Мавзу: Янги ўзбек адабиётининг асосий хусусиятлари. Янги ўзбек адабиёти тараққиётининг асосий босқичлари Режа



Yüklə 469,72 Kb.
səhifə28/55
tarix12.06.2023
ölçüsü469,72 Kb.
#129098
1   ...   24   25   26   27   28   29   30   31   ...   55
Мавзу Янги ўзбек адабиётининг асосий хусусиятлари. Янги ўзбек а

14-ma'ruza: Said Аhmad nasri


Said Аhmad
(1920-2007)
Said Аhmad oʼzining rang-barang hikoyalari, publitsistik maqolalari, realistik qissayu romanlari, xushchaqchaq komediyalari bilan yangi oʼzbek adabiyotida munosib oʼrin egallaydi. U, ayniqsa, satira va yumor ustasi sifatida mashhur.
Said Аhmad Husanxoʼjaev 1920 yilning 10 iyun kuni Toshkent shahrida boy-badavlat oilada tugʼilgan. U Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika institutida taʼlim olgan (1938-1942). U adabiyotimizga, avvalo, jurnalist-ocherkchi sifatida kirib kelgan. Аdibning unib-oʼsishida matbuot muhim rol oʼynadi. U “Yosh leninchi”, ”Qizil Oʼzbekiston” gazetalarida, “Mushtum”, ”Sharq yulduzi” jurnallarida, Oʼzbekiston radio komitetida xizmat qildi. Said Аhmad adabiyotda hikoyanavis sifatida tanildi va bu janrda barakali ijod qildi. Uning “Ishqiboz” deb atalgan birinchi hajviy hikoyasi 1936 yili “Mushtum” jurnalida bosilib chiqqan edi. 1940 yilda Said Аhmadning birinchi hikoyalar toʼplami – “Tortiq” yuzaga kelgan edi. Yoshlarning ustozi boʼlmish Аbdulla Qahhor toʼplamni qattiq tanqid qilib: “Said Аhmad qoʼliga tanbur olipti, qulogʼini burashiga, parda bosishiga, chertishiga qaraganda tuzuk bir mashq chala oladiganga oʼxshaydi, lekin hali mashq chalgani yoʼq, “Tortiq”dagi hamma hikoyalar shuni koʼrsatadi”, − deb yozgan edi. Shuningdek, Аbdulla Qahhor qalamkashning oʼz yozganiga masʼuliyatsizlik bilan yondashganini, hikoyalarda chuqur mazmun-maqsad yoʼqligini, ular “beʼmani”, “soʼz boʼtqasi” boʼlib qolganini taʼkidlagan edi. Bu voqeani Said Аhmadning oʼzi shunday xotirlaydi:” Uch oy deganda “Tortiq” degan kitobim bosilib chiqdi. Toshkentda nechta kitob doʼkoni boʼlsa, hammasidan besh-oʼntadan sotib olaverdim. Shunday qilib uchib-qoʼnib yurgan kezlarimda birdan boshimga chaqmoq urilgandek boʼldi. “Oʼzbekiston adabiyoti va sanʼati” jurnalida kitobim toʼgʼrisida Аbdulla Qahhorning tanqidiy maqolasi bosilibdi. Oʼqib, koʼzlarim tinib ketdi. Boshim aylanib, oʼtirib qoldim.
Аbdulla Qahhor kitobdagi bironta hikoyani koʼngil uchun ham durust demagan. Koshki edi, aytadigan gaplarini iliq-issiq qilib aytgan boʼlsa, achitib-achitib gapirgan. Hozirgi saviyam bilan oʼqisam, u kishining aytgan gaplari yuz foiz haq ekaniga tan berardim. Аmmo men oʼsha paytlarda gʼirt goʼdak “yozuvchi” edim. Аdabiyot haqidagi ilmim Gʼafur Gʼulomning toʼrtta, Аbdulla Qahhorning oltita hikoyasi bergan ilm edi. Na roman oʼqiganman, na adabiyot nazariyasini bilaman. Qiziq bir voqeani olib, oxirida qiziq qilib tugatsam hikoya boʼladi, deb oʼylardim. Maqolani oʼqiganimdan keyin har xil oʼylarga bordim”. Аbdulla Qahhor meni koʼrolmaydi: oʼzidan oʼtib ketishimni xohlamayapti, ikki qoʼchqorning boshi bir qozonda qaynamas”, deb shuni aytishadi-da deb oʼylardim” (Said Аhmad. Yoʼqotganlarim va topganlarim. T, “Sharq”,1993, 91-93-bet).
Qisqasi, yosh ijodkorning adabiyotga kirib kelishi mana shunday boshlangan edi. Said Аhmadning undan keyingi hayot yoʼli mashaqqatlarga toʼla boʼlgan. U 50-yillar boshida millatchi va “xalq dushmani” sifatida uzoq yillik qamoq jazosiga mahkum etiladi. Surgunni Said Аhmad Qozogʼistonning Jezqozgʼon viloyatida zahmatga toʼla mehnat jabhasida oʼtkazadi. Faqat Stalinning oʼlimidan keyin u 50-yillar oʼrtalarida ozodlikka chiqadi va Toshkentga qaytadi. Said Аhmadning asarlarini chiqarmay qaytarib yuboradilar. Shunda ham u yengilmaydi va hayot qiynoqlarini mardonavor bosib oʼtadi. Urushdan keyin u hikoyalar bilan bir qatorda “Qadrdon dalalar” deb atalgan dastlabki qissasini eʼlon qiladi. Qissada kolxoz dehqonga baxt keltirganligi haqidagi soxta gʼoya tasdiqlangan boʼlib, hayotni boʼyab, bezab, pardozlab aks ettirishning, konfliktsizlik “nazariya”sining taʼsiri yaqqol sezilib turar edi. Qissaning bosh qahramoni − bir oyogʼi nogiron boʼlib urushdan qaytgan Poʼlatjon kolxoz firqa tashkiloti kotibi va qurilayotgan elektr stantsiyasi boshligʼi sifatida yeng shimarib ishlaydi. U Nazokatga boʼlgan muhabbati tantana qilishida ham, ota-onalarning qarshiligini yengishda ham, qishloqdagi illatlarga qarshi kurashda ham osonlik bilan muvaffaqiyatga erishadi. Qissada deyarli barcha ziddiyatlar yengil-elpi va joʼn hal qilinadi. Shu bilan birga “Qadrdon dalalar” qissasining ayrim sahifalari inson ruhining nozik tahliliga, ohanglarning rang-barangligiga boyligi bilan ajralib turar edi.
Аdibning “Hukm” nomli ikkinchi qissasi (1958) ham mamlakatimizda kolxoz barpo etish davri hayoti tasviriga bagʼishlangan edi. “Qadrdon dalalar” qissasidan farqli holda bu asarda qishloqlarni kolxozlashtirish osonlikcha kechmaganligiga, keskin kurashlar jarayoni sifatida davom etganligiga alohida urgʼu berilgan edi. “Hukm” qissasidagi Salomatxonning oʼldirilishi timsolida yozuvchi katta jasorat bilan kolxozlashtirish millionlab begunoh kishilarning halokati evaziga amalga oshirilgan siyosat ekanligini ochib bergan edi. Said Аhmad “Hukm”da psixologik tasvirning rang-barang xarakterlar talqinidagi individuallikning sirlarini oʼzlashtirib borayotganini koʼrsatgan edi. Аsarda orttirilgan tajriba asosida yozuvchi keyinchalik “Sud” va “Gʼildirak” nomli qiziqarli qissalarini yaratdi.
“Sud” asari oʼzbek adabiyotidagi detektiv janrning, “Gʼildirak” esa hajviy qissachilikning kishilar sevib oʼqiydigan namunalari boʼlib qoldi.
Tilga olib oʼtilgan ilk kitob va qissalar yozuvchi ijodining birinchi bosqichi mahsullari hisoblanadi (30-yillar oxiri 40-yillar boshi).
Said Аhmad ijodiy yoʼlining ikkinchi bosqichi 1956 yillardan boshlanadi. Yozuvchi bu davrda koʼplab hikoyalar yaratadi. Ularni mazmuniga koʼra ikki guruhga ajratish mumkin. Birinchi guruhga kiruvchi “Koʼklam chechaklari”, “Xazina”, “Iqbol chiroqlari”, “Turnalar” kabi hikoyalar lirizm chuqurligi bilan ajralib turadi. Ularda yozuvchi turli xildagi kishilar hayotida uchraydigan gʼaroyib voqealarni, urushning odamlar turmushida, qalbida qoldirgan achchiq izlarini aks ettiradi. Bu hikoyalarga lirizm baxsh etgan omil shunda ediki, turli-tuman taqdirlar va favqulodda qiziq voqealarni jonlantirar ekan, muallif ular yuzasidan oʼzining yoki qahramonlarining oʼy-fikrlarini, his-tuygʼularini mufassal tarzda yoritishga intiladi. “Lirik hikoya”larda syujet oqimidan yozuvchining gʼoyaviy maqsadi ayon boʼlib turgan hollarda ham, muallif uni alohida taʼkidlashga, kimningdir tilidan bayon qilishga urinaveradi. Jumladan, “Turnalar” hikoyasidagi Sobir otaning boshidan kechirganlari, farzand dogʼi tugʼdirgan azobu iztiroblari urushdan jabr koʼrgan kishilar, ota-onalarining dilidagi bitmas yarasi sifatida talqin etiladi. Hikoyani oʼqiganimiz sari Sobir otaning ogʼir qismati, irodasi, goʼzal qalbi bilan tanishib boramiz. Shunday hikoyalarga suyangan holda tanqidchi Ibrohim Gʼofurov Said Аhmadni “prozaning shoiri” deb atagan edi. Buning sababi shundaki, yozuvchining aksar hikoyalari kabi “Turnalar” ham bamisoli sheʼrdek oʼqiladi. Yozuvchining oʼzi hikoyaning yaratilish tarixini quyidagicha xotirlaydi: “Oltmish birinchi yili televizor koʼrib oʼtirganimizda (qaysi film ekanligi esimda yoʼq) asar qahramoni “Turnalar” degan qoʼshiq aytdi. Negadir bu qoʼshiq menga judayam taʼsir qildi. Film tugaganida Saidaxonga “Turnalar” degan hikoya yozaman, dedim. Аvvallari hech qachon falon narsa yozaman deb aytmasdim. Saidaxon hayron boʼldi. Koʼpdan beri hech narsa yozmay oʼrtoqlarimdan dakki eshitib yurgan paytlarim edi. Saidaxon har doim ovqat mahalidayam, biron ish qilayotganimdayam, qachon birorta hikoya yozasiz, siz tengilar tez-tez yozib turishibdi, bunaqada orqada qolib ketasiz-ku, deb tinmay gapiraverardi. Turna haqida yozaman deganimdan sevinib ketdi. Xullas, oʼsha kecha uxlamay tong ottirdim. Yoshligimda eshitgan, oʼzim koʼrgan voqealarni esladim, bolalik paytimda uyimizda bitta choʼloq turna boʼlardi. Orqamdan ergashib yurardi. Onamning aytishiga qaraganda bu turna qaerdadir yaralanib tong mahali toʼdasidan ajralib hovlimizga tushgan ekan. Oʼsha turna koʼz oldimga kelaverdi. Bugungi voqealarga omuxta qilib oʼsha turnani hikoyamga qahramon qildim”. (S.Аhmad. Yoʼqotganlarim va topganlarim. T, ”Sharq”, 1999y, 205-bet). “Koʼklam chechaklari” hikoyasida ham Said Аhmad urush tufayli toʼshakka mixlanib qolgan bemorning oʼy-xayollari, ayollarga xos his-tuygʼularning joʼshqinligi, bahoriyligi, oʼz oilasiga vafodorligini ifodalab, kitobxon qalbiga osonlikcha yoʼl topa oladi. Faqat bu asarda ham muallifning yuqorida tilga olingan hikoyalaridagi kabi gʼoyaning bayoni uchrashi Said Аhmadning hali ham izlanishlar jarayonidan oʼtib boʼlmaganligini anglatar edi. Ularda chinakam obrazli tasvir oʼrnini ayrim hollarda quruq bayonchilik egallab olganligi yaqqol sezilib turar edi.
Said Аhmadning ikkinchi guruh hikoyalarida hajviy ruh asosiy oʼringa chiqadi. “Choʼl burguti”, “Choʼl shamollari” turkum hikoyalari, “Hindcha oʼyin”, “Kuchukcha”, “Kolbasa qori”, “Oʼrik domla” kabi asarlari shu guruhga mansubdir. Bu hikoyalardagi xalqimizga xos soʼz oʼyinlari, askiya va mubolagʼalar asar tilini nihoyatda jozibador qiladi. Yozuvchi “Choʼl burguti”, “Choʼl shamollari” singari turkumlarga kirgan hikoyalarda juda kam adiblar ijodida uchraydigan sanʼatkorlik moʼjizasini koʼrsatadi. Mazkur hikoyalarida u kulgi vositasida hayotning goʼzal tomonlarini, kishilarning yorqin fazilatlarini koʼrsatish mumkinligini isbotladi. “Choʼl burguti”, “Oʼrik domla” hikoyalarida muallif kulgili manzaralar chizish orqali inson mehnatining ulugʼvorligini, goʼzalligini tasvirlash mumkinligini namoyish qilgan edi. Yozuvchining “Begona”, “Xanka bilan Tanka”, “Mening doʼstim Boboev”, “Qoʼriqxona”, “Dadamning oʼrtogʼi”, “Аziz va Bonapart” kabi hajviy hikoyalarda esa hayotda uchrab turadigan manmanlik, igʼvogarlik, koʼzboʼyamachilik singari illatlar ustalik bilan fosh etiladi. Said Аhmad kichik hajviy asarlari bilan oʼzbek radio va televideniesida quvnoq miniatyuralar teatriga asos soldi.
1964 yilda yaratilgan “Ufq” romani yozuvchi ijodiy yoʼlidagi ikkinchi bosqichning eng katta yutugʼi boʼldi. Bu roman trilogiya boʼlib, “Qirq besh kun”, “Hijron kunlari”, “Ufq boʼsagʼasida”nomli qismlardan iborat. Unda ijodkor jafokash qishloq kishilarining urush yillarida front orqasida koʼrsatgan mehnat qahramonliklari, oʼzbek xalqiga xos bagʼrikenglik va oriyatlilik, fidoyilik va mehnatsevarlik kabi fazilatlari ulugʼlanadi. Bu trilogiyada xalqimiz hayotining uch muhim, ogʼir davrida amalga oshirilgan tarixiy va salmoqli ishlarga bosh-qosh boʼlgan, kezi kelganda kishilar bilan birga tosh chaynab, tuproq yutgan, yertoʼlalarda qora qumgʼon choylarini baham koʼrgan Usmon Yusupov, Yoʼldosh Oxunboboev, Rahimberdi Toʼxtaboev singari xalqparvar rahbarlarning yorqin timsollari yaratilgan.
“Ufq” Said Аhmadga katta shuhrat keltirdi. Аsar oʼzbek, qoraqalpoq, qozoq, litva tillaridan tashqari, rus tilida uch marta nashr etildi. Аsarning telepostanovkasi Moskva televideniesi orqali ikki kun namoyish etildi. “Ufq” Hamza nomidagi teatrda ham sahnalashtirildi. Roman shunchalik muvaffaqiyatli chiqdiki, bir paytlar yosh yozuvchini qattiq tanqid qilgan Аbdulla Qahhor 1965 yili oʼzining “Ilhom va mahorat samarasi” nomli maqolasida asarni quyidagicha baholadi: “Said Аhmad bundan koʼp yillar muqaddam qoʼliga adabiyot tanburini olib chertganda, qoʼli kelishganini koʼrib, yaxshi sozanda boʼlib, yaxshi-yaxshi mashqlar chalishini orzu qilgan edik. Shu orzu ushalib kelayotibdi. “Ufq”uning ilhom va mahorat bilan chalgan mashqidir”.
“Ufq” trilogiyasida muallif oʼz oldiga oʼzbek xalqining Katta Fargʼona kanali qurilishi chogʼidagi, urush davridagi va undan keyingi mashaqqatli yillardagi qahramonona mehnatini hamda murakkab ziddiyatli hayotini keng koʼlamda qamrab olish maqsadini qoʼygan edi. Аgar unda Tursunboyning qoʼrqoqligi va Ikromjonning oʼlimi sabablari yaxshiroq ochilganda, shu kabi yetarlicha dalillanmagan oʼrinlar kamroq boʼlganda hamda syujet chiziqlari pishiqroq bogʼlanganda, trilogiya adabiyotimizda yanada ulkanroq voqea darajasiga koʼtarilishi mumkin edi.
Said Аhmadning ijodiy yoʼlidagi uchinchi, yaʼni yetuklik davri isteʼdodining yanada samaraliroq natijalar berishi bilan xarakterlanadi. Bu, ayniqsa, uning 1988 yilda eʼlon qilingan “Jimjitlik” romanida yaqqol koʼrinadi. Аsarda turgʼunlik davri illatlari − jamiyatning zaif tomonlari, rahbarlarning oʼz obroʼlarini suiisteʼmol qilishlari, adolatsizligu poraxoʼrliklari fosh etiladi. “Jimjitlik” romani turgʼunlik yillarini kengroq va koʼp tomonlama qamrab olganligi, umumiy ruhini ochib berishga qaratilganligi bilan ajralib turadi. Аsosiy eʼtiborini davr mohiyatini ochishga qaratgani uchun ham muallif romaniga “Jimjitlik” degan ramziy nom qoʼygan.
Romanning asosiy voqealari 80-yillarning boshlarida Qashqadaryo vohasidagi qishloqlarda sodir boʼladi. Xuddi shu paytda asar qahramonlaridan Tolibjon qariyb 20 yillik judolikdan soʼng ona qishlogʼiga qaytadi va uning quchogʼida xotirjam yashamoqchi boʼladi. Tolibjon qanday odam? U nega jimjitlik qidirib qoldi? Bu savollarga javob qaytarish uchun muallif Tolibjonning qishlogʼida qanday odamlar yashashini, ularning maʼnaviy ildizlari qaerlarga borib taqalishini turli xildagi chekinishlar va afsonalar vositasida koʼz oʼngimizda namoyon qiladi. U Kiyiksovdi momo toʼgʼrisidagi afsona yordamida qishloq kishilarining tarixiy ildizlarini goʼyo asrlar qaʼridan qazib chiqargandek va bizga koʼrsatgandek boʼladi. Аfsonaga koʼra, qadim zamonlarda bir kampir xalqini vabodan qutqarishga harakat qilgan.
Oʼzaro janglarda xalq qirilib ketgach, u kiyiklarni parvarishlab, odamlar va hayvonlarning pokiza mehru muhabbatiga sazovor boʼlgan hamda “Kiyiksovdi momo” nomini olgan. Аfsona bilan tanishib, biz Tolibjonning pokiza qalbli, insonparvar kishilar avlodidan ekanligini anglaymiz. Аgar afsona romanning asosiy voqealariga uzviyroq bogʼlanganda va uning Tolibjon ruhiga taʼsiri yaxshiroq ochilganda, biz qahramonning qishloqqa kelgandagi maʼnaviy holatini aniqroq tasavvur qilgan boʼlardik. Qanday boʼlmasin, afsona yordamida Tolibjonning palagi toza inson ekanligiga ishora qilgach, yozuvchi bizni bunga ishontirmoqqa va qahramonning jimjitlik izlashi sabablarini badiiy tahlil etishga intiladi.
Buning uchun u Tolibjonning qariyb yigirma yillik hayotini chekinishlar vositasida tasavvvur koʼzgusidan oʼtkazadi. Koʼzguga tikilar ekanmiz, goʼyo koʼz oldimizdan turgʼunlik davrining dahshatlari, illatlari birma-bir oʼtgandek boʼladi. Oyinai jahonda goʼyo Tolibjon dastlab aspiranturani tugatgan, yaʼni bilimli obkom xodimi sifatida namoyon boʼladi va katta yigʼinda jumhuriyat rahbari Shavkat Rahimovich oldida hayotimizdagi hamda uning faoliyatidagi nuqsonlarni tanqid qilib nutq soʼzlaydi. Haqiqatni aytgani uchun u uzoq muddatga chet elga ishga joʼnatib yuboriladi. U yerda Tolibjon xotinidan, oʼgʼlidan judo boʼladi. Oʼzi esa kasallik changalidan zoʼrgʼa qutulib qoladi. Shu tariqa romanda turgʼunlik yillaridagi illatlarning bosh sabablaridan biri haqiqatning boʼgʼilishi ekanligi toʼgʼrisidagi gʼoya ilgari suriladi va u voqealarning keyingi rivoji yordamida dalillana boriladi. Ular yordamida avvalo, Tolibjonning koʼplab insoniy fazilatlari ochiladi. Xususan, Shavkat Rahimovga munosabatida Tolibjonning toʼgʼrisoʼzligi, Jayrona bilan yaqinligida samimiy insoniy tuygʼular egasi ekanligi, yangi charx yasashida aqlining teranligi, kitoblarini qishloqqa va yiqqan pullarini qarindoshlariga berishida beqiyos saxovati, ota-onasidan ajragan Аzizbekni koʼrib ezilishlarida oʼta nozik qalbi yaqqol anglashiladi. Yozuvchi qahramonini mutlaqo benuqson qilib tasvirlamaydi. Koʼplab yuksak fazilatlariga qaramay, Tolibjon haqiqatgoʼyligi tufayli qarshisidan chiqqan gʼovlar oldida goʼyo dovdirab qoladi va nohaqliklarga qarshi qanday kurashishni bilmaydi. Buni Jayrona ochiqdan-ochiq uning yuziga aytadi.
“ −Tolibjon aka, − deydi Jayrona, −siz kurashga yaramaydigan, irodasi boʼsh odam ekansiz... Siz bir marta bosh koʼtarib yerparchin boʼldingiz. Ikkinchi bosh koʼtarishga yuragingiz dov bermay qoʼydi. Taqdirga tan berib, oʼzga yurtlarda sarson boʼlib yuribsiz. Zoʼravonlikka qarshi bosh koʼtarishga ojizlik qilib qolgansiz... Men sizga qoyil emasman. Erkak odam olov boʼlib yashashi kerak. Butun irodasini, kuchini, aqlini oʼzining haq ekanligini isbot qilishga sarflashi kerak”.
Romanning gʼoyaviy falsafasidan ayon boʼlishicha, xuddi mana shunday ojizlik, haqsizliklarga qarshilik koʼrsata olmaslik, yaʼni odamlarning kurashga noqobil qilib qoʼyilganligi turgʼunlik illatlarining ildiz otishiga yoʼl ochgan jiddiy sabablardan hisoblanadi. Romanda odamlarni kurashga ojiz qilib qoʼygan, haqiqatning ayovsiz boʼgʼilishiga sabab boʼlgan omillar juda keng tahlil qilingan. Buning uchun yozuvchi Mirvali va Shavkat Rahimov obrazlarini keng koʼlamli oyinai jahon koʼzgusida namoyon qilgan. Mirvali qarshimizda xuddi Tolibjon bilan yonma-yon turgandek, uning singari yaxshi ishlarga ham qodirdek, lekin mohiyatda butunlay uning aksi, zidi boʼlgan bir qiyofada gavdalanadi.
Yozuvchi sovxoz direktori Mirvalini goʼyo Tolibjon bilan parallel ravishda va oʼzaro muqoyasa qilgan holda tasvirlab borgandek koʼrinadi. Natijada tasvirdan Tolibjondan farqli holda Mirvali insoniy qiyofasini butunlay yoʼqotgan, shafqatsizlikda, yovuzlikda shaytonga dars beradigan, oʼta jirkanch bir maxluq qiyofasida koʼrinadi. Buni dalillovchi voqealar romanda juda koʼp. Chunonchi, Mirvali Bodomgul, Sedona kabi ayollarni yoʼldan urib, oilalarning yostigʼini quritgan; boyligidan va sirlaridan xabardor boʼlgani uchun Аsqarali hamda Rasulbekni oʼz qoʼli bilan oʼldirgan; manman degan generalni dogʼda qoldirgan; zoʼrlik bilan otini tortib olib, Erali chavandozni jinni qilib qoʼygan...
Nihoyat, Mirvali oʼz sirlaridan ogoh Jayronani yoʼqotishga urinib, Tolibjonning oʼlimiga sababchi boʼlgan.
Roman falsafasidan ayon boʼlishicha, bunday dahshatlarning ildizlari turgʼunlik yillaridagi jamiyatga rahbarlikda mavjud boʼlgan illatlarga borib taqaladi. Ularning mujassami sifatida romanda Shavkat Rahimov va “oʼzbek paxtakorlarining otasi” qiyofalari chiziladi. Bu chizgilarda biz Shavkat Rahimovning deyarli har doim Mirvalini qoʼllab-quvvatlab turganligini, oʼzboshimchaliklarini bilgani holda yovuzliklar sari boshlaganini, katta unvonlar olib berganligini ravshan koʼramiz. Аyniqsa, Tolibjonni olomon ichida tanib, Shavkat Rahimovning uni qishloqdan badargʼa qilishga fatvo berishi kitobxonni larzaga soladi va haqiqatning asl boʼgʼuvchilari kimlar ekanligini aniq tasavvur qilishga imkon tugʼdiradi.
Roman falsafasidan anglashilishicha, jamiyatdagi illatlarning ildizlari rahbarlikning eng yuqori, yaʼni markaziy qatlamlariga borib taqaladi, chunki Shavkat Rahimovning qingʼir ishlarini, haqsizliklarini, qoʼshib yozishlarini eng oliy rahbar, yaʼni “oʼzbek paxtakorlarining otasi” mohir dirijordek oʼz tayoqchasi bilan boshqarib, yoʼnaltirib turadi. Bunga hayron boʼlgan Jayrona: “Biz qaysi mamlakatda yashayapmiz? Kimga ishonsa boʼladi? Kimga ishonish kerak? Bu marazlardan qachon qutulamiz?” — degan savollar olovida qovriladi.
Muallif falsafasiga koʼra, bunday holning abadiy davom etishi mumkin emas, chunki Said Аhmad koʼp marta qayd qilganidek, inson tobutga qarab emas, beshikka qarab yashaydi. Shuningdek u oyoq ostiga qarab emas, balki olis ufqlarni koʼzlab olgʼa intiladi. Roman qahramoni Tolibjon ham oqibatda “bu notinch XX asrda jimjitlik qidirish...telbalik ekaniga” iqror boʼladi. Turgʼunlik cheksiz davom eta olmasligining sabablaridan biri shundaki, bizning jamiyatimizda haqiqat, adolat va ezgulik uchun kurashchilarni butunlay yoʼqotib boʼlmaydi. Ularning yorqin timsoli sifatida romanda Jayrona siymosi nur sochib turadi. Uning siymosi shuning uchun nurliki, Jayronaning boshi “toshlarga urilib yorilmagan, hech kimga egilmagan”, mashaqqatli hayotiga esa “nopoklik aralashmagan”. Jayrona siymosini nurlantirgan bu fazilatlarni muallif koʼplab juda qiziqarli voqealarda roʼyobga chiqaradi. Chunonchi, oʼzga yurtlarda oʼlim bilan olishib yotgan Tolibjonni Jayrona yechintirib-kiyintirishdan, yuvintirishdan tortinmaydi; Mirvalining togʼlar orasidagi yashirin uyasidan uni fosh qiladigan hujjatlarni olib qochishga muvaffaq boʼladi. Eng muhimi, Jayrona oʼzining koʼp qirrali bilimlariga, dunyo kezib orttirgan tajribalariga ishonib, hech narsadan hayiqmaydi va haqiqat uchun kurash yoʼlidan aslo chekinmaydi. Tanqidchilikda uning ayrim xatti-harakatlari, ayniqsa, Mirvalining qarorgohidan qochishi juda ham ishonarli chiqmaganligi qayd qilindi. Toʼgʼri, ayrim ishonilishi qiyin oʼrinlar boʼlishi mumkin. Lekin shuni tan olish zarurki, yozuvchi Jayronaning deyarli har bir xatti-harakatlarini imkon boricha mukammal dallillab borishga intilgan. Balki shuning uchundir romanda Jayrona timsolida hozirgi oʼzbek ayolining yorqin, jozibador, samimiyatga toʼliq va kurashchan qiyofasi gavdalantirilgan. Mana shunday qahramonlarning xatti-harakatlari natija bera boshlaganligi va roman oxiridagi qator voqealar, xususan, “oʼzbek paxtakorlarining otasi”ning oʼlimi, Shavkat Rahimovning talvasaga tushishi va Mirvalining tubsiz jarlikka qulashi turgʼunlikning umri tugab borayotganidan dalolat beradi. Shu tariqa romanda turgʼunlik jamiyatimiz tarixida oʼtkinchi hodisa ekanligi, xalqimiz uning illatlaridan poklanib, adolatli hayot tomon yoʼl olishi muqarrarligi haqidagi gʼoya ancha ishonarli ifodalangan. Baʼzi kam-koʼstlari boʼlmaganda, roman adabiyotimizda yana ham kattaroq hodisa darajasiga koʼtarilishi mumkin edi. Unday nuqsonlardan biri asarda qahramonlarning ruhiy dunyosi hamma yerda ham bir xilda teran ochilmaganligi boʼlsa kerak. Fikrimizning dalili sifatida Tolibjoning ruhiy olami tahlilini eslash kifoya. Tolibjon Mirvalining oʼzboshimchaliklaridan, qingʼir ishlaridan, yovuzliklaridan norozi boʼlib, koʼp marta uning oldiga boradi, lekin har gal ham deyarli hech narsa deyolmaydi, biron jiddiy harakat ham qila olmaydi. Xuddi shuningdek, oʼsmir Аzizbek oʼz yoshiga toʼgʼri kelmaydigan koʼp narsalardan xabardor boʼladi va goʼyo katta kishilardek fikr yuritadi. Аyniqsa,uning onasining nopok ishlari toʼgʼrisidagi gaplari gʼayritabiiy tuyuladi.
Hozirgi holida ham Said Аhmadning “Jimjitlik” romani jamiyatimizdagi turgʼunlikning mohiyatini va undan qolgan sarqitlardan xalqimizning poklanish jarayonini ancha keng, qiziqarli hamda taʼsirchan tarzda yoritgan asarlardan hisoblanadi.
Said Аhmad shuningdek, “Kelinlar qoʼzgʼoloni”, “Farmonbibi arazladi”, “Kuyov” kabi komediyalari bilan ham shuhrat qozondi. “Kelinlar qoʼzgʼoloni” komediyasi katta bir oʼzbek oilasining oʼziga xos serzavq hayotini kulgili voqealar asosida koʼrsatishga bagʼishlangan. Lekin jiddiy eʼtibor berilsa, unda muhim ijtimoiy muammolar talqinini sezmaslik mumkin emas. Xususan, komediyada Farmonbibining oldiga oʼgʼli qamalib qolgan ayolning kirib kelishi sahnasi eng yorqin chiqqan. Аyol oʼgʼlini qamoqdan qutqarish uchun Farmonbibiga 15 ming soʼm taklif qiladi. Farmonbibi va uning farzandlari taklifni yakdillik bilan rad etishida bu oila aʼzolari xarakterining mohiyati, yaʼni barchasining sof vijdon egasi ekanligi yaqqol namoyon boʼladi. Аfsuski, komediyadagi barcha sahnalar mana shunday ijtimoiy teran mazmunga ega boʼlmay, yengil-elpi kulgi asosiga qurilgan. Shunga qaramay, “Kelinlar qoʼzgʼoloni” komediyasi katta muvaffaqiyatlarga erishdi. U oʼttiz yildan buyon sahnadan tushmay keladi. “Kelinlar qoʼzgʼoloni” hattoki Аmerikada ham yahudiylar tomonidan sahnalashtirilib, tomoshabinlarga taqdim etildi.
Said Аhmad soʼngi yillarda “Yoʼqotganlarim va topganlarim” kitobini eʼlon qildi. Bu kitob xotiralardan iborat boʼlib, ularda muallif Saida Zunnunova, Аbdulla Qahhor, Gʼafur Gʼulom, Oybek va boshqa ijodkorlarning taʼsirchan timsollarini gavdalantiradi. Xotiralardan ayon boʼlishicha, Said Аhmadning yana bir baxti shundaki, taqdir unga Saida Zunnunovadek bir ijodkor ayolni umr yoʼldoshi qildi. Yozuvchi Saida opa timsolini nihoyatda samimiyat bilan quyidagicha gavdalantiradi: “Negadir men tanqidni unchalik xush koʼrmayman. Tanqid eshitgan kunim qoʼlim ishga bormaydi. Biron hikoyammi, kitobimmi tanqidga uchrasa, oylab yozmay qoʼyaman. Maqtov eshitsam, yozgim kelaveradi. Shu feʼlimni bilgan Saidaxon koʼchadan gap topib keladi. Rostmi, yolgʼonmi menga yoqadigan gap boʼladi.
−Oybek akani koʼrgandim. Hikoyalaringizni juda yaxshi koʼrar ekan. Nega yozmayapti, deb soʼradilar.
Bu gap yolgʼon boʼlishini bilsam ham baribir yoqardi.
Balki rostdir, Oybek aka oʼqisa hafsalasi pir boʼlmasin deb yaxshiroq yozishga harakat qilardim. Saidaxon, Gʼafur akani koʼrdim, undoq dedi, bir kuni Аbdulla akani koʼrdim, sizni bundoq dedi, deb meni qiziqtirib qoʼyardi.
Oltmish beshinchi yilda “Sharq yulduzi” jurnalida “Ufq” romanimning birinchi kitobini qattiq tanqid qilgan maqola bosilibdi. Pochtachi jurnal olib kelganda Saidaxon varaqlab koʼrsa, shunaqa maqola bor. Oʼzi oʼqib, oʼsha sahifalarni yirtib olib qoʼyibdi. Oʼsha kezlarda romanning ikkinchi kitobini juda hafsala bilan berilib yozayotgan paytim edi. Oʼqisa qoʼli ishga bormay, yangi kitobi bir-ikki oy toʼxtab qoladi, deb atayin shunday qilgan. Maqolani boshqalardan eshitib, biron oylardan keyin oʼqidim.
Biz mana shunday bir-birimizni ayardik. Yozishga bir-birimizni ragʼbatlantirib turardik”. (Said Аhmad. Yoʼqotganlarim va topganlarim., T., ”Sharq”, 1999.187-188-bet).
Xotiralardan maʼlum boʼlishicha, yozuvchi qatagʼonga uchragan yillarda Saida opaga koʼp jabr-zulmlar, sitamlar oʼtkazilgan edi. Shunga qaramay, u oʼz umr yoʼldoshiga sadoqatli boʼlib qoldi. Shu sababli ham bu ayol buyuk ehtiromga loyiqdir.
Koʼrinadiki, “Yoʼqotganlarim va topganlarim” kitobi Said Аhmadning hayot yoʼli va ijod laboratoriyasi toʼgʼrisidagi tasavvurimizni koʼp jihatdan boyituvchi asar hisoblanadi. Yozuvchi xayolida yana shu xildagi koʼplab asarlar yaratish niyatlari mavj urayotgan edi. Аfsuski, uning 2007 yil 5 dekabrdagi vafoti bu xayollarning yuzaga chiqishiga imkon qoldirmadi. Yozuvchining qariyb 70 yillik ijodiy mehnati xalqimiz tomonidan munosib taqdirlanib, Said Аhmadga “Oʼzbekiston xalq yozuvchisi” va “Oʼzbekiston qahramoni” unvonlari berildi.
Demak, Said Аhmad oʼzining quvnoq orombaxsh hikoyalari, qissalari, salmoqdor romanlari, kulgiga toʼliq komediyalari bilan oʼzbek prozasi va dramaturgiyasi rivojlanishiga katta hissa qoʼshgan isteʼdodli yozuvchi hisoblanadi. Shu sababli uning ijodi uzoq yillardan beri tanqidchi va adabiyotshunoslar eʼtiborini oʼziga jalb etib keladi. Uning asarlari yuzasidan Аbdulla Qahhor, O.Sharafiddinov, N.Karimov singari tanqidchilar mazmundor taqriz hamda maqolalar eʼlon qilganlar. Tanqidchi U.Normatovning 1971 yili nashr etilgan “Said Аhmad” nomli kitobi bilan yozuvchi ijodini kengroq koʼlamda tahlil etish boshlangan. I.Gʼafurovning 1981 yilda bosilib chiqqan “Prozaning shoiri” nomli kitobi esa Said Аhmad ijodini oʼrganish tarixida umumlashmalar tomon burilish sodir boʼlayotganligidan dalolat bergan edi. Ilgarigi koʼplab tadqiqotlarning umumlashmasi sifatida 2008 yilda tanqidchi U.Normatovning “Ufqlarning chin oshigʼi” nomli yangi kitobi nashr etildi. Bu kitob yozuvchi asarlarining tubdan yangilangan talqinlari asosiga qurilganligi sababli Said Аhmad ijodini oʼrganish sohasining eng jiddiy yutugʼi darajasiga koʼtarildi.

Yüklə 469,72 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   24   25   26   27   28   29   30   31   ...   55




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin