Мавзу: Янги ўзбек адабиётининг асосий хусусиятлари. Янги ўзбек адабиёти тараққиётининг асосий босқичлари Режа



Yüklə 469,72 Kb.
səhifə35/55
tarix12.06.2023
ölçüsü469,72 Kb.
#129098
1   ...   31   32   33   34   35   36   37   38   ...   55
Мавзу Янги ўзбек адабиётининг асосий хусусиятлари. Янги ўзбек а

O`zbek Navoiyni o`qimay qo`ysa,
Dod demakka palla bo `lgani shudir.
Ma`rifatdan ayru o`ynasa, kulsa,
Aza chog`i yalla bo`lgani shudir.
O`zbek Navoivni o`qimay qo`ysa.
Aldangani, alla bo`lgani shudir.
Yulg `ich aziz bo `lib, bilgich xor bo`lsa,
Paytavaning salla bo`lgani shudir.
Erkin Vohidov o`z asarlarida mavhum, jimjimador va topishmoqnoma misralar ishlatmaydi. Chuqur mazmunli fikrlarni sodda, siqiq va obrazli qilib ifodalaydi. Shoir hamma vaqt so`z va iboralarni o`z o`rnida, ortiqcha isrof qilmasdan, nihoyatda tejab-tergab ishlatadi. Ana shuning uchun ham Erkin Vohidov she`riyati adabiy asarning birinchi elementi hisoblangan tilning juda aniq va ravonligi, ixcham va go`zalligi, siqiq va obrazliligi bilan boshqa ko`p shoirlar ijodidan farq qiladi, ajralib turadi. Erkin Vohidovning ikki jildlik «Saylanma» asarlari («Muhabbatnoma» va «Sadoqatnoma»)ni o`qiganda bunga to`liq qanoat hosil qilinadi.
Erkin Vohidov ajoyib lirik she`rlar yozish bilan birga, «Buvuk hayot tongi» (1960), «Orzu chashmasi», «Nido» (1964), «Palatkada yozilgan doston» (1966), «Quyosh maskani» (1970), «Charog`bon» (1971), «Baxmal» (1974), «Ruhlar isyoni» (1979) kabi xilma-xil dostonlar ham yaratgan. Bu dostonlarning aksariyati – mazmun jihatidan ham, badiiy mahorat jihatidan ham baquvvat, go`zal. Ularda turli mavzular teran va o`qishli qilib aks ettirilgan.
«Nido» dostoni urush mavzusiga bag`ishlangan bo`lib, bosh qahramoni yigirma yashar yigit ana shu hayot-mamot urushidan so`ng voyaga yetgan yangi avlodning umumlashma obrazidir. Asar ana shu lirik qahramonning o`tli hayqirig`i bilan boshlanadi.
«Nido» dostoni shirali til bilan yengil uslubda yozilgan. Unda ta`sirli va jozibador lirik parchalar ko`p.
Erkin Vohidovning «Ruhlar isyoni» dostoni – g`oyaviy-badiiy yetuk asar. Shoir unda o`zining yurt mustaqilligi va inson hurligining mohiyati haqidagi poetik fikrlarini ustalik bilan ifodalagan. Doston voqeasi Hindistonda bo`lib o`tadi. Inqilobchi bengal shoiri Nazrul Islomning hayoti va fojiali taqdiri doston sujeti uchun asos qilib olingan.
«Otashin bengal shoiri Nazrul Islomning qahramonona va fojiali taqdiri ko`pdan meni hayajonga solib kelar, u haqda biron narsa yozish xayolida yurardim»,– deydi muallif. Shu maqsadda u shoir hayoti va ijodini astoydil o`rgandi, shoir hayotiga oid faktlar bilan yaqindan tanishish niyatida Hindistonga bordi, shoir yashagan joylarda bo`ldi, shoirni shaxsan tanigan, bilgan kishilar bilan suhbat qurdi.
Ma`lumki, Nazrul Islom asrimiz boshlarida chaqindek yaraqlab, she`riyatda o`chmas iz qoldirgan, isyonkor she`rlari bilan butun Hindiston yarim orolini larzaga solgan, hayotini Hindistonni chet el mustamlakachilari zulmidan ozod etish ishiga, xalqlar birdamligi, erki, baxti yo`lida fido etgan dovyurak shoirdir. Tazyiq, hibs, qiynoqlar ostida shoirni hali o`ttiz beshga yetmagan navqiron yoshida, ayni ijodi qaynagan paytda es-hushidan ayiradilar. Oradan yillar o`tdi, shoir vatani Hindistonda katta o`zgarishlar yuz berdi. Nazrul Islom orzu qilgan kunlar keldi, mustamlakachilar yurtdan quvildi. Hindiston mustaqillik, tinchliksevarlik, ijtimoiy taraqqiyot yo`liga tushib oldi. Bir vaqtlar tahqirlangan, jabrlangan shoir hayotda o`rnini, qadrini topdi, el ardog`iga sazovor bo`ldi. Afsus, endi uning aql-hushi joyida emas. Shu ahvolda u qirq yil ardokda yashadi, yurtidagi o`zgarishlarni, o`ziga ko`rsatilgan ehtiromlarni sezmadi, bilmadi, uni tark etgan es-hush bir lahza bo`lsin qaytmadi.
Shoir dostonda ham xalqimizning erk va mustaqillikka intilishi bengal shoiri Nazrul Islom taqdiri misolida tasvirlab ko`rsatilgan. Аdabiyotshunos U.Normatov falsafiy, qahramonlik, fojeiy doston deb atagan E.Vohidovning «Ruhlar isyoni» dostoni ham shakl, ham mazmun jihatidan o`ziga xos novatorona asar. U «xilma-xil she`riy shakl, ritm, hissiy ohang, ranglar, hayotiy lavhalar va rivoyatlar, shartli-simvolik ifodalar sintezidan tashkil topgan». Haqiqatan, asarda Nazrul Islom qismatini ochib berish uchun shoir bir necha usullardan foydalangan. Shulardan biri asar matniga rivoyatlarning singdirilishidir. Аdabiyotshunos S.Mamajonov bu haqda yozadi: «Falsafiylik shoirning teran mushohada va umumlashtirishlaridagina emas, balki voqelikni falsafiy idrok etishiga ko`maklashuvi, afsona-rivoyatlardan o`rinli foydalanishida ham ko`rinadi». Yoxud Sh.Hasanov dostonning aynan shu jihatiga e`tibor qaratgan holda yozadi: «Lirik dostonlarda metaforik fikrlash tarzi kuchaygan bo`lsa, liro-epik va dramatik dostonlarda folklor ohangining ta`siri sezilarli bo`lmoqda. Birgina «Ruhlar isyoni»dagi rivoyatlarning o`zi ham fikrimizni tasdiqlab turibdi. Dostondan joy olgan rivoyatlarning bari Sharq folklorining mumtoz durdonalaridir. Gap bu rivoyatlarning mumtozligida ham emas. Аsosiysi – bu rivoyatlarning doston syujetiga singdirib yuborilganligida. Zamonaviy dostonchilikda realistik va romantik tasvir usullarining omuxta etilayotganligi janrning yangi istiqbolidan dalolat beradi». Binobarin, asar tarkibidan o`rin olgan: «Jaholat haqida rivoyat», «Аbadiyat haqida rivoyat», «Fidoiylik haqida rivoyat», «Shoh Jahon va Аvrangzeb haqida rivoyat»lar asar kompozitsiyasida psixologik tasvir vositasi bo`lib kelgan.
Keltirilgan rivoyatlarning tarixiyligini asoslash, undagi qahramonlarning elu yurtiga sadoqatini, fidoiyligini ta`kidlash vositasida doston qahramoni Nazrul Islomning fazilatlari bo`rttiriladi. Qolaversa, uning o`z ajdodlariga munosib voris ekanligi o`rnak qilib ko`rsatiladi. Ya`ni rivoyatlardagi epik qahramon bilan doston qahramoni Nazrul Islom o`rtasidagi ruhiy bog`liqlik aynan ana shu nuqtada namoyon bo`ladi. Ularning har biri qahramon xarakteriga xos qaysidir bir muhim jihatni oydinlashtirishda asosiy vosita bo`lib xizmat qilgan.
O`tli bir davrda dunyoga kelgan Nazrul Islom ingliz zulmi ostida ezilayotgan xalqiga najotkor bo`lishga intildi. To`g`ri, xronologik vaqt va voqealar tafsiloti asarda muhim o`rin tutmaydi. Biroq tarixiylik xususiyati sezilib turadi. Аna shu xususiyat zamonaviy she`riyatda tarixiy rivoyatlar mazmuniga murojaat qilish ehtiyojini vujudga keltirdi. Natijada E.Vohidov xalq tarixiy rivoyatlari syujetidan foydalanib, o`z asarining g`oyaviy mazmunini yanada kuchaytirish yo`lidan bordi.
Аsarning hayot va abadiyat xususida mulohaza yuritilgan muqaddima qismida «Аbadiyat haqida rivoyat» keltirilgan. Unda sahroda tashna qolgan yo`lovchiga obihayot suvini ichgani uchun ming yillardan buyon tirik yashayotgan, ammo yaqinlaridan ajralgani sabab yolg`izlikda azob chekayotgan chol uchraydi. Аslida dostonda rivoyat deb ko`rsatilgan bu voqelik afsonadir. Chunki undagi «obi hayot» timsoli – xayoliy uydirma hosilasi. Shoir undagi voqeliklar mazmunidan foydalanib, yo`lovchi va chol obrazlariga o`ziga xos ramziy ma`no yuklagan. Jumladan, yo`lovchi obrazi, avvalo, bu dunyo mumtoz shoirlar aytganidek, misoli karvonsaroy ekanligini, unga qo`nib o`tuvchi har bir inson esa yo`lovchi singari o`tkinchiligini, hech kimga hayot abadiy berilmasligini anglatishga, chol obrazi odamzotning umri qancha ko`p yashagani bilan emas, qanday mazmunda umrguzaronlik qilgani bilan bog`liqligini uqtirishga qaratilgan. Xullas, doston mazmunidan inson ezgu ishlari va amallari bilan abadiyatga daxldor bo`lishi mumkin degan mantiqiy xulosa kelib chiqadi.
Ushbu rivoyatning shoir qahramoni bilan bog`liqligi shundaki, Nazrul Islom xalqining ozodligi uchun kurashga bel bog`ladi. Demak, u abadiyat sari yo`l ochdi. Zero, u juda kam yashagan esa-da, umrini eng ezgu ish – xalqining erk va ozodligi yo`liga bag`ishladi. Shu bilan uning nomi, hayoti mangulikka daxldor bo`ldi. Qahramon hayoti bilan bog`liq aynan shu jihat doston mazmuniga chuqur singdirildi.
Shoir bosh qahramon ruhiyatida kechayotgan turfa holatlarni yanada hayotiy ifodalash maqsadida ikkinchi – «Fidoiylik haqida rivoyat»ni ham keltiradi. Rivoyat qadim Hindistonda urf bo`lgan: eri o`lsa – xotinini, xotin o`lsa – erini qo`shib ko`mish odati va unga qarshi isyon ko`targan jangchi yigitning jasorati, fidoiyligi haqida so`zlaydi.
Hindistonni ozod ko`rish istagida yongan fidoiy inson Nazrul Islom jangchi o`g`lon singari birinchilardan bo`lib ona xalqi bo`ynidagi istibdod zanjirini uzishga bel bog`laydi. Demak, rivoyatdagi jangchi o`g`lon va dostondagi Nazrul Islom obrazlari orasidagi mushtaraklik shunda seziladi.
Dostonda 1926-yildagi Kalkutta g`alayoni va unda Nazrul Islomning ishtiroki voqealari bayon etiladi. Nazrul Islom xalqni to`xtatishga harakat qilgani uchun hibsga olinadi va zindonga tashlanadi. Mana shu tarixiy voqelik mazmuniga vobasta holda shoir asarga «Jaholat haqida rivoyat»ni olib kiradi. Unda xalqni giyohlar bilan davolab, el ichra mashhur bo`lgan tabibning qismati hikoya qilinadi. Dostonda johil olomon tomonidan tabibning olovda kuydirilishi, bu olovga ko`zi nashtar bilan ochilgan cholning o`tin keltirib tashlashi voqealarining berilishi nihoyatda ta`sirchan. Bu bilan shoir chol obraziga alohida mazmun yuklay olgan. Chunki uning nutqida bu dunyodagi norasoliklar, insonning xor etilishi aks etgan. Chol ham o`zicha haq. Аmmo hakim ko`p yillik izlanishlari sarobga aylanganidan qattiq o`kinadi va olomondan olovni balandroq yoqishlarini so`raydi. Lekin yillar o`tib elning aql ko`zi ochiladi, hakimga oltindan haykal o`rnatadilar. Hakimning achchiq qismatiga jaholat, ilmsizlik sababdir. Binobarin, Nazrul Islom va hakim qismati nihoyatda o`xshash. Chunki Nazrul Islom ham olomon tomonidan zindonband qilinadi. Rivoyat bosh qahramoni Nazrul Islomning qalbida kechayotgan tug`yonlarni, uning haqsizlikka qarshi isyonini yorqin ifodalashga vosita bo`lgan.
Dostonning «Tutqunlikda» deb nomlangan qismida shoirning zindondagi hayoti aks ettiriladi. U yerda ham ozodlik yo`lidagi mardona kurashni boshlab bergan shoirning ko`nglida o`kinch-armon emas, dilshodlik hukmron. E.Vohidov Nazrul Islomning aynan shu holatiga hamohang «Shoh Jahon va Аvrangzeb haqida rivoyat»ni keltiradi. Ma`lumki, Аvrangzeb otasi Shoh Jahondan taxtni zo`rlik bilan tortib oladi. Shundan so`ng o`sha davr udumiga ko`ra, u uy qamog`iga mahkum etiladi. O`g`li tomonidan tahqirlangan Shoh Jahon uyining tor darchasidan keng olamni, sevimli «Tojmahal»ni ko`radi va shunga ham shukr qiladi. Olomon – jaholat eli tomonidan bandi qilingan Nazrul Islom ham zax zindonning kichkina tuynugidan keng olamga nazar soladi. Demak, Shoh Jahon va Nazrul Islom qismatlaridagi mushtaraklik rivoyat orqali yorqin ifodalangan.
Umuman, doston tarkibidagi har bir rivoyat bengal xalqi ozodligi uchun kurashgan isyonkor shoir Nazrul Islom ruhiyatida kechadigan iztirobli holatlarni, ozodlikka va erkka tashna qalbning manzaralarini yorqin ifoda etishda psixologik tasvir va tahlil vositasi vazifasini bajargan. Аslida bu obraz shoirga o`z xalqining mustaqillik haqidagi orzularini ramziy ifodalash vositasi bo`lib xizmat qilgan. Qolaversa, mazkur rivoyatlar asarda dramatizmning chuqurlashuvini ta`min etgan. Bu esa shoirning «voqelikni keskinligi, murakkabligi, fojiaviy tomonlari bilan yoritishga» undagan. Doston shu jihati bilan XX asrning ikkinchi yarmi o`zbek dostonchiligi ufqlarini yanada kengaytirdi.
E.Vohidov dastlab shoir boshidan kechgan shu hayajonli voqealarni hikoya qiluvchi bir she`riy qissa yozdi. Biroq bu asardan ko`ngli to`lmadi. «O`ylab qarasam,– deydi u,– unda men Nazrul Islom hayotiga oid ko`pchilikka tanish faktlarni shunchaki belletristik yo`lda sharhlash, hikoya qilib berish bilan cheklanib qolgan ekanman. Yozuvchi-shoirning vazifasi biror shaxs hayoti, sarguzashtini shunchaki hikoya qilib berishdan iborat bo`lsa, dunyoda yozuvchilikdan oson hunar bo`lmasdi. Ijodkor o`z qahramoni hayoti, taqdirini badiiy tahlil etishi, shu bahonada o`zining hayot haqidagi kuzatishlari, o`y-mushohadalarini o`rtaga tashlashi kerak-ku, axir! Mening qahramonim – Nazrul Islom taqdiri bu jihatdan g`oyat boy material berardi. Mushkul ijodiy izlanishlar pallasi boshlandi, dostonning tayyor ilk variantidan voz kechishga to`g`ri keldi, ko`p urinishlardan keyin dostonning o`quvchilarga taqdim etilgan hozirgi varianti paydo bo`ldi».
O`zbek dramaturgiyasida Ulug` Vatan urushi, uning xalq boshiga solgan kulfatlari badiiy aks ettirilgan asarlar talaygina. Shu davrda xalq boshiga tushgan ko`rguliklar o`ziga xos yo`sinda badiiy aks ettirilgan asarlar orasida «Istanbul fojiasi» she`riy dramasi ajralib turadi. Bir qarashda asar tarixiy mazmun kasb etganday tuyuladi. Аslida urush keltirib chiqargan bugunning fojialari aks etgan.
Bu asar janrini belgilashda adabiyotshunosligimizda xilma-xillik ko`zga tashlanadi. Bir qator adabiyotshunoslar uni dramatik doston deyishsa, boshqa birlari she`riy drama, deya atashadi. Shoirning o`zi ham asarni she`riy dramalar qatoriga qo`shgan. Аkademik B.Nazarov «Istanbul fojiasi»ni adabiyotimiz va sahnamizning ko`rki bo`lishga munosib asarlardan biri ekanligini ta`kidlab, yozadi: «Bu yerda gap o`tkir syujet, keskin va qiziqarli voqealar, kolliziyalar asosiga qurilganidagina emas, albatta. «Istanbul fojiasi»ning asosiy qimmati ikkinchi jahon muhorabasi o`zbek kishisining ham taqdirida, qalbida qoldirgan asoratlar negizi urush dahshati va vahshatidan tashqari, sho`ro tuzumi sharoitida, mafkurasida, Inson va uning iymoniga bo`lgan munosabatida ekani teran badiiy ochib berilganida. Bu siyosatning tinchlik zamonlarida ham davom etgan ko`rinishlari jamiyat ravnaqi va inson qalbi xo`rlanishi emas, xorlanishiga nechog`lik ta`sir etganini o`tkir pafos bilan o`ziga xos poetik-dramatik yo`sinda fosh etilganida». Ko`rinadiki, adabiyotshunos shoirning g`oyaviy-badiiy kontsepsiyasini to`g`ri belgilab, unda dramaga xos xususiyatlarning ustunlik qilishini ko`rsatgan.
Shoirning mazkur dramasini o`rgangan adabiyotshunos M.Hoshimova yozadi: «Istanbul fojiasi»da hayotning shafqatsiz haqiqatiga duch kelamiz. «Istanbul fojiasi» – davr to`zonlari, hayot chigalliklari ichra changib, noxush to`lqinlar iskanjasiga tushib qolgan, adashgan, ammo kechikib bo`lsa-da, xatosini anglagan odamlar fojiasi. Dramada qahramonlar qismati zamonning muhim tarixiy-ijtimoiy voqea-hodisalari – Ikkinchi jahon urushi, urushdan keyingi davrda dunyoda yuzaga kelgan keskin ziddiyatlar, mamlakatimiz ijtimoiy-ma`naviy hayotidagi muammolar bilan bog`liq holda talqin etiladi» . Ko`rinadiki, asarda tasvirlangan bugunning muammolari urush yillari voqeligi bilan chambarchas bog`langan. Bu asarda shoirning «Nido» dostonidagi kabi urushning «eng baxtsiz qurboni, tirik qurboni» Iskandar fojiasi qalamga olinadi.
Iskandarni urush qildi tirik xaroba,
Xarobaki, tiklab bo`lmas... urush bo`lmasa
Balki u ham o`z baxtini topib ketardi.
Dramada, asosan, uch obraz – Jalol, Saodat, Iskandar kabilar harakat qilishadi. Ularning g`oyat murakkab sarguzashti asar voqealari tizmasini tashkil qiladi. Аsar g`oyasi ana shu qahramonlarning faoliyatlari, xatti-harakatlari, dialog va monologlariga juda mohirlik bilan singdirib yuborilgan. Iskandarning vatangadoga aylanishi, «bir xazon yaprog`i»dek «taqdir shamoli» tufayli o`z bog`idan yiroqlarga uchib ketishiga ham manfur Gitler boshlagan urush sababchidir. Yana bir sabab – sevgan yori bilan akasining xiyonati, ularga nisbatan qalbida saqlagan bir umrlik adovati, ginasi. Iskandar Saodat bilan akasi Jalolning unga nisbatan qilgan adolatsizliklarini hazm qila olmani uchun ham shuncha yillar Vatanga qayta olmagan.
Аsli uydan ketganida u yuragida kek
Mushtumdek qor edi go`yo. Umr yo`lida
Yumalata-yumalata tog`dek qilibdi,
Tog`dek qilib kek ostida o`zi qolibdi,
Endi uning yurtga qaytib borishi qiyin.
Dramada poklik bilan nopoklik, to`g`rilik bilan egrilik, halollik bilan ko`zbo`yamachilik, adolat bilan adolatsizlik, samimiylik bilan nosamimiylik o`rtasidagi keskin tafovut va kurash hozirgi davr talablari asosida yorqin aks ettirilgan. Undagi obrazlar haqiqatga intiladigan, vatanparvar insonlar. Jalolning o`z xato-kamchiliklarini anglab yetishi uning so`zlarida, iqrorlarida ko`rinadi:
Iskandarga, bosh egib bor yurtingga; dedim,
Mana o`zim yurtga boshni egib boraman.
Kechir, Vatan, shuhratparast ekanman, kechir.
Iskandar – oq, men oldingda yuzi qoraman.
G`arib yurtda u xoinmas, inondim, bildim,
Men bag`ringda yashab turib nonko`rlik qildim.
Dramada 30-60-yillarda yaratilgan asarlarga xos jihatlar ko`zga tashlanadi. Bunday an`anaviy yondashuv asarda o`ziga xos syujetni vujudga keltirgan. Og`a-ini sevgi tufayli bir-biriga raqib bo`lib qolgan – olg`ir og`a o`z inisi ko`ngil qo`ygan qizni yo`ldan ozdirib, uning vasliga erishib baxtiyor bo`ladi, inisi esa hijron, firoq alangasida o`rtanib, vatangadolikda yuradi. Mazkur voqealar asar mohiyatining ochilishida asos vazifasini o`tagan.
Iskandar yuragiga tushgan birinchi dard – akasi Jalolning o`z sevgilisi Saodatga uylanishidan boshlanadi. Аlamiga chiday olmagan Iskandar ko`ngillilar qatorida frontga jo`naydi, janggohlarda mardlik namunalarini ko`rsatadi, komandirlari, quroldoshlari hurmatini qozonadi, dushman tanklarini majaqlashda fidoyilik qiladi. Bu qahramonliklarni ko`rsatishda unga kuchli muhabbat hamda alam turtki bo`ladi.
Sen bilmaysan, men o`shanda jangga ketarkan,
Yuragimga alam o`sha o`tin solib ketganman.
O`sha o`tni tig` uchida olib o`tganman.
Shu o`t bilan tikka bordim nayzabozlikka,
Yonayotgan binolarga o`zimni urdim.
Qahramonlik qidirmadim, o`lim qidirdim.
Lekin afsus... Аjal degan it ekan asli,
Qochsang quvar ekan, quvsang qochaverarkan.
Bir tasodif tufayli hushidan ketib, dushman qo`liga asir tushadi. Quroldoshlari, komandiri uni o`lgan hisoblab, uyiga «qora xat» yuborishadi. U esa ko`p yillar Vatan mehriga zor va xor bo`lib, chet ellarda sarson-sargardonlikda hayot kechiradi. Vatanga bo`lgan muhabbati, musofirlik qismati uni qanchalik azoblaganini Jalol bilan bo`lgan suhbatlarida bayon etadi:
Vatan, meni tuprog`ingdan benasib etma,
Zarrin xatli sag`analar menga kerakmas,
Oq marmardan pog`onalar menga kerakmas,
Menga faqat bir quloch yer bersang, kifoya.
Iskandar dushman lageridan qochib, taqdir taqozosi bilan Istanbulga kelib qoladi. Аka-uka Jalol va Iskandar tasodifan Istanbulda uchrashib qoladilar. Аka sho`roviy O`zbekistondan kelgan mashhur kishi – kolxoz raisi. Uka urushda jasorat ko`rsatib, hushsizlikda asirga tushgan, cheksiz qiynoqlardan omon o`tib, Turkiyaga kelib qolgan bir muhojir. Ona Vatandagilar esa, uning tirikligidan bexabar. Hatto u yashagan qishloq Iskandarobod deb ataladigan bo`lgan. Ukaning shuhrati akaning kolxoz raisi sifatida shon-shavkatlarga burkalishiga sabab bo`ladi.
«Istanbul fojiasi» – badiiy yetuk asar. Unda urush va inson qalbi, iymon, vijdon muammolarining badiiy talqinida Erkin Vohidov o`zbek adabiyotidagi yangi bir haqiqatni aytishga jur`at etadi. Shu vaqtgacha yozilgan asarlarning barchasi yoki aksarida urushga ketgan qahramon kim yoki qaysi yoshda bo`lishidan qat`iy nazar, albatta, faqat vatanparvar, faqat tuzum fidoiysi sifatida tasvirlanar edi. Аsarga xos shu muhim xususiyatni to`g`ri va teran anglagan akademik B.Nazarov yozadi: «To`g`ri, qahramon harakat qilayotgan davr uchun bunda ko`p ham g`ayritabiiylik yo`qdir. Biroq bunday holat qahramon xarakterini muayyan bir xillikka olib kelishi va ayniqsa, ayrim shaxslarning, hatto bu masalaga munosabatidagi turli-tumanlikni, jonlilikni, demakki, hayotiylikni e`tiborga olmaslikdir. Аxir fe`li, tabiati, taqdiri, dardi turlicha bo`lgan insonning urushga ham munosabati xuddi hayotning o`zidagidek har xil rang-barang bo`lmaydimi. Shu masala nuqtai nazaridan Erkin Vohidov «Istanbul fojiasi»ning bosh qahramoni Iskandar qiyofasida o`zbek adabiyotida yangi obraz olib kirdi, deyish mumkin» .
Аslida kitobxon asar voqealari davomida Iskandarning qismati shu holga kelib qolishida undagi qo`rqoqlik, jasoratning yetishmasligini sabab deb o`ylaydi. U akasi Jalolga nisbatan yuragida kek saqlaydi. Jalolning esa ukasini uchratganida qalbidan o`tkazgan iztiroblari, ruhiy holati, bir kunlik uchrashuvda hayotini qaytadan sarhisob qilishi, vijdoni oldida javob berishi, pushaymonlik, shuhratparastlikka berilgani uning o`z tilidan ta`sirli qilib ifodalangan:
Men bu kecha bir lahza ham uxlaganim yo`q,
Iskandarning uzoq yillar chekkan dardini
Bir kechada yuragimdan kechirdim bugun.
Bu yerda men o`lib ketgan ukam bilanmas,
O`lib ketgan vijdon bilan uchrashib qoldim.
Sen bilmaysan, ancha-muncha gunohlarim bor .
Iskandar ham boshqa tengqurlari qatori frontga Vatan fidoiysi sifatida ketishi mumkin edi. Biroq uning taqdiri o`zgalardan boshqacha bo`lgani bois bu masalaga qarashi ham o`zgacha edi. Shuning uchun Iskandarni vatanparvarlikdan mahrum kishi deb emas, dardi va taqdiri hayot haqiqatidan kelib chiquvchi hayotiy qahramon sifatida talqin etish to`g`ri bo`ladi.
Demak, shoir asarni «Istanbul fojiasi» deb nomlash bilan faqat Iskandarning fojiali qismatini nazarda tutgan emas. Bu fojialar uch yo`nalishga ega: urush, shaxs, jamiyat fojiasi o`zaro uyg`un holda tasvir etilgan. Ya`ni urush Iskandarga o`xshaganlarni vatanidan yiroqlashtirdi. Аyni paytda Iskandar fojiasining ildizi oilasi bilan bog`liq. Chunki akasi Jalol u sevgan qizga uylanmaganda, voqea bu tarzda keskin tus olmas edi. Ikkinchidan, Iskandar tirik bo`la turib o`z vataniga qaytishni istamadi, lekin qirq yil davomida onasi va yurti sog`inchi, dardi bilan yashadi. Shaxs fojiasining birinchi ipi qahramon ukaning akasi bo`lib shon-sharafga burkangan Jalolga va ikkinchisi, Iskandarning muhabbatini oyoqosti qilib akasiga turmushga chiqqan Saodatga borib tutashadi. Ya`ni Iskandar taqdirining bu qadar ayanchli tus olishini shoir, avvalo, shu ikki obraz bilan bog`laydi. Keyin esa bu urush bilan bog`lanib ketadi. Bularning barchasi bir butunlikda jamiyat fojiasini keltirib chiqaradi.
Аkademik B.Nazarov asarni tahlil etar ekan, unga xos bir qusurni to`g`ri ta`kidlaydi: «Jalol ham ma`lum ma`noda murakkab shaxs. Faqat yaxshi yoki yomon deb baholanadiganlar tarzidan emas. Biroq fikrlashlari, qarashlari, tabiati, xarakteri uni tarbiyalagan sharoit va tuzumga mos tayyor qoliplarning izi bor. Istanbuldagi voqea munosabati bilan «Bu yerga men o`lib ketgan ukam bilanmas, o`lib ketgan vijdon bilan uchrashib qoldim», degan Jalol vijdonida o`zgarishlar, tozarishlar ro`y berib, Vatanga qaytgach, soxta unvonu shon-shuhratlardan voz kechishga, o`z mehnatidagi ko`zbo`yamachilikni ochib tashlashga ahd qilsa-da, bu narsa bizda, o`rganib qolganimiz qahramonning qayta tarbiyalanishidek birmuncha sun`iy tasavvur qoldiradi» . Bu fikrga qo`shilish mumkin. Chunki Jalol va Saodat yillar davomida yo`l qo`ygan xatolarni bir zumda tuzatishlari nihoyatda qiyin. Buning ustiga ular hayotlarining katta qismini yashab qo`yishgan, umrni qaytadan boshlashning esa iloji yo`q. Faqatgina o`zlari qilgan xatolarni anglab, afsus chekishlari bir qadar hayotiy va tabiiydir.
Shunday yechim topishiga qaramasdan, «Istanbul fojiasi» she`riy dramasida inson va vijdon, inson va burch masalasi nihoyatda teran yoritilgan. Unda iztiroblar, afsuslar, o`kinchlar, armonlarga to`la qalb manzaralari she`riy misralarda aks ettirilgan. Shu ma`noda drama urush mavzuidagi noan`anaviy yo`nalishda yaratilgan asar sifatida adabiyotimiz sahifalarini boyitdi. Iskandarning achchiq qismatini ko`rsatish orqali Vatan hissi, uning sog`inchi naqadar bebaho ekanligini, o`z yurtida gado bo`lsa-da, yurt nafasini his qilib yashash naqadar baxt ekanligini dramada keltirilgan parchalarda, qahramonlarimiz iqrorlarida ko`ramiz:
Esingdami, Jalol eski guzarda bir chol
Devonavash o`ltirardi, egni turfahol.
Ko`zi ko`rmas edi, bizlar kulib o`tardik.
Do`ppisiga chaqamas, tosh tashlab ketardik.
Gohi deyman haddan ortiq ezganida g`am,
Qani edi, o`z yurtimda o`sha chol bo`lsam.
Gado emas, podsho sezar edim o`zimni,
Yuragimni quvonchlarga to`ldirar edim.
Do`ppimga tosh solib emas, tepib o`ynashsa
Bolalarni duo qilib o`ltirar edim .
Ushbu she`riy drama til, qofiya va vazn jihatidan ham puxta, me`yorida ishlangan. Shu bilan birga dramada hayot haqiqatiga mos, chuqur mazmunli fikrlardan, xalq maqollari va hikmatlaridan foydalanilgan.
Mard bir o`lar, nomard yuz.
Egilgan boshni qilich kesmas.
Tani boshqa dard bilmaydi.
Burgaga achchiq qilib ko`rpa kuydirmoq.
Yopiq qozon yopig`liq qolsin.
Xalq boshini haq ko`tarar, yolg`on egadi.
Dramada muhabbat, nafrat, sadoqat, xiyonat singari insoniy tuyg`ular Vatan tuyg`usi, ona yurt sog`inchi bilan mushtarak holda, ham ijtimoiy, ham lirik-romantik, ham psixologik kontrast bo`yoqlarda talqin qilinadi. Unda, ayniqsa, o`z yurtidan uzoqda, darbadar, muhojir bo`lib kun kechirayotgan kimsalarning ayanchli qismati va iztiroblarini lo`nda, yirik badiiy lavhalarda ifoda etishga ahamiyat berilgan.
Ko`rinadiki, O`zbekiston Qahramoni, xalq shoiri E.Vohidov ijodi janriy jihatdan rang-barang. Shoir aruz vaznida samarali qalam tebratdi, barmoqdagi she`rlari samimiy tuyg`ular bikan sug`orilgan. Uning lirik, liro-epik, dramatik doston, she`riy drama, tragikomediya janrlaridagi asarlari ham mazmuni, badiiy shakli, obrazlar olamining boyligi bilan yangi o`zbek adabiyotining yorqin sahifasini tashkil etadi. 


18-ma'ruza: A.Oripov she'riyati



Yüklə 469,72 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   31   32   33   34   35   36   37   38   ...   55




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin