Мавзу Янги ўзбек адабиётининг асосий хусусиятлари. Янги ўзбек а
Mavzu: Asqad Muxtorning hayoti va ijodi Reja: 1. AsqadMuxtor ijodining o`rganilishi.
2. Hayoti va faoliyati.
3. Asqad Muxtor she`riyati.
4. "Tug`ilish", "Chinor" romanlari tahlili.
5. "Buxoroning jinko`chalari» – biografik qissa.
Tayanch tushunchalar: sotsialistik realizm, lirikada falsafiylik, zamonasozlik, biografik qissa, qissanavislik, "Buxoroning jinko`chalari", roman, syujet tizimi, obraz, «Opa-singillar", "Tug`ilish", "Davr mening taqdirimda", "Chinor".
Asqad Muxtor XX asr adabiyotining taniqli vakili. U o`zining falsafiy lirikasi, epik turdagi asarlari bilan adabiyotimizda ham shoir, ham nosir sifatida yorqin iz qoldirdi. Adib ijodi adabiyotshunoslik ilmida keng tadqiq qilingan. Adabiyotshunos O.Tog`aev adib ijodini maxsus o`rgangan va "Asqad Muxtor" nomli adabiy portret yaratgan. Shuningdek, T. Hamid, S.Mirvaliyev, O.Sharafiddinov kabi shoir va adabiyotshunoslar adib ijodi xususiyatlarini umumlashtirishga harakat qilganlar. Xususan, T.Hamidning "Qo`shiqlar qanotida" nomli tadqiqotida uning shoirlik mahorati, she`rlariga xos muhim fazilatlar haqida fikr yuritiladi. Istiqlol yillarida nashr etilgan "XX asr o`zbek adabiyoti tarixi" darsligida adib ijodi xususida yangicha fikrlar, talqinlar mavjud.
Asqad Muxtor 1920-yilda Farg`ona shahrida dunyoga kelgan. Uning otasi temiryo`lda, onasi to`qimachilik kombinatida ishlagan. Bo`lajak shoir 11 yoshga kirganda otasi olamdan ko`z yumadi. Bu vaqtda mamlakatda ocharchilik, oddiy xalq juda qiyinchilik bilan kun kechirardi. Asqadni bolalar uyiga beradilar. U shu yerda yashab, maktabni tamomlaydi. Asqad maktabda o`qib yurgan vaqtlarida she`r yoza boshlagan. Uning dastlabki she`rlari "Lenin uchquni" gazetasida bosilgan. Maktabni tugatgach, Toshkentga boradi va O`zbekiston xalq komissarlari kengashi qoshidagi jurnalistika kursida ta`lim oladi, ayni paytda "Yosh leninchi" gazetasi tahririyatida ishlaydi. 1938-yilda Asqad Muxtorning "Bizning avlod" nomli 1-she`riy asari "O`zbekiston adabiyoti va san`ati" jurnalida bosilgan. Asqad Muxtor o`qishni davom ettirish uchun 1938-yilda Samarqanddagi O`zbekiston Davlat dorilfununiga kiradi. Ammo urush to`satdan boshlangani uchun Samarqand dorilfununi Toshkentdagi O`rta Osiyo davlat dorilfununiga vaqtincha qo`shiladi. Asqad Muxtor o`qishni tugatgach, 3 yil davomida Andijon davlat pedagogika institutida o`zbek adabiyoti kafedrasi mudiri bo`lib ishlaydi. Urushdan keyin yana jurnalistika sohasiga qaytib "Yosh leninchi" va "Qizil O`zbekiston" gazetalari tahririyatida faoliyat ko`rsatadi. Asqad Muxtor tahririyat topshiriqlari taqozosi bilan respublikadagi korxonalarni, kolxoz va sovxozlarni, katta qurilishlarni kezib chiqadi. O`sha paytdagi eng dongdor qurilish Bekobod metallurgiya zavodining qurilishi edi. Asqad Muxtorning ijoddagi ilk muvaffaqiyatlari shu qurilish bilan bog`liq. Avval "Po`lat shahri", "Istiqbol" kabi asarlar yuzaga keldi, 1947-yilda "Po`lat quyuvchi" dostoni nashr etildi. "Shu kichkina kitobchani Aleksandr Fadeev tilga olib, kelajagimga umid bildirgan edi. O`sha gapning tafti yuragimni hali ham isitib turadi" degan edi 1966-yilda A.Muxtor. Haqiqatan, taniqli adibning ushbu so`zi uni yangii-yangi asarlar yozishga ruhlantirdi. Deyarli har yili turfa kitoblari bosmadan chiqdi. Bular qatoriga "Hamshaharlar" (1949) "Rahmat, mehribonlarim" (1954), "99 miniatyura" (1962), "She`rlar" (1966), "Quyosh belanchagi" (1971), "Sizga aytar so`zim", "Sirli nido" kabi she`riy to`plamlarini kiritish mumkin.
Asqad Muxtor urushdan keyin proza sohasiga qo`l ura boshladi. Prozadagi birinchi asari "Daryolar tutashgan joyda" qissasi bo`ldi. 1955-yilda "Opa-singillar" romanini e`lon qildi. Bu roman adabiyotda katta voqea edi, bu to`g`rida maqolalar bosildi. Shundan so`ng Asqad Muxtorning "Qoraqalpoq qissasi" (1958), "Tug`ilish" (1960) "Davr mening taqdirimda" 5 964), "Chinor" (1969), "Bo`ronlarda bordek halovat" (1976), "Buxoroning jinko`chalari" (1980), "Jar yoqasida chaqmoq" (1982), "Amu" (1984), "Kumush tola" (1987) singari qissa va romanlari maydonga keldi. Bundan tashqari, Asqad Muxtor "Mardlik cho`qqisi", "Samandar", "Yaxshilikka yaxshilik" kabi dramatik asarlar va ko`plab maqolalar muallifidir.
Asqad Muxtor tarjimachilikda ham o`z kuchini sinab ko`rdi. U A.Pushkin, M.Lermontov, A.Blok, V.Mayakovskiy, K.Simonov asarlarini, Sofoklning "Shoh Edip" tragediyasi, A.Isaakning "Al-Maarriy" asari, Shekspir va Shiller tragediyalarini o`zbek tiliga tarjima qildi. Asqad Muxtorning ham deyarli hamma asarlari o`nlab tillarga tarjima qilindi, shu jumladan, urdu, hind, xitoy, ingliz tillarida bosilib chiqdi. O`zbek adabiyotini shuhratini xalqaro miqyosga olib chiqishda Asqad Muxtorning xizmati beqiyosdir.
Shu xizmatlarini hisobga olib, Asqad Muxtorga"O`zbekiston xalq yozuvchisi" unvoni berildi.
Asqad Muxtor faqat adib va shoirgina emas, balki tashkilotchi sifatida adabiy jarayonlarni uyushtirgan. U ko`p yillar "Sharq yulduzi", "Guliston" jurnallariga va "O`zbekiston Adabiyoti va san`ati" haftaligiga muharrirlik qildi, bir necha marta O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasida kotiblik qildi.
So`nggi yillarda jamoatchilik ishlaridan uzoqlashdi, ammo ijoddan to`xtamadi, bir necha she`rlar e`lon qildi. 1994-yilda "Insonga quulluq qilurman" hikoyalar to`plamini chop etdi.
Atoqli adib Asqad Muxtor 1997-yilning aprelida hayotdan ko`z yumdi.
Asqad Muxtor adabiyotga shoir sifatida kirib keldi va qaysi janrda ijod qilmasin, baribir u shoir bo`lib qolaverdi.Asqad Muxtor ko`p yillar she`rni barkamolroq, yetuk qilish yo`llarini izlagan, uning obrazli zaminini mustahkamlashga intilgan.
Shoir bu to`g`rida shunday deydi: "O`ttiz yil davomida she`r haqida o`yladim, uning ifoda shakllari, vositalari, printsiplari, ruhi haqidagi fikrlar juda ko`p marta o`zgardi, she`r turmush o`chog`idan olingan laxcha cho`g`, hayotiy epizodga asoslangan, syujetli bo`lishi kerak deb, she`rning bo`lak turlarini tan olmay, ancha yil yurdim: she`r yalt etgan oniy tuyg`u, zavq-shavq tug`yoni, uni faqat muzika janrlari bilan qiyos qilish mumkin, degan ruhda ham ancha vaqt ishladim; she`r hayot falsafasining essentsiyasi, fikr, fikr, fikr! Fikrsiz poeziya yo`q deb anchagina biryoqlama ratsionalistik she`rlar yozdim...»
Darhaqiqat, Asqad Muxtor she`riyatning so`qmoqlarida ortiqcha hashamlarga, yaltiroq bezaklarga berildi. Chunki estetik talablar, mafkuraviy qoliplar ijodkorni chalg`itardi.
A.Muxtorning birinchi yirik she`riy asari "Po`lat quyuvchi" bo`lib, 1947-yilda e`lon qilingan. Bu doston Fadeevning ijobiy bahosiga sazovor bo`lgan. Dostonni ishchilar hayoti mavzusida yozilgani uchun ham o`sha davrda maqtaldi. Chunki u paytda ishchilarga atalgan asar yaratilmagan edi. Doston zamonaviy bo`lgani, teran g`oyaviylik mavzusida bo`lgani uchun ko`klarga ko`tarildi. "Po`lat quyuvchi" dostoni quruq maqtovga emas, tahlilga muhtoj, badiiyati juda zaif edi.
Bu asar ko`klarga ko`tarilgani uchun Asqad Muxtorning keyingi asarlarida ham sun`iylik ildizlari yaqqol ko`rinadi. Buni "Katta yo`lda" va "Mangulikka daxldor" dostonlarida ham kuzatish mumkin.
Asqad Muxtornning 40-50-yillarda yozgan she`rlari ham o`sha vaqtda ijobiy baholandi. Chunki bu she`rlar ham hukmron mafkuraga ma`qul tushgan edi. Asqad Muxtor ishchilar mavzusida yozadigan shoir deb e`lon qilindi. Tanqidchilar uning she`rlaridan dastgohlar ohangini topishdi. Shu uchun ham "Hamshaharlarim", "Tokar Ahmad muzokarasi", "Keksa master so`zi" she`rlari o`sha yillar she`riyatining yutug`i hisoblangan. Biroq bu she`rlar badiiy poetik nafosatdan yiroq edi.
60-yillarga kelib, Asqad Muxtor baquvvat lirik she`rlar yarata boshladi. Bu lirikada insonning ma`naviy dunyosi, tabiati, kayfiyati namoyon bo`ladi. Inson shaxsi har tomonlama ochilgani uchun A. Muxtor lirikasida novatorlik yorqin ko`zga tashlanadi. Bu fazilatlar birinchi marta 1962-yilda nashr etilgan "99 miniatyura"da aks etgan. Keyinchalik shoirning badiiy mahorati "Quyosh belanchagi", "Sizga aytar so`zim", "Yillarim" kitoblarida o`z ifodasini topdi. Qisqasi, A.Muxtor she`rlarida falsafiy teranlik yuzaga keldi.
Shoir she`rlarida inson tabiatining sirlari haqida gapiradi:
Nima odam qilgan Odam Atomizni?
Birovlar der: olma. Birovlar bug`doy.
Har holda men ko`rsatmadim o`zni.
Ezgulikkagina oshiqday.
Asqad Muxtor she`riyat bilan birga nasrda ham ijod qilgan. Dastlab u hikoyalar yozgan. Shu tariqa 1951-yilda "Daryolar tutashgan joyda" qissasi paydo bo`ldi. 1955-yilda adib "Opa-singillar" romanini yozdi.
"Opa-singillar" romanidan so`ng Asqad Muxtor "Tug`ilish" (1961), "Davr mening taqdirimda" (1964), "Chinor" romanlarini yaratdi. Bu romanlar sotsialistik realizm talablariga rioya etilgan asarlar, ya`ni o`sha davr mafkurasi talablariga bo`ysunishga majbur bo`lgan. Shu sababli bu romanlar vaqt sinoviga bardosh berolmadi.
"Tug`ilish" romanida O`zbekistondagi qurilishlardan biri haqida hikoya qilinadi. Yozuvchining asl maqsadi qurilish jarayonida yangi avlodning tug`ilishini tasvirlashdir. Roman qahramonlari Luqmoncha, Juman, Sangin, Samadiy, Sadbar, Adolat, Xoldor, Kimsan, Bek, Pochchayev kabi yoshlar, Rahmonqulov, Elchibek Bo`riyev kabi qurilish rahbarlaridir. Qurilishga kelgan yoshlar har xil: ular orasida o`z hayotini xalqqa foyda keltirishga sarflovchi Luqmoncha, Juman, Sangin kabilar, rahbarlikdan boshqa narsani bilmaydigan Pochchayevlar, og`ir sharoitda yo`lini yo`qotgan Beklar bor.
Qurilish rahbari Rahmonqulov ishning ko`zini biladigan odam. U faqat davlat tomonidan berilgan topshiriqni bajarishni o`ylaydi. U rejani topshirishni haqida bosh qotiradi-yu, u rejani amalga oshirayotgan odamlar nazaridan chetga qoladi. Adib Rahmonqulov obrazida sobiq sotsialistik turmush tarzining xos jihatlardan biri - inson omiliga, jamiki moddiy boyliklarni yaratuvchi mehnatkash omma taqdiriga loqayd qarash illatlarini fosh etgan.
Asqad Muxtorning "Chinor" romani 70-yillardagi o`zbek adabiyotida katta voqea bo`lgan. Bu roman ham mafkura ta`sirida yozilgan bo`lsa-da, adibning izlanuvchanligidan, jasoratidan darak beradi. "Chinor" romani ba`zi nuqsonilarga qaramay, o`nlab tillarga tarjima qilindi. Bu roman 1973-yilda O`zbekiston respublikasining Hamza nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
"Chinor"ning bosh g`oyasi hayotning o`tkinchiligini, xalqning manguligini, yaxshilik, oliyjanoblik, ezgulikning abadiyligini ulug`lashdir.
Romanning bosh qahramoni – Ochil buva. Bu obraz ramziy mohiyatga ega. Uning timsolida o`zbek xalqining umumlashgan nuroniy siymosini ko`ramiz.
Asqad Muxtor "Chinor" romaniga "Rivoyatlar, hikoyatlar, qissalar" deb kichik sarlavha qo`ygan. Bu roman besh rivoyat, besh hikoyat, besh qissadan iborat. Ularning hammasi mustaqil. Har bir qissada alohida qahramonlar o`z taqdiri va xarakteriga ega. "Chinor" an`anaviy voqealar romani emas, balki mushohadalar va munozaralar xususidagi asardir. Janr xususiyatiga ko`ra "Chinor"ni falsafiy-lirik roman desa bo`ladi. Asar o`zbek xalqining sobiq sho`ro hokimiyati yillarida bosib o`tgan tarixiy yo`lini realistik lavhalarda tasvirlashga bag`ishlangan.
80-yillarda mamlakatimizda yangi tarixiy sharoit yuzaga keldi. Shu davrda adib "Buxoroning jinko`chalari" qissasini yaratdi.
Bu qissa atoqli davlat arbobi, O`zbekiston xalq komissarlari kengashining birinchi raisi Fayzulla Xo`jayevga bag`ishlangan.
Fayzulla Xo`jayev favqulodda shaxs. U Ubaydulloxo`ja QosimXo`jayev degan savdogar oilasida tug`ilgan. Hatto Ubaydulloxo`janing oltini tufayli Buxoro aqchasining mag`zi but – boshqa podsholiklar singari puch emas. Fayzulla 16 yoshdaligida otasi vafot etib, butun meros unga qoladi. Fayzulla bu pullarni amirlik tuzumiga qarshi ishlatadi; u yashirin tashkilotlarga kiradi, ixtiyoridagi pullarni ozodlik kurashlariga sarflaydi, isyonlar uyushtiradi.
Fayzulla najot yo`lini Buxoroning jinko`chalaridan izlaydi, lekin har gal to`g`ri yo`lni topdim deganda, bu yo`l sarob bo`lib chiqadi. Qissada Fayzullani haqiqat sari eltgan mushkul yo`llar mahorat bilan tasvirlangan. Adib F. Xo`jayev va uning atrofidagilar birlashib, Buxoroning inqilob arafasidagi g`oyat murakkab, pinhoniy oqimlarga boy, ziddiyatlarga to`la tarixiy manzarasini san`atkorona aks ettiradi.
Qissada Fayzullo Xo`jayevning keyingi hayoti qanday kechganligi tasvirlanmagan. Lekin Buxoroning jinko`chalari uni haqiqatning katta yo`liga olib chiqishga ko`mak berganligi realistik lavhalarda ifoda etilgan. Qissadagi voqealar 1917-yildan oldin sodir bo`lgan. Tabiiy, hozirgi davr bilan u vaqtdagi Buxoro orasida juda katta farq, uzoq masofa mavjud. Asqad Muxtor davr ruhiyatini yorqin epizodlarda tasvirlay olgan. Ayniqsa, asarning tili ravon. Yozuvchi o`sha davrga xos so`zlash uslubini, iboralarni, atamalarni chuqur o`rganib, asarda o`rinli qo`llagan. Shuning uchun ham "Buxoroning jinko`chalari" qissasi tarixiy hodisalarga munosabatdagi davr bilan bog`liq ayrim qusurlariga qaramay, badiiy jihatdan ancha barkamol asardir.
Аsqad Muxtorning «Dol Qoya» dostoni xalq ijodidagi «Qaytar dunyo» afsonasini stilizatsiya qilish asosida yaratilgan. Аdabiyotshunos Sh.Hasanovning yozishicha, «shoirning lirik kechinmalari afsona jo`rligida zamondoshlari psixologiyasini ochishga qaratiladi, natijada afsonaning ichki mohiyatidan teran, salmoqdor mazmun chiqariladi». Darhaqiqat, ushbu dostonda ham insoniy qadriyatlar talqiniga bag`ishlangan afsona yordamida falsafiy mazmun kuchaytirilgan. Unda insonning keksayishi – tugun. Boboning Dol Qoyaga nevara tomonidan olib borilishi – kulminatsion nuqta va nevaraning boboni Dol Qoyadan uloqtirmasdan yashirib qo`yishi yechim hisoblanadi.
Аsarning bosh qahramonlari nevara va bobodir. Unda hikoya qilinishicha, nevara keksa bobosini ajdodlar udumiga ko`ra, Dol Qoyadan uloqtirib, o`zi yana qabilasiga qaytishi kerak bo`ladi. Shuning uchun u ming mashaqqat bilan bobosini orqalab, yuqoriga tomon intiladi. Lekin shu damda uning fikri o`zgaradi:
– Bobo, qarang, osmon, xuddi shiysha!
Nahot, qiynamasa bu ranglar sizni?
Nahotki shularni ko`zingiz qiysa?
Yashashni hech istamaysizmi?
Tajohuli orif san`ati orqali ifodalangan bu misralarda nevara bobosini yashashga, hayotdan zavqlanishga chorlaydi. Bobo hayotda e`tiqodli inson bo`lganligi uchun ko`hna udumga qarshi borishni o`ziga isnod deb biladi, lekin nevara boboni odamlardan uzoqda asrashini, asrab-avaylashini aytib, uni ko`ndirishga erishadi.
Dostonda inson qadri yuksak ulug`lanadi va keksalar har doim ham millatning aql-zakovat chirog`i bo`lib kelganliklari bugungi kitobxonga axloqiy mazmunga ega bo`lgan afsona orqali tushuntiriladi. Аyni paytda unda afsonaga xos xayoliy uydirma kuzatiladi:
Derlarki, quyunlar unda sarsari,
Tunlari sharpalar yurarmish.
Mog`oraning zim-ziyo qa`ri
Odamday shivirlar, dam oh urarmish.
Dol Qoyadagi mog`oraning odamday shivirlashi, oh urishi odatiy hol emas. Shu orqali shoir uning xalq tushunchasida shunchaki oddiy qoya emas, balki g`ayrioddiylik kasb etgan makon ekanligiga urg`u beradi. Аyni choqda bu yerda inson o`z ajali bilan dunyodan o`tishi lozimligi, uni qoyadan tashlash xalqimizning islom tarbiyasini olgandan keyingi fe`liga zidligi ifoda etilgan.
Аsarning yana bir muhim jihati shuki, shoir dastlab bosh qahramonga nom bermaydi. Eski udumni buzib, bobosining hayotini saqlab qolgan nevara yillar o`tib el-yurt koriga yaraydigan farzand bo`lib yetishgandan so`ng unga Roston deb ism qo`yadi.
Shoir ezgulik va yovuzlik kurashini jonli aks ettirish maqsadida Rostonga qarshi bo`lgan tantiq shahzoda obrazini olib kirgan. Аsardagi voqealar shu joyda o`z cho`qqisiga erishadi. Chunki Roston shahzodaning kim tong nurini menga ko`rsatsa, uning istagini amalga oshiraman, degan mantiqsiz shartini bajaradi. Shahzoda Rostonning chag`al urug`ini qiz solig`idan ozod qilish haqidagi istagini noiloj qabul qiladi. Sababi, xalqqa nisbatan uning qalbida yovuzlik hukmron edi. Shu bois shahzoda chag`al urug`iga tegishli don-dun, g`aram, omborlarni yoqib yuboradi. Yurtda boshlangan ochlikdan xalqni yana Roston qutqaradi. Natijada shahzodaning chag`al xalqini qulga aylantirishdan iborat xudbinona istagi amalga oshmaydi. Shoir erk hamma davrlarda xalqning azaliy orzusi bo`lib kelganligini, ezgulik kuchlari hamisha g`olib bo`lishini yuqoridagi lavhalar orqali kitobxonga yetkazadi. Bu voqeaning yana bir ibratli jihati shundaki, xalq Rostonga o`z xaloskori sifatida qaraydi va nogahon dunyodan o`tgan yurt oqsoqolining o`rnida yosh Rostonni boshliq etib saylamoqchi bo`ladi. Shundagina u bu martabaga munosib emasligini, azaliy udumga qarshi borib, bobosini Dol Qoyadan tashlab yubormaganini, amalga oshirgan ezgu amallari ortida donishmand bobosi turganligini aytadi. Demak, shoir donishmand bobo obraziga shu jihatdan alohida mazmun yuklaydi.
E`tibor berilsa, doston syujeti afsonaviy voqealarga yo`g`rilganligi bilan nihoyatda ta`sirchanlik kasb etmoqda. Unda garchi bobo qismati obrazlantirilayotgan esa-da, aslida tub mag`zida ko`p asrlik tarixga ega ulug` xalq taqdiri, ruhiy erkinligi masalasi yotadi. Buni baralla aytish mushkul bo`lgan o`tgan asrning 80-yillarida shoirga afsona vosita bo`lib xizmat qildi.
Doston mazmunidan Dol Qoya misolida ko`hna udumlar insonning zavoliga emas, kamoliga xizmat qilishi kerak, degan hayotiy xulosa kelib chiqadi. Umuman, Аsqad Muxtorning «Dol Qoya» dostonida ko`hna afsona mazmuni davr voqealari bilan bog`lab qayta talqin qilingan. Unda afsona mazmuni deyarli o`zgarishsiz, ammo uning shakli batamom o`zgartirilib, stilizatsion folьklorizm yuzaga keltirilgan. Doston chuqur falsafiy-ijtimoiy mazmunga yo`g`rilganligi bilan e`tiborni tortadi va 80-yillar o`zbek adabiyotida dostonning o`ziga xos ko`rinishi sifatida o`rin tutadi.
Asqad Muxtor o`zbek she`riyatiga falsafiy ruh olib kirdi, o`zbek prozasini realistik roman va qissalar bilan boyitdi. Shu ma`noda iste`dodli adib o`z nomini adabiyotimiz sahifalarida yorqin iz qoldirdi.