Мавзу: Янги ўзбек адабиётининг асосий хусусиятлари. Янги ўзбек адабиёти тараққиётининг асосий босқичлари Режа


-Ma'ruza: Zulfiya hayoti va ijodi



Yüklə 469,72 Kb.
səhifə26/55
tarix12.06.2023
ölçüsü469,72 Kb.
#129098
1   ...   22   23   24   25   26   27   28   29   ...   55
Мавзу Янги ўзбек адабиётининг асосий хусусиятлари. Янги ўзбек а

12-Ma'ruza: Zulfiya hayoti va ijodi


Mavzu: Zulfiya hayoti va ijodi
(1905-1996)
Reja:
1. Zulfiya ijodining o`rganilishi.
2. Hayot va ijod yo`li.
3. Shoiraning estetik qarashlari.
4. Shoira she`rlarida avtobiografizm.
5. «Quyoshli qalam» dostoni tahlili
Tayanch tushunchalar: avtobiografizm, lirik qahramon, lirik doston, hijron motivi, «Qizil durra», «Hijron kunlarida», «Quyoshli qalam», «Uni Farhod der edilar», «Xotiram siniqlari».
Zulfiya ijodi adabiyotshunosligimizdja keng o`rganilgan. Adabiyotshunos A.Akbarovning «Zulfiya» nomli adabiy portreti shoira ijodiy yo`lini yoritishga bag`ishlangan. O.Sharafiddinovning «Adabiy etyudlar» nomli kitobida «Qalbimizga yaqin shoira» deb nomlangan qism mavjud. Unda shoira she`rlari tahlil etilgan.
Isroil Muslimov qizi Zulfiya 1915-yil 1-martda Toshkentning O`qchi mahallasida dunyoga keladi. Hovli mo`jazgina bo`lsa-da, unda bir-biridan chiroyli muattar gullar o`stirilardi. Oiladagilar musiqani, she`rni yaxshi ko`rardilar. Zulfiya oiladagi kenja farzand bo`lib, uning to`rtta akasi bor edi. Ularning hammasi keyinchalik katta lavozimlarda ishlaganlar, qatag`onning achchiq-chuchugini totganlar.
Oilada onaning xizmati beqiyos edi. «Agar iste`dodim bor bo`lgan bo`lsa, uning chashmasi – onam. Agar adabiyot ahliga bir kaft yanglig` she`riy hosil tutgan bo`lsam, uning urug`ini qalbimga avval onam sochganlar» - degan edi Zulfiya. Shoiraning butun ijodi davomida onani, ayolni ulug`lovchi otashin she`rlar yozishi bejiz emas edi. Uni doim «qattiq minnatdorchilik tuyg`usi», «uzilmagan qarz hissini to`kib solish ehtiyoji» band etadi va shu mavzuning yangi jihatlari ochiladi. Zulfiyaning otasi temirchi bo`lgan. «Ustaxona uyimizning yonginasida bo`lganligi uchun ham, – deydi Zulfiya, – men uning laxcha cho`qqa aylangan po`lat eritmalarini turli shaklga solishini, o`sha cho`g` po`latdan turli asboblar yasashini hayrat bilan kuzatishni yaxshi ko`rardim. Olov va mehnat mahorat bilan birikkanda inson ko`p ishlarning uddasidan chiqishi mumkinligini ham men bolalikdan anglab yetdim. Keyinchalik charchagan yoki dilga tanglik cho`kkan, loqaydlik hukmron bo`lgan daqiqalarda qo`ra tepasiga engashgan otamning salobatli, aziz qiyofasini, bolg`asining bir maromda ko`tarilib tushishini eslashning o`zi menga ajoyib tarzda yangi kuch-quvvat bag`ishlardi».
Zulfiya boshlang`ich maktabni bitirgach, xotin-qizlar pedagogika bilim yurtida (1931-1934 yillar) o`qidi. Shu yerda she`r yoza boshladi. Bilim yurtining oldida adabiy to`garak bo`lib, uning rahbari shoir Shukur Sa`dulla edi. To`garakda Uyg`un, G`.G`ulom kabi shoirlar bilan uchrashuvlar o`tkazilardi. Shoira o`z ustozini, avvalo, «davrning, hayotning o`zi» deb o`ylardi. O`sha davrning mashhur shoirlari, turli-tuman kitoblar shoiraga ijod sirlarini anglashda yordam berdi. Birinchi she`ri – «Qizil durra»ning dunyoga kelishida paranjini tashlab zavod-fabrikalarda boshlariga qizil durra o`rab ishlayotgan ayollar hayoti saboq bo`lgan. Shoira hayot, turmush saboqlaridan ilhom oldi va 17 yoshida «Hayot varaqalari» (1932) degan ilk to`plamni nashrdan chiqardi. Ammo u bunda dunyoga, insonga o`z nuqtai nazaridan qarash darajasiga ko`tarilgandi. 1935-yilda Zulfiya hassos shoir Hamid Olimjon bilan taqdirini bog`ladi. Bu shoira uchun, uning ijodi uchun ulkan burilish bo`ldi.
Shoira bilimini har tomonlama oshirib bordi, aspiranturada o`qidi, bolalar nashriyotida muharrirlik qildi. Ikkinchi Jahon urushi ko`pchilikni ruhiy jihatdan tetiklashtirdi, katta-yu kichikning e`tibori Vatan himoyasi bo`lib qoldi. Urush Zulfiya uchun katta sinov davri bo`ldi. 1944-yilda turmush o`rtog`i Hamid Olimjondan judo bo`ldi, ammo bu ayrilish Zulfiyani dovdiratib qo`ymadi, endi u ikki sozni – o`zi va Hamid Olimjon sozini chalishni bo`yniga oldi. Bu shoira she`riyati mazmuni, yo`nalishi, ruhidagina emas, ayni choqda ijtimoiy faoliyatida ham yaqqol ifodalandi. «Saodat» jurnalida bosh muharrir bo`lib ishladi (1953-1980), Osiyo va Afrika yozuvchilari harakatida faol qatnashdi, mamlakatimiz vakili sifatida Hindiston, Yugoslaviya, Shrilanka, Misr , Birma, Avstraliya kabi mamlakatlarni ko`rdi. Zulfiyaga qo`sha-qo`sha mukofotlar berildi, bu uning el oldidagi qator xizmatlari uchun edi. U respublika davlat mukofoti laureati bo`ldi. «Saylanma»si uchun sobiq SSSR davlat mukofoti laureati, O`zbekiston xalq shoirasi, xalqaro «Nilufar» mukofoti, Bulg`oriyaning «Kirill va Mefodiy» ordeni sohibasi kabi yuksak unvon va martabalarga sazovor bo`ldi. Unga Mehnat Qahramoni unvoni va ko`plab orden, medallar berildi.
Zulfiya sevgi, sadoqat, hijron, ona, vatan,tong, tinchlik, dunyo, hurriyat, hayot, umr, yurtdoshlari va taqdirdoshlari jasorati, shodligi, iztiroblari, fojeasi, irodasi haqida ham qalam yuritdi, yuritganda ham ularni o`z shaxsiy nuqtai nazari bilan, shaxsiy dardu tashvishi tarzida talqin qildi.
Shoiraning 50-yillar siyosati, mafkurasi ta`siri va tayziqida yozgan o`nlab she`rlarini e`tiborga olmaganda (masalan, «Saodatning chet ellik bir xonimga javobi», «O`zbek qizi ovozi», «Partiya, senga salom», «Men kommunistman» kabi she`rlarini hisobga olmaganda) ko`pgina asarlari haqiqiy lirika namunal aridir.
Zulfiya jurnalistning «Shoirning bosh siri nimada deb o`ylaysiz?», «Yangi tashbehlar, metaforadami?» deb bergan savollariga bunday javob beradi : «Fikrda, g`oyada ! Butun vujudingni tug`yonga solib, «Bugun aytmasang, halok qilaman» deb qalbingda hayqirib turgan fikrda! Fikr shaklni ham, metafora, tashbehlarni ham o`zi yetaklab kelaveradi».
Chindan ham Zulfiyaning eng yaxshi she`rlarida fikr tig`izligi, falsafiy teranlik ustivorlik qiladi. Uning she`rlari o`ychan, vazmin. Shoira tuyg`u, fikrga monand ohori to`kilmagan, «fikrni to`la ifoda etadigan chaqmoqday» so`z, ifoda, obraz topadi. Zulfiya she`rlarida ixchamlikni yoqtiradi. Bu ham shoiraning so`z zimmasiga katta fikr, his-hayajon yuklay olganining natijasi hisoblanadi. Agar fikr va kechinmaning yangi jihatlari ko`rinib qolsa, u mustaqil, ammo mazmunan, ruhan o`zaro bog`langan bir necha she`r yaratadi. Zulfiya ijodidagi turkum she`rlar shu tarzda tug`ilgan.
Shoiraning «Uni Farhod der edilar», «Quyoshli qalam», «Xotiram siniqlari» dostonlari haqiqatan ham ixcham tuzilishga ega
Zulfiya she`riyatida fojiaviylikni keltirib chiqargan va chuqurlashtirgan asos esa uning tarjimai holiga bog`liq va fojiaviy ohangning ustunligi shoira she`rlarida yana bir o`ziga xoslikni – voqeaviylikni, ixcham syujetlilikni keltirib chiqargan.
Zulfiya: «Nazarimda, shoirlar o`z tarjimai hollarini yozmasliklari kerak. Negaki, shoirlar haqida she`rlari tavsif beradi, ular haqida hamma narsani aytib bermasa ham ijodlarida hayotlarining ko`pchilik tomonlarini sharh etib berishga qodir she`rlar bo`ladi.Urush yillari , – deydi Zulfiya, – turmushning o`zi qat`iyat bilan haqiqiy so`z talab qiladi: beixtiyor ravishdami yoki birovning tajribasiga murojaat qilish natijasidami, asl so`zlar o`z-o`zidan quyilib kelaverganidan keyin ularni o`rni-o`rniga joylashtirish, bir-biri bilan bog`lash yo`lini topar ekansan ... 1943-yili chiqqan «Hulkar» kitobim yangi ishning yakuni bo`ldi. She`rlarim voqeaband bo`lib qoldi desammikan? Lekin bayonchilik ma`nosida emas. Men bu she`rlarga o`z ruhiy tariximning bir parchasini joylashtira boshladim, bu parchaning o`z tuguni, kulminatsiyasi va yechimi bor edi. Endi yozmoq uchun Lev Tolstoy aytganidek, dastlab gapning uchini uchiga ulab olishim kerak edi. She`rni boshlab qo`yib, oxirini topmagunumcha uni davom ettira olmas edim. Endilikda qayoqqa qarab ketayotganligimni bilganimdan yo`lning eng qisqasini izlab topa olardim. Natijada she`rlarim muxtasar va tugal bo`la boshladi».
Hamid Olimjon hayot vaqtidayoq shoira ijodiga hijron ohangi kirib keldi. Bu ohang «Hijron» she`rida , «Uni Farhod der edilar» dostonida, H.Olimjon tomonidan tahrir qilinib, bosmaga tushirilgan «Hijron kunlarida» she`riy to`plamida muhim o`rin tutdi.
Zulfiya boqiy baxt orzusi bilan turkum she`rlar yozdi. Turkumga kirgan har bir she`r mustaqil asar darajasiga ko`tariladi. Ayni choqda mazmuni, yo`nalishi, ruhi bilan o`zaro uzviy bog`lanadi. Shoiraning she`riy turkumlari ko`p, har birida ijodkor ruhiy olamining yangi qirrasi namoyon bo`lgan. Agar «Hijron kunlarida» turkumida urushning shafqatsiz alangasida azoblangan qalbning g`olib chiqishi ifodalansa, «Yuragimga yaqin kishilar»da shu insondagi matonat, sadoqat, nekbinlik ildizlarini odamlar mehri, ona- Vatan mehrida ko`radi. «Mushoira» turkumida insoniyat taqdiri, tashvish-intilishlari mushtarakligi ta`kidlanadi. «O`ylar», «Yillar, yillar» turkumlarida esa hayot va inson, umr mazmuni, muhabbat va sadoqat, yashash va kurash ma`nosi to`g`risida fikr yuritiladi.
Zulfiya ijodining yana bir o`ziga xos jihati bor : u hayotdagi hamma narsa haqida va inson qalbidagi xilma-xil kayfiyatlar xususida yozadi, ammo ularni ayol qalbi bilan tinglab, ayol ko`zi bilan ko`rib, idrok etib, ayol so`zi bilan tasvirlaydi, ayolning ovozida kuylaydi. Shoiraning har bir she`rida obrazlar ham ayollar dunyosidan topilgan. Uning tashbehlari ham ayollardan olingan, ularning tuyg`ulari, ruhiy olami, orzu-armonini ifodalashga xizmat qiluvchi yuksak obrazlardir. To`g`ri, bizni o`rab turgan borliq, insoniy dardlar shoirlar uchun ham mushtarakdir, ammo bu murakkab sirli olamni va qalbning eshigini ular o`z kalitlari bilan ochadilar. Asarning g`oyaviylik va badiiylik darajasining mezoni bittadir. Biroq voqelikni ko`rish va badiiy tadqiq etishda mushtaraklik bilan birga o`ziga xos xislatlar ham bor. Shoiralar qalbi g`oyat nozik, dilgir, bardoshlidir.
«Ayol o`zi go`zallik va ezgulik bilan egizak didli, – degan edi Zulfiya. – Go`zallik va hayot esa hamma narsani yamlab simiruvchi urush oloviga yov ... Mana shuning uchun ayolning ovozida – she`rida, romanida, hikoyasida, qo`yingki, butun hayoti va faoliyati bilan baholi qudrat ana shu tinchlik, osoyishtalik, go`zallik, ezgulikni himoya qiladi, biri dehqon sifatida dalada, biri ishchi sifatida zavodda, biri shundoq ayol, ona, insoniyatning bir zarrasi bo`lgan o`z oilasining tiragi, asosi sifatida yaxshi niyatlar bilan yashaydi. Shu tufayli yozuvchi ayollar ijodida eng asosiy mavzu onalik baxti , farzand va uning kelajagi to`g`risidagi o`ylar, vatan va elning osoyishtaligi haqidagi fikrlar, butun xalqlar bilan do`stlik, birlashib, birdamlashib, kurashib, jahonda tinchlikni saqlab qolishga , farzandlarga eng yaxshi kelajakni ta`minlashga chaqirish kabilar muhim o`rin tutadi.
«Uni Farhod der edilar» poemasida ham ayol qalbining sezgir, beorom tabiatini ko`ramiz. Doston markazida qahramonning vatanparvarlik, mardlik bilan to`la ma`naviy dunyosi tahlil etiladi. Asarning zamirida san`atkorning so`zi bilan ishi bir bo`lishi kerak degan fikr ham bor. Qobilqori o`zbek sahnasida juda ko`p rollarni ijro etib, qahramonlik, insonparvarlik, Vatanga jonfidolik kabi tuyg`ularni targ`ib qilgan edi. Uning iste`dodiga qoyil qolgan tomoshabinlar Farhod rolini mahorat bilan ijro etgan Qobilqorini Farhodning o`zi-ya, deydilar. Shoira xalqning shu mehridan kelib chiqib, dostonni «Uni Farhod der edilar» deb nomlaydi. Qobilqorining so`zi bilan ishi bir edi, frontga borib, jonini ona-vatanga tikadi va shu yo`lda mardona halok bo`ladi. Uning qahramonona hayot yo`li va fojiali taqdiri «hayotimizni saqlab qol, do`stlar uchun qasos ol», degan chaqiriq yanglig` yangraydi. Jangchilar armiya gazetasida o`z fikrlarini shunday ifodalagandilar : «Har bir jangchidek Qobilqorining qalbi ham Vatanga sadoqat va yashashga muhabbat o`ti bilan to`lib turadi».
Oybek haqidagi «Quyoshli qalam» dostoni ham ijodkorning Vatan, xalq, tarix, kelajak avlod oldidagi burchi to`g`risidadir. «Quyoshli qalam» 1970-yilda yozilgan. Doston haqida adabiyotshunos N.Rahimjonov shunday yozadi: «Zulfiyaning «Quyoshli qalam» poemasidagi yangicha badiiy talqin Oybekning nuqtai nazari, ijodiy pozitsiyasi orqali insoniy fazilatlarini, murakkab ijod jarayonlarini ochishda ko`rinadi; qahramonning tarix va tarixiy voqelik, insoniylik va ma`naviy go`zalliklar haqidagi mushohadalarda zuhur topadi...Voqelik uyg`otgan assosiatsiyalar, Oybekning ijodkor tabiati va insoniy shaxsiyatiga xos keng va teran mushohadakorlik belgilari shoiraning yangi va original kontseptsiyasi orqali gavdalanadi; hayotning go`zalligi bilan ma`naviy kamolotning uyg`un manzarasini yaratgan». Binobarin, doston chuqur lirizm bilan sug`orilgan. Shoira Oybek obrazini yaratishda ichki monolog, dialog, kechinma va tuyg`ularning hayotiy holatlari, o`y-mushohadalari asosiy o`rin tutadi. Asar uchun Oybekning Buxoroga tashrifi voqeasi asos qilib olingan. Doston real voqelikka asoslangan. Bu haqda Zarifa Saidnosirova shunday yozadi: «Oybek ko`pdan beri Buxoroga borib, so`nggi amir haqida va Buxoroning 1917-yilga qadar bo`g`iq, fojiali hayoti haqida asar yozish uchun material to`plash niyatida yurardi. «Guli va Navoiy» dostoni tugagach, u ana shu niyatni ro`yobga chiqarishga kirishdi. Biz 1968-yilning aprelida Buxoroga jo`nadik». Doston kompozitsion yaxlit va o`ziga xos syujet tizimiga ega. Uni lirik-falsafiy doston deyish mumkin. Doston bag`ridan Oybekning nurli siymosi yaraqlab turadi. Dostonda Oybek, Zarifaxonim timsollari yaratilgan. Shoira Oybekning yo`l taassurotlarini, yangi-yangi asarlar tug`ilishi jarayonini, shoirning Buxoro xususidagi o`y-fikrlarini hassoslik bilan qalamga oladi. Doston besh qismdan iborat. «Xayol qanotida» deb nomlangan qismda Oybekning yo`l taassurotlari qalamga olinadi. Jumladan , shoira yozadi:
Yo`l uzoq, yo`l yaqin, boshsiz , so`ngsiz yo`l,
Biri tor , biri keng ravon va so`qmoq.
Tinglab ko`r, qarichi ming ertakka mo`l,
Tug`ilmoqday farzdir birini o`tmoq
Bunda insonning hayot yo`li shoirona ta`rif etilgan. Binobarin, insonning hayot yo`li bir tekis emas, u uzoq-yaqin, tor-keng so`qmoqlardan iborat. Bunday yo`lni-da bosib o`tish g`oyatda mashaqqatli.
Yo`l demak, o`tilgan bir umr demak,
Hech biri muqimmas tuproq singari.
Lekin zamon o`ta borlig`i hikmat
Biz-la ketayotgan kimlar yo`llari.
Binobarin, shoira inson umrini yo`lga qiyos etadi. Shu asosda Oybekning serqirra hayot yo`liga bog`laydi. Oybek Buxoroga yo`l oladi:
Bizning mashinamiz ufq va quyosh,
Elu yuraklarga kirishga shoshar.
Muazzam adibga safarda yo`ldosh,
Baxtidan quvonchim arshidan oshar.
Oybek hayotda juda ko`p yurtlarda bo`lgan. Sayohatlari davomida unga shoirona xayol- qanot doimo hamroh bo`ldi. Shoir yurt kezar ekan, yangi- yangi asarlar yozilishiga zamin tayyorladi. Shoira Zulfiya ta`kid etganiday, u har gal «taqdirlarga , dillarga safar» qildi. Ya`ni Oybekning yangi-yangi qahramonlari tug`ildi. Buxoroga kelar ekan, yo`l bo`yi ijod istagi uni tark etmadi.
O`ylar bilan dil ham otilajakday 
Adib o`ltiradi ko`ksini quchib.
Ufqda mo``jiza ochilajakday,
Mashina yeladi qush kabi uchib.
Zulfiya shoir obrazini yaratar ekan, Oybek xarakteriga xos jihatlarni, dunyoqarashini, ijod ahliga xos xususiyatlarni yoritishga intiladi. Shoir portretiga xos chizgilar satrdan-satrga o`tgani sayin mukammallashib boradi. «Bu yirik ko`zlarning teran nigohi», «Faqat chust do`ppisi ostidan toshgan «, «Ikki qo`l orqada, odimlar vazmin, Xiyol bukchayganday ko`rindi qaddi» singari misralar Oybekning nafaqat tashqi ko`rinishini balki ichki dunyosini, ruhiyatini ifodalashga xizmat qilgan. Binobarin, adibning ko`zlari yirik va serma`no bo`lgan, boshida doim chust do`ppi kiyib yurgan, hamisha ikki qo`li orqada bo`lgan.
Zarifaxonim obrazini yaratishda ham Zulfiyaning iste`dodi yorqin ko`zga tashlanadi. Binobarin, Zarifaxonimga berilgan ta`riflar g`oyatda samimiy, tashbehlarga boy. «Qalamday vafodor, ilhomday zebo, Vijdoniday toza, hayotday dono, eriday zahmatkash, eriday tanti» Zarifaxonim Oybekning sadoqatli umr yo`ldoshi edi. «Sertashvish umrining munis hamdami, lochinday o`g`illar va qizga ona, horganda tiliyu ishchi qalami» Zarifaxonim Oybek bilan hamma damlarda birga bo`la oldi. Zulfiya Zarifaxonimdagi ana shu ezgu fazilatlarni ko`pchilikka o`rnak qilib ko`rsatadi va uning vafo-sadoqatini g`oyatda ulug`laydi. Haqiqatan, Oybek va Zarifaxonim ibratli oila sifatida mazmunli umr kechirdilar:
Adib so`zi yetgan har bir ovulga
Ajabmas topilsa uning shogirdi.
Ikkisi go`zal bayt qo`sh misrasiday
Ishqda, ishda , baxtda umr kechirdi.
Shoira Zulfiya «Adib tinmay terdi javohirlarni» der ekan, shoir yaratgan asarlarga ishora qiladi. Buxoro tuprog`iga shoir ulug` orzular bilan kirib keladi. Binobarin, u
Bugun Buxorodan qalbini izlar,
Izlar ming yillarga kirgan xayolin.
Haqiqatan, Buxoroning qadim tarixi bor. Uning har bir toshi hikmat so`zlaydi, ko`hna minorlari, madrasalar necha ming asrlarga guvoh. Shunday yurt qanday qilib Oybek qalbida ilhom uyg`otmasin, ko`nglida yangi tug`yonlarni paydo qilmasin. Shoirning o`z e`tiroflarini shu o`rinda keltirish o`rinli: «O`z xalqimning taqdiri haqida o`ylab yurib, menda yangi-yangi temalar tug`iladi» (14-tom, 15-b). Shoir qaysi yurtda bo`lmasin ana shu kayfiyat unga hamisha hamroh bo`ladi :
Garchi darsligiday tanish Buxoro,
Titdi mudroq, uyg`oq keksa, yosh bobin.
Zindonida titrab, minorlar aro
Kezdi va axtardi dilga xitobin.
Shoir ko`hna Ark, minoralar, obxona yonidan o`tar ekan, o`sha tarix sahifalari ko`z oldida jonlanadi. Xususan, «obxonaning zax shiftlaridan Ayniy ko`zlari jovdirab boqardi». Go`yo ustod Ayniy adibga xitob qilib, uni ijod qilishga chorlayotganday:
Go`yo g`olib Ayniy yozib, shodlanib,
So`nik Ark ustida etardi parvoz.
Go`yo derdi: «Mavzu yotar taxlanib,
Yozing, Oybek, qancha yozsangiz ham oz!»
Zero, shoir rafiqasi xursand edi. Zarifa Saidnosirova Oybek haqidagi xotiralarida yozadi: «Oybekning boshi to`la fikr... xayol... Uning butun borlig`i , ulug` bir ummon singari ko`piradi, qaynaydi, toshadi». Zulfiya ham Oybekdagi ana shu xislatni, fazilatni she`riy satrlarda samimiyat bildan ifoda eta olgan.
Oybek Buxoroga kelgandan keyin Buxoro davlat pedagogika instituti (Hozirgi BuxDU) talabalari shoir bilan uchrashadilar. Bu tarixiy uchrashuvni marhum ustozimiz Saidjon Aliyev (Ilohim, ruhlari shod bo`lsin!) tashkil etganlar. Dostonda ham shunga ishoralar bor.
Oqshom horib qaytdi mehmonxonaga.
Ikki qiz va yigit kutardi uni.
Institut zalin tirband to`ldirgan,
Suyukli kuychiga ilhaq o`ltirgan
Sonsiz muxlislar-la she`rxonlikda
Jaranglab kechaga sho`ng`idi kuni.
Shunday qilib, Oybek mehmonxonaga horib qaytadi, yana xayol og`ushiga cho`madi. Bundan Zarifaxonimning ko`ngli ancha taskin topadi:
– Oybek ishlayapti! – dedi baxtiyor
Va aziz siymoga qildi ishora.
Qarayman: chindan ham ilhom dardi yor
Vujudi o`z qalbi sochgan ziyoda.
Zarafshon Buxoro vohasidan oqib o`tadi. Zarafshon sohillarini kezar ekan, ko`nglida yangi-yangi satrlar tug`ila boshlaydi. Ushbu ruhiy holatni Zulfiya quyidagicha ifoda etadi:
Shoir sohilda tik. Keng ko`ksin kerar
Tabiatdan yayrab ichadi havo,
Xayolin zabt etar munis sehrgar
Suvdan kelayotgan fusunkor sado.
Daryo o`z kuychisin to`lqin qo`yniga
Olib ketmoq bo`lib jo`shqin oqadi.
Kuychi maftun turar suv o`yiniga
Mag`rur aksi undan bizga boqadi.
Binobarin, tabiat go`zalliklari shoirga ilhom baxsh etadi.
Oybek bilan Zarifa Saidnosirova Buxoro amirligi tarixi bilan tanishishda davom etar ekan, orqadan Zulfiya bilan ularning qizi Gulrang ham etib kelishadi. Zarafshon sohili xotiralarida Zulfiyaning ham nigohi sezilib turadi:
«Iching ! – deydi menga o`rnini berib, –
Har daryo suvining o`z bahrasi bor!»
Hozir ustoz turgan sohilda turib
Go`yo imtihondan o`tmog`im darkor.
Zulfiya Oybekni o`ziga ustoz deb bilgan. Shuning uchun shoira satrlari samimiy va ayni paytda hayotiy. Chunki shu paytda Zulfiya ham ular bilan birga Buxoroda bo`lgan. Demak, shoira Oybek sayohatiga guvoh. Shundan bo`lsa kerak Zulfiyaning Buxoroga bo`lgan mehr-muhabbati satrlar bag`rida sezilib turadi.
Buxoro safari o`z nihoyasiga etgach, ular navqiron va yangi shahar Navoiyga yo`l oladilar. Bu haqda Zarifa Saidnosirova yozadi: «Buxorodagi uchrashuvlarimiz tugagach, do`stlar bizni Navoiy shahriga olib bordilar. Bu ertaklardagiday ko`rkam shahar bizda katta taassurot qoldirdi». Dostonda ham shoira real voqelikdan chekinmagan. Navoiy shahri haqidagi eng yaxshi taassurotlarini dostonda ifoda etgan.
Cho`li Malik ko`ksin kesib tushgan yo`l
Ro`yoday bir yangi dunyoga chorlar.
Bugungi fikr, ijod , Mehnat nomli qo`l
Bo`lib naq kaftida ko`tarmish shahar.
«Ro`yoday yangi bir dunyo» yangi qurilgan Navoiy shahridir. Cho`l bag`rida qad ko`targan ertaklardagidek afsonaviy shahar sayyohlarni o`ziga maftun etadi. Mashaqqatli mehnat evaziga bunyod bo`lgan bu shahar g`oyatda ko`rkamligi bilan Oybek qalbiga yangi she`riy navolar olib kiradi. Shoir ko`ngliga bir narsa taskin beradi.
Qaytarkanmiz deydi o`zicha sekin
«Navoiy yuragi urib turibdi».
Ma`lumki, Oybek mutafakkir shoir haqida doston va roman yozib, Navoiyning betakror timsolini yaratdi. Navoiy nomli shahar xalqimizning o`z shoiriga bo`lgan yuksak ehtiromini namoyish etib turardi. Shu bois Oybek mehnatkash qo`llarga tasannolar o`qiydi. 
Navoiy shahridan so`ng ularning yo`llari Qarshi tomonga tushadi. Bu haqda Z. Saidnosirova yozadi: «Qarshida Sharifa bilan Bekmurod bizni mamnuniyat ila qarshiladilar. Ikki-uch kun mehmon bo`lib, may bayrami arafasida Toshkentga qaytdik». Zulfiya tarixiy haqiqatni mahorat bilan badiiyat sintezidan o`tkazgan.
Yo`l!
Bu tinim bilmas sayyoh Qarshini,
Tollimarjon GESin zarur ko`rmog`i.
Axir buyuk mardlik, mehnat-la dashtni
Hayotga olmoqda shonli avlodi...
Oybek tabiatan yangiliklarga juda o`ch edi. Shu bois xalqimizning bunyodkorlik ishlarini, cho`llardagi jasoratli mehnatni o`z ko`zi bilan ko`rishni juda-juda istardi. Shuning uchun xastaligiga qaramay Qarshi tomon oshiqdi. U yerda ham Oybek sharafiga juda katta ziyofat-bazm uyushtiriladi. Sakson dara degan joyda bo`lishadi.
Deydi:
–Yashash kerak daryoday uyg`oq.
Sakson dara! Yana sakson yil sevib,
Kezsam, bilsam ona yerni naq dehqon,
Keksalik va dardni bir yoqqa qo`yib,
To`yib-to`yib yozsam qolmasdi armon...
Binobarin, shoir qalbida armonlar , orzular bisyor edi.
Shoir Toshkent sari oshiqdi. Sababi, yurtda o`sha paytlar keng bayram qilinadigan 1-may yaqinlashayotgan edi.
Shoir xasta bo`lishiga qaramay sayohat davomida «na charchashni bildi, na darddan zorni». Biroq Buxoro, Navoiy, Qarshi xotiralirini qog`ozga-da to`liq tushirishga ulgurmadi, so`ngsiz armonlari qalbining tubida qolib ketdi.
Zulfiya dostonda Oybek ruhiyatini rangin satrlarda ifoda etadi. Ma`lumki, adib xastalangandan so`ng qanchalik muolajalar qabul qilmasin, tili duduqlanib qoladi. Shoira ana shu tarixiy haqiqatni badiiyat sintezidan mohirlik bilan o`tkazadi.
Yiqildi yana bir cho`ng ulkan chinor,
Adab, ma`rifatning yorqin qasrida .
Hali G`afur G`ulom, Shayxzoda, Qahhor
Dog`ida dilimiz yig`lashda-ku zor
Nahot yetim qoldik yana o`lim qasrida?
Zarifa Saidnosirova bu haqda afsus, armonlarga to`la o`kinch bilan yozadi: «Bu (ya`ni Buxoro safari) Oybekning so`nggi safari, yor-do`stlari va kitobxonlaribilan so`nggi uchrashuvi edi». Haqiqatan, hali o`zbekning ulug` adiblari G`afur G`ulom, Maqsud Shayxzoda, Abdulla Qahhor firog`i dillarni o`rtayotgan edi. Biroq xalqning yana bir «cho`ng chinori « quladi. Bu chinor Oybek edi. Shoira Zulfiya ana shu mungli daqiqalarni, armonlarga to`la qalblarning iztiroblarini g`oyatda ustalik bilan satrlar bag`riga singdiradi. Biroq bir narsa taskin bo`la oladi: hassos shoir, buyuk qalb egasi Oybekning umri yoniq misralarida, go`zal va jozibali nasriy asarlarida davom etadi.
Buyuk bu uyquni etarkan ardoq,
«Oybek ishlayapti» deydi nasllar.
O`z ko`rkini ko`rib tasvirlarida
«Oybek ishlayapti» deydi asrlar. 
Umuman, shoira Zulfiya Oybekning go`zal poetik obrazini adabiyotimiz tarixida birinchilardan bo`lib yaratdi. Oybek doimo ijod bilan yashagan, xayol uning eng yaqin hamrohi bo`lgan. Shundan bo`lsa kerak , shoira asarini «Quyoshli qalam «deb nomlaydi. Zero, Oybekning qalami quyoshdek taftli, shu bois bu qalamdan to`kilgan misralar, she`riy tizmalar yoniq va haroratli. Shoira dostonda Oybek haqidagi tarixiy haqiqatdan samarali foydalanib, yana bir etuk siymoning poetik timsolini adabiyotimizga olib kirdi.
Zulfiyaning «Xotiram siniqlari» dostoni istiqlolga shukronalik ruhi bilan sug`orilgan bu dostonda Zulfiya o`tgan hayotiga nazar tashlar ekan, o`zi yashagan tuzum manzaralarini qalbi tubidagi o`kinchlar, armonlar vositasida tasvirlaydi. U sobiq tuzumning qusurlarini, shu tuzum sharoitida yashab ijod etganda yo`l qo`ygan xatoliklarini mardona turib tan oladi. Shoiraning ijodiy jasorati shu bilan belgilanadi.
«Yangi hayot» debmiz o`sha kunlarni,
Betalab, benolish yashabmiz ko`p yil.
Bir o`ylab ko`rmabmiz bu yurt hokimin
Labi kulib, nechun rang-ro`yi zahil.
Bu fikrlar o`ziga xos iqrornoma, xatolardan ozurlangan qalb sadolaridir. Yashab o`tgan hayot yo`liga nazar tashlab, undagi qusurlarini tan olish insonning e`tiqodi yuksakligini va kuchli iroda sohibi ekanligini namoyon etadi. Shoira «yurt hokimining labi kulib, rang-ro`yi zahil bo`lganligi, o`zini toji yo`q podshoday sezishi» misolida mamlakatimizning rasman ozod, lekin amalda qaram bo`lgan yetmish yillik hayotiga ishora qiladi. Chunki bunday fikrlarni sobiq tuzum yillarida baralla aytishning iloji yo`q edi. Shuning uchun Zulfiya hurriyatga, yurtning mustaqil kunlariga shukrona qilar ekan, ko`z o`ngida beixtiyor o`tmish manzaralari jonlanadi. Аyniqsa, u shu kunlarga intilgani uchun qatag`on qilingan akasini kuyinib yodga oladi:
Аka, jonim akam – jondoshim akam,
Oltmish yil izimga qaytib yig`layin,
Bo`g`zimda tosh bo`lgan yo`qlovlarimni
«Oh»larim eritar – aytib yig`layin.
Bu misralar orqali shoira akasiga o`xshagan millat farzandlariga qaynoq mehrini ifoda etayotir. Shuning uchun unda «aka» so`zi bir misraning o`zida uch marta takrorlantirilishi evaziga millat fidoyilari obrazi umumlashtirilgan. Аsarda «yo`qlov» so`zi ham bekorga ishlatilmayapti. Chunki qatag`onga uchraganlarning qismati shu qadar ayanchli ediki, hatto ular uchun ovoz chiqarib yig`lash, aza ochish mumkin emas edi. Shuning uchun shoira oltmish yil ortga qaytib, bo`g`zida qotib qolgan «oh»larini eritib yig`laydi. Bu ohu nolalarda esa nafaqat bir lirik qahramon – shoiraning, balki butun boshli millatning ezg`in va qayg`uli tuyg`ulari yashiringandir.
Shoira o`sha davrdagi qamoqxonalar haqida ham yozadi:
Onam qo`llarida mushtday tugunchak,
Tosh shaharni kezar avaxta izlab.
Аvaxta nechadir, zor ona necha,
Nechalar yashardi zamonni «sizlab».
Bu satrlarda shoiraning onasi timsolida davr onalarining holati aks etgan. Onaning tugunchak bilan shahardagi qamoqxonalarda sargardon bo`lishi, o`g`lining qaysi avaxtaga tashlanganligini bilish uchun soatlab navbatda turishi singari tasvirlarda bu xususiyat bo`rtib ko`rinadi. Sokin jussali, dili vayron, «mo`ldir-mo`ldir ko`zlarida qotgan yoshlar» kabi tasvirlar davr onalarining farzanddan ayro tushgan holatini o`zida yorqin aks ettira oladi.
Ota, bir ko`rmadik ko`zingizda yosh.
Yashab umidlarning pok sajdasiga
Hatto yovingizga otmadingiz tosh.
Va faqat dedingiz: «Soldim xudoga»,
Bu qirg`in doyasi xudosizlar-ku.
Bu satrlarda endi jigargo`shasi qatag`on qilinib xo`rlangan ota qiyofasi gavdalantirilmoqda. Shoira o`z otasiga xos mustahkam iroda, sabru qanoatni ifoda etar ekan, o`sha davr otalarining tipik qiyofasini chizadi va ular bu ijtimoiy ko`rgulik sabab chekkan ruhiy iztirobini erkaklik g`ururi tufayli onalar kabi oshkor etolmasdan, «Soldim xudoga» deyish bilan o`z hukmini bildirganligini ochib beradi. Bunday hayotiy tasvirlarda, albatta, millatning ijtimoiy dardi qalamga olingan.
Badiiy ijodda iztirobli kechinmalarni, insoniy dardlarni xotiralar tarzida ifoda etish usuli butunlay yangi emas. V.M.Jirmunskiyning yozishicha, bu usulni qo`llash J.Bayron dostonlari («Parizina»)dan boshlangan. U keyingi yillarda o`zbek dostonchiligida ham urfga aylanib bormoqda. Zulfiya ham qalbida kechgan tug`yonlarni monologda ifoda etar ekan, bu usuldan samarali foydalanadi. Shu jihatlarni inobatga olib, adabiyotshunos N.Rahimjonov «Xotiram siniqlari» dostonining XX asr oxiri – XXI asr boshlari o`zbek dostonchiligi takomilida ayricha ahamiyat kasb etganini ta`kidlab, yozadi: «Gap asar mavzui milliy istiqlolga bag`ishlanganligida emas. Hamma gap hurriyat uyg`otgan milliy g`urur tuyg`ularini ta`kidlash asnosida inson ruhoniyati iqlimlariga teran kirib borganligida, kechinmalar silsilasi asosida erkka intilib yozg`irgan ruhning suratini chiza olganligida ko`rinadi».
Umuman, hassos shoira Zulfiya she`r va dostonlari bilan yangi o`zbek adabiyotiga munosib hissa qo`shdi va o`z nomini adabiyotimiz sahifalarida muhrlay oldi.


13-ma'ruza: Аsqad Muxtor hayoti va ijodi



Yüklə 469,72 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   22   23   24   25   26   27   28   29   ...   55




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin