Maxsus ta’lim vazirligi alisher navoiy nomidagi toshkent davlat o‘zbek tili



Yüklə 3,95 Mb.
səhifə1/82
tarix24.10.2023
ölçüsü3,95 Mb.
#160082
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   82
baxtiyor abdushukurov.qadimgi turkiy til


O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
ALISHER NAVOIY NOMIDAGI TOSHKENT DAVLAT O‘ZBEK TILI VA ADABIYOTI UNIVERSITETI
B.Abdushukurov
QADIMGI TURKIY TIL


Toshkent-2019

«Qadimgi turkiy til» o‘quv qo‘llanmasi Filologiya va tillarni o‘qitish (o‘zbek tili) yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim olayotgan talabalarga mo‘ljallangan. Unda qadimgi turkiy tilning fonetik, leksik, morfologik va sintaktik xususiyatlari haqida so‘z boradi. Mazkur qo‘llanmani yozishda qadimgi turkiy til bo‘yicha to‘plangan tajribalar, mavjud qo‘llanma, kitoblardagi materiallardan foydalanildi.
B.Abdushukurov. Qadimgi turkiy til.
Mas’ul muharrir : H. Dadaboev, filologiya fanlari doktori, professor
Taqrizchilar: S.Ashirboyev, filologiya fanlari doktori, professor Q.Omonov, filologiya fanlari doktori, dotsent

KIRISH


Ona tilimizga ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan bebaho meros sifatida e’tibor qaratish, uni asrab-avaylash, boyitish, nufuzini oshirish barchamizning asosiy vazifalarimizdan sanaladi. Shu ma’noda, aytish mumkinki, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2016-yil 13-mayda imzolangan “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmonida hozirgi globallashuv davrida o‘zbek tilining o‘ziga xos xususiyatlari, tarixiy taraqqiyoti, bugungi holati va istiqboli bilan bog‘liq masalalarni chuqur o‘rganish borasidagi qator muhim vazifalar belgilab berildi. Farmonda qayd etilganidek, “O‘zbek tilining har tomonlama taraqqiy topishi va adabiy til sifatida maydonga chiqishida qadimgi turkiy til katta hissa qo‘shganini alohida ta’kidlash tabiiydir”1.


Darhaqiqat, qadimgi turkiy til o‘zbek va boshqa turkiy tillarning shakllanishiga asos bo‘lgan. Ammo qadimgi turkiy tilning o‘zi ham ma’lum taraqqiyot bosqichlarini boshidan kechirgan, shakllangan, ma’lum bir qolipga tushgan. Ma’lumki, qadimgi turkiy til davri turkiy xalqlar tili, tarixiylkning ildizlarini bilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Buning natijasida hozirgi adabiy tilning qonuniyatlarini teranroq anglash imkoni yuzaga chiqdi.
Qadimgi turkiy yozma yodgorliklarga run, uyg‘ur, moniy, brahma, sug‘d, suryoniy yozuvlarida bitilgan obidalar kiradi. Run va uyg‘ur yozuvlari turkiy xalqlarga xosdir. Toshga o‘yib yozilgan run yozuvi yodgorliklari dastlab Yenisey havzasida, so‘ngra XIX asr oxirida Mo‘g‘ulistonning O‘rxun daryosi yaqinida topilib, bu yozuvni dastlab daniyalik tilshunos olim V.Tomsen va rus turkologi V.Radlov aniqlagan. Hozirgi paytgacha run yozuvida bitilgan ko‘plab tosh, idish, buyum, tangalar, kitob va kitob varaqlari, ayrim qog‘ozlar ma’lum. Talas va Yenisey bitiglaridagi yozuv O‘rxun obidalariga nisbatan harflarning shakliy variantlari ko‘pligi bilan farq qiladi. I.Kizlasovning fikricha, ushbu bitiglarda sakkiz xil alifbo amal qilgan.
Yaqin o‘tmishga nazar tashlaydigan bo‘lsak, sho‘rolar davrida tilimizga quyi darajadagi til sifatida qaraldi. “Devonu lug‘otit turk”da ulug‘langan, “Muhokamat ul-lug‘atayn”da tavsiflangan ona tilimiz yuksak minbarlardan, ilmiy va ma’rifiy anjumanlardan chetlashtirildi. Bugun mustaqillik yillarida o‘zbek tili qaddini tiklayotgan, butun bir millatning milliy tili sifatida bo‘y ko‘rsatayotgan bir davrda qayd etilgan farmonning qabul qilinishi uning qo‘llanish doirasini kengaytirish, tarixiy ildizlarini chuqur o‘rganish va ilmiy asosda rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi.
O‘zbek tilining bugungi milliy til darajasiga ko‘tarilishida XX asr boshlarida yashagan ziyolilarning o‘rni katta. Farmonda ham o‘z hayotini xalqimizning ma’naviy kamolotiga, ona tilining ravnaq topishiga bag‘ishlagan Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat,




1“Алишер Навоий номидаги Тошкент давлат ўзбек тили ва адабиёти университетини ташкил этиш тўғрисида”ги Фармон. 2016 йил 13 май. – Б. 1.
Abdulhamid Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy kabi ma’rifatparvarlarimizning xizmatlari alohida tilga olinadi. Ular sho‘rolar siyosati avjiga chiqqan paytda o‘zbek tilining so‘z yasash imkoniyatlaridan foydalangan holda xalqda milliy g‘urur, ona tiliga hurmat tuyg‘usini shakllantiradi.
Farmonda ta’kidlanganidek, “Ona tilimizning qo‘llanish doirasini kengaytirish, uning tarixiy ildizlarini chuqur o‘rganish va ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish bugungi kunda o‘ta dolzarb masalaga aylanmoqda”2. Shu ma’noda, qadimgi turkiy tilning o‘zbek tilining adabiy til sifatida maydonga chiqishidagi o‘rnini e’tirof etgan holda “Qadimgi turkiy til” fani shakllantirildi. Bu fan orqali talabalarga oʻzbek tilning tarixiy ildizlari, V-X asrlarda yaratilgan manbalarning til xususiyatlari haqida bilim beriladi. G‘.Abdurahmonov, A.Rustamovning “Qadimgi turkiy til” (1982) o‘quv qo‘llanmasi, N.Rahmonov, Q.Sodiqovlarning “O‘zbek tili tarixi” (2007) darsligi e’lon qilingan. Biroq “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmonda belgilab berilgan vazifalar ularni boshqatdan ko‘rib chiqishni, qadimgi turkiy tilning fonetik, leksik va garammatik xususiyatlarini kompleks tadqiq etishni taqozo etadi.
Keyingi vaqtda turkologiya sohasida bir qator yangi tadqiqotlar yuzaga keldi. Eng qadimgi sug‘d, ko‘k turk (o‘rxun-yenasoy, turkiy run), eski uyg‘ur (turk) yozuvlaridagi yodgorliklarni o‘rganishga oid izlanishlar olib borilmoqda. Ko‘k turk xoqonligi davrida yaratilgan Bug‘ut mangutoshi, uning tiklanish tarixi, yodgorlikda saqlanib qolgan sug‘dcha bitig talqini, sug‘d tilidagi arablar istilosi bilan bog‘liq nazariy qarashlar, ko‘k turk bitiglari, ko‘k turk yozuvining o‘ziga xos jihatlari, imlo xususiyatlari, ko‘k turk xatida bizgacha yetib kelgan To‘nyuquq, O‘ngin, Kul tegin, Bilga xoqon, Suji bitiglarining matni talqini, turkiy yozma yodgorliklar asosida rasmiy uslubning yuzaga kelishi, taraqqiyot bosqichlari, hujjat turlari haqida muhim ma’lumotlar qayd etilgan.
E’lon qilingan monografik tadqiqotlar, yoqlangan dissertatsiyalar, chop etilgan maqolalar shundan dalolat beradiki, o‘zbek tilining takomili va adabiy til sifatida shakllanishida qadimiy turkiy tilning o‘rni va ahamiyatini ko‘rsatib berish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, o‘quv qo‘llanmaning tayyorlanishi Farmonda belgilab berilgan o‘zbek tilining asl tabiati va xususiyatlarini to‘la aks ettiradigan mukammal akademik va o‘quv grammatikalarini yaratish, tovushlar tizimi va uning yozuvda aks etishi, joriy imlo qoidalarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar tayyorlash, turli mavzu va yo‘nalishlar bo‘yicha lug‘at va qomuslar, risola va darsliklar yaratish vazifasiga mos tushadi.


2“Алишер Навоий номидаги Тошкент давлат ўзбек тили ва адабиёти университетини ташкил этиш тўғрисида”ги Фармон. 2016 йил 13 май.

  1. Yüklə 3,95 Mb.

    Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   82




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin