Ushbu alifbo moniychi turklar orasida amal qilgan. Milodiy 247-yili Eronda Moniy boshchiligida yangi diniy oqimga asos solindi va o‘sha kezlardan boshlab Shom (Suriya)ning Palmira shahrida qo‘llanilgan yozuv shakli asosida tuzilgan moniy yozuvi ham amal qila boshladi. Keyinchalik ushbu yozuv moniy dini bilan birga O‘rta va Markaziy Osiyoga ham kirib keldi. Eramizning VIII asrida moniylik uyg‘ur xoqonligining davlat dini sifatida amal qilgan chog‘larda bu yozuv ham turklar orasida keng yoyildi. Moniy mazmunli turkiy yodgorliklar bizgacha ikki - moniy va uyg‘ur yozuvlarida yetib kelgan.
Sug‘d yozuvi
U miloddan avvalgi III asrlarda oromiy xati negizida shakllangan bo‘lib, milodning XI asriga qadar sug‘dlarning milliy yozuvi sifatida amal qilgan. Uzoq tarixiy birodarlik, qo‘shnichilik va birga yashash ta’sirida ushbu yozuv turkiy xalqlar uchun ham xizmat qila boshlagan. Turkiy xalqlar orasida keng qo‘llangan uyg‘ur yozuvi ham ana shu xat negizida shakllandi.
Braxma yozuvi
U bo‘g‘in yozuvi bo‘lib, qadimgi sanskritcha alifbo negizida shakllangan.
Turon zaminiga buddizm ta’sirida kirib kelgan.
Suryoniy yozuvi
Milodning boshlarida Mesopotamiyaning garbi-shimolida xristianlik gurkiragan edi. Bu o‘lkada oromiy alifbosi asosida shakllangan suryoniy xati amal qilgan. V yuzyillikning o‘rtalarida Suriya dindorlari ikki mazhabga bo‘linib ketgan. Ularning nasturiy mazhabidagilari o‘z yurtida ta’qib ostida qolgach, Erondan panoh topdilar. Nasroniylar bu yerda o‘zlarining ta’limot maktablarini ochishgan. Mana shu maktab namoyandalari ta’limotlarini mahalliy xalq orasiga ham yoydilar. Ularning missionerlik ishlari oqibatida nasroniylik VII-VIII asrlarda Xirot,
Samarqand, Qoshg‘ar, hatto Hindiston va G‘arbiy Xitoygacha yetib bordi. Bu o‘lkalarda nasroniylik bilan bir paytda suryoniy alifbosi ham tarqalgan. Suryoniy xati turk nasroniylar orasida ham qo‘llanilgan. Bizgacha yetib kelgan nasroniy mazmunli turkiy yodgorliklar ikki - uyg‘ur va suryoniy yozuvlaridadir13.