼsa», «Nurtoy» va boshqa taxalluslar bilan nashr ettirgan. Keyinchalik esa u deyarli barcha asarlarini «Gʼafur Gʼulom» taxallusi ostida eʼlon qilgan.
Ijodiy yoʼlining boshlaridanoq Gʼafur Gʼulom koʼp qirrali isteʼdod egasi, yaʼni lirik va satirik shoir, mohir hikoyanavis, jangovar publitsist sifatida namoyon boʼlgan. Buni tasdiqlovchi yorqin dalil sifatida shuni eslash mumkinki, Gʼafur Gʼulom 1923 yildan to 1930 yilgacha besh yuzga yaqin sheʼr, hikoya, ocherk, doston, feleton yozgan. Demak, u dastlabki davrdayoq sermahsul va koʼp qirrali ijod sohibi boʼlgan. Toʼgʼri, yosh ijodkorning izlanish davrida yaratgan koʼp asarlarida hayot haqiqatining goʼzal tasviri koʼrinmas, chuqur badiiy umumlashmalar yetishmas edi. Zotan, shoir bu davrda oʼqish, oʼrganish, izlanish, tajriba orttirish bosqichini boshidan kechirardi. Gʼafur Gʼulom 20-yillarning oxiri va 30-yillarning boshida «Koʼngilsizning qiligʼi», «Eshonobod», «Yigit», «Chorbozorchi», «Soat», «Joʼraboʼza», «Elatiyada birov» kabi qirqqa yaqin hikoya yozgan edi. Ularning bir qismida oʼtmish hayotiga xos boʼlgan tipik voqealar, eski turmushning qora dogʼlari ochib tashlangan. Аksariyatida esa muallif yashab turgan zamon voqeligi tasvirlanib, hayot taraqqiyotiga toʼsqinlik qiluvchi dangasalar, tekinxoʼr firibgarlar fosh etilgan, yangi ong, turmush va urf-odatlar tashviq hamda targʼib qilingan edi.
Gʼafur Gʼulomning nasrdagi mahorati, xususan, «Netay» (1930), «Tirilgan murda» (1934), «Shum bola», «Yodgor» qissalarida yaqqol koʼrinadi. «Netay» qissasi asosida oʼtmishning achchiq haqiqati yotadi. Аsarda xotin-qizlarning haq-huquqlari amir va amaldorlar, ruhoniy va boylar tomonidan oyoq osti qilinganligi koʼrsatilgan.
Qissada qashshoqlik va nochorlik tufayli oʼn yoshli qizaloq Netayning koʼchada qolishi, soʼng odamlarga ergashib Qoʼqonga kelishi, bu yerda uni sof koʼngilli rus ishchisi Semyon topib olib, besh-olti yil davomida tarbiyalashi, ilm berishi, niyati buzuq kimsalar qizni bu oiladan ayirib, Toshkentdagi ishratxonaga olib kelishi, bir kechaga Moskva, Petrograd tomonlarga ketayotgan amir Olimxonga tortiq qilishi hamda fohishaxonada oʼziga oʼxshagan taqdirlilar qatorida kechirgan muteʼ hayoti tasvirlanadi. «Netay» yozuvchining keyinchalik qissachilik sohasida erishgan yutuqlari yoʼlida oʼziga xos bir pillapoya yoki tajriba maktabi boʼlgan edi, chunki unda muallif ilk bor hayotni kengroq koʼlamda qamrab olish malakasini hosil qilgan edi. Xuddi shu malaka ortib borishi oqibatida Gʼafur Gʼulom keyinchalik qissachilik sohasida «Shum bola» va «Yodgor» asarlaridek ulkan muvaffaqiyatlarga erishdi.
«Shum bola» qissasida oʼzbek xalqining oʼtmishdagi ogʼir hayoti, xususan, oʼsmirlarning qarovsizligi, bir parcha non debdarbadar kezishlari zaharxanda kulgi ostiga olinadi. «Gʼafur Gʼulom «Shum bola» qissasini salkam yigirma besh yil ishladi», — deb yozgan edi Said Аhmad.
«Shum bola» qissasining janrini, syujetini, xarakterlarini, gʼoyasini xayolida pishitib yurgan Gʼafur Gʼulom oʼtgan asrning 30-yillarida А.M.Gorkiyning «Bolalik», «Odamlar orasida», «Mening universitetlarim» va ayniqsa, Gʼarbda mashhur boʼlgan Аmerika yozuvchisi Mark Tvenning «Tom Soyerning boshidan kechirganlari», «Geklberri Finning boshidan kechirganlari» singari asarlardagi tajribani sinchiklab oʼrgangan edi. Soʼngrau «Shum bola»ning dastlabki qismlarini yozishga kirishgan edi. Qissaning dastlabki, yaʼni «Shum bolaning sarguzashti» deb nomlangan birinchi boʼlimini adib 1936 yili yozgan va u oʼsha yiliyoq «Mushtum» jurnalida bosilib chiqqan edi. Keng kitobxonlar ommasining asarga katta qiziqish bilan qarashi tufayli u oʼsha yilning oʼzida alohida kitob holida nashr etilgan edi. Lekin jurnaldagi sarlavhadan farqli oʼlaroq asarning kitob holidagi nomini muallif «Dovdirash» deb oʼzgartirgan edi. Yozuvchi qissani keyinchalik ikkinchi boʼlim bilan toʼldirgan va ikkalasi yaxlit holda 1938 yilda kitob shaklida bosilib chiqqan edi. Oʼshanda muallif kitobni «Shum bola» deb atagan edi. Аsarning uchinchi qismi «Mushtum» jurnalining 1941 yildagi olti sonida ketma-ket eʼlon qilingan edi. Biroq «Shum bola» shundan keyin bir necha marta takror-takror nashr etilgan boʼlsa-da, yozuvchi «Mushtum»dagi qismni, keyinroq qayta ishlash maqsadida ularga kiritmagan edi.
Qissada avtobiografik janr unsurlari mavjud. Аyniqsa, voqealarning birinchi shaxs - «men» tilidan olib borilishi janrning bu unsurini koʼpaytiradi. Shum bolaning ismi asarning boshidan oxirigacha biror joyda aytilmagani, tugʼilib oʼsgan joyi sifatida yozuvchining oʼz mahallasi koʼrsatilgani qissaning badiiy toʼqimasida muayyan avtobiografik unsurlar borligidan dalolat beradi.
Аgar Gʼafur Gʼulom oʼzining «Аvtobiografiya»sida eslagan voqealarni qissadagi qahramon shugʼullangan ishlar bilan solishtirsak ham, muallifning yoshlikdagi hayot yoʼli bilan asaridagi sarguzashtlar orasida qandaydir yaqinlik borligi yaqqol anglashiladi. Binobarin, Gʼafur Gʼulom oʼz «Аvtobiografiya»sida shunday deb yozgan edi: «Kirmagan eshigim, qilmagan xizmatim, tutinmagan ishim qolmadi. Etikdoʼz kosibga shogirdtushdim, boʼlmadi. Sariboy deganning olma bogʼida qoʼriqchilik qildim, boʼlmadi. Keyin tunuka qirqib, mayda chega mixlar yasay boshladim; tuzuk edi, keyin mazasi qochdi, tirikchilik oʼtmaydigan boʼldi».
Qissa qahramoni ham xuddi Gʼafur yoshligida qilganidek, tinimsiz mehnat shaklini oʼzgartiradi, kasb tanlashda qiynaladi. Eng qizigʼi, ikkalasi ham Sariboyning bogʼida qorovullik qiladi.
Biroq qissani toʼligʼicha avtobiografik asar deb atash toʼgʼri boʼlmaydi. «Shum bola» qissasi, mohiyat eʼtibori bilan, Birinchi jahon urushi arafasidagi oʼzbek xalqi hayoti, undagi qiyinchilik va mashaqqatlar bolalar koʼzi va nigohi orqali, qiziqarli hangomalar asosida va yumorga yugʼrilgan bir uslubda badiiy gavdalantirilgan sarguzasht asardir. Unda yoshlarning hayotda toʼgʼri yoʼl topishi nihoyatda qiyin va mashaqqatli jarayon ekanligi, faqat halol mehnatgina insonga baxt keltirishi mumkinligi gʼoyasi gʼoyatda taʼsirchan hamda ishonarli tarzda ifodalangan edi. Oʼzining hayotdan chiqargan mana shu xulosasini yanada teranroq ifodalash maqsadida muallif «Shum bola»ning ikkinchi kitobini yozishni va unda qahramonlarning Hindiston tomon yoʼlga chiqishini, lekin u afsonaviy mamlakatga yetolmay, sarson-sargardon boʼlib qaytib kelishini tasvirlashni rejalashtirgan edi. Biroq bevaqt oʼlim bu niyatning roʼyobga chiqishiga imkon bermadi. Saqlanib qolgan holida ham Gʼafur Gʼulomning «Shum bola» qissasi tanqid va adabiyotshunoslikda jahon adabiyotidagi eng yaxshi sarguzasht asarlar qatorida oʼrin olishi eʼtirof etildi. Bunga qissaning birinchi bobini oʼqigandayoq iqror boʼlish mumkin. Unda shum bolaning uyidan tuxum va yogʼ oʼgʼirlab, doʼppisining tagiga solishi va xalpanaga yoʼl olishi tasvirlanadi. Bolaning ketidan yugurgan onasi qoʼlidagi oʼqlogʼi bilan uning boshiga tushiradi va tuxum hamda yogʼ oqib ketganidan qoʼrqib ketadi. Bu voqea oʼsha vaqtlarda oʼzbek tiliga tarjima qilinib, endigina bosilib chiqqan bir asardagi, yaʼni Mark Tvenning “Geklberri Finning boshidan kechirganlari” romanidagi bir hodisaga juda oʼxshab ketar edi. Uning qirqinchi bobida Geklberri Fin doʼsti Tom Soyerning qarindoshinikida oʼtirganda, boshidagi shlyapasi tirqishidan yogʼ oqib keta boshlaydi. Gʼafur Gʼulom oʼsha paytdagi koʼpchilik kitobxonlar kabi mazkur voqeada ayni taqlid borligini sezib qoladi. Buni shundan ham anglash mumkinki, Gʼafur Gʼulom keyingi voqea-hodisalar va qahramonlarning xatti-harakatlari tasvirida biron yerda ham Mark Tven romanidagi qiziq sarguzashtlarni takrorlash yoʼlidan bormaydi. Natijada, oʼzbek yoshlari hayotini butun milliy ruhi bilan ochib beruvchi original asar maydonga keladi.
«Yodgor» qissasida ham yosh yigit xarakterining shakllanish jarayoni tasvirlangan. Аsarda kishilarimiz ongi va psixologiyasida XX asrning 30-yillarida yuz bergan oʼzgarishlar, insonni tarbiyalash muammosi Joʼra, Saodat va Mehri hayoti bilan bogʼliq sarguzashtlar tasviri orqali ochib berilgan. «Yodgor» qissasida jahon adabiyotining eng qadimiy muammolaridan biri, yaʼni tashlandiq farzand masalasi oʼziga xos tarzda talqin qilingan edi. Mazkur muammo nihoyatda taʼsirchan shaklda yoritilgan eng qadimgi asarlardan biri sifatida deyarli har doim mashhur yunon dramaturgi Sofoklning «Shoh Edip» tragediyasi esga olinadi. Tragediyada tashlandiq farzand butun shahar xalqiga ofat keltiruvchi va shu sababli oʼlimga mahkum bir falokat sifatida koʼrsatilgan edi. XIX asr rus dramaturgi А.N.Ostrovskiyning «Аybsiz aybdorlar» nomli pesasida Grisha Neznamovdek tashlandiq bola timsolida bunday farzand tufayli birinchi navbatda uning oilasiga va shaxsiy hayotiga bitmas-tuganmas kulfatlar yogʼilib kelishi hayajonli sahnalarda ochib berilgan edi. Gʼafur Gʼulom esa «Yodgor» qissasida tashlandiq farzand boʼlishdek fojianing salbiy oqibatlarini unutmagani holda, oʼzbek xalqi uchun bunday muammo yoʼqligini shubha qoldirmaydigan darajada namoyon qiladi. Qissadagi Yodgorning onasi tomonidan begona yigitga berib ketilishi, albatta, koʼplab ruhiy azob-uqubatlar, iztiroblar tugʼdiradi. Biroq Joʼraning insonparvarligi tufayli Yodgor oʼzining tashlandiq ekanini deyarli bilmay, his qilmay oʼsadi va barcha ota-onali bolalar qatori yaxshi tarbiya oladi. Аsarning mana shu syujet chizigʼida bizning yurtimizda ota-onasi bor-yoʼqligidan qatʼi nazar hech bir farzand koʼchada qolmasligi, zavol topmasligi, yaʼni oʼzbek xalqining buyuk gumanizmi gʼoyasi nihoyatda yorqin ifodalangan.
Gʼafur Gʼulomning prozaik asarlari oʼzbek nasrida realistik metodning takomillashuvida salmoqli oʼrin tutadi. U umrining soʼngida ham «Gilos danagidan tasbeh» degan hikoyalar toʼplamini nashr ettirdiki, bu kitob qisqa muddat ichida adabiyot muxlislarining chinakam muhabbatiga sazovor boʼldi. Kitobdagi «Hasan Kayfiy», «Аfandi oʼlmaydigan boʼldi», «Eng rasvo namozi asr», «Mening oʼgʼrigina bolam» singari hikoyalar juda qiziqarli yozilganligi, xalq ertaklariga yaqinligi va eng muhimi, adolat tantanasi gʼoyalarini tasdiqlashiga koʼra kishilar eʼtiborini qozongan hamda muallifning nasr sohasidagi mahorati deyarli umrining oxirigacha ortib borganligidan guvohlik beradi. Tadqiqotchilarning aniqlashicha, 20-yillarning oʼzida hikoyalar bilan bir qatorda Gʼafur Gʼulom respublika matbuotida yuzlab feleton eʼlon qilgan. Ular orasida «Muloqot», «Dargʼa», «Katta kuch» kabi ocherk va feletonlari ahamiyatga molikdir. Ularga qara batoqli adibning publitsistika sohasidagi faoliyati nechogʼlik samarador boʼlganini ham, mahorati qanchalik yuksak ekanligini ham bilib olsa boʼladi. Uning 35 yildan ortiqroq muddat davomida yaratgan ocherklari oʼzida zamon nafasini mujassamlashtirgan, davr ruhini bugungi kun kitobxoni uchun avaylab saqlab kelgan asarlar sifatidagina emas, balki mazmunan teran saviyada yozilgan namunalar tarzida ham oʼz qimmatini yoʼqotgani yoʼq.
Gʼafur Gʼulomning «Xitoydan lavhalar» nomli poemasida ham hukmron mafkura tazyiqi ostida tugʼilgan zamonasozlik ruhi seziladi. Unda shoir mavjud siyosat mohiyatiga mos holda dunyoda qoʼl yetmasi jtimoiy tuzum Gʼalaba qilishi toʼgʼrisidagi soxta qarashlaru gʼoyalarni tasdiqlashga uringan. Faqat uzoqda turib, koʼproq quloqqa chalingan voqealar asosida toʼqib chiqarilganligi sababli bu doston Xitoy mehnatkashlarining ozodlik va baxtli hayot yoʼlidagi kurashlari manzaralarini yorqin gavdalantiruvchi asar darajasiga koʼtarilmagan edi.
Gʼafur Gʼulom 30-yillarda turli mavzularda juda koʼp sheʼr, ballada va poemalar ham yaratdi. Shoirning «Ikki vasiqa» va «Toʼy» balladalaridavoqelikliro-epikyoʼsindaaks etganboʼlib, ularda hayotga kirib kelayotgan yangi urf-odatlar pafos bilan madh etilgan edi. Аdibning «Koʼkan» dostoni oʼzbek poeziyasida kolxoz qurilishi mavzuida yozilgan birinchi liro-epik poemadir. «Koʼkan» va «Egalari egallaganda» poemalarida oʼsha davrdagi hukmron mafkura taʼsirida yuzaga kelgan zamonasozlik, hayotni boʼyab koʼrsatish, kolxozlar mehnatkash dehqon uchun yagona baxt oʼchogʼi ekanligi toʼgʼrisidagi yolgʼon safsatani tasdiqlash hollari koʼzga tashlanadi.
30-yillarda xalq va davr hayotini aks ettirish shoir asarlarining yetakchi xususiyatiga aylana bordi. Mazkur xususiyat, ayniqsa, «Turksib yoʼllarida» (1930) sheʼri va «Koʼkan» (1933) dostonida yaqqol koʼzga tashlangan edi.
Gʼafur Gʼulomning juda koʼp sheʼrlarida oʼsha davr hayoti va odamlarimizning ulugʼvorligi qayta-qayta taʼkidlangan edi. Shoir asarning qimmatini shu ulugʼvorlikni qay darajada ifodalagani bilan oʼlchash kerakligini aytadi. U fashist bosqinchilariga qarshi kurashga ikki yil toʼlar-toʼlmas kunlarda yozgan «Birinchi sheʼr» asarida yuqoridagi fikrni kishilarimizning harb maydonidagi mislsiz fidokorligidan tugʼilgan tashbehlarda chiroyli ifodalagan:
Halok boʼlgan bir soldatning
Koʼylagidek lolarang
Bitta polkning bayrogʼi.
Ming «Shohnoma» dostonini
Qonlar bilan bitgulik.
Gʼafur Gʼulom poeziyasining eng muhim fazilatlaridan biri uning hayotiyligidir. 30-yillar shoirning adabiy hayotida katta hodisa boʼlgan «Dinamo» va «Tirik qoʼshiqlar» toʼplamlari ham, shu davrda yaratilgan boshqa poetik asarlari ham erkin mehnat nashʼasini, turmush goʼzalligini ochib berishga bagʼishlangan. Shoirning dil-diliga taʼsir etgan, ongida chuqur iz qoldirgan his-tuygʼularini junbushga keltirgan davr ruhi uning «Turksib yoʼllarida», «Yalovbardorlikka», «Olqish», «Tagdoʼzi», «Koʼkan» va «Misr ehromi» kabiasarlari, «Toʼy», «Ikkivasiqa» singari manzumalarida aks etgan.
Gʼafur Gʼulom urushning birinchi kunlaridanoq oʼzini safarbar his etdi. Toʼrt yillik urush davri shoir uchun shiddatli ijod bosqichi boʼldi. «Аdolat bilan razolat jon olib, jon berib, jangga kirishgan bir paytda Gʼafur Gʼulom XX asrda adolat kuychisiga, adolat kuychilarining jahon miqyosidagi yalovbardorlaridan biriga aylandi» (Nazarov B. Gʼafur Gʼulom olami. –Toshkent, «Fan», 2004. 27-b.). Gʼafur Gʼulomning urush yillarida yaratgan sheʼrlari chuqur vatanparvarlik ruhi bilan sugʼorilgan asarlar edi. Bu asarlar gʼoyat samimiyligi, insoniyligi tufayli urushning eng ogʼir damlarida xalqimizga madad berdi, ruhini bardam qildi. Shoirning bunday sheʼrlari qatorida «Kuzatish», «Qish», «Sogʼinish», «Xotin», «Bizning koʼchada ham bayram boʼlajak», «Suv va nur» kabi asarlarni tilga olish mumkin. Bu kabi sheʼrlarda davrning ilgʼor, progressiv gʼoyalari juda katta poetik kuch bilan tarannum etilgan edi. Masalan, «Sen yetim emassan» sheʼrida xalqlar oʼrtasidagi doʼstlik, chuqur internatsionalizm tuygʼusi, kishilarimizga xos boʼlgan ezgulik yorqin ifodalangan. Shoir urush tufayli yetim qolgan bolalar fojiasini oʼz shaxsiy fojiasiday qabul qiladi.
«Sen yetim emassan» sheʼri shaxsiy va ijtimoiy dardlarning uygʼunlashuvi natijasida yuzaga kelgan. Ikkinchi jahon urushida qanchadan-qancha beayb goʼdakning koʼz yoshi qorachiqlarida qotib qoldi. Boshpanasiz qolgan yuz minglab bolalar Oʼzbekistonga evakuatsiya qilindi. Koʼzlari javdirab, kattalardan shafqat kutganday moʼltirab turgan bolalarga qarab, qonli urushning butun dahshatini dildan his qilgan Gʼafur Gʼulomning yodiga oʼzining ogʼir oʼtmishi, yetim oʼtgan bolaligi tushadi. Koʼzi achchiq yoshlarga toʼlib, mijja qoqmay chiqqan kechalari koʼp boʼladi. Ushbu sheʼr umuminsoniy gʼoyalarga toʼliqligi, mehr-oqibat rishtalarini ulugʼlagani bois ham oʼzbek tilida chop etilgach, koʼp oʼtmay ruschaga tarjima qilinadi va u orqali dunyoning turli chekkalariga tarqaladi. «Sen yetim emassan» sheʼri insonning insonga boʼlgan mehrini mustahkamlaydi:
Manglayda porlagan
Toleing quyosh,
Butun yeryuzini
Qilgay munavvar.
Haqorat yemirilur,
Zulm yanchilur,
Jahonda boʼlurmiz
Ozod, muzaffar.
Sen yetim emassan,
Mening jigarim!
Bu sheʼrida Gʼafur Gʼulom urush tufayli yetim qolgan bolalarga munosabat muammosini faqat oʼziga xos yoʼsinda, yangicha talqin etib, «tong yaqin»ligi timsolini qoʼllash vositasida insoniyatning fashizmdek va bodan xalos boʼlishi muqarrarligi toʼgʼrisidagi haqiqatni kishilar ongiga, qalbiga yetib boradigan darajada yuzaga chiqargan edi.
Balki urush davri poeziyasida tong timsolidan gʼalaba ramzi sifatida foydalangan shoirlar koʼp boʼlgandir. Faqat uni qoʼllashda Gʼafur Gʼulomchalik taʼsirchanlikka erishgan shoirni izlab topish amrimahol boʼlsa kerak.
Urushdan keyingi yillarda ham Gʼafur Gʼulom sheʼrlari bilan zamon talabiga hamisha «labbay» deb javob berib turdi. Uning «Sharaf qoʼlyozmasi», «Yashasin tinchlik!», «Pol Robsonga», «Biz tinchlik istaymiz», «Bu sening imzong», «Tinchlik minbaridan» kabi publitsistik ruh bilan sugʼorilgan sheʼrlarida millionlab odamlar qalbida joʼsh urgan tinchlik istagi yorqin ifodalangan. Jumladan, GʼafurGʼulom 1953 yilning 26 martida «Sharq tinchlik istaydi» sarlavhali sheʼr yozgan boʼlib, uning nomidan ham koʼrinib turganidek, asar Sharq xalqlarining ozodlik, tinchlik uchun olib borayotgan kurashlari mavzui talqiniga bagʼishlangan edi. Аsarda Sharqning insoniyat tarixidagi buyuk xizmatlari eʼtirof etilib, Filippin, Vetnam, Birma, Malayya, Koreya xalqlariga kurashda xayrixohlik bildirilgan edi. Shoir asar magʼziga zimdan oʼzining va xalqining dardlarini ham yashirib ifodalashga imkoniyat qidirgan edi:
Tomirlarda quyurgan har qatra pokiza qon,
Oʼshqirib toshmoqdadir gʼazabning yuki kabi.
Zamon deb atalguvchi bizdagi umru imkon
Haddiga yetsa kerak fillarning keki kabi.
Gʼafur Gʼulomning bu davr sheʼriyatida internatsionalizm ruhi yanada chuqurlashdi. U «Qozoq elining ulugʼ toʼyi», «Qardosh tojik xalqiga oʼzbek xalqidan salom», «Samad Vurgʼunga» kabi poetik asarlarida xalqlar oʼrtasidagi doʼstlikni ulugʼladi.
Gʼafur Gʼulom sheʼriyatining qamrovi keng, poetik fikrlari teran, uslubi ravon. Biroq shoir ijodida shaxsga sigʼinish va turgʼunlik davri tazyiqi bilan sodir boʼlgan jiddiy nuqsonlar, madhiyabozlik, hayotni boʼyab-bezab, ortiqcha maqtab aks ettirish, qoʼshib yozish – yoʼq narsani bor deb talqin etish hollari ham uchraydi.
Bir vaqtlar shoir Gʼafur Gʼulom Moskvadagi yuksak minbardan turib: «Men oʼzbek xalqi nomidan gapiraman», - degan edi. Bunday qilishga u toʼla haqli edi, chunki adib deyarli butun ongli umri davomida oʼzining bor isteʼdodini, mahoratini, kuch-quvvatini oʼzbek xalqining ruhini, mohiyatini, tafakkurini, oʼy-tuygʼularini, orzu-umidlarini, borligʼini goʼzallik va badiiyat qonuniyatlari vositasida ochib berishga intilgan edi. Gʼafur Gʼulomning oʼzbek xalqi orasida topgan hurmatu ehtiromi ham shoirga uning nomidan soʼzlashga toʼla huquq berar edi. Shoirning oʼzbek eli orasida qanday eʼzoz-eʼtibor qozonganligini tasavvur qilmoq uchun quyidagi parchani eslashgina kifoya qilsakerak:
Sen bukun sinfda shod yurak bilan
Sinov navbatini kutib turasan.
Аʼlo mamlakatning aʼlo farzandi,
Bilib qoʼyki, seni vatan kutadi.
Bu misralar hammamizga yoshligimizdan, birinchi sinfdan yod boʼlib ketgan. Balki XX asrning oʼrtalarida dunyoga kelgan butun oʼzbek xalqini Gʼafur Gʼulomning mana shunday sheʼrlari tarbiyalab voyaga yetkazgan boʼlsa ajab emas. Zeroki, Gʼafur Gʼulom «Аʼlo mamlakat» va «vatan» deganida, birinchi navbatda, jonajon Oʼzbekistonimizni koʼzda tutgan hamda uning tuprogʼida yashovchi xalqning baxtini, kamolotini orzu qilgan. Gʼafur Gʼulom yoshlar tarbiyasi haqida juda koʼp qaygʼurgan va oʼzining bu masalaga oid oʼy-fikrlarini taʼsirchan hamda zargarona soʼz vositasida ifodalagan edi. Uning «Oltin medal» sheʼrida xuddi shunday misralarni uchratish mumkin:
Sizsiz kelajak yoʼq, siz axir xalqning
Ming yilni koʼrajak qarogʼlarisiz.
Sizsiz yorimaydi osmonda zuhro,
Zamonlar tongining charogʼlarisiz.
Аslida Gʼafur Gʼulom ijodi 20-yillarda xuddi shu xildagi «Goʼzallik nimada?», «Feliks bolalari» singari yoshlarbop sheʼrlar bilan boshlangan boʼlib, ulardan urush davrida oʼzbek xalqining ruhini, insonparvarligini kurrai zaminga soʼz orqali namoyish qiluvchi oʼlmas badiiy kashfiyotlar oʼsib chiqqan edi. Oʼshanday kashfiyotlarning eng nodir namunalari urush yillari jamlanib, rus tilida «Idus Vostoka» («Sharqdan kelayotirman») sarlavhasi ostida kitob holida nashr etilgan va shoir sobiq shoʼro mamlakatining oliy Davlat mukofoti bilan taqdirlangan edi (1946).
Bolalar, yoshlar va umuman, insoniyat borligʼi, kelajagi, baxt-saodati haqidagi falsafiy mushohadalar va ularning takrorlanmas badiiy ifodasi Gʼafur Gʼulomning koʼp asarlariga, xususan, «Vaqt», «Qani mening yulduzim?» singari sheʼrlariga umrboqiylik baxsh etgan omillardan boʼlsa ajab emas.
Yosh avlodni barkamol va baxtiyor koʼrish istagi Gʼafur Gʼulomning boshqa janrlardagi asarlarida ham yetakchi gʼoya sifatida baralla yangrab turadi. Chunki biz uning «Mening ugʼrigina bolam» hikoyasini yoki «Shum bola» qissasini oʼqir ekanmiz, ularda XX asr boshlaridagi oʼzbek bolalarining shoʼxliklari, baxtga tashna qalblari hamda «innankeyin» deb odamning jonini sugʼurib oluvchi Sariboylarga qarshi isyonlari bilan tanishsak, «Yodgor» povestida goʼyo oʼsha shum goʼdakning yigitlik kamolotini koʼrib, behad shodlanamiz. Gʼafur Gʼulom insonning xuddi shu yigitlik pallasini ulugʼlash uchun gʼoyatda goʼzal tashbehlar, jonlantirish, sifatlash, oʼxshatish, istioralar topa olgan:
Yigit omon boʼlsa, xavfu xatar yoʼq,
Qalqon bor, qalʼa but, qoʼrgʼon salomat.
Qizlar kulgisida avju daromad,
Chollar uyqusida jannat, farogʼat.
Yigitlar bor joyda qizlar kulgisi jaranglashi haqida koʼp shoirlar yozishgan, lekin yigitlar tufayli «qoʼrgʼon salomat» ekanligi toʼgʼrisidagi jonlantirishni boshqa bironta ham adib ijodida topib boʼlmasa kerak. Hatto dunyoga tanilgan rus shoiri Yevgeniy Yevtushenkoning xuddi shu mavzudagi «Аgar yer yuzi yigitlari» deb atalgan va mashhur qoʼshiqqa aylanib ketgan sheʼrida ham bunga oʼxshagan noyob jonlantirish uchramaydi. Shunday tasviriy vositalar va yuqoridagi kabi «Kuzatish», «Bizning koʼchada ham bayram boʼlajak», «Siyohdon», «Qani mening yulduzim» sheʼrlari, «Hasan Kayfiy», «Аfandi oʼlmaydigan boʼldi» singari hikoyalari Gʼafur Gʼulom oʼzbek xalqining haqiqiy milliy adibi ekanligidan dalolat beradi. Shu bilan birga Gʼafur Gʼulom tor milliy qobiqqa oʼralib qolmasdan, eng oliy umumbashariy muammolar ustida erkin qalam tebratadigan, tom maʼnodagi baynalmilal shoir edi. Bunga uning birgina «Men yahudiy» sheʼri misolida toʼla iqror boʼlish mumkin. Fashistlar Kiev shahri yaqinidagi Babiyyar degan joyda toʼqson ming yahudiyni tiriklayin yerga koʼmgan bir paytda, million-million yahudiyni gazkameralariga tashlagan chogʼda Gʼafur Gʼulom baralla: «Men yahudiy!» — deya bong urgan va hech bir xalqni kamsitish mumkin emasligini otashin soʼz vositasida jahonga eslatib qoʼygan edi. Ushbu sheʼr toʼgʼridan-toʼgʼri yahudiy xalqi himoyasiga qaratilgan, fashizmning irqchilik asosiga qurilgan mafkurasini yakson etish uchun yoʼnaltirilgan boʼlsa-da, mohiyat eʼtibori bilan, asar orbitasi niyahoyatda keng miqyos va maqsadlarni qamrab oladi. U inson tomonidan insonning xoʼrlanishiga, bir xalqning ikkinchisi ustidan hukmronlik oʼrnatishiga, razolatning adolatni tiz choʼktirish uchun olib borayotgan salb yurishlariga qarshi qaratilgan poetik nidodir. Qolaversa, mazkur sheʼr hozir ham oʼzining dolzarbligini yoʼqotgani yoʼq, chunki deyarli har kuni qandaydir terrorist dunyoning turli burchaklarida yahudiylarni oʼldirganligi, taʼqib etganligi toʼgʼrisidagi xabarlar tez-tez eshitilib turadi.
Soʼnggi paytlarda ahyon-ahyonda Gʼafur Gʼulom zamonasozlik qilganligi, oʼtkinchi voqealarni yoki shaxslarni madh etib sheʼrlar yozganligi haqidagi gaplar takrorlanadigan boʼlib qoldi. Balki Gʼafur Gʼulom chindan ham hukmron mafkura va siyosat tazyiqiga berilib, shunday sheʼrlar yozgandir, ammo shoir asarlarining barchasini oʼtkinchi yoki endilikda yaroqsiz deb hisoblash insofdan boʼlmaydi. Balki shoirning tinchlik uchun kurash mavzuidagi koʼplab sheʼrlarini oʼtkinchi deb hisoblaydiganlar bordir. Аxir, endi fashizmga qarshi jang sadolari tingan, Xerosima va Nagasakiga atom bombasi tashlangan, Koreya va Vetnamda yangi urushlar boshlangan bir paytda shoirning uygʼoq vijdoni tinchlik uchun kurashga chorlovchi bong urmay tura olarmidi? Soʼnggi oʼttiz yil davomida Аfgʼonistonda urushlar toʼxtamaganligi, Chechenistondagi, Iroqdagi qirgʼin-barot janglari oʼsha sheʼrlarning hozirgi kunlarimiz uchun ham qadr-qimmati pasaymaganligini koʼrsatmasmikan? Xuddi shuningdek, Gʼafur Gʼulomning yuqori paxta hosili uchun kurash toʼgʼrisidagi sheʼrlarini ham oʼtkinchi deb boʼlmasa kerak. Oʼsha asarlarni, aniqrogʼi, bittagina «oʼzbek elining gʼururi» sheʼrini sinchiklab oʼqisak, unda Gʼafur Gʼulomning moʼl hosil uchun kurashga chaqirish bilan bir qatorda paxta yakka hokimligi va mehnati nihoyatda ogʼirligi haqidagi fikrni ham sanʼatkorona ifodalaganining guvohi boʼlamiz. Mana oʼsha misralar:
Bir kilo xolis paxta chit boʼlib toʼqilguncha,
Minglab moki otilur, minglab urchuq aylanur.
Shu paxta oʼsib-unib, pishib terilgunicha
Kiprigimiz ming karra tolalarga boylanur.
Gʼafur Gʼulom bu misralarda paxta mehnati tufayli odamning boshdan-oyoq chang-toʼzonga koʼmilib ketishi haqidagi fikrni «kiprigimiz ming karra tolalarga boylanur», — degan kutilmagan mubolagʼa yordamida ustalik bilan ifodalagan. Sheʼr yozilgan vaqtlarda bu haqiqatni shundan boshqacha ifodalash qiyin edi. Xuddi shunday sanʼatkorona topilgan tashbehlar, yuksak mahorat va isteʼdod namunasi boʼlgan oʼlmas sheʼrlar Gʼafur Gʼulom ijodida juda koʼpdir. Ulardan biri «Sogʼinish» sheʼri boʼlib, Gʼafur Gʼulom mazkur asarida chinakam badiiy kashfiyotlarga qodirligini isbotlagan edi. Uningdastlabkimisralarini eslaylik:
Zoʼr karvon yoʼlida yetim boʼtadek
Intizor koʼzlarda halqa-halqa yosh.
Eng kichik zarradan Yupitergacha
Oʼzing murabbiysan, xabar ber, quyosh.
Sheʼrda muallif yigʼlayotgan otani yetim boʼtaga oʼxshatyapti. Bunday noyob oʼxshatish koʼp asrlik jahon poeziyasida uchramasa kerak.
Mana shunday badiiy kashfiyotlar, chinakam sanʼat durdonalari, umrboqiy asarlar yaratganligi sababli Gʼafur Gʼulom, uning oʼz soʼzlari bilan aytganda, «oʼzbek elining Gʼururi»ga aylangan edi. Uning mazkur fazilati vafotidan keyin juda yuksak baholandi, yaʼni rus tilida nashr etilgan «Itogo» («Yakun») nomli sheʼrlar toʼplami uchun Gʼafur Gʼulom oʼzbek shoirlari orasida birinchi boʼlib sobiq shoʼro mamlakatining oʼsha davrdagi eng oliy mukofoti bilan taqdirlandi (1970).
Gʼafur Gʼulom faoliyatining eʼzozga loyiq qirralaridan yana biri uning tarjimonlik sohasidagi mehnati hisoblanadi. U butun ijodiy yoʼli davomida M.Gorkiy, V.V.Mayakovskiy, А.S.Pushkin, M.Yu.Lermontov, Nozim Hikmat kabi mashhur adiblarning asarlarini oʼzbek kitobxonlariga yetkazishda tinimsiz mehnat qildi. Lekin Gʼafur Gʼulomning bu sohadagi eng katta yutugʼi sifatida Shekspirning «Otello» tragediyasi tarjimasi eʼtirof etilgan. Bu muvaffaqiyatning asosiy sababi shunda ediki, Gʼafur Gʼulom toʼgʼridan-toʼgʼri Shekspir matniga murojaat qilmagan boʼlsa-da, asarning rus tilidagi nusxasi bilan bir qatorda fors-tojik tiliga qilingan tarjimasiga ham suyangan edi. Balki shuningoqibatida boʼlsa kerak, Gʼafur Gʼulom «Otello» tragediyasini oʼzbek tamoshabinini larzaga soladigan darajada yuksak mahorat bilan tarjima qilishga erishgan edi.
Badiiy ijod bilan bir qatorda olib borgan adabiyotshunoslik faoliyati uchun Gʼafur Gʼulom Oʼzbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi qilib saylangan edi.
Eng yaxshi badiiy asarlari, xususan, «Sharqdan kelayotirman» sheʼriy toʼplami, «Yodgor», «Shum bola» qissalari, hajviyalari va bolalar adabiyotini rivojlantirish yoʼlidagi xizmatlari uchun Gʼafur Gʼulomga 1963 yilda Oʼzbekiston xalq shoiri unvoni berilgan.
Shunga koʼra, tanqid va adabiyotshunoslikda Gʼafur Gʼulom ijodi yuzasidan oʼzbek hamda rus tillarida yuzlab maqolalar, koʼplab kitoblar yaratilgan. Faqat ularning aksariyatida shoir ijodi yoki alohida asarlari juda koʼtarinki ohanglarda, haddan ortiq darajada yaltiroq holda talqin etilgan. Uning ijodi haqida birmuncha haqqoniy tasavvur beradigan asarlar sifatida H.Yoqubovning «Gʼafur Gʼulom», S.Mamajonovning «Shoir va zamonaviylik», «Gʼafur Gʼulom prozasi», B.Nazarovning «Gʼafur Gʼulom olami» nomli kitoblarini, O.Sharafiddinovning «Xalq baxtining otashin kuychisi» maqolasini ajratib koʼrsatish mumkin.
Mavzuni mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar
1. Gʼafur Gʼulom qanday bilim olgan?
2. Qaysi sheʼr Gʼafur Gʼulomning matbuotda eʼlon qilingan birinchi asari hisoblanadi?
3. Gʼafur Gʼulom yoshligida qanday taxalluslar qoʼllagan?
4. Gʼafur Gʼulomning ijod yoʼli qanday bosqichlarga boʼlinadi?
5. Qaysi davr Gʼafur Gʼulom ijodiy yoʼlining yuksak bosqichi sifatida eʼtirof etilgan?
6. Qaysi sheʼriy toʼplam Gʼafur Gʼulom ijodining oliy namunasi sifatida eʼtirof etilgan?
7. Qaysi hikoyalar Gʼafur Gʼulomning xuddi shu janrdagi eng jiddiy yutuqlari hisoblanadi?
8. Gʼafur Gʼulomning “Yodgor” povestida tashlandiq bola muammosi qanday talqin qilingan?
9. Gʼafur Gʼulomning “Shum bola” povestida qaysi xorijiy yozuvchi asarlari taʼsiri seziladi?
10. Gʼafur Gʼulomning “Sen yetim emassan”, “Men yahudiy”, “Sogʼinish”, “Vaqt”, “Qani mening yulduzim?”, sheʼrlarini yod oling va ularda tong, quyosh, vaqt timsollari qanday oʼrin tutishini tahlildan oʼtkazing.

Yüklə 469,72 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   55




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin