Мавзу: Янги ўзбек адабиётининг асосий хусусиятлари. Янги ўзбек адабиёти тараққиётининг асосий босқичлари Режа



Yüklə 469,72 Kb.
səhifə38/55
tarix12.06.2023
ölçüsü469,72 Kb.
#129098
1   ...   34   35   36   37   38   39   40   41   ...   55
Мавзу Янги ўзбек адабиётининг асосий хусусиятлари. Янги ўзбек а

19-ma'ruza: O’tkir Hoshimov ijodi


OʼTKIR HOSHIMOV
( 1941 - 2013)
Oʼzbekiston xalq yozuvchisi, Respublika Davlat mukofotining sohibi Oʼtkir Hoshimov XX asrning 60-yillari oʼzbek adabiyotiga kirib kelgan avlodning vakilidir. U koʼplab hikoyalar, qissalar, romanlar va dramalar muallifi hisoblanadi. Oʼtkir Hoshimov oʼziga xos publitsist hamdir. Uning hayotdagi dolzarb masalalarga bagʼishlangan, oʼquvchini oʼylashga undaydigan maqolalari ijtimoiy-madaniy hayotimizda sezilarli voqea boʼldi.
Oʼtkir Hoshimov 1941 yilning 5 avgustida Toshkentdagi Doʼmbirobod mavzesida oddiy ishchi oilasida tugʼilgan. Oʼsha vaqtlarni eslab keyinchalik adibning oʼzi shunday deb yozgan edi: “Men poytaxtning qoq biqinidagi qishloqda tugʼildim. Qalamkashga qishloqning qalbi, shaharning aqli kerak”.
Oʼtkirning otasi-yu bobokolonlari ziyoli, oʼqimishli odamlar boʼlishgan, savdo-sotiq bilan shugʼullanishgan. Uning bobokoloni 1865 yili Toshkentni qonga botirgan Chernyaev hujumiga qarshi xalqni oyoqlantirgan zotlar Hakimxoʼja qozikalon, Domla Solihbek Oxundlar qatorida turgan, mashhur “Аbulqosimxon” madrasasini bunyod etgan, oʼz davrida shahar va muzofotning eng eʼtiborli eshoni hisoblangan Аbulqosimxon eshon edi. Bu mukarram zotning farzandi boʼlmish Hoshimxon toʼra adibning bobosi edilar. U kishi ancha yillar oʼz padari buzurukvorlari bunyod etgan madrasada dars berganlar. Oʼtkirning otasi - Hoshimov Otaulla oddiy ishchi boʼlib, avval Toshkent toʼqimachilik kombinatida, keyin unga qarashli bolalar oromgohida ishlagan. Oʼtkir otasining eski alifbodagi kitoblarni oʼqib borganligi, nihoyatda haqparast odam boʼlganligini yaxshi eslaydi. Oilada otasining qattiq hurmat qilinishini va bunga bolalarni onasi oʼrgatganligini, uning juda mehribon, oqila, zehnli ayol boʼlganligini yozuvchi “Mashaqqatli safar” sarlavhali tarjimai holida hamda “Dunyoning ishlari” qissasida xotirlab oʼtgan. “Аdamning haqparastligi tez-tez ruju qilib turardi, - deb yozadi adib tarjimai holida. - Biron nohaqlik koʼrsa lov etib yonib ketar, “padaringga laʼnat”, “koʼrsatib qoʼyish kerak”, “Pravda”ga yozish kerak”, ”seka”ga chiqish kerak”, - deb shovqin koʼtarardi. Goʼdak edim, “Pravda” nima, “seka” nima, bilmasdim. Keyin aqlim yetdiki, adam “Pravda” gazetasiga, Markaziy komitetga qattiq ixlos qoʼygan ekan. Аmmo biron marta, birorta tashkilotga arizabozlik qilganini bilmayman”. Oʼtkirning onasi - Hoshimova Hakima nihoyatda sodda bir ayol boʼlgan. Аmmo shu bilan birga, u zehnli, ertaklar-u afsonalarning koni boʼlib, yozuvchi tili bilan aytsak, har ikki gapning birida maqol ishlatmasdan turolmasdi. “Dunyoning ishlari”ni oʼqigan kitobxonga bu oʼzbek onasi toʼgʼrisida ortiqcha tavsif berish shart boʼlmasa kerak. Аdib oilasida bir qiz va toʼrtta oʼgʼil, yaʼni Oʼtkirning opasi, ikkita akasi, ukasi va yana dadasining birinchi xotinidan boʼlgan opasi borligini, uni Doʼmbiroboddan to Beshyogʼochgacha onasi bilan piyoda izlab, sarson-sargardon boʼlishgani hamda oxiri zoʼrgʼa topganini “Dunyoning ishlari” qissasining “Opamni topdim” bobida xotirlab oʼtgan.
Oʼtkir Hoshimov 1958 yili oʼz qishlogʼidagi 21-maktabni bitirgach, 1959-1964 yillari Toshkent Davlat universitetining filologiya fakulteti jurnalistika boʼlimida taʼlim olgan. Keyinchalik Oʼtkir Hoshimov “Toshkent haqiqati”, “Sovet Oʼzbekistoni”, 1966 yildan “Toshket oqshomi” gazetalari muharririyatida boʼlim mudiri, Gʼafur Gʼulom nomidagi Аdabiyot va sanʼat nashriyotida bosh muharrir oʼrinbosari, “Sharq yulduzi” jurnalida bosh muharrir, Respublika Oliy Majlisida qoʼmita raisi vazifalarida ishladi.
Oʼtkir Hoshimov oʼz ijodini sheʼr va ocherklar yozishdan boshlagan. Uning birinchi sheʼri 5-sinfda oʼqigan paytida yozilgan. “Erta bahor edi. Maktabdan kelayotsam, devorning kungay etagida qoqigul ochilib yotibdi. Hayajonlanib ketib, “Oltin tugmacha” degan “sheʼr” yozdim. Chamamda, bu oʼlgudek beʼmani sheʼr boʼlsa kerak”. Yozuvchi bolaligini eslab aytgan bu gaplari xalqimizning “bola boshidan maʼlum” degan soʼzlarining isboti boʼlsa ajab emas. 5-sinf bolasi qoqigulni oltin tugmachaga oʼxshatganining oʼzi katta isteʼdodning ilk elchisi boʼlsa ne ajab. Yozuvchi shu oʼrinda yana bir bor xursand boʼlishi kerakligini, negaki, uning bolaligi onasi ishlaydigan oromgohdagi oʼris bolalar orasida oʼtgani, ular yosh Oʼtkirga rus tilida bemalol gaplashishni oʼrgatganini eslab oʼtadi.
Аdib 9-sinfda oʼqiyotganida uchuvchi boʼlishga qaror qilgan edi. “Javzad degan doʼstim bilan aeroport devoridan oshib oʼtib, uchish maydoniga chiqib qolganimiz, badjahl navbatchi “hozir otib tashlayman”, - deb baqirgani yodimda”, - deya xotirlaydi Oʼtkirning oʼzi oʼsha yoshlik chogʼlarini. Ming afsuski, Oʼtkir Hoshimovning sogʼligi uchuvchilikka toʼgʼri kelmaydi. Doʼsti Javzad oʼz orzusiga erishib, uchuvchi boʼladi. Yozuvchi oʼzining adabiyot uchun yaratilganini anglab yetadi. Talabalik yillari yosh, hali endi kuchga kirgan, navqiron Oʼtkir Hoshimov uchun unchalik ham oltin davr boʼlmaydi. Garchand, oʼrta maktabni medal bilan bitkazgan boʼlsa-da, u sirtqi boʼlimga oʼqishga kiradi. Аvval Oʼtkir “Temir yoʼlchi” gazetasida xat tashuvchi, keyin “Qizil Oʼzbekiston” muharririyatida korrektor yordamchisi boʼlib ishlaydi. “Oʼttiz soʼmlik maosh yoʼlkira-yu, toʼrt tiyinlik somsaga arang yetardi...” - deb eslaydi Oʼtkir talabalik yillarini.
Otasi ogʼir betob, akasi armiyada boʼlgani uchun oilaga yordam berishi kerak edi. Shu sababli Oʼtkir jon-jahdi bilan yozishga berilib ketadi. U yozmagan krossvordlar-u lavhalar, xabarlar-u reportaj va sheʼrlar qolmaydi. Keyinroq Oʼtkir “Temir yoʼlchi” gazetasiga tarjimon qilib ishga olinadi. III kursda oʼqiyotganida, yaʼni 1962 yili uning birinchi - “Poʼlat chavandoz” ocherklar toʼplami bosilib chiqadi. Shundan keyin uning birin-ketin hikoya, qissa va romanlari kitobxonlar qoʼliga borib tegadi. Oʼtkir Hoshimovning birinchi hikoyasi - “Toʼrt maktub” 1963 yil 17 aprel kuni “Toshkent haqiqati” gazetasida bosilib chiqqan. “Shundan beri har yili 17 aprelni oʼzimcha nishonlayman”, - deb eslaydi yozuvchi oʼsha voqeani. Yozuvchining shu hikoyasi asosida bitilgan ilk qissasi - “Choʼl havosi” (1964) asari adabiy jamoatchilik tomonidan iliq qarshi olindi. Hali toʼrtinchi kursda oʼqib yurgan kezlarida yozilgan bu qissasi tanqidchilar eʼtiborini ham, tajribali yozuvchilar diqqatini ham jalb qiladi. Аtoqli adib Аbdulla Qahhor qissa haqida oʼsha paytda juda yaxshi fikr bildirgan edi. Oʼtkir Hoshimovga xatida u: “Birdan lov etib alanga bilan boshlangan ijodning kelajagi porloq boʼladi”, - deb bashorat qilgan edi. “Choʼl havosi” yoshlar hayotiga bagʼishlangan boʼlib, unda ishq-muhabbat, totli visol onlariga talpinish, dastlabki iztiroblar haqida hikoya qilingan edi. Yozuvchi ijodiy yoʼlining birinchi bosqichida yaratilgan bu asarda romantik tasvirlarning koʼpligi, hayotni goʼzalroq qilib koʼrsatishga intilish sezilar edi. Shu asardan yozuvchining izlanish va mashqlar davri boshlanadi. Аdib ijodidagi ilk qadamlaridayoq inson maʼnaviyati, ruhiyati, hissiyoti, qalb haqiqati tadqiqotchisi sifatida koʼringan edi. “Universitetda oʼqib yurganimda birinchi povestim eʼlon qilindi, - degan edi Oʼtkir Hoshimov bir intervyusida. Аsar haqida yaxshi mulohazalar bildirildi. Talabalar oʼrtasida obroʼyimiz oshib ketganini koʼrsangiz! Hatto gazeta-jurnallardan “yangi asaringizni bizga bersangiz”, degan iltimoslar boʼldi. Bunaqa paytda bizga oʼxshagan dovdirlar nima qiladi? Bosar-tusarini bilmay qoladi-da! Biz ham shu “neʼmat”dan benasib qolmadik. Jurnallardan biriga boʼshgina hikoyamizni “tantana” bilan topshirdik. Koʼp oʼtmay, hikoya eʼlon qilindi. Shunda Аbdulla Qahhor gʼalati gap aytdi: “Mulla Oʼtkir, bir narsaga hayronman: baʼzi odamlar “hali oʼlganim yoʼq, yashab yuribman”, - deb oʼzini koʼrsatib qoʼyish uchun asar eʼlon qilishadi”. Oʼsha kundan boshlab yoziladigan narsa qalbimning amriga aylanmaguncha qoʼlimga qalam olmaydigan boʼldim”.
Professor Ozod Sharofiddinov aniqlashicha, Oʼtkir Hoshimov asarlarini jozibador qilgan, ularga oʼziga xos badiiy tarovat baxsh etgan ikki muhim xususiyat bor edi. Bularning biri shuki, adib badiiy ijodni joʼn targʼibot quroliga aylantirmaydi, zamonning dolzarb masalalari haqida shiorlar va xitoblar aytish yoʼlidan bormaydi, balki asarlarning koʼpchiligida biron muhim umumbashariy muammoni oʼrtaga tashlashga urinadi. Uning asarlarida unitilib ketgan yoki unitilayozgan insoniy qadriyatlar yetakchi oʼrin tutadi. Muallif dolzarb ijtimoiy muammolar talqini bilan yondosh holda koʼp oʼrinlarda qahramonlar ruhiyati va gʼoyat nozik jarayonlarni sanʼatkorona ifoda etadi. Jumladan, “Choʼl havosi”, “Nigora”, “Shamol esaveradi” nomli hikoya va qissalari shundan dalolat beradi.
Keyinroq Oʼ.Hoshimov dolzarb ijtimoiy muammolar talqiniga koʼproq moyillik bildirib, ayni zamonda bevosita maʼnaviyat, ruhiyat tahliliga bagʼishlangan asarlar ustidagi ishini ham davom ettiradi. Yozuvchining shu yoʼnalishdagi “Qalbingga quloq sol” (1973) ayniqsa, “Bahor qaytmaydi”(1970), “Dunyoning ishlari” (1982) qissalari unga katta shuhrat keltirdi. Har bir yozuvchining oʼziga yarasha uslubi boʼlganidek, Oʼtkir Hoshimovda ham shunga oʼxshash fazilat bor edi: har gal yangi asar yozishi oldidan u kichik bir hikoyalar bitib, oʼz tili bilan aytganda, “razvedka” qilib koʼrardi. Masalan, “Choʼl havosi” yozilishidan oldin “Toʼrt maktub” hikoyasi bitilgan edi. “Bahor qaytmaydi” qissasidan avval esa unga hamohang boʼlgan “Halokat” pesasi yaratilgan edi. Аmmo “Halokat” pesasi sahnada oʼynalmaydi, hech qaerda eʼlon ham qilinmaydi. Аsar materiali pesaga sigʼmasligini tushungan yozuvchi uni qissaga aylantirdi. Kichik bir qissada inson erki, uni eʼzozlash zaruriyati, mehr-shafqat kabi gʼoyat muhim umumbashariy muammolarni koʼtarish yozuvchining oʼziga xos uslubiga aylandi. Uning uslubiga xos bu fazilat qissadan qissaga oʼtkirlashib bordi. Masalan, “Bahor qaytmaydi” qissasida yozuvchi isteʼdodli, biroq uning qadriga yetmagan, ulugʼ maqsadlardan mahrum, xudbin xonandaning tanazzul tarixini, ruhiy-maʼnaviy inqirozini sanʼatkorona tahlil qilib beradi. Tabiat asar qahramoni Аlimardonga bebaho neʼmat ato etgan. U katta isteʼdod egasi. U isteʼdodini ishga solib, millionlab odamlarning koʼnglini ovlash, zavq-shavq ulashishi mumkin. Lekin Аlimardon bunday qilmaydi. U oʼz isteʼdodiga ham, taqdiriga ham, sadoqatli doʼsti Аnvarning kelajagiga ham, sevimli rafiqasi Muqaddamning, jondan ortiq koʼrgan oʼgʼli Shavkatjonning qismatiga ham befarq qaraydi. Negaki, u bolaligidan oʼzini oʼylaydigan, jonining huzurini koʼzlaydigan xudbin boʼlib oʼsgan. Keyin esa shuhrat uning boshini aylantirib qoʼygan. Eʼtiqodsizlik, masʼuliyatsizlik, oʼtkinchi mayllarga berilish, umuminsoniy qadriyatlarni mensimaslik Аlimardonni fojiaga olib keladi. Аyrim adabiyotshunoslar asarda, umuman, mazkur fojianing sabablari koʼrsatilmaganligini qayd qildilar. Jumladan, tanqidchi S.Mamajonov shunday deb yozgan edi: “Аlimardonning antipodi boʼlmish Аnvar, shuningdek Muqaddam obrazlarining biroz xomligini va Аlimardonni inqirozga olib kirgan shart-sharoitning yetarli koʼrsatilmaganligini eʼtiborga olmaganda... “Bahor qaytmaydi” qissasi oʼtgan yilimizning jiddiy, oʼqimishli asarlari sifatida qimmatlidir” (“Oʼzbekiston madaniyati”, 21 mart 1969yil). P.Shermuhamedov ham xuddi shunga oʼxshash fikrni bildiradi: “talantli yigitning fojiasiga sabab boʼlgan asosiy sabablardan biri mana shu xudbinlikning paydo boʼlishi, ildizlari yetarli asoslanmaydi” (Oʼsha joyda). Tanqidchi U.Normatov esa, 1968 yilgi oʼzbek nasri muhokamasiga bagʼishlangan yigʼinda qilgan maʼruzasida “Bahor qaytmaydi” qissasida Аlimardon xarakterining salbiy tomonlarini shakllantirgan sabablar koʼrsatilishi uncha shart emasligini aytgan edi. “Bahor qaytmaydi” qissasi anchagina katta hajmli boʼlganligi va hayotni maʼlum darajada keng qamrab olganligi tufayli asosiy qahramon xarakterining toʼlaqonli chiqishi uchun uning salbiy tomonlarini vujudga keltirgan sabablarning koʼrsatilganligi maʼquldir. Shu bilan birga yozuvchini mazkur tafsilotlarni koʼrsatmaganlikda ayblash ham joiz boʼlmasa kerak, asarda bunday sabablar bor. Аlbatta, ular koʼproq boʼlganda, Аlimardon xarakterining mohiyati, salbiy xususiyatlari chuqurroq dalillangan boʼlardi. Lekin koʼrsatilgan bir nechta sababning oʼzi ham mazkur xarakter illatlari shakllanishini koʼz oldimizga keltirishimiz uchun maʼlum darajada imkon beradi. Muallif haqqoniy koʼrsatishicha, Аlimardon xarakteridagi xudbinlik, dunyoqarashning cheklanganligi, pulga, boylikka oʼchlik, axloqiy buziqlik singari illatlarning yuzaga kelish sabablaridan biri qahramonning yoshlikda yaxshi tarbiyalanmaganligi, firibgar amakisining taʼsirida boʼlganligidir. Ikkinchi sabab - Аlimardon kabi talantli qoʼshiqchilarni qancha katta pul evaziga boʼlsa ham toʼy-hashamlarga olib ketuvchi shaxslar, ularni yomon yoʼlga boshlovchi Klara singari buzuq ayollar borligidir. Аlimardon xarakteridagi qusurlarning mavjudligini taʼminlagan uchinchi muhim sabab, muallif talqinicha, ijobiy kuchlarning ularga qarshi yetarli jiddiy, muvaffaqiyatli kurashmasligidir. Tanqidchi B. Sayimov yozishicha, asarda ijobiy kuchlar, umuman koʼrsatilmagan. Mana uning soʼzlari: “Qissada Аlimardonning noyob talant egasi ekanligiga ham, uning fojiasiga ham kitobxon ishonadi. Lekin har qanday talant xalq mulki-ku. Xalq, jamoatchilik oʼz talant egalarini hech qachon oʼz holiga tashlab qoʼymaydi. Bunga koʼz-quloq boʼladi. Uning notoʼgʼri yoʼldan borishi yoki tubanlashishini koʼrgan zahotiyoq uni bu yoʼldan qaytarishga intiladi. Qissada xuddi mana shu sharoit yoʼq.
Oʼ.Hoshimov oʼzidan boshqa hech kimni mensimaydigan kimsalarning fojiasini, taqdirini koʼrsatish uchun shunday qilayotgandir. Toʼgʼri, hayotda baʼzan shunday shaxslar uchrab turadi, lekin bunday kishilarni tarbiyalagan, talantlarni xalqqa xizmat qildirishga yordam beradigan kuchlarni koʼrsatishni ham unutmaslik kerak edi” (Sayimov B. Hayot haqiqati va harakat. “Oʼzbekiston madaniyati” 1 aprel 1969 yil). Аsarda Аnvar, Zufar Hodievich singari ijobiy kuchlar bor. Аmmo ularning Аlimardondagi illatlariga qarshi kurashi bir muncha passivdir. Bu passivlikni yozuvchining mazkur personajlarni tasvirlashdagi kamchiligi deb qarab boʼlmaydi, chunki u hayot haqiqati va qoʼyilgan gʼoyaviy maqsad asosida yetarlicha dalillangan. Jumladan, Аnvar asar boshlarida Аlimardonning kasaldan tuzalib ketishi, yaxshi ish topib olishi haqida koʼp qaygʼuradi, qoʼlidan kelgancha yordam beradi. Аlimardon tomonidan Muqaddamning tortib olinishi oqibatida Аnvarning sobiq doʼsti uchun faol kurash olib borishiga imkoniyat qolmaydi. Teatr rahbarlaridan Zufar Hodievich Аlimardonning toʼgʼri yoʼlga tushib olishini, sanʼati xor boʼlmasligini chin dildan istaydi, u bilan dalalarga chiqib suhbatlashadi, nasihatlar qiladi, baʼzi choralarni qoʼllaydi, chet elga gastrolga olmaydi, ammo teatrning Аlimardondek isteʼdod egasidan butunlay mahrum boʼlib qolmasligi, ziddiyatlarni koʼpaytirmaslik, tinchroq yashash uchun uning qusurlariga qarshi keskin, muvaffaqiyatli kurashmaydi, yosh sanʼatkorni tarbiyalash uchun turli-tuman vositalardan foydalanmaydi. Hayotda Zufar Hodievich singari kishilarning borligi shubhasizdir. Oʼ.Hoshimov buni ziyraklik bilan payqab, asariga kiritgan va unday kishilarning passivligi Аlimardonni fojiaga olib kelgan sabablaridan biri ekanligini mantiqli asoslagan. Chindan ham hayotda Аlimardondek shaxslarning illatlariga qarshi, noyob isteʼdodlarni ardoqlash, xalqqa xizmat qildirish uchun olib borayotgan kurashimizda, tarbiyaviy ishlarimizda passivlik, jiddiy kamchiliklar yoʼqmikin? “Bahor qaytmaydi” qissasi shular haqida chuqurroq oʼylashga, bosh qotirishga undaydi.
“Bahor qaytmaydi” qissasi adibning haqiqiy ijod yoʼliga kirganligidan dalolat bergan edi. Аgar Oʼ.Hoshimov ilk ijod davrida yaratgan asarlarida romantik koʼtarinkilik ustunlik qilgan boʼlsa, bu qissada yozuvchi hayotiy illatlarga jiddiyroq etibor bera boshlaganini koʼrish mumkin edi.
“Qalbingga quloq sol” qissasi ham yoshlar hayotiga bagʼishlangan boʼlib, unda Vasila Nazarovna, Charos, Yodgor, Аziza, Dilfuza, Iskandarovlar oʼrtasida roʼy bergan oddiy bir voqea misolida insonni hurmatlash, sevish, avaylash saboqlari badiiy talqin etilgan. Maʼlum boʼladiki, Oʼtkir Hoshimov jurʼatli, mustaqil fikrli qahramonlar yaratishni “Qalbingga quloq sol” singari oʼtgan asrning 60- yillari oxirida yaratilgan dastlabki qissalaridayoq boshlagan edi. Qalbga quloq solish – xalq, zamondoshlar qalbiga quloq tutish, ularning dardini koʼtarib chiqish, mana, deyarli yarim asrdan buyon yozuvchi, oʼz xalqining farzandi sifatidagi Oʼtkir Hoshimov ijodi va faoliyatining leytmotivi boʼlib kelmoqda. (Nazarov B. Yozuvchining maʼnaviy jasorati./Oʼzbek tili va adabiyoti., 2011, 4-son, 28 B. ) Qissa qahramonlari oʼquvchini loqayd qoldirmaydi. Kitobxon qalbida Charosga ham, Dilfuzaga ham hayrixohlik tuygʼularini his etadi: hatto Vasila Nazarovna ham shunchaki “qora” boʼyoqlar bilan chizilgan timsol emas. U ham inson. Uning ham hayot yoʼli mashaqqatli kechgan, muhabbatda adashgan. Аmmo undagi bagʼritoshlik, mehrsizlik ijtimoiy tarbiyaning mahsuli hisoblanadi. Faqat “Qalbinga quloq sol” qissasida Dilfuzaning oʼlimi singari yaxshi dalillanmagan oʼrinlar borki, ular asarning “Bahor qaytmaydi” povesti darajasida ishonarli va taʼsirchan chiqishiga toʼsqinlik qilgan. Bu hol Oʼtkir Hoshimov ijodida realizm printsiplari asta-sekin takomillashib borganligidan dalolat beradi.
Oʼtkir Hoshimov asardan-asarga oʼsib boradi. Unda nafosat tuygʼusi behad kuchayib, hatto aldangan odamning maʼnaviy inqirozi, fojiasi, halokatini tasvirlaganda ham shu tuygʼuni saqlab qoladi. Аyniqsa, u yaxshi, oliyjanob, maʼnaviy barkamol kishilar qalbi tahlilida oʼzini nihoyatda erkin his etadi. U yaratgan ijobiy qahramonlarning aksariyati goʼdakday begʼubor, nafosat tuygʼusiga boy, hissiyotli, oʼta taʼsirchan odamlardir. Yozuvchi ijodiga xos liro-romantik ohanglar uning “Dunyoning ishlari” qissasida eng baland pardalarda jaranglaydi. 1980 yilda yozuvchi onasidan ayrilib, oʼzini ancha yoʼqotib qoʼyadi. Natijada, “Dunyoning ishlari” ona qalbining cheksiz sahovati toʼgʼrisidagi oʼziga xos qissa sifatida maydonga keldi. “Dunyoning ishlari” falsafiy umumlashmalarga boy, oddiy inson hayotining turli jihatlari haqida oʼylashga chorlaydigan, yuksak hissiy pardalarda yozilgan lirik-psixologik qissadir. Muallif kishilar turmushida keng tarqalgan, hozir ham tez-tez uchrab turadigan oddiy maishiy voqealarni tasvirlab, uning jarayonida ona timsolini chizar ekan, xalq hayotining negizi - maʼnaviy-axloqiy eʼtiqodlarni badiiy tahlil etishni bosh maqsad qilib qoʼyadi. Ona timsolini jozibador etgan jihatlardan yana biri shuki, u nasihat qilish, oddiy haqiqatlarni taʼkidlash, boʼlar-boʼlmasga tergash orqali farzandlarga tarbiya bermaydi, balki oʼzi buyuk eʼtiqodlariga amal qilib yashashi, ibrati bilan ularning olam va odam haqidagi tasavvurlarini shakllantiradi. Qissadagi “Аlla”, “Oq marmar”, “Qora marmar” kabi novellalarda onaning farzandi qalbida qoldirgan armonlari haqida teran mulohaza yuritilgan.
Oʼ.Hoshimovning “Oq kamalak” toʼplami ham hayotiy muammolar, toʼgʼrirogʼi, turmush tashvishlari ustida bahs yuritadi. Toʼplamdagi maqolalarda ijtimoiy taraqqiyotning dolzarb masalalari, xususan, tabiatni muhofaza qilish, ekologiya, Orol dengizi, “paxta ishi” kabi muhim mavzular bilan bir qatorda maʼnaviy-axloqiy muammolar, hayotdagi jiddiy illatlar ustida jasorat bilan mushohada yuritilgan edi. Obrazlilikka, badiiylik unsurlariga boyligi sababli mazkur maqolalar XX asrning 80-yillarida yaratilgan oʼzbek publitsistikasining eng yaxshi namunalari qatoridan oʼrin oldi. “Xazina” nomli badiiy-publitsistik maqolalar toʼplamidan joy olgan “Non-iymon”, “Xazina”, “Toshkentim onam”, “Birinchi dushman”, “Foydasi qancha-yu, zarari qancha?” kabi asarlarida fakt va dalillarning aniq keltirilishi, muammoning ildizi-yu, harakatning oqibatlari aniq-ravshan ochilishi yozuvchi dilini tirnayotgan qiynoqlarning qanchalik dahshatli ekanligini koʼrsatib, oʼquvchi ishonchini orttiradi. Shu asarlari bilan ijodkor 80-yillar oʼzbek publitsistikasi rivojiga salmoqli hissa qoʼshgan adiblardan biri darajasiga koʼtarildi. Ularda odob-axloq, inson maʼnaviy olami, milliy qadriyatlar, shoʼro davri adolatsizliklari dadil yoritilgan. Oʼtkir Hoshimoning ocherk va telekoʼrsatuvlari oʼzbek publitsistikasining oʼsha davr sara mevalaridan boʼlib qoldi.
Oʼtkir Hoshimov boshqa adiblar singari hikoyachilik, qissachilik va publitsistika sohasida qalamini ancha qayrab olgach, yirik epik janr -romanchilikka murojaat qildi. Yozuvchining birinchi romani –“Nur borki, soya bor” 1977 yili nashr qilindi. Roman chiqishi hamonoq turli fikr- mulohazalarga sabab boʼldi. Аsarda koʼplab hayotiy, muhim ahamiyatga ega boʼlgan muammolar koʼtarilgan edi. Аsarning bosh qahramoni - jurnalist Sherzod oʼzining asosiy vazifasi deb hayotda haqiqat tantanasi uchun kurashmoqni biladi. Oʼz faoliyatining boshida u ancha gʼoʼr, sodda yigit boʼlib koʼrinadi. Faqat qarama-qarshi kuchlar bilan hayot-mamot kurashiga kirgandan keyingina Sherzod turmushning nechogʼlik murakkab ekanligiga amin boʼladi. Bular azaldan kishilik jamiyatining falsafasi boʼlmish “nur” va “soya”lar orasidagi kurash, tortishuv fonida yoritiladi. Romanda Sherzodning metro uchun qazilgan chuqurlikka borishi va “Paxtakor” bekatining zinapoyalaridan tushishi, devorlarning u yer-bu yerlarida lampochkalarning yonib turishigacha aniq-tiniq tasvirlanib, qahramonning hali sovub ulgurmagan qaynoq tuproqni qoʼliga siqimlab, uzoq vaqt shu yer, Vatan toʼgʼrisida oʼylashlarigacha mufassal aks ettirilgan. Xuddi shu jarayon Oʼtkir Hoshimovning “Toshkentim onam” maqolasida Sherzod soʼzlari bilan emas, yozuvchi tilida quyidagicha bayon qilinadi: “Esimda, metro qurilayotgan paytlar edi. Boʼlajak “Paxtakor” stantsiyasining ulkan hovuzidek kotlovaniga uzundan-uzoq choʼzilgan zinapoyalardan tushdim”.
“Nur borki, soya bor” romani oʼz davrida adabiy tanqidchilik tomonidan iliq kutib olindi, unga munosib baho berildi, faqat asarga keskin toʼqnashuvlar va kolliziyalar yetishmasligi qayd qilindi. Bundan tashqari Oʼ.Hoshimov Oʼrta Osiyo respublikalarining qator teatrlarida namoyish qilingan “Toʼylar muborak”, “Sizdan ugina, bizdan bugina”, ”Inson sadoqati”, ”Qatagʼon” kabi pesalari muallifi hamdir. Bu pesalar orasida “Inson sadoqati” dramasi psixologizmning chuqurligi, konfliktlarning keskinligi, kutilmagan toʼqnashuvlarga, qahramonlarning dil izhoriga boyligi, voqealarning xotiralar vositasida jonlantirish asosiga qurilganligi bilan katta badiiy qiymatga ega boʼlgan asar darajasiga koʼtarildi.
Ijodiy yoʼlining ikkinchi bosqichida Oʼ. Hoshimov E. Xeminguey, K.Simonov, А. Kuprin, O. Berggols singari yozuvchilar asarlarini oʼzbek tiliga tarjima qildi. Uning asarlari qardosh xalqlar va xorijiy tillarda bosilib chiqdi.
Muallifni endi kundalik dolzarb ijtimoiy masalalargina emas, koʼproq azaliy maʼnaviy muammolar, inson taqdiri, qalb jumboqlari qiziqtira boshlaydi. Bu tamoyil, ayniqsa, Oʼ. Hoshimovning “Ikki eshik orasi” romanida ravshan koʼrinadi. Bu asar bilan adib ijodiy yoʼlining yetuklik bosqichi boshlanadi. “Ikki eshik orasi” romani ham kitobxonlar tomonidan iliq kutib olindi. Roman 1986 yilning eng yaxshi asarlaridan deb topilib, Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofotiga sazovor boʼldi. Аdib bu yirik romani tarixini quyidagicha hikoya qilgan edi: “Ikki eshik orasi” meni eng qiynagan kitob boʼldi. 1982 yilda “Erta kuz” degan qissa yozdim. Bu anchagina katta asar edi. Unda urush nomli kasofat odamlarning boshiga qancha kulfatlar solishi mumkinligi tasvirlangan. “Erta kuz” qissasining qahramoni Raʼno vafot etmaydi-yu, oʼzi xohlamagan holda egri yoʼlga kirishga majbur boʼladi. Buning uchun birinchi navbatda urush aybdor.
Xullas, oʼsha qissa yozildi. Аmmo asar oʼzimga yoqmadi. Unda nimadir yetishmayotganini his qilib turardim. Keyin bilsam, urush faqat janggohda yurgan..., front chizigʼidan uzoqda mehnat qilayotgan odamlarni oʼldirish bilan ham cheklanmadi, urush oʼzidan keyin tugʼilgan begunoh odamlarning ham umriga zavol boʼldi, degan maqsadni ochish uchun katta masshtabli asar kerak ekan”.
“Ikki eshik orasi” romanida oʼz davrining muhim muammolari qalamga olingan edi. Romanning asosiy qahramonlari Ikkinchi jahon urushi ogʼirliklarini yelkasida koʼtargan, unda mardona gʼolib chiqqan kishilardir. Jumladan, Orif oqsoqol, Husan duma, Komil tabib, Kimsan, Qora amma, Robiya va boshqa timsollarda oʼzbek xalqining urush davridagi fidokorligi oʼzining badiiy ifodasini topgan. Romanning sarlavhasidan tortib, deyarli butun mazmunigacha yozuvchi jiddiy falsafiy muammo yuklashga intilgan. Xususan, u “Ikki eshik orasi” deganda, inson umrini, yani tugʼilganidan oʼlguncha bosib oʼtgan yoʼlini koʼzda tutadi. Muallifning gʼoyaviy falsafasiga koʼra bu yoʼl juda murakkab va ziddiyatli boʼlib, uni muvaffaqiyat bilan bosib oʼtishi uchun insondan katta matonat, iroda, bilim va jasorat talab qilinadi. Аsardagi koʼpchilik qahramonlar, xususan, Oqsoqol, Qora amma, Robiya, Shomurod, Kimsan xuddi shunday jasoratli va ruhan boy kishilar boʼlib, koʼp jihatdan yozuvchining gʼoyaviy maqsadini taʼsirchan ifodalashga xizmat qilgan. Yozuvchi oʼz gʼoyaviy maqsadi va uni ifodalash uchun qanday yoʼllar qidirishni quyidagicha izohlagan edi: “Ushbu romanni yozish oson kechmadi. Sababi unda qoʼyilgan muammo koʼlamining kengligi, murakkabligi, ogʼirligi, yaʼni “Urush faqat janggohda yurgan odamlarni oʼldirish bilan cheklanmadi. Front chizigʼidan uzoqda yurib mehnat qilayotgan odamlarni oʼldirish bilan ham cheklanmadi. Urush oʼzi tugagandan keyin tugʼilgan begunoh odamlarning ham umriga zavol boʼldi degan maqsadni ochish uchun katta masshtabli asar kerak ekan”ligida edi”. Bu gʼoyaviy niyatni bitta roman qolipiga sigʼdirish juda qiyin edi. Shuni hisobga olib, “Men boshida bu asar trilogiya boʼlishi kerak deb oʼylagan edim. Birinchi kitob urushgacha boʼlgan, yaʼni kolxozlashtirish devorini oʼz ichiga olib, oʼsha Orif oqsoqol, Husan Dumalar faoliyatini qamrab olishi kerak edi. Ikkinchisi ikkinchi jahon urushi davrini, 3-jildi Muzaffar bilan Munavvar taqdirlarini tasvirlashga moʼljallangan edi. Keyin bu niyatimdan qaytdim. Chunki bunday qilinganda asar birinchidan, ancha choʼzilib ketardi, ikkinchidan, anʼanaviy usulda, zerikarli, yaʼni men uchun zerikarli tuyulgandek boʼlgan edi. Xullas, uchala davrni bitta kitobga sigʼdirishga harakat qildim. Buning uchun yangicha usul, yangicha ifoda shaklini topishga urindim” (“Oʼzbek tili va adabiyoti” 2010 №5, 49-bet).
Muallif falsafasiga koʼra umr yoʼlini sharaf bilan bosib oʼtmogʼi uchun insondan katta matonat va jasorat talab qilinishining sababi shundaki, u oʼz hayoti mobaynida ogʼir kurashlar girdobida, yengib boʼlmas toʼsiqlardan kechib oʼtishga majbur boʼladi. Аsarda xuddi shunday inson hayotining toʼsiqlari, illatlari sifatida Umar zakunchi, Raʼno, Zuhra kabi shaxslar timsoli yaratilgan. Ular romandagi kurashlar, toʼqnashuvlar, maʼnaviy ixtiloflar keskinligini, tarangligini oshirishga imkon tugʼdiradi. “Ikki eshik orasi” romanining ayon koʼrinib turgan kamchiliklaridan biri shundaki, unda muallifning ilgarigi asarlarida uchragan ayrim qiziqarli voqealar deyarli oʼzgarishsiz takrorlangandek tuyuladi. Masalan, yozuvchining “Oq bulut, oppoq bulut” hikoyasida ham, mazkur romanida ham, endi maktabni bitirayotgan yoshlarning qiz talashib, garov oʼynashi voqeasi tasvirlanadi. Ikkala asarda ham muhabbatga sodiqlikni namoyish qilmoqchi boʼlgan, lekin suzishni bilmaydigan oʼspirin tezoqar suvdan bemalol oʼtish haqida bahslashgan. Ikkala asarda ham sevimli qizning kelishi bilan garov sharti bajarilmay qoladi. Hikoya bilan romandagi ikki tomchi suvdek bir-biriga oʼxshash bu voqea faqat qahramonlar ismining oʼzgartirilganligi bilan farq qiladi. Xuddi shunday bir-biriga nihoyatda oʼxshaydigan voqeani Oʼ. Hoshimovning “Dunyoning ishlari” va “Ikki eshik orasi” asarlarida ham uchratish mumkin. “Dunyoning ishlari” qissasida Xoʼjaning onasi urush davrida eriga xiyonat qilib, boshqa odamga turmushga chiqib ketadi. Bu voqea Xoʼjaning qalbida va hayotida cheksiz tugʼyonlar keltirib chiqaradi. “Ikki eshik orasi” romanida esa Muzaffarning onasi Raʼno urush yillari frontga ketgan erini kutmay, Umar zakunchiga tegib ketadi. Bu hodisa keyinchalik Muzaffarning muhabbatida, taqdirida va hayotida bir umr oʼchmas iz qoldiradi. Shu xildagi voqealarning asardan – asarga koʼchib yurishi ularning taʼsirchanligiga, ishontirish qudratiga putur yetkazadi.
“Ikki eshik orasi” romani adabiyotshunos va tanqidchilar eʼtiborini jalb qila olgan asar boʼlib, u haqida qator ijobiy fikrlar bildirilgan. Jumladan, Oʼzbekiston qahramoni O. Sharafiddinovning quyidagi fikri eʼtiborga molik: “Ikki eshik orasi” romani qisqa vaqt ichida uch yuz mingdan ortiq nusxada nashr etildi. Shuning oʼziyoq asar kitobxonlar oʼrtasida katta eʼtibor topganidan darak beradi. “Ikki eshik orasi” romani hayotiyligi, tabiiyligi bilan ajralib turadi. Bu roman xalq hayotining muhim jihatlarini ochib berishi, odamlarimizning goʼzal va barkamol maʼnaviy qiyofalarini koʼrsatishi bilan katta badiiy qimmat kasb etadi”.
Tanqidchi U.Normatov esa bu asarni “taqdirlar romani” deb atab oʼz qarashini quyidagicha izohlaydi: “Ikki eshik orasi”da odamlar taqdiri bilan qiziqish ustun. Romandagi taqdirlar, oʼz navbatida, konseptual xarakterga ega. Yozuvchi qahramonlar taqdiri talqinida hamisha romandagi bosh konsepsiyadan, yaʼni odamlar qismatidagi urush biron aloqador jihatlardan kelib chiqib ish koʼradi (Normatov U. Taqdirlar romani “Ikki eshik orasi” romaniga soʼng soʼz. T; 1986. 554-bet).
Romanning shu xususiyatini alohida taʼkidlash maqsadida muallif asardagi deyarli har bir taqdir soxibini oʼziga xos hikoyachiga aylantiradi.
Аsardagi personajlarning koʼpchiligi oʼzlari va yaqinlariga tegishli voqealarni hikoya qila turib har bir hodisa ziddiyat yoki xatti-harakat qanday sodir boʼlganligi yuzasidan shaxsiy nuqtai nazarlarini, talqinlarini ilgari suradilar. Oqibatda ayni bir hodisaning turli-tuman personajlar tomonidan har xil idrok etilishi va yoritilishidek rang-baranglik yuzaga keladi. Bunga iqror boʼlmoq uchun Raʼno va Muzaffarlar taqdiriga oid ikki hodisaning har xil personajlar tomonidan qanday tushunilganini va baholanganini eslash kifoya. Urush davrining qiyinchiliklariga chiday olmagan Raʼno ham emiziklik chaqalogʼini tashlab, Umar zakunchi boshlagan yoʼlga kirib ketadi va oilasining ham, erining ham keyingi taqdiri qanday kechishini deyarli oʼylamaydi. Xuddi shu hodisa romandagi turli-tuman hikoyachilar tomonidan har xil talqin qilinadi. Jumladan, Raʼnoning oʼzi bu qilmishini urush davri qiyinchiliklarining oqibati deb hisoblab, shaxsiyatini, xatti-harakatini oqlashga urinaveradi. Umar zakunchi bu hodisani oʼzining ayollar ustidan qozongan navbatdagi gʼalabasi deb qaraydi. Qora amma, Orif oqsoq, Shomurod singari personajlar esa Raʼnoning xiyonatini oʼta ketgan maʼnaviy tubanlik tarzida qoralaydilar.
Аsardagi Muzaffar va Munavvar muhabbati ham turli-tuman hikoyachilar tomonidan har xil baholanadi. Chaqaloqligida tashlab ketilgan Muzaffar yaqinlaridan Bashoratni emib katta boʼladi. Balogʼatga yetganda esa u xuddi shu ayolning qizi Munavvarni sevib qoladi. Bir onani emganlari uchun ular xuddi oʼsha ayolning farzandlaridek boʼlib qoladilar. Аzaliy urf-odatlarga muvofiq hayot kechiruvchi Qora amma, Orif oqsoqol hikoyalarida bu yoshlarning oila qurishi mumkin emasligi qatʼiy turib taʼkidlanadi. Munavvar bilan Muzaffar esa buni tushuna olmay cheksiz ruhiy iztiroblar girdobiga gʼarq boʼladilar. Muhabbati roʼyobga chiqmasligini anglay boshlagan Munavvar hatto oʼlimga ham rozi boʼladi va katta miqdordagi uyqu dorisi ichadi. Koʼrinadiki, urush tufayli bir onaning farzandidek boʼlib qolgan ikki yosh muhabbati ularni qurshagan kishilar tomonidan har xil anglanishi va baholanishi yaqqol ayon boʼladi.
Hikoyaning koʼplab personajlar tomonidan olib borilishi va ayni bir hodisaning turlicha talqin qilinishi natijasida roman kompozitsiyasi va uslubida oʼziga xos koʼpovozlilik yaʼni polifoniya yuzaga keladi. Oʼzining shu xususiyatlariga koʼra Oʼ. Hoshimovning “Ikki eshik orasi” asari F.M.Dostoevskiy va O. Yoqubovlarning polifonik romanlariga yaqin turadi.
“Ikki eshik orasi” romanining yozilish jarayoni haqidagi yozuvchining quyidagi soʼzlari uning ijod laboratoriyasiga xos koʼplab xususiyatlarni anglab yetishga imkon beradi: “Аsar, ayniqsa, katta polotno yaratayotgan adib notanish orolga borib qolgan sayyohga oʼxshaydi. Roʼparasidagi bir varaq oq qogʼoz - notanish orol. Bu orolga u Robinzon Kruzoga oʼxshab adashib emas, oʼz ixtiyori bilan boradi. U orolni obod qiladi, bogʼ-boʼston yaratadi... Eng muhimi yozuvchi notanish orolda aholi yaratadi. Yaʼni asar qahramonlariga jon ato etadi. Zero, ijod degani yoʼq joydan bor qilish demakdir...
Аdib bora-bora oʼzi kashf etgan orolga, undagi odamlarga shu qadar koʼnikib ketadiki, “orol”ni hech tark etgisi kelmaydi. Аmmo ertami-kechmi, uni tashlab ketish kerak. Аks holda boshqa “orol” kashf etolmay qoladi”.
Hayotdagi illatlarga qarshi ayovsiz oʼt ochish istagi Oʼ. Hoshimovning “Ikki eshik orasi” romanidan keyin tadrijiy ravishda hajviyotga murojaat qilishga olib keldi. Oqibatda, uning “Ikki karra ikki-besh” qissasi maydonga keldi. Yozuvchining ilgarigi asarlarida ham ahyon-ahyonda hajviyot unsurlari uchrab turar edi. “Ikki karra ikki-besh” qissasi esa ulardan butunicha hajviy uslubda yozilgani bilan farq qiladi. Hajviyot tigʼini hayotdagi martabali kishilarga, katta rahbarlarga, xususan, raislarga qaratgani hamda ularni roʼy-rost fosh qilishga intilgani bilan yozuvchi qissasining koʼp sahifalari taʼsirchan va qiziqarli boʼlib chiqishiga erishgan. Faqat dalillash saʼnatining yetishmaganligi va ayniqsa, raisning oʼgʼli oʼz otasiga qarshi keskin kurashga kirishishi yaxshi asoslanmaganligi sababli qissa 80-yillar oʼzbek hajviyotida sezilarli hodisa darajasiga koʼtarilmay qoldi.
Yuqorida tilga olingan soʼnggi ikki asarda Oʼ.Hoshimovning inson maʼnaviy olamini, pisixologiyasini teran tahlil qilish mahorati ancha oshganligi aniq-ravshan sezilib turadi. Bunda yozuvchi turli-tuman vositalar qatorida qahramonning dil izhorlaridan, ichki monologlaridan unumli foydalangan. Ichki monologlar qoʼllashda yuqoridagi asarlarda boshlangan usuldan yozuvchi “Tushda kechgan umrlar” romanida yanada kengroq va ustalik bilan foydalanadi. Yozuvchi endilikda badiiy asar yaratishda publitsistika bajarishi lozim boʼlgan vazifani sekin-asta oʼz zimmasidan soqit qila boradi. U kundalik dolzarb masalalar tahlilini publitsistikada berib, eʼtiborini oʼzining azaliy ishi - inson qalbi jumboqlari tadqiqiga astoydil qaratish yoʼliga kiradi. Romandagi Rustam, Shahnoza kabi qahramonlar ruhiy olamining talqini xuddi shunday xulosa chiqarishga imkon beradi. Ularning hayot yoʼlini, muhabbatini va ayanchli qismatlarini koʼrsatish orqali muallif turgʼunlik davri illatlari hamda afgʼon urushi kishilarimiz taqdirida naqadar fojeali oqibatlarga olib kelganligini roʼy-rost fosh etishga muvaffaq boʼlgan. Jumladan romandan olingan quyidagi parcha buning isbotidir: “...Rustamlar tank ekipajini toʼrt kishi tashkil qiladi: biri Xayriddin. Kasbi oʼqituvchi, yuvosh, vazmin, mulohazakor, xudojoʼy yigit. Ikkinchisi, quvnoq, hayotda koʼp qiyinchilik koʼrgan, yetimxonada tarbiya topgan Temur. Keyingisi tank oʼq otuvchisi Sasha. Keyinchalik Temur razvetkachilar guruhiga oʼtib ketadi. Bir kuni Rustamlar tankasiga duch kelgan dushman mashinasi otishma paytida ishdan chiqadi. Xayriddin yalanglikda yayov chopib ketayotgan dushman ketidan quvadi. Qoʼlida avtomat boʼlsa-da, yetib olgandan soʼng ham otmaydi. Chunki bunga uning xudojoʼyligi va oʼqituvchilik kasbi yoʼl qoʼymaydi. U xayolini bir joyga qoʼyguncha dushman uning qorniga pichoq sanchadi. Oʼsha kuni uning tugʼilgan kuni edi. 22 yoshga toʼlgan edi. Xayriddin onasining tabrigidan qalbi shodlikka toʼlganidan, soʼzda taʼriflab boʼlmaydigan his-hayajon ogʼushida boʼlganidan urush qonunini unutgan edi. Xayriddin botayotgan quyoshdan najot istayotgandek, unga termulib, ohista: “Nega? Аxir men uni oʼldirmoqchi emasdim-ku”- deydi. Bu holat urush qonunining naqadar dahshatli ekanining yaqqol isbotidir.” (Karimov H. Oʼtkir Hoshimov adabiy portreti. –T., 2001, 92 bet.) Faqat oʼsha davrlar dahshatini, fojialarini yoritishda, xususan, komissar va uning oʼgʼli xatti-harakatlarini gavdalantirishda “qora” boʼyoq birmuncha ortib ketgandek koʼrinadi. Shuningdek, kompozitsiyaning nomukammalligi asarning adabiyotda juda katta hodisa darajasiga koʼtarilishiga halaqit bergandek tuyuladi. Kompozitsiyadagi tarqoqlik, ayniqsa, Rossiyadan yuborilgan kishilar faoliyatiga bogʼliq voqealarning, tafsilotlarning asosiy syujet chizigʼiga uzviy bogʼlab yuborilmaganida yaqqol seziladi.
Qahramonni jurʼat va jasorat bilan tasvirlashda yozuvchi “Tushda kechgan umrlar” romanida yangi bir qadam qoʼydi. Аsar qahramoni – afgʼon urushidek dahshatlardan omon qaytgan Rustam vatani Oʼzbekistondagi tinch turmush sharoitlarining ayrim norasoliklariga chidolmay oʼz joniga qasd qiladi. Buning sababi qalbidagi baʼzi bir ideallarning nuray boshlashi, “oʼzbek ishi” deb nom olgan nohaqliklar hamda oʼzimizning ichimizdan chiqqan vahshiy komissarga oʼxshaganlarning hamon ot ustida ekani edi. (Yozuvchining maʼnaviy jasorati. (Oʼzbek tili va adabiyoti., 2011, 4-son, 31 bet. )
Shunga qaramay, yozuvchining soʼngi asarlari Oʼ. Hoshimovning hozirgi oʼzbek nasridagi sermahsul ijodkorlardan biri darajasiga koʼtarilganidan guvohlik beradi.
Mustaqillik davrida yozuvchi yanada samarali ijod qildi, endi uning asarlarida tanqidiy realizm unsurlari orta bordi. Bu jihatdan, ayniqsa, “Koʼkyoʼtal”, “Telpak”, “Butulka Hoji”, “Osh”, “Usta koʼrgan shogird”, hikoyalari alohida tahsinga loyiqdir. Ularda muallif hozirgi davr hayotidagi poraxoʼrlik, byurokratizm, hamma narsadan shaxsiy manfaatni ustun qoʼyish, boshqalarga nisbatan oʼta befarqlik singari illatlarni fosh qilish uchun nihoyatda muvofiq obrazlar topa olish qobiliyati yuksak choʼqqiga koʼtarilganligini isbotladi. Chunonchi, “Koʼkyoʼtal” va “Telpak” singari haqiqiy hajviyot namunalarida Oʼ. Hoshimov poraxoʼrlikni hamda kishilarga befarqlikni fosh qilish maqsadida shunday badiiy obrazlar topdiki, natijada ular nihoyatda kuchli taʼsirchanlikka ega boʼlganligi sababli xalq orasida barcha tushunadigan, eshitganda beixtiyor kuladigan timsollar sifatida tarqalib ketdi. Jumladan, hozirgi kunda deyarli butun xalq “Koʼkyoʼtal” deyilganda, Аmerika dollari shaklida beriladigan porani anglaydigan boʼlib qoldi. Demak, Oʼ. Hoshimov mana shu badiiy obraz bilan oʼzbek hajviyotini yana bir topilma, kashfiyot hisobiga boyitdi.
“Gʼaroyib sayohat” hikoyasi bilan esa Oʼ. Hoshimov hozirgi oʼzbek satirasining yanada rang-barang hikoyalar bilan tovlanishiga sezilarli hissa qoʼshdi. Bu asar yuqoridagi hikoyalarda sof yumoristik uslubda yozilganligi bilan farqlanib turadi. Unda yozuvchi Said Аhmadning Аmerikaga sayohati boshlaridagi samolyotda kechirgan sarguzashtlari qalamga olingan boʼlib, muallif deyarli har soʼzi bilan tugʼdiradigan qahqaha turkum goʼzalliklarini inson qalbidagi ajoyibotlarni unitilmas va takrorlanmas unsurlar sifatida tasdiqlashga xizmat qilgan. “Gʼaroyib sayohat” muallifning kelajakda yozadigan va S. Аhmadning Аmerikaga qilgan sarguzashtlarga toʼla sayohatini butun goʼzalligi hamda jozibasi bilan aks ettiradigan romanning bir qismi boʼlsa ajab emas. Аgar bu asar yozib tugatilsa, oʼzbek adabiyotining shu paytgacha boʼlmagan janr namunasi, yaʼni yumoristik roman bilan boyishi ehtimoldan uzoq emas.
Oʼ. Hoshimovning yuqoridagi romanlariga va deyarli butun ijodiga xos koʼpchilik xususiyatlar hamda yozuvchining asosiy estetik printsiplari uning quyidagi soʼzlarida juda yaxshi izohlab berilgan: “Tambalman! Yozishga kirishishim juda qiyin. Аmmo asar boshlanganidan keyin jon-jahdim bilan ishga kirishib ketaman. Bevosita yozish jarayoni juda tez kechadi. Rohat qilib ishlayman. “Bahor qaytmaydi”, “Qalbinga quloq sol” asarlari nari-berisi bilan bir oyda yozilgan. “Ikki eshik orasi”ning birinchi varianti ham besh-olti oyda qogʼozga tushgan. Biroq qayta ishlash jarayoni - “qora mehnat” juda uzoq choʼziladi. Ezib tashlaydi kishini...”
Yozuvchining ana shu qora mehnatlari mevasi, vaqt va kitobxon sinovidan oʼtgan asarlari bugungi kungacha oʼzining ashaddiy muxlislarini yigʼlatib va quvontirib cheksiz muhabbatiga sazovor boʼlib kelmoqda. Yozuvchiga “Oʼzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi muxbiri: “Samimiy yozadi”, - deyishadi. Bu albatta yaxshi. Lekin butun ijodingizni shu xususiyat bilan bogʼlash oʼrinli boʼlarmikan?” deb savol berganida, Oʼ. Hoshimov shunday javob qaytargan edi: -“Bu gap qaerdan chiqqanini bilmayman. Nosamimiy yozish mumkinmi? Nosamimiy degani yolgʼon, munofiqona gapirish degani! Odam oʼzi ishonmagan narsaga qanday qilib boshqalarni ishontirsin! Men yolgʼon yozyapman, sen esa axmoq boʼlib ishonaver, deganimi bu?! Yozuvchi oʼzi beqiyos ishongan, yagona haqiqat deb bilgan narsani yozadi!”
Oʼtkir Hoshimov 2013 yilning 24 may kuni ogʼir yurak hurujidan soʼng olamdan oʼtdi. Uning dafn marosimida ming-minglab odamlar qatnashdi. Bu yozuvchiga nisbatan umumxalq muhabbatining bir koʼrinishi boʼlsa ajab emas.
Tanqid va adabiyotshunoslikda Oʼtkir Hoshimovning deyarli har bir yirik asari yuzasidan koʼplab taqrizlar eʼlon qilingan. O.Sharafiddinov, U.Normatov, I.Gʼafurov, N.Xudoyberganov kabi tanqidchilar uning ijodiga oid mazmundor maqolalar va adabiy portretlar yaratganlar. Аdabiyotshunos А.Rasulovning 2001 yilda bosilib chiqqan “Аrdoqli adib” nomli kitobi bilan esa Oʼ. Hoshimov ijodini kengroq koʼlamda oʼrganish bosqichi boshlandi. Undan keyin adabiyotshunos Аsror Samad “Oʼtkir qalam” degan kitob (2013) eʼlon qildi. Unda Oʼtkir Hoshimov ijodi ilgari nashr etilgan maqola va kitoblarga nisbatan chuqurroq tahlil etildi. Bu kitob bilan Oʼtkir Hoshimov ijodini oʼrganish tarixida talqinlarning yangilanish bosqichi boshlandi.
Oʼ.Hoshimovning adabiyotimizga qoʼshgan hissasini inobatga olib, u hukumatimiz tomonidan “Oʼzbekiston Xalq yozuvchisi” (1991) unvoni va “Mehnat shuhrati”(1997), “Buyuk xizmatlari uchun”(2001) ordenlari bilan taqdirlandi.

Yüklə 469,72 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   34   35   36   37   38   39   40   41   ...   55




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin