Mavzu: Odil Yoqubovning hayoti va ijodi Reja : 1. Adib ijodining o`rganilishi. 2. Odil Yoqubov –taniqli adib va jamoat arbobi 3. «Muqaddas» – yozuvchini elga tanitgan asar. 4. Qissadan romanga. Yozuvchining zamonaviy romanlari. 5. «Ulug`bek xazinasi»da ulug` alloma fojiasining aks etishi. Tayanch tushunchalar: O.Yoqubov va shaxsga sig`inish, «Muqaddas» qissasi, zamonaviy ruh, «Ulug`bek xazinasi», tarixiy roman, «Oqqushlar, oppoq qushlar», zamonaviy roman, tarixiy obraz, publitsistika.
Odil Yoqubov 60-yillarda adabiyot maydoniga kirib keldi. U XX asr o`zbek adabiyotida nasr taraqqiyotiga munosib ulush qo`shdi va shu bois yirik nosirlar qatoridan o`rin oldi. Yozuvchi ijodi adabiyotshunosligimizda keng tadqiq qilingan S.Mirvaliyev, U.Normatov, M.Qo`shjonov, N.Xudoyberganov, I.G`afurov singari yetuk adabiyotshunoslar tomonidan tadqiq etilgan. S.Mirvaliyev o`zining «Roman va zamon» nomli tadqiqotida yozuvchi romanlari xususida to`xtaladi. M.Qo`shjonov esa yozuvchining epik turga mansub asarlarini tahlil qiladi.
Odil Yoqubov 1927-yil Turkiston shahri yaqinidagi Qarnoq qishlog`ida dunyoga kelgan. Bu ko`rkam qishloq yozuvchining ijodiy izlanishda chuqur iz qoldirdi. Uning otasi Egamberdi Yoqubov 1916-yilda mardikorlikka olinib, Belorussiya o`rmonlarida daraxt kesib, rus tilini o`rganib, qishloqqa bolshevik bo`lib qaytadi. Shu zaylda, zamon ota bilan o`g`ilni bir-biriga zid qiladi: ota Yoqub shayx – taqvodor – ruhoniy, o`g`il – Egamberdi esa jangovor bolshevik. U yurtda sho`ro hokimiyatini barpo qilish yo`lida faol kurash olib boradi, keyin Toshkentda SAKU(Sredne Aziatskiy Kommunisticheskiy universitet) da o`qib, yana Chimkentga qaytib , turli mas`ul lavozimlarda ishlaydi. Ota farzandlari tarbiyasiga alohida e`tibor beradi. Bu xonadonda «Ming bir kecha», «O`tgan kunlar» kabi asarlar har kecha mutolaa qilinardi.
Otasi Odiljonni rus maktabida o`qitadi, u bolaligidanoq rus tilini puxta egallashga kirishadi, keyinchalik ona tilida o`qishni davom ettirgan. Bilimdon adabiyot o`qituvchilari ham unga buni singdirgan, 1937-yilda O.Yoqubovning otasi shaxsga sig`inish qurboni bo`ldi. Birgina uzatilgan qizdan boshqa 4 nafar bola bir beva ayol qo`lida qoladi. Johil kishilar «xalq dushmani»ning bevasi va farzandlarini tahqirlaydilar, ammo olijanob kishilar ham qarab o`tirmasdan ularga yordam qo`lini cho`zdilar. 1941-yil II Jahon urushi boshlanib, unga qo`liga qurol ushlab biladigan barcha kishilar urushga ketdilar, qishloqdagi og`ir ishlar esa yosh o`spirinlar qo`liga o`tdi. «O`qishni tashlab qo`lga ketmon olishga to`g`ri keldi, – deb yozadi adib. «Hayot saboqlari va ijod mashaqqatlari» maqolasida, – ko`klamda dalaga chiqib yer haydardik va yerlarni sug`orardik, «eshak karvon» larda front uchun g`alla tashirdik. Bu ham yetmagandek, urush cho`zilib mash`um qoraxatlar kela boshlaganida, ayollarning, yosh-yosh kelinchaklarning osmon-falakni titratuvchi faryodlarni eshitib, qon qaqshardik, ular chekkan iztiroblarning guvohi bo`lardik».
Urushning oxirgi yili Qarnoqdan bir yo`la 40 ta yigit frontga jo`naydigan bo`ldi. Odil ham safdoshlari qatori xizmat safariga jo`nadi. Gobi sahrosi va Xingan tog`laridan yayov o`tib Kvantun armiyasini tor-mor etishda qatnashdi, so`ng besh yilcha Port-Artur yaqinidagi Chan-Chjou shahrida xizmat qildi. Nihoyat, 1950-yil xizmatni tugatib o`z ona vataniga qaytadi.
Toshkent davlat universitetini filologiya fakultetida o`qidi, salkam 10 yil «Literaturnaya gazeta»ning O`zbekiston bo`yicha muxbiri, kinostudiyada, G`afur G`ulom nomidagi nashriyotda muharrir, «O`zbekiston adabiyoti va san`ati» gazetasida bosh muharrir bo`lib ishladi.
Adib biografiyasiga, hayot tajribasiga oid bu faktlar asarlariga real zamin bo`lib xizmat qildi, bolalik taassurotlari, hayotda ko`rgan-kechirgan, ko`nglida chuqur iz qoldirgan voqea-hodisalar «Er boshiga ish tushsa», «Diyonat», «Oqqushlar, oppoq qushlar», «Izlayman», «Adolat manzili» kabi asarlarda o`z ifodasini topgan. Qissa va romanlaridagi hatto o`tmishga borib taqaladigan «Ulug`bek xazinasi»dagi voqealarning bir uchi ham o`zi tug`ilgan qishloqqa borib taqaladi.
O.Yoqubov badiiy ijodini harbiy xizmatda yurgan paytlarida boshlagan edi. Uning birinchi asari «Tengdoshlar»dir. Bundan tashqari u ko`pgina hikoyalar ham yozgan. U bu asarini «o`zbekcha mufaqqiyatsiz variant» deb ataydi. Asar Hamza nomidagi teatr sahnalarida ham bir necha bor qo`yilgan.
O.Yoqubovni yozuvchi sifatida elga tanitgan asar 1961-yilda e`lon qilingan «Muqaddas» qissasi bo`ldi. «Tengdoshlar»dan «Muqaddas» qissasiga qadar o`tgan o`n yillik davr go`yo yozuvchi uchun ijodda betinim izlanish, kitobiylik ta`sirini yengib o`tish yillari bo`ldi.
Muallif «Muqaddas» qissasida hayotning o`zidan olgan zavqini, o`z yurak dardini, hayajonlarini izhor etdi. Qissada ikki yoshning ilk mustaqil hayot qadamlari, quvonch va tashvishlari judayam oddiy til bilan qalamga olingan, eng muhimi shundaki, yozuvchi bildirmoqchi bo`lgan fikr kitobxon ko`nglini larzaga solarli darajada go`zal bir poetik shaklni topa olgan. Qissa qahramoni Sharifjon muayyan bir vaziyatda o`z irodasiga, e`tiqodiga xilof ravishda xudbinlik ko`chasiga kiradi, o`zgalar manfaatiga zid bu xatti-harakat qahramonning o`zi uchun noxushlik olib keladi, eng aziz kishisi-sevgilisidan judo bo`ladi. Sharifjonning qing`ir yo`llar bilan sevgilisi Muqaddas o`rniga o`qishga kirib qolishi tasodif, ammo shu tasodif zamirida yozuvchi hayotning muayyan haqiqati, ziddiyati, falsafasini ko`radi, ya`ni hayotda ko`pchilik manfaatiga zid xatti-harakati, avvalo, o`sha odamning shaxsiy manfaatiga ham zid tushishini juda nozik va ta`sirchan ifodalaydi.
«Muqaddas» yozuvchining bosh estetik axloqiy printsiplarini shakllantiruvchi asar sifatida ham juda qimmatlidir. «Muqaddas» faqat qissa qahramoni nomi bilan bog`liq bo`libgina qolmay, yozuvchi asarda zo`r ehtirom bilan ilgari surgan insondagi eng aziz, muqaddas tuyg`ular – vijdon, burch, diyonat, imon-e`tiqod, adolat g`oyasini ham o`zida ifodalaydi. «Muqaddas»dan «Diyonat», «Oqqushlar, oppoq qushlar» va «Adolat manzili» ga qadar adibning e`tiboriga sazovor barcha asarlari xuddi shu muammo bilan ifodalanadi. Qisqa qilib aytganda, diyonat, imon-e`tiqod, ijtimoiy adolat yozuvchi ijodining bosh ma`naviy muammosi, uning asosiy estetik prinsipi esa haqiqatni aytish, hayotni murakkabligi bilan ko`rsatishdir.
1963-yilda yaratgan «Bir fel`eton qissasi»da jurnalist Uchqunjon yaxshi surishtirmay, shoshma-shosharlik bilan bir vaqtlar mehnatda dong taratgan keyinchalik esa yengil hayotga o`rgangan ayol haqida fel`eton yozgan. Keyin Uchqunjon katta xato qilganini bilib, vijdon azobiga tushadi, asli bu qalbi toza yigit endi xatosini tuzatish uchun kurashga otlanadi. Yozuvchi dongdor ayol saltanatini halokat yoqasiga olib kelgan omillarni aniqlaydi. Ma`lum bo`ladiki, saltanatni hissizlik, adolatsizlik shu ko`yga soladi, brigadir Mo`min akaning sovuqqonligi, eri Qulahmadning loqaydligi tufayli hayotdan, mehnatdan ko`ngli qoladi.
1968-yilda yozilgan «Qanot juft bo`ladi» qissasi yozuvchi ijoditakomilida muhim o`rin tutadi. Qissa personajlari Akram, Sayyora, Shavkat, Nilufar, Sodiq – barchasi orqali odatdagidek iymon, e`tiqod, diyonat tahlil etiladi. Shu bahonada yozuvchi bir emas, bir necha ijtimoiy-ma`naviy, axloqiy muammolarni ko`taradi.
Odil Yoqubov «Muqaddas»dan boshlab deyarli har bir asarida biror muhim masalani ko`tarish bilan barobar, qalamga olingan mojarolarning hayotiy ildizini, sabablarini yechishga intiladi. Boshqacha aytganda, analitik tasvirga moyillik adib ijodida yetuk realizmga xos fazilatning rivojlanishiga olib keldi - uning qahramonlari murakkab tabiatli shaxslarga aylana boshladi.
Yozuvchi qissalarida shakllangan badiiy fazilatlar, realistik printsiplar uning romanlarida, xususan, «Diyonat», «Ulug`bek xazinasi» kabi asarlarida yanada yorqin ko`zga tashlanadi. «Qanot juft bo`ladi» qissasidan oldin yozuvchi «Er boshiga ish tushsa» romanini e`lon qilgan. Bu asar yozuvchining o`z boshiga tushgan voqea - hodisalar, bolaligidagi taassurotlari asosida bitilgan. Asarning bosh qahramonlari uch bahodir – Mashrab, Qo`chqor va Akmallardir. Urush yillarida ular fuqaro sifatida shakllanadilar, jamoat ishlarida faol qatnashadilar, yozuvchi yosh qahramonlarining musaffo qalbini, pok sevgisini mehnatdagi shijoatini Ertoyev, Chavandoz orqali qalloblarga nisbatan nafratini ehtiros bilan ifodalaydi. Odil Yoqubovning 70-80-yillarda yaratgan zamondoshlari haqidagi «Diyonat», «Oqqushlar, oppoq qushlar», «Adolat manzili», tarixiy mavzudagi «Ulug`bek xazinasi» va «Ko`hna dunyo» asarlari faqatgina adib ijodida emas, balki o`zbek romanchiligi rivojida ham yangi bosqichdir.
Yozuvchi xoh zamondoshlari, xoh olis o`tmish haqida qalam tebratar ekan, avvalo, davrning muhim romanbop gaplarini aytadi, ko`pchilikni hayajonga solgan ijtimoiy muammolar haqida fikr yuritadigan qahramonlarni yaratadi. Eng muhimi, romannavis ayni mustabid tuzum mafkurasi va psixologiyasini oshkor qiladi. Adib roman ustida ishlar ekan, hayotda ko`p uchratgan, dilida tuggan - turmushda «katta ishlar qildim» deb ko`krak kergan, qonunni oyoq osti qiladigan xo`jalik rahbari obrazini yaratish, uning parvozi va inqirozini ko`rsatishni o`z oldiga maqsad qilib qo`yadi.
Ma`lumki, o`zbek adabiyotida 50-60-yillari ham turli xildagi rahbar xodimlar obrazlari ko`p yaratilgan edi. Otaqo`zi shunday hayot kishisi sifatida kuchli va ojiz tomonlari bilan ifodalangan. Uni biz har jihatdan 70-yillarning tipik rahbar xodimi deya olamiz. Unda ishchanlik bilan barobar savod, bilim, did, madaniyat ham yetarli. Erta-yu kech el-yurt ishi bilan band bu odam oilasini, farzandlarini o`ylamaydi. Ammo bora-bora u o`jar, toshbag`ir odamga aylanadi.
Asar asosidagi yetakchi g`oya diyonat-e`tiqodning o`ziga xos timsoli, ayni paytda, kurashlarda toblangan adolat, insof, diyonat tuyg`usi qon-qoniga singib ketgan oddiy odam Normurod domla obraziga xos yetakchi xislatlarning hayotbaxsh ta`siri, qudrati ana shunda.
Yozuvchining «Oqqushlar, oppoq qushlar» asari g`oyaviy muammolar jihatidan «Diyonat» romanining davomidek tuyuladi. Agar «Diyonat»da o`zboshimchalik, ko`zbo`yamachilik keng yoyilgan davr tasvirlangan bo`lsa, bu romanda o`lkamizda xuddi o`sha illatlarga qarshi boshlangan ayovsiz janglar, 80-yillar o`rtalaridagi shiddatli kurashlar qalamga olinadi. Roman markazida esa Shorahim shovvoz obrazi turadi.
Romandagi shovvoz siymosida mehnatkash xalq asl bobo - dehqon, bog`bon xarakteriga xos fazilatlar namoyon bo`ladi. Shovvozning butun umri mehnatda o`tgan, el-yurt ichida o`zini shaxsiy hayotini, huzur-halovatini unutgan, hatto sevgan kishisi ko`nglini ham ololmagan, sog`ligi haqida qayg`urmagan. U bu narsalarni kech tushunib yetgan edi. Ammo unga hayot boshqatdan ato etilganda ham o`zgarmagan bo`lardi. Chunki u faqat mehnat qilish uchun yaratilgan edi.
«Oq qushlar, oppoq qushlar» hozirjavoblik bilan yozilgan, hali tugallapmagan hayotiy jarayonlar haqidagi roman bo`lganidan unda ko`tarilgan ijtimoiy-ma`naviy muammolarning hammasi badiiy yechimini topmay qolgandek, adib ayrim chigal, keskin mojaro, ziddiyatlar yechimini berishda bir oz shoshilgandek ko`rinadi.
Odil Yoqubov 1988-1991-yillar davomida «Adolat manzili» romani ustida ishladi. Asar 1994 yili «Sharq yulduzi» jurnalida bosildi. O`sha yili turk tiliga tarjima qilinib, alohida kitob holida chiqdi. «Adolat manzili» qalamga olingan mavzu – muammolari jihatidan «Diyonat» va «Oqqushlar, oppoq qushlar» romanlarining mantiqiy davomi. «Diyonat»dan boshlangan «Oqqushlar»da davom ettirilgan ma`naviy-ijtimoiy jarayonlar, muammolar badiiy tahlilning o`ziga xos in`ikosi deyish mumkin. Bu uch roman har biri mustaqil bo`lsa-da, o`ziga xos trilogiya sifatida davrning halokatga yuz tutishini ochib beradi.
«Adolat manzili» romanining voqeasi oddiy – unda «o`zbek ishi» deb yatalgan ko`ngilsiz hodisanipg ayanchli ko`rinishi hikoya qilinadi. Yaqindagina sovxoz direktori bo`lgan halol yigit «pora bergan»likda ayblanib qamaladi va qamoqxonada bunga chidolmay o`zini-o`zi o`ldiradi. Asardagi barcha gap-so`zlar, voqealar bosh qahramon Suyun burgut obrazida ko`rsatiladi. Yozuvchi bu hodisaga munosabat bildirish uchun bir talay personajlarning ma`naviy qiyofasini gavdalantiradi.
Tajribali adib Suyun burgut obrazidagi xalq dostonlari qahramonlari shijoatini eslatuvchi favqulodda xislatlarni izchil realistik asosda ruhiy jihatlan tahlil etadi.
Odil Yoqubovning avvalgi romanlarida sho`ro odami bo`la turib, inqilob, sho`ro hokimiyatiga sodiq qolgan holda halolligi, adolatparvarligi, diyonati bilan davriga sig`magan, nobop muhit zarbalariga tez-tez duch kelganda ham e`tiqodidan qaytmagan nuroniy qariyalar obrazi yaratilgan. «Diyonat»dagi Normurod domla, «Oqqushlar, oppoq qushlar»dagi Shorahim shovvoz shular jumlasidandir. «Adolat manzili»dagi veteran o`sha personajlarni eslatadi.
Yozuvchiga katta shuhrat keltirgan asar «Ulug`bek xazinasi»
romanidir. Atoqli adib Chingiz Aytmatov «Ulug`bek xazinasi» haqida
shunday deydi: «Yaxshi kitob haqida gapirish maroqli. Bu yuksak va oliyjanob proza namunasi badiiy quvvati jihatdan salmoqdor, bu tarixiy roman meni larzaga soldi... Bu esa yaxshi asarning birinchi alomati. Bundan ham muhimi shundaki, romanni o`qirkanman, ko`nglimda turkiy xalqlarimiz tarixi uchun iftixor tuyg`usi jo`sh urdi.
Ulug`bek shunday dahoki, u bizning asrlar osha tariximizga, zaminda turgan mavqemizga guvoh. Ulug`bek – bizning dildagi ohimiz, hasratimiz. U buyuk insonning tajribalar haqida, dunyo haqida yuksak mezonlarda turib mulohaza yuritish, hukm – saboqlar chiqarish uchun asos beradigan shaxs...
Ulug`bek men uchun o`rta asrning atoqli olimi bo`lgani uchun emas, balki xalqlarimiz tarixidagi eng murakkab, og`ir fojiani boshidan kechirgan alloma bo`lgani uchun ham ulug`dir». Ulug`bek haqida Maqsud Shayxzoda tragediya yaratgan. Ulug`bekdan so`z ochgan kishi bu tragediyani chetlab o`tolmaydi. Odil Yoqubov ham Maqsud Shayxzodaning tajribalarini puxta o`rgangan, shuning uchun ham roman bilan tragediya o`rtasida bir muncha o`xshashliklar mavjud.
Masalan, roman ham xuddi tragediya kabi Ulug`bek hayotining so`nggi davrini asos qilib olgan, tragediyadagi ko`pgina faktlar romanda ham bor, u erda tilga olingan tarixiy shaxslar romanda ham uchraydi. Ammo «Ulug`bek xazinasi» romanidagi faktlar, tarixiy shaxslarning talqini, g`oyaviy-badiiy yo`nalishi bilan «Mirzo Ulug`bek» tragediyasidan keskin farq qiladi.
Mirzo Ulug`bek taxtdan tushayapti, shu og`ir fojiali daqiqalarda u ko`p parsalar haqida o`ylaydi. Avvalo, u shoh temuriyzoda bo`lsa-da, hokimiyatni saqlab qolishi zarur, ammo u johil raqiblar qo`lida, o`g`li esa ular qo`lida qo`g`irchoq, toj-taxt deb o`z otasiga bosh ko`targan. Bu hol ulug` allomani larzaga soladi. Ulug`bekda insoniylik g`ururi kuchli. O`g`liga qarshi jangga chiqishga or-nomusi yo`l qo`ymaydi. Mirzo Ulug`bek tanti inson, agar taxtga munosib merosxo`r topilsa, u yaxshilikcha shohlikni topshirishga tayyor. Abdulatif – riyokor, Abdulaziz – kaltabin, majruh, ota toj-taxtini ularga topshirolmaydi. Ulug`bekni Movorounnahrga 40 yil rahnamolik qilib to`plagani, asosiy boyligi – qurdirgan madrasalari-yu, yaratgan asarlari – hammasi nobud bo`lishidan qo`rqadi.
Ulug`bek taxtdan tushgach, Abdulatif hokimiyat tepasiga keladi, atrofida riyokor shayxlarni yig`adi, ma`rifat ahlining, oddiy xalqning boshiga qora kunlar soladi.
«Ulug`bek xazinasi» romanining ta`sir maromi ko`pgina tarixiy asarlarga o`xshamasdan, xiyla shiddatli. Roman kompozitsion jihatdan juda puxta, voqealar xarakterlar izchil, bir-biri bilan mantiqan bog`langan.
Tarixiy romanning vazifasi faqat tarixiy haqiqatni aniq gavdalantirish emas, balki o`tmish saboqlarini yodga olish hamdir. «Ulug`bek xazinasi» ham o`tmish haqida achchiq haqiqatdan hozirgi avlodlarga ibrat bo`lishga saboq bo`ladigan asardir. «Ulug`bek xazinasi» romani 1970-73-yillarda yozilgan, 1974-yili alohida kitob holida nashrdan chiqqan. Shundanberi asar qayta-qayta chop etildi, jahondagi ko`pgina tillarga tarjima qilindi.
Umuman, O.Yoqubov yirik nosir sifatida XX asr adabiyoti sahifalarini boyitdi. U yaratgan va yaratayotgan nasriy asarlar-qissa va romanlar istiqlol mafkurasiga xizmat qiladi.