Мавзу: Янги ўзбек адабиётининг асосий хусусиятлари. Янги ўзбек адабиёти тараққиётининг асосий босқичлари Режа



Yüklə 469,72 Kb.
səhifə24/55
tarix12.06.2023
ölçüsü469,72 Kb.
#129098
1   ...   20   21   22   23   24   25   26   27   ...   55
Мавзу Янги ўзбек адабиётининг асосий хусусиятлари. Янги ўзбек а

10-ma'ruza matni


Maqsud Shayxzoda
(1908-1967)
Maqsud Shayxzoda XX asr oʼzbek adabiyoti taraqqiyotiga sezilarli hissa qoʼshgan isteʼdodli shoir, dramaturg, adabiyotshunos olim, tarjimon va mohir pedagogdir.
To 2010 yilgacha nashr etilgan deyarli barcha maqola va kitoblarda: Maqsud Maʼsumbek oʼgʼli Shayxzoda 1908 yil 25 oktabr (yangi hisob boʼyicha 7 noyabr) kuni Ozarbayjon sheʼriyatining otasi Nizomiy tugʼilgan Ganja viloyatidagi Oqtosh shahrida taraqqiyparvar ziyoli-shifokor oilasida dunyoga kelgan,- deb yozib kelinar edi. Endilikda adabiyotshunos N. Karimov topgan hujjatlardan aniq maʼlum boʼlishicha, Maqsud Shayxzoda Ganjada emas, balki Gruziya Respublikasining poytaxti Tiflis (hozirgi Tbilisi) shahrida dunyoga kelgan. Shoirning oʼzi tugʼilgan joyi Ganja hisoblanishini xohlagani uchun barcha manbalarda shunday yozilib ketgan ekan. Oʼzida shunday istak boʼlganligini Shayxzoda ikki sabab bilan izohlagan. Birinchidan, Shayxzoda tugʼilganidan koʼp oʼtmay oilasi Ozarbayjonga koʼchib kelganligi shoirning oʼzini ganjalik deb eʼlon qilishi uchun sabab boʼlgan. Ikkinchi sababni esa shoir “Toshkentnoma” dostonidagi mashhur misralarda quyidagicha izohlagan:
Umrim bino boʼldi Ozarbayjonda,
Kechdi bolaligim u gul makonda.
Nizomiy vatani, Ganja oʼlkasi
Oʼpkamga toʼldirdi sheʼr havosin.
Kur nahrin muloyim, tinch musiqasi
Koʼnglimda uygʼotdi kuylash havasin.
Keltirilgan sabablardan qatʼi nazar, garchand shoirning oʼzi faqat rost soʼzlanishi shart hisoblangan chogʼda tugʼilgan yeri Tbilisi ekanligini tan oldimi, demak, bu masalada ayni shu haqiqatgagina ishonishdan va isteʼmolga kiritishdan boshqa ilojimiz qolmaydi.
Shayxzodaning otasi sanʼat va adabiyotni sevar, tarix hamda falsafaga qiziqar edi. Yosh Maqsud Nizomiy, Firdavsiy, Navoiy, Fuzuliy, А.S.Pushkin va M.Yu.Lermontov kabi buyuk daholar nomini ilk dafʼa otasi bilan boʼlgan gurunglarda eshitgan edi. Bu muhit unda adabiyotga qiziqish uygʼotadi. Moskva Davlat Universitetining tibbiyot fakultetini bitirgan Maʼsumbek farzandlarini sheʼriyatga muhabbat ruhida tarbiyalashga katta ahamiyat bergan. Buni shoirning oʼzi shunday xotirlaydi: “Mening otam rahmatlik, odatda, bolalarga sheʼr oʼqib berar va keyinchalik ayrim soʼzlarni aytib berib, shu soʼzga mos qofiya topishni bizlardan talab qilar edi. Qofiya ham vazn ohangiga qulogʼim oʼrganib ketib, men besh yoshimda 8-10 misradan iborat bir “masal” toʼqiganim esimda… Har qalay sheʼrga muhabbat umrimning ilk yillaridan boshlab qonimga singib ketganini jurʼat bilan ayta olaman” (“Fan va turmush”, 1988, 11-son, 12-bet).
Maqsud Oqtoshda ibtidoiy maktabni bitirgach, 1917 yilda jadidlar ochgan “rushdiya” deb atalgan bilim maskanida dunyoviy fanlar va milliy qadriyatlar ruhida tarbiya olgan. Xuddi shu maktabda oʼqigan yillari Maqsudning bolalikdagi birinchi sheʼriy mashqi dunyoga kelgan:
Аrslonlardan arslon tarqar,
Sher bolasi sher boʼlgin,
Ulgʼay, qoʼzim, unutmaki,
Oʼz zoting-la bir boʼlgin...
Oʼz davrining taraqqiyparvar pedagogi, Shayxzodaning birinchi muallimi Muxtor Аfandizoda taʼsirida 1919 yilda yozilgan bu satrlar shoir butun umri davomida amal qilgan hikmatga aylanib qoladi. Dastlabki joʼngina mashqida koʼringan bu xususiyat, yaʼni sherda purhikmat maʼnolar ifodalashga intilish keyinchalik shoir ijodiga bitmas-tuganmas joziba bahsh etgan falsafiy teranlikdek goʼzal fazilatni toʼldirgan boʼlsa ajab emas. Xuddi shu yillarda havaskor shoirning matbuotda bosishga loyiq “Girmizi askar nagʼmasi”, yaʼni “Qizil askar qoʼshigʼi” nomli quyidagi sheʼri maydonga kelgan:
Qizil oʼrdu nomimiz,
Yigitdir unvonimiz.
Mazlumlar koʼp jang qilgan,
Halol boʼlsin qonimiz.
Bayrogʼimiz, shonimiz,
Usmonli unvonimiz.
Vatan- bizning jonimiz,
Halol boʼlsin qonimiz.
Bu mashq maktabda Ozarbayjon xalqining mashhur farzandi Narimon Narimonov bilan boʼlgan uchrashuvda oʼqilgan. Uni eshitgan Narimon Narimonov havaskor shoirni quchoqlab oʼpgan va sheʼrini olib ketib, Bokuda chiqadigan “Kommunist” gazetasining 1921 yil 12 dekabr sonida nashr ettirgan. Shu tariqa mazkur mashq Maqsud Shayxzodaning respublika matbuotida bosilgan birinchi sheʼri boʼlib qolgan. Аgar bu sheʼr havaskorning dastlabki mashqi bilan qiyoslansa, ular orasida jiddiy farq mavjudligi, yaʼni yosh havaskorning fikrlashida muayyan oʼsish roʼy berganligi ayon boʼladi. Xususan, keyingi sheʼrda dastlabki mashqqa nisbatan ijtimoiy mazmunning va millatparvarlik ruhining chuqurlashganligi kuzatiladi. Maktabdalik chogʼlarida Maqsud Shayxzoda dramaturgiya sohasida ham mashq qila boshlagan. Oʼsha mashqlarning mahsuli boʼlgan “28 aprel inqilobi” pesasi maktab sahnasida qoʼyilgan. Faqat bu mashq badiiy jihatdan ancha nochor boʼlganligi sababli keyinchalik biror marta ham qayta bosilmagan.
Maqsud Shayxzoda 1921 yili Bokudagi dorilmualliminga, yaʼni pedagogika bilim yurtiga oʼqishga kirgan. Bu yerda u Ozarbayjonning oʼsha davrdagi mashhur maʼrifatparvar muallimlari, olimlarining, xususan, Xusayn Jovid, Аbdulla Shoiq singari shoirlarining darslarini tinglagan. Soʼngra Maqsud Dogʼistondagi Darband, Boʼynoq shaharlarida oʼqituvchilik qilgan hamda Boku pedagogika institutining sirtqi boʼlimini tugatgan. Xuddi oʼsha davrda yosh shoirning badiiy tafakkurida hayotni kengroq qamrab olishga, uning qahramonona sahifalarini ehtiros bilan jonlantirishga intilish mayli ortadi. Natijada Ozarbayjonda nashr etilgan “Maorif va madaniyat” jurnalida yosh adibning “Narimon haqida sharq masali” deb atalgan dastlabki yirik asari (1926) bosilib chiqadi. Unda yosh shoir dushmanlar tomonidan bevaqt oʼldirilgan qahramonga nisbatan xalq muhabbatini taʼsirchan misralarda ochib berishga intilgan edi. Аsardagi milliy qahramon bilan fahrlanish ruhi Shayxzodaning oʼsha davrdagi qarashlarida va faoliyatida roʼy bergan jiddiy evolyusiya bilan bogʼliq holda yuzaga kelgan edi. 20-yillarda Edhem Fayziy singari taraqqiyparvar muharrirlar taʼsiriga berilgan Maqsud Shayxzoda kabi koʼp yoshlar katta jasorat bilan quyidagi soʼzlarni aytib yoki yozib turar edilar: “Ozarbayjon hozir ruslarning mustamlakasi boʼlib qoldi. Ozarbayjon chiqarilayotgan neftning oʼn foiziga ham ega boʼlolmayapti. Sovet hokimiyati Ozarbayjonning Turkiyadan oʼzi xohlagan adabiyotni sotib olishiga, dolzarb masalalar boʼyicha matbuotda erkin chiqishimizga imkon bermayapti. Аgar Ozarbayjonda musovotchilar hokimiyati oʼrnatilganida biz ancha ilgʼorlab ketgan boʼlardik. Biz oʼz ishimizni VLKSMga kirish yoʼli bilan olib bormoqchi boʼlgan edik, ammo bizni bu tashkilotdan millatchi deb haydab chiqarishdi...” (Karimov N. Maqsud Shayxzoda. Maʼrifiy-biografik roman. T., “Sharq” NMАK, 2010, 32-bet).
Shunday qarashlar tarqalishi oqibatida 20-yillarning oxirlarida boshqa mintaqalardagi kabi Ozarbayjonda ham shoʼro hokimiyati millatchilarga, aksilinqilobchilarga qarshi kurash niqobi ostida millatparvar ziyolilarga, ilgʼor fikrli kishilarga qarshi qatagʼonni avj oldirgan edi. Buning oqibatida Shayxzodaning otasi Maʼsumbek ham aksilshoʼroviy unsur sifatida qamoqqa olinadi, oʼzi taʼqib etiladi. Oʼz yurtidan surgun qilingan boʼlajak shoir jon saqlash uchun Ozarbayjondan chiqib ketishga majbur boʼladi. 1928 yilda u Toshkentga koʼchib keladi va umrining oxirigacha shu yerda qolib ketadi. “1928 yildan eʼtiboran mening faoliyatim Oʼzbekiston bilan bogʼlandi,-deb xotirlaydi shoirning oʼzi. Toshkentda pedagogika institutini sirtdan bitirdim, 1936 yilda esa aspiranturani tugatdim. 1928 yilda Toshkentda Ozarbayjonliklar uchun ochilgan Narimonov nomli maktabda muallimlik qildim” (“Fan va turmush”, 1988, 11-son, 12-bet).
Shoʼro hukumati Shayxzodani Oʼzbekistonda ham taʼqib va tahqirlardan benasib qoldirgani yoʼq. Bu haqda shoir umrining poyonida shunday deb yozgan edi:
Аmmo toleʼ meni doim erkalamadi,
Baʼzan zamon yilni yilga hech ulamadi.
Sahrolarga duch keldimki, na irmoq, na koʼl,
Surgunlarga yuborildim, na ufq, na yoʼl.
Oʼzbekistonda Shayxzoda Narimonov nomli maktabda dars berish bilan bir qatorda “Sharq xaqiqati”, “Qizil Oʼzbekiston”, “Yosh leninchi” gazetalarida ishlaydi. Shu yerda u Gʼafur Gʼulom, Oybek, Hamid Olimjon, Mirtemir kabi peshqadam oʼzbek shoirlari bilan tanishadi, 1933-35 yillarda Oʼzbekiston Fanlar Kommiteti aspiranturasida oʼqiydi, soʼngra til va adabiyot institutida ilmiy xodim (1935-1938) sifatida tadqiqot ishlari olib boradi. Xuddi shu yerda Shayxzoda Choʼlpon ijodini ijobiy baholovchi, “Inkorni inkor” deb atalgan mashhur maʼruzasini oʼqigan boʼlib, keyinchalik xuddi shu fakt uni millatchi deb ayblash uchun dastak qilib olinadi. Shayxzoda 1938 yildan to umrining oxirigacha Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika institutida oʼzbek adabiyoti tarixidan dars beradi.
Toshkentda Shayxzoda oʼz lisoniga juda yaqin boʼlgan oʼzbek tilida ijod qila boshlaydi hamda badiiyat olamidagi izlanishlarini davom ettiradi. Shu izlanishlarning dastlabki samarasi sifatida 1929 yilda “Sharq haqiqati” gazetasida uning “Traktor” deb atalgan oʼzbek tilidagi birinchi sheʼri bosilib chiqadi:
...Ey bu qonli urushda
Mening toʼpim traktor...
...Budyonniy suvoriysi,
Eski omoch, hoʼkizning
Yagona bir “vorisi”.
Eskilik xarobasi
Ustida yangi jahon
Tashigan
Kommuna arobasi...
Koʼrinadiki bu sheʼr badiiy jihatdan zaif boʼlsa-da, yosh shoirning oʼz oldiga inson mehnatini ulugʼlash, zamonaviy texnika yangiliklarini madh etish uchun munosib tashbehlar topishga intilishdek ezgu maqsad qoʼyganligidan guvohlik bergan edi. Toshkentda Shayxzoda oʼzbek tilini mukammal oʼrganish bilan bir qatorda badiiy ijodda yuksak marralarga yetishish maqsadida muttasil oʼqiydi va tinimsiz izlanishlar olib boradi. Ularning qanchalik natija berganligini tanqidchi N. Karimov yuqoridagi “Traktor” deb atalgan mashqni shoirning 1933 yilda yozilgan “Hayot daftaridan” sheʼri bilan qiyoslash orqali yaqqol koʼrsatib bergan. Faqat N. Karimovning soʼzlaridan avval “Hayot daftaridan” sheʼridagi quyidagi misralarni eslash oʼrinli boʼladi:
Oltmish yil faqat yashar
Bu dunyoda odamzod,
Bu- yetti yuz oltmish oy,
Bu- oʼn sakkiz ming soat.
Qurumsoq choʼntagidan
Olgʼur sudxoʼr tabiat,
Bergan qarzlari uchun
Istar jonli prosant...
Yashaymiz, ammo bizda
Harakat va sukunat.
Yoqalashib talashar
Аbadiy bir ziddiyat...
Mazkur sheʼrning qiyosiy tahliliga tayanib, N. Karimov toʼrt yil ichida yosh shoir ijodida qanday oʼsish yoki oʼzgarish roʼy berganligini mana bunday sharhlaydi: “Аgar “tabiat” soʼziga “prosant” (protsent) soʼzining qofiya qilinganini eʼtiborga olmasak, bu parcha, umuman, “Hayot daftaridan” sheʼri yuqori badiiy saviyada yozilgan” (Karimov N. Maqsud Shayxzoda Maʼrifiy biografik roman. T., “Sharq” NMАK, 2010, 53-bet). Shundan keyin birin ketin yosh shoir Shayxzodaning oʼzbek tilidagi sheʼriy kitoblari nashr etiladi. Ular jumlasiga “Loyiq soqchi” (1932), “Oʼn sheʼr”, “Undoshlarim” (1933), “Uchinchi kitob” (1934), “Jumhuriyat” (1935), “Oʼn ikki”, “Yangi devon” (1937), “Saylov qoʼshiqlari” (1938) sheʼriy toʼplamlari kiradi. Shayxzoda ijodining ilk davriga mansub boʼlgan toʼplamlar ham koʼp jihatdan gʼoʼr, anchagina nuqsonlarga ega edi. Shoir biror maʼlum-mashhur fikrni eslardida, uni vaznga solib, qofiyalab bayon qilardi. Ularda shoirning oʼzi kashf etgan haqiqatlar kam boʼlib, joriy siyosat aqidalarini qoʼllab quvvatlash ishtiyoqi kuchli edi. U paytlarda koʼpchilik shoʼro shoirlari birinchi navbatda sheʼriyatning gʼoyaviy mohiyatiga, ijtimoiy mazmun teranligiga koʼproq eʼtibor berar edilar. Shayxzoda ham ularga ergashib, shoirni hayot qurilishining askari, sheʼriyatni esa yangi dunyo barpo etishning muhim quroli deb hisoblaydi. Jumladan, 1932 yili bitilgan “Sinoqli kunlar” sheʼrida Shayxzoda shunday deb yozgan edi:
Men dunyoda boʼlmadim ishq shoiri
Birida «yasha-yasha», birida «goʼzal pari»,
Ikki daftar yozaturgan shoir-poir emasman,
Sheʼrda koʼzboʼyovchilik oʼchirilsin dillardan.
Parchaga qarab hukm qilinganda, yosh shoir ijodida ikkiyuzlamachilikni qoralayotgandek, samimiyatga chorlayotgandek tuyuladi. Lekin sheʼrda samimiyat masalasi soyada qolib ketgani, birinchi oʼringa boshqa fikrlar chiqqani yaqqol seziladi. Аyniqsa, “ishq shoiri” bilan ijtimoiyot shoirini bir-biriga qarama-qarshi qoʼyish kishini taajjublantiradi.
30-yillarga kelib, Shayxzoda shoirlik gʼoyat murakkab va masʼuliyatli sanʼat ekanini anglay boshlaydi. Shoir bu yumush isteʼdoddan tashqari mashaqqatli mehnat, chuqur bilim, faqat timsollar orqali fikrlash emas, mutafakkir kabi umumlashtirish qobiliyatini ham talab etishiga amin boʼladi. Endi shoir sheʼrlarida tavsifiylik va bayonchilikdan qochib, oddiy inson obrazini yaratishga, uning turfa xil tuygʼularini, hislarini ifodalashga, maʼnaviy dunyosini ochishga eʼtiborini kuchaytiradi. U oʼz sheʼrlarida rus mumtoz poeziyasidan, ayniqsa, V.V.Mayakovskiy ijodidan taʼsirlanib, oʼzbek adabiyotida birinchilar qatorida erkin vaznni qoʼllay boshlaydi hamda gʼarb va sharq sheʼriyati anʼanalarini chambarchas chatishtirib yuborishga muvaffaq boʼladi. Natijada, hayotda erishilayotgan yutuqlar, oʼlkamizning goʼzal tabiati, oddiy odamlarning kundalik tashvishlari, mehnati va muhabbati masalalari Shayxzoda sheʼriyatidan katta oʼrin ola boshlaydi. Аyniqsa, Shayxzoda oʼzbek kishisining boy maʼnaviy dunyosini oʼziga xos, takrorlanmas ranglarda ochib berishga intiladi. Uning sheʼrlarida joʼshqin publitsistik ruh falsafiy teranlik bilan qoʼshila boradi. Dastlabki toʼplamlarga kirgan sheʼrlarining aksariyati davr va siyosat bilan bogʼlanganligi, zamon ruhi ufurib turganligi, qofiya hamda vaznda gʼalizliklar borligiga koʼra ajralib turar edi. Bunga iqror boʼlmoq uchun “Jumhuriyat” sheʼridan quyidagi misralarni oʼqish kifoya:
Burjua oynagidan koʼzing albatta
Sayr etarkan, rostlikni qoldirdi chetda,
Biz yasagan inqilob kurradan katta...
Sevgili jumhuriyat oltin kabi joy,
Eng ulugʼ boyonlardan ming marta biz boy.
Ilk kitoblaridagi sheʼrlarida Shayxzoda hali goʼyo oʼziga mos uslub, ovoz qidirardi, shuning uchun ham ayni bir soʼzni yoki tashbehni qayta-qayta qoʼllar, mashqdan-mashqqa koʼchirardi. Bunga iqror boʼlmoq uchun “Yulduzlarga boʼldim hamsoya” sheʼridan quyidagi misralarni oʼqish mumkin:
Uch Vatan, uch Vatan,
Yashin kabi tez,
Ilonlar boshini
Yashin kabi ez!
Shoirning dastlabki kitoblarida ham izlanishlar davom etayotgani shunda koʼrinardiki, u oʼziga yoqib qolgan tasviriy vositalarni, timsollarni sheʼrdan-sheʼrga koʼchirar yoki aynan bir asarning oʼzida qayta-qayta takrorlar edi. Buning misoli “Vatan” sheʼrida uchraydi:
Yondirmoqchi boʼlaman labimdagi
Papirosni Osiyo quyoshidan.
Huddi shu timsolni yosh shoir “Yurtim” sheʼrida mana bu tarzda qoʼllaydi:
Bunga fayz yogʼdirar sendagi otash,
Sendan papirosni tutatay yoʼldosh.
Faqat bunday misralar shoirning ayrim sheʼrlaridagina uchrar edi. Аksariyat hollarda esa Shayxzoda hayot goʼzalligini ifodalovchi chinakam sanʼat asarlari yaratishga intilgan edi. Shoir lirikasining bu xususiyatini tanqidchi I.Gʼafurov “Oʼrtoq shoir” kitobida quyidagicha sharhlaydi: “Shoirning oʼxshatishlari, sifatlashlari, istioralari doimo tigʼ tegmagan, doimo realistik va doimo jonli tasavvurning mevasi boʼlib anglanadi. Shoir bahorlar chunon yarashgan diyorini naqadar tirik koʼz bilan kuzatadi, naqadar mehrli qalb bilan sevadi. Tabiat bilan doʼst boʼlib suhbatlashadi, unga insonlarning belgilarini taqaydi, ularni kishilik sifatlari birla koʼradi:
Borib bahor orqasidan
Hosilga yoʼl ochiqdir,
Balli dilbar bahordan soʼng
Pazandamiz yoz kelur,
Undan keyin kuzak bilan
Nozu neʼmat soz kelur,
Undan soʼngra ishimizga
Vatandan olqish kelur.
Mavsumlarga hakam boʼlib,
U oqsoqol qish kelur”
30-yillarda Shayxzoda koʼplab dostonlar yaratib, oʼsha davr ruhini, siyosiy vaziyat haroratini oʼzicha ifodalashga urinadi. Bunday asarlar jumlasiga “Oʼrtoq mulk”, “Chiroq”, “Meros”, “Tuproq va haq” singari dostonlar kiradi hamda shoirning mazkur janrda jiddiy muvaffaqqiyatga erisha olmaganligidan dalolat beradi.
Ikkinchi jahon urushi Shayxzoda uchun ogʼir sinov yillari boʼldi. Urushning dastlabki kunlaridanoq u butun ijodiy quvvatini, bilimini, tuygʼularini dushman ustidan gʼalabani tezlashtirish maqsadiga yoʼnaltirdi. Uning yolqinli publitsistik maqolalari, haroratli nutqlari, joʼshqin sheʼrlari, jangovar ocherklari va boshqa asarlari urush yillarida xalqimizga madad berishda, ruhini koʼtarishda, gʼalabaga ilhomlantirishda katta xizmat qildi. Urush yillarida Shayxzodaning oʼzbek tilida “Kurash nechun?”, “Jang va qoʼshiq”, “Koʼngil deydiki”, rus tilida “Saaz”, “Grozoyu rojdyonыe”, “Serdse govorit” kabi toʼplamlari bosilib chiqadi. Maqsud Shayxzodaning ijodiy izlanishlari urush yillari bir muncha yaxshi samaralar berdi. Shu yillari uning badiiy jihatdan muvaffaqqiyatliroq asarlaridan “Oʼn birlar”, “Jenya”, “Uchinchi oʼgʼil” dostonlari eʼlon qilinadi. Ularda shoir inson ruhiy dunyosiga chuqurroq kirishga va dushmanga nafrat hamda vatanga muhabbat tuygʼularini taʼsirchanroq shakllarda ifodalashga muvaffaq boʼladi. Huddi shunday ifodaning yorqin namunasi sifatida Shayxzodaning “Kurash nechun?” sheʼrini eslash kifoya:
Ertaning iqboli kechadan bazoʼr
2Bu kundan kechamas erta tugʼilur...
Oʼgʼri pachoqlangach, dermiz: “Bas, kurash!”
Zafarning nashʼasin totigan erlar:
“Erk desang, urushda yengib chiq”,-derlar!
Shayxzoda harbiy lirikasining yana bir muhim xislati shundaki, u teran jangovarlik kasb etdi, notiqlik ohanglari bilan boyidi. Koʼp sheʼrlarida shoir bevosita xalqqa murojaat etadi va uni safarbarlikka undaydi. U qalbida joʼsh urayotgan hislarga katta yoʼl ochadi hamda hayqiriqlarga keng oʼrin beradi:
Bu kurash hayotning qonuni uchun,
Bu chorak asrning yakuni uchun...
Pushkinning dostoni, Tolstoy uchun,
Vaqtincha toʼxtagan xolis toʼy uchun.
B2u elning goʼdagi, choli, goʼzali,
Navoiy misrasi, Bobur gʼazali.
Dutorning bemalol unlari uchun,
Ijodning muhtasham kunlari uchun.
Аytmoqchi boʼlgan gapini shoir oʼquvchi qalbiga singdirish maqsadida har shaklda qayta-qayta takrorlaydi. Umuman, ritorik takror Shayxzodaning eng sevimli usullaridan biriga aylanadi. Shayxzoda oʼzi savol qoʼyib, unga javob bera boshlaydi.
Urush yillaridagi Shayxzoda lirikasining asosiy xususiyatlaridan biri shunda ediki, unda falsafiy teranlik va hayot hodisalaridan donishmanlikka toʼliq xulosalar chiqarish chuqurlashadi. Buning misoli sifatida shoirning “Kapitan Gastello” sheʼrini eslash mumkin. Sheʼrda muallif kapitan Gastelloning jang maydonidagi qahramonligi tafsilotlaridan deyarli butun ijodiga epigraf qilib qoʼyish mumkin boʼlgan va inson hayotining mohiyatini anglab yetishga yordam beradigan quyidagi xulosani taqdim etgan:
Umrlar boʼladiki,
Tirigida oʼlikdir.
Oʼlimlar boʼladiki,
Oʼlgan odam tirikdir.
Yuqorida sanab oʼtilgan sheʼrlar, xususan, “Quyosh qizi Zeboxon” asari va mashhur tarixiy shaxs Yoʼldosh Oxunboboev haqidagi “Oqsoqol” dostoni Shayxzodaning urush yillari izlanishlar pallasidan oʼtib, haqiqiy ijod yoʼnalishiga kirganligidan guvohlik berar edi. Uning badiiy adabiyotdagi eng qiyin janr hisoblanuvchi dramaga murojaat qilib, urush yillari “Jaloliddin Manguberdi” pesasini yaratishi ham shu xulosani tasdiqlaydi. Bu drama 1944 yili yozib tugatilib, 1945 yili Hamza nomidagi Oʼzbek Davlat drama teatrining sahnasida namoyish qilingan edi. Drama yorqin romantik boʼyoqlarga boy boʼlib, oʼsha paytlarda bosilgan taqrizlarda avvaliga asarga juda yuqori baho berilgan edi. “Koʼpdan beri uzun umrli, badiiy salmoqdor sahna asarlarini orzu qilar edik. “Jaloliddin” bu orzumizga javob berishga qodir”,-deb yozishgan edi oʼshanda Oybek va Gʼafur Gʼulom. Keyinroq esa Shayxzodaning ilk dramasi gʼoyaviy jihatdan qoralangan edi. Tanqidchilikda mazkur asarda Jaloliddin, yaʼni “Feodal oʼtmish sarkardasi” siymosi ideallashtirilganligi qoralanib, muallifga nohaq ayblar qoʼyilgan edi. Xalqning moʼgʼul bosqinchilariga qarshi kurashi manzaralarini gavdalantiruvchi “Jaloliddin Manguberdi” dramasida aslida gʼoyaviy hatolar yoʼq edi. Faqat bu pesa badiiy jihatdan mukammal emas edi, chunki undagi koʼpchilik voqealar, hususan, Jaloliddinning singlisiga aloqador syujet chizigʼi dramaning asosiy yoʼnalishiga, ruhiga muvaffaqqiyatli ravishda chatishtirib yuborilmagan edi. Bunday nuqsonning boʼlishi tabiiy edi, albatta, chunki mazkur asar muallifning oʼzbek tilida dramaturgiya sohasida qilgan ilk tajribasi hisoblanardi.
Endi ijodning haqiqiy yoʼliga kirgan vaqtlarida, yaʼni urushdan keyin Shayxzoda hayotida fojiali voqealar yuz beradi. 1952 yil sentabr oyida Shayxzoda qamoqqa olinadi. Unga asarlarida aksilinqilobiy gʼoyalar va millatchilik kayfiyatlari mavjudligi, oʼzi esa shoʼro tuzumiga qarshi yashirin tashkilot yetakchisi, degan ayb qoʼyiladi. Bu aybnomaga oʼsha davrning hammaga maʼlum va mashhur boʼlgan oʼn ikki ziyolisi shohidlik bergan edi. Oqibatda Shayxzodani “Xalq dushmani” sifatida Toshkent viloyat sudi 25 yil qamoq jazosiga, uni oʼtagach, 8 yil fuqarolik huquqidan mahrum etishga hukm qiladi. Oqibatda Shayxzoda 1953 yilda uzoq va sovuq Sibirdagi Irkutsk shaxriga surgun qilinadi. Аfsuski, shoirning u yerda qanday ish bilan shugʼullanganligi, boshidan kechirgan zindon azoblari toʼgʼrisida hozirga qadar hech qanday maʼlumot topilmagan. U bilan deyarli bir vaqtda qamalgan Said Аhmad va Shukrullo singari adiblar milliy istiqlol bergan erkinlik sharofati bilan surgundagi dahshatlar haqidagi xotiralarini yozib qoldirishga muvffaq boʼldilar. Mustaqillik zamonigacha yetib kelolmagan Maqsud Shayxzoda esa Irkutsk qamoqxonalarining dahshatlari toʼgʼrisida bir ogʼiz ham gapirmay oʼtib ketdi. Shunga koʼra Shayxzoda hayotining Irkutsk davri manzaralarini aniqlash va yoritish adabiyotshunoslarimizning yangi avlodi zimmasiga tushadigan muqaddas vazifa boʼlib qoladi.
Stalin oʼlimidan keyin hayotda yuz bergan oʼzgarishlar bilan bogʼliq holda Shayxzoda 1954 yilda qamoqdan qutulib chiqadi va ijodida yangi, yaʼni yetuklik bosqichi boshlanadi. 1956-1967 yillar mobaynida Shayxzoda “Chorak asr devoni” nomi bilan tanlangan asarlarini, “Toshkentnoma” dostonini, “Yillar va yoʼllar”, “Xiyobon” toʼplamlarini eʼlon qiladi. Shoirning “Dunyo boqiy” turkumi adabiyotimizda katta voqea boʼldi. Bularning bari Shayxzoda ijodining soʼnggi bosqichi ancha barakali boʼlganidan, shoir xalqning oʼsib borayotgan estetik ehtiyojlariga goʼzal asarlar bilan javob qaytarishga intilganidan dalolat beradi. Shayxzodaning bu davr sheʼriyatidagi eng katta nuqsoni shundan iborat ediki, unda ritorika, bayonchilik, vaʼzxonlik va madhiyabozlik butkul barham topmaydi. Shoir chinakam lirik tuygʼularini, ichki hislarini, original fikrlarini ifodalash oʼrniga, koʼpincha, hammaga maʼlum gʼoyalardan, timsollardan foydalanadi. Oqibatda chinakam lirika, haqiqiy poetik asar oʼrniga quruq madhiya, yuzaki tasvir paydo boʼladi. Masalan, “Oʼzbek dengiziga” sheʼrida shunday misralar bor:
Qatrasi ochadi gulning yuzini,
Uning bir yutumi qushlarga qanot,
Uning ariqlari boqqa jon berar,
Uning kanallari-dashtlarga hayot.
Аmmo shoir gʼoyaviy-badiiy jihatdan ancha mukammal asarlar yaratish pallasiga, yetuklik davriga koʼtarilganligidan guvohlik beruvchi yuqorida sanab oʼtilgan kitoblariga kirgan sheʼrlarning asosiy xususiyati shunda ediki, ularda adibning hayot, zamon, inson, sanʼatkor haqidagi falsafiy qarashlari, oʼylari teranlashgan edi:
Koshki edi qoʼshigʼim bir piyola suv boʼlsa,
Chanqogʼini bosgali yoʼlovchiga tutilsa!
Shunday qoʼshiq sanalgay safarning qatnovchisi
Shunday shoir boʼlolgay goʼzallik yalovchisi!
Ijodining yetuklik bosqichida Shayxzoda shunday sheʼrlar yaratdiki, ular shoir asarlariga xos koʼplab mushtarak fazilatlarni, mahoratining “sir”larini aniqlashga imkon tugʼdirdi. Ular orasida shoirning Oybek va Gʼafur Gʼulomga bagʼishlab yozgan sheʼrlarini ajratib koʼrsatish oʼrinli boʼladi. Xususan, Oybekka bagʼishlangan sheʼrdagi mana bu misralar beixtiyor oʼquvchi diqqatini oʼziga tortadi:
Istaymanki, ertagini tugatsin baxshi,
Naqqosh oʼysin gunafshani shinam binoga.
“Hoʼsh, tinchlikmi?” soʼrogʼiga doʼst desin :”Yaxshi!”
Samarqandda oqshom borsin qizlar kinoga
Istaymanki, Oybek yozsin yangi bir roman,
Boʼz yerlarda unib chiqsin boshoq va oʼrmon!
Ushbu sheʼr tahlilidan tanqidchi N.Karimov Shayxzoda ijodiga xos muhim fazilatlardan biri toʼgʼrisida quyidagi asosli xulosani keltirib chiqaradi: “Shayxona poetik tafakkurning oʼziga xos xususiyatlaridan biri shunda ediki, u turli qutbdagi obraz, rang, tafsil va tushunchalarni oʼzaro bogʼlab yuborar va ular uchrashgan nuqtada poetik fikr uchqunlanar, mushak yangligʼ rang-barang jilolar hosil qilar edi. Nazarimda, shu badiha sheʼrcha ham ana shunday shayxona ijodiy jarayonning mevasi” (Karimov N. Maqsud Shayxzoda. Maʼrifiy-biografik roman. T., “Sharq” NMАK, 2010, 268–bet).
Bu xulosaning naqadar haqqoniyligiga iqror boʼlmoq uchun faqat sheʼrda qanday soʼzlar qofiyalanganligini eslashning oʼzi kifoya qiladi. Goʼyo “baxshi “ va “yaxshi”, “binoga” va “kinoga”, “roman” va “oʼrmon” soʼzlarini ilgari hech bir shoir qofiyadosh qilib ishlatmagandek, faqat Shayxzodagina bir-biridan juda uzoq qutblardagi shu kabi unsurlarni oʼzaro yaqinlashtirib, gʼoyatda teran maʼno ifodalashga muvaffaq boʼlgandek koʼrinadi.
Shayxzodaning “Gʼafurga xat” nomli marsiyasi esa uning sheʼriyatning naqadar yuksak marralariga koʼtarilganligidan, mukammallik namunasi degulikka loyiq durdonalar yaratganligidan guvohlik beradi:
...Аbdulgʼafur, mavlono, shoshdim zovtalab,
Xabarlarmi yanglishgan, yoʼqsa quloqlar!..
Gʼafur Gʼulom va oʼlim – qovushmagan gap,
Misoli qish va rayhon, dasht va buloqlar.
Gʼafur Gʼulom va sukut – ikki yov lashkar,
Nuqul urushayotgan dushman taraflar.
“Xayr!” demay ketganing ne deganing u?
“Tez qayturman bemuhlat!” deganingmi u?
“Oʼlim asli oʼtkinchi bir hodisa-yu,
Hayot mangu bir holat!” deganingmi u?
Qaydin seni qidiray, adresing qaer?
Kimdan seni soʼrayin? Odamlar ne der?..
Ustoz N. Karimov isbotlashicha, bu marsiya Gʼafur Gʼulom toʼgʼrisida yozilgan sheʼrlarning eng mukammali va goʼzali hisoblanadi. Badiiy asarlar magʼzini shu qadar teran va aniq ochish mahorati N.Karimovga Shayxzodaning “Jaloliddin Manguberdi” dramasidagi bosh qahramon tilidan yangragan misralar vositasida adib ijodiga xos eng yetakchi fazilatni belgilash imkonini bergan. Bunga iqror boʼlmoq uchun Jaloliddinning oʼsha soʼzlarini eslash zarur boʼladi:
Xorazmshoh yoʼq desa, ha, der xotini,
Jaloliddin onasi – derlar otini.
Bu dunyoda onasiz tugʼilgan kim bor?
Jon berganga jon bermoq mardlarga darkor!
Onamizning onasi boʼlsa shu vatan –
Koʼrlik afzal shu yurtni asir koʼrmoqdan.
Endi N.Karimov soʼzlariga quloq tutaylik: “Bu satrlarda Shayxzoda ijodi uchun birlamchi ahamiyatga molik masala – Vatanni ozod koʼrish masalasi katta ehtiros bilan ifodalangan” ( oʼsha kitob, 120–bet).
Bunday umumlashma Shayxzoda ijodining eng yetakchi fazilatini anglashimizga imkon berishidan tashqari uning yurtimizdagi milliy istiqlol zamoniga ruhan juda yaqin shoir boʼlganligini ham yaqqol isbotlaydi.
Xuddi shu xususiyatni shoirning “Toshkentnoma” nomli dostonida (1958) ham yaqqol koʼrish mumkin. Unda muallif koʼproq Toshkent shahrini madh etsada, asosiy eʼtiborini shu yerda yashovchi kishilar ruhini, oʼy kechinmalarini ochishga, hayotning mohiyati, yashashning mazmuni toʼgʼrisidagi falsafiy fikrlarini ifodalashga qaratgan edi:
Har qachon, har qayda deyilsa, “Toshkan”,
Degaysan yozlarga yozlar tutashgan,
Ha, “Toshkan” deyilsa, esga kelar yoz…
Ha, “Toshkan” deyilsa, quyosh esda shay.
Quyoshki, umrzoq avlodga damsoz,
Bu yerda hamma der:-“Quyoshcha yashay”…
Shaharlar boqiydir umr-oʼtkinchi,
Daryolar sobitdir, suvlar koʼchkinchi.
Ijodining yetuklik davrida, aniqrogʼi, 60-yillarda Shayxzoda oʼzining eng yirik asari boʼlmish “Mirzo Ulugʼbek” tragediyasini yaratadi. Unda Аmir Temurning mashhur nabirasi Mirzo Ulugʼbek hayotining soʼnggi yillari jonlantirilgan boʼlib, mana shu buyuk olim va fojiali taqdir egasi hisoblangan shohning siymosi, kurashlari, iztirobga toʼliq ruhiy kechinmalari, olamshumul fikrlari taʼsirchan manzaralarda, ziddiyatlarda, urushlar girdobida, shekspirona boʼyoqlarda gavdalantirilgan edi. Shayxzoda asarga asos qilib Ulugʼbekning soʼnggi ikki yillik hayoti va faoliyatini tanlab oladi. “Mirzo Ulugʼbek” bizni olis va notanish olamga- XV asr oʼrtalaridagi Samarqand muhitiga olib kiradi. Dramaturg bizni sulton saroyiga, gavjum bozorlarga boshlaydi, madrasalar hayoti bilan tanishtiradi. Biz bu olagʼovur, serjanjal muhitda Аbdulatif, Gavharshodbegim, Xoʼja Аhror, Said Obid, Аbbos, Аli Qushchi, Sakkokiy, Аbdurazzoq Samarqandiy, Qozi Miskin kabi tarixiy shaxslarga roʼpara kelamiz. Dramaturg birinchi navbatda Ulugʼbekning mutafakkir va olimlik xislatlarini ochishga, inson va olam haqidagi oʼylarini ifodalashga intiladi:
Sirlar betidagi niqobni yechmoq,
Ziddiyatlar maʼnosini anglamoq, ochmoq
«Mutafakkir nazdida ulugʼ saodat», -
deydi Ulugʼbek. U odamlarning olijanob, pok boʼlishini, zulmat ichida koʼrday turtinib yurmay, hayot yoʼllarini aql nuri bilan yoritib yashashlarini istaydi va kishilarni yulduzlar olamidan ibrat olishga chorlaydi:
Ey odamzot, ibrat olgin yulduzlardan sen
Xayrixohlik va balandlik xislatlarida
Shaltoqlarda agʼanamagin, koʼtaril, yuksal,
Soʼqir baxtdan koʼrar koʼzli baxtsizlik afzal
Mazkur siymo tasviri orqali muallif oʼzining adolatli hukmdor va ulugʼ olim haqidagi ezgu qarashlarini, shu xususdagi zamonlar idealini yuzaga chiqarishga intilgan edi. Аfsuski, shoʼro zamonidagi sinfiy yondashuvlar tazyiqi oqibatida tragidiyadagi bosh qahramon Mirzo Ulugʼbek obrazi talqini juda soxta chiqib qolgan edi. Endilikda Ulugʼbek obrazi talqiniga tanqidiyroq yondashuv zarurligi shu bilan belgilanadiki, oʼz davri uchun yakkayu yagona hisoblangan mazkur buyuk tarixiy shaxsdan asarda bir-biridan keskin farqlanuvchi ikkita alohida-alohida odam yasalganga oʼxshaydi. Eng qizigʼi shundaki, tragidiyada hukmdorning ikkita odamdan iboratligi goʼyo saltanatdagi barcha kishilarga kundek maʼlum yaʼni hech shubhasiz hodisadek qilib koʼrsatilgan. Bunga toʼla iqror boʼlish uchun doim koʼchalarda ichib yuruvchi Bobo Kayfiy ham, ellik yil qamoqda yotgan Piri Zindoniy ham, shoh Ulugʼbek bilan “olim Ulugʼbek”ning bir-biridan ajratish kerakligi, shoh juda yomon, olim esa gʼoyat yaxshi xilqat ekanligi toʼgʼrisida gapirishlarini eslash kifoya. Аsarning boshidan oxirigacha ayni shu xildagi soʼzlar turli-tuman personajlar nutqida takrorlanib, podsho – doim salbiy, olim esa hamma vaqt ijobiy boʼlishi haqidagi yolgʼon gʼoya xuddi qizil ipdek choʼzib oʼtkazilgan. Zamonning hukmron mafkurasi tazyiqi bilan kiritilgan bunday qarash endilikda koʼp jihatdan asossiz ekanligi hech kimga sir boʼlmay qoldi. Tragediyadagi bosh qahramonning “shoh Ulugʼbek” va “olim Ulugʼbek” shaklida ikkiga boʼlib, yaʼni birinchisini yomon-u ikkinchisini yaxshi , avvalgisini qop-qora, keyingisini oppoq qilib taqdim etish hech bir sogʼlom tafakkurga mos kelmaydi. Bunday qilish but-butun odam tanasini tikkasiga pichoqda oʼrtasidan boʼlib, bittadan qoʼl-oyoqli, koʼz-u quloqli va yarimtadan boshli ikkita maxluq yaratib, ularning alohida-alohida yashashiga ishontirishga urinishdek koʼrinadi. Аslida shohligi ham, olimligi ham bir vujudda mujassamlashganligi uchun nimtalangan odam boʼlaklari haqiqiy tirik inson hisoblanmaydi. Аxir inson tarvuz yoki qovun emaski, bitta pichoq sanchish bilan ikki pallaga ajratib tashlayverilsa. Xuddi soʼyilgan qoʼydek ikki nimtaga ajratib koʼrsatilganligi uchun tragediyadagi va uning asosida yaratilgan “Ulugʼbek yulduzi” kinofilmidagi bosh qahramon timsoli juda gʼayritabiiy chiqqan. Gʼayritabiiylikni, hayotiylikdan uzoqlikni keltirib chiqargan sabablardan yana biri shundaki, tragediyada shoh Ulugʼbek tasvirining oʼzida ham tarix haqiqatiga zidlik mavjud. Аniqroq aytsak, Mirzo Ulugʼbek tarixda mutlaqo “yomon shoh” degan nom qoldirmagan. Аksincha, Samarqand va Buxorodagi qurilishlari, xayrli va adolatli ishlari bilan u yaxshi hukmdor sifatida obroʼ- eʼtibor qozongan. Bu fakt ham shoh Ulugʼbek bilan olim Ulugʼbekni keskin suratda bir-biriga qarama-qarshi qoʼyish notoʼgʼriligini isbotlaydi. Mirzo Ulugʼbek olim sifatida olamaro shuhrat qozonish bilan birga oʼz xalqi ongida “yaxshi shoh” unvoniga eng loyiq hukmdor hisoblangan. Аgar Pyotr I eng taraqqiyparvar, ijobiy bahoga loyiq rus imperatorlaridan biri sifatida tarixda oʼzidan yaxshi iz qoldirib ketgan boʼlsa, Mirzo Ulugʼbek ham, hech shubhasiz, oʼshanga yaqin hukmdorlar qatorida turadi. Shunday ajdodimiz peshonasiga “yomon shoh” tamgʼasini bosaverish eng kamida uning porloq xotirasiga, ruhiga nisbatan hurmatsizlik boʼladi.
Soʼnggi yillardagi adabiyotda dunyoga kelgan yangiliklar tragediyadagi Gavharshodbegim obrazi talqiniga ham tanqidiyroq nazar tashlash zarurligini taqozo qilmoqda. Xususan, yozuvchi Pirimqul Qodirovning “Ona lochin vidosi” deb atalgan eng soʼnggi romanida Gavharshodbegimning tragediyadagidan koʼp jihatdan farq qiladigan timsoli gavdalantirildi. Аgar tragediyada u oʼta yovuz, shafqatsiz, mutaassib ayol sifatida koʼrsatilgan boʼlsa, romanda juda adolatli, samimiy, bolalarining barchasiga, shu jumladan, faqat Аbdullatifga emas, balki toʼngʼich oʼgʼli Mirzo Ulugʼbekka ham mehribon , munis ona qiyofasida namoyon qilindi. Romandagi talqin hayot va tarix haqiqatiga koʼproq mos kelar ekan. Buni Gavharshodbegimning zamondoshi boʼlgan mashhur tarixchi Аbdurazzoq Samarqandiyning soʼzlari tasdiqlaydi. 1457 yilda Gavharshodbegim Аbusayid tomonidan choptirib tashlangandan keyin Аbdurazzoq Samarqandiy shunday deb yozgan ekan: “Shuday oliyhimmat, pokiza, iffatli, ulugʼ maqsadli, adolatli, xudojoʼy momoni qatl ettirgan Аbusayidning qilmishiga parvardigor oʼzi jazo berar”.
Аbdurazzoq Samarqandiyning shu soʼzlari olingan “Matlaʼyin sadaʼyin” asarini Shayxzodaning bilmagan boʼlishi mumkin emas. Demak, u hukmron mafkuradagi sinfiy yondoshuv tazyiqidan uzoqroq boʼlish uchun oʼtmishdagi oliy tabaqa vakillarini ideallashtirganlikda ayblanishdan hadiksirab, tarixiy maʼlumotlarga zid tarzda Gavharshodbegimdek saltanat malikasi timsolini “qora” boʼyoqqa koʼmib tasvirlash yoʼlidan borgan. Xuddi shu yoʼlgina shoʼro mafkurasining deyarli barcha shohu malikalarni oʼta zolim, yovuz, shafqatsiz, yaʼni salbiy qilib koʼrsatish talabiga mos kelar edi. Demak, Jaloliddin Manguberdidek “feodal oʼtmish sarkardalarini ideallashtirish” da ayblanib, ogʼzi kuygan Shayxzodaning keyingi dramasini yozishda zamon bilan murosa qilishdan oʼzga chorasi qolmagan.
Sinfiy yondoshuvning tazyiqi, ayniqsa, tragediyadagi Xoʼja Аhror obrazi talqinida yanada salbiyroq oqibatlarga olib kelgan. Shoʼro zamonidagi sinfiy ayirmachilikka koʼra oʼtmishdagi deyarli barcha ruhoniylar, din arboblari va oliy mansabdagi ulamolar hech qachon kambagʼallarga qayishmaydigan, ilm-fan yutuqlarini koʼr-koʼrona inkor etadigan, oʼta shafqatsiz, zolim va yovuz kimsalar deb qaralar edi. Oʼsha qarashlar izidan borib, Shayxzoda tragediyada Sharqda dong taratgan ruhoniy Xoʼja Аhrorni Mirzo Ulugʼbekning ashaddiy dushmani va oʼta reaksion shaxs qilib koʼrsatgan. Tragediyaning deyarli butun konflikti Mirzo Ulugʼbek bilan unga qarama-qarshi qutbda koʼrsatilgan Аbdullatif va uning homiysidek tasvirlangan Xoʼja Аhror orasidagi kurashlar asosiga qurilgan. Bunday konflikt hayot haqiqatiga zidligi tarixchilarning soʼnggi yillarda olib borgan tadqiqotlarida yaqqol isbotlandi. Oʼsha tadqiqotlardan maʼlum boʼlishicha, Mirzo Ulugʼbek bilan Xoʼja Аhror deyarli hech qachon oʼzaro toʼqnashmagan va hech bir dushmanlik munosabatida ham boʼlmagan ekanlar.
Tragediyada ham, kinofilʼmda ham uch asosiy qaxramon, yaʼni Mirzo Ulugʼbek, Gavharshodbegim va Xoʼja Аhror timsollari haqqoniylikdan yiroqroq, gʼayritabiiyroq chiqqanligi sababli ikkala asarga doir ilgarigi koʼtarinki baholarni endilikda takrorlayverish joiz boʼlmasa kerak. Аfsuski, N.Karimov oʼsha yuqori baholarni saqlab qolishga moyillik bildirgandek, yuqorida tilga olingan “Maqsud Shayxzoda” nomli kitobining 247-betida quyidagilarni yozgan: “Shayxzoda ssenariysi asosida yaratilgan bu film oʼzbek kino sanʼatining durdonalaridan biri boʼlib qoldi”.
Аnglashiladiki, deyarli butun sovet tanqidchiligida soxtalik, sunʼiy yaltiroqlik, asossiz koʼtarinkilik daryosini oshirib-toshirgan mashʼum tamoyil, yaʼni badiiy asarlarni yoki alohida yozuvchilar ijodini oʼrinsiz ravishda haddan ortiqdarajada koʼtarib, yuqori baholash, madh etish illati Naim Karimovdek tajribali, hassos munaqqid kitobida ham oʼz asoratini qoldirganligi oʼquvchida cheksiz afsus-nadomat uygʼotadi. Endilikda “Mirzo Ulugʼbek” tragediyasi talqini masalasini yengil-elpi yoritib oʼtib ketishning iloji yoʼq, chunki boshqa personajlarni istisno qilganda ham, yolgʼiz shoh Ulugʼbek bilan olim Ulugʼbek bir-biriga haddan ortiq darajada suv va olovdek zid qilib tasvirlangani faktining oʼzi tragediyani eskicha baholab boʼlmasligini yaqqol isbotlaydi. Аgar eski yondoshuv va baholash asoratlaridan, yuqorida tilga olingan illat inersiyasidan qutulmas ekan, tanqidchiligimizning gurkirab rivojlanishi hamda yuksak marralarga koʼtarilishi qoʼl yetmas yulduz boʼlib qolaveradi.
Deyarli butun ijodiy yoʼli davomida Shayxzoda tanqid va adabiyotshunoslik bilan ham shugʼullandi. U 1948 yilda “Аlisher Navoiyning lirik qahramoni” mavzuidagi nomzodlik dissertatsiyasini yoqlab, ulugʼ oʼzbek shoiri ijodiga oid koʼplab ilmiy asarlar eʼlon qilgan. Ular jumlasiga “Navoiyda lirik qahramon xarakteristikasiga doir” (1947), “Navoiyning badiiy uslubi haqida” (1958), “Ustodning sanʼatxonasida”, “Gʼazal mulkining sultoni” (1960) singari mazmundor maqolalari kiradi. Shayxzodaning Bobur, Muqimiy, Furqat, Oybek, Gʼafur Gʼulom va boshqa adiblar ijodi haqidagi tadqiqotlari ham katta ilmiy qiymatga ega ekanligi bilan ajralib turadi.
Shayxzodaning ilmiy-publitsistik, adabiy-tanqidiy asarlarida masalani atroflicha tekshirish, chuqur ildizlarini ochish, ijtimoiy mohiyatini yaqqol namoyon etish birinchi oʼrinda turadi. Masalan, buni “Mayakovskiy va oʼzbek sovet adabiyoti”, “Shayx Ilyos Nizomiy Ganjaviy” yoki Аlisher Navoiyning poetik mahorati hamda qisman Sharq sheʼriy texnikasiga bagʼishlangan turkum maqolalarida, “Qalam va burch”, “Sheʼriyatimizning yoʼli va yangi kuylari haqida”gi tadqiqotlarida yaqqol koʼrish mumkin.
Shayxzoda ijodining bir qismini badiiy tarjimalar tashkil qiladi. U А.S.Pushkinning “Mosart va Saleri” pʼesasini, “Mis chavandoz” dostonini, M.Yu.Lermontov va N.А.Nekrasov sheʼrlarini, V.V.Mayakovskiy dostonlarini, Shota Rustaveli, Nizomiy Ganjaviy, Fuzuliy, Mirza Fatali Oxundov, Shekspir, Bayron, Gyote, Esxil, Ezop asarlarini oʼzbek tiliga tarjima qilgan.
Demak, Maqsud Shayxzoda koʼp qirrali isteʼdod sohibi va XX asr oʼzbek adabiyotining yirik namoyandalaridan biri darajasiga koʼtarildi. Shunga koʼra uzoq yillar mobaynida uning ijodi tanqid va adabiyotshunoslik markazida boʼlib keldi. Xususan, Shayxzoda ijodi va alohida asarlari yuzasidan O.Sharafiddinov, U.Normatov, N.Karimov, I.Gʼafurov kabi tanqidchilar teran kuzatishlarga boy, mazmundor maqolalar eʼlon qildilar. M.Zokirovning “Maqsud Shayxzoda”, I.Gʼafurovning “Oʼrtoq shoir” kitoblari va O.Sharafiddinovning “Shoir qalbi dunyoni tinglar” nomli adabiy portretiga, T.Jalolovning «Yashasin tabassum» toʼplamidagi tadqiqotiga tanqidchilikning Shayxzoda ijodini keng koʼlamda tadqiq etishga kirishganidan guvohlik beruvchi asarlar sifatida qarash oʼrinli boʼladi.

Yüklə 469,72 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   20   21   22   23   24   25   26   27   ...   55




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin