-dï, -di, -tï, -ti qo‘shimchasi: qatïğdï “diqqat qilib”, tükäti “tugal”, edgüti
“yaxshilab”.
-la, -lä qo‘shimchasi: tünlä “ tunda”, čïnla “chindan”.
Soʻzlarning takrorlanishi, birikishi orqali ham ravishlar hosil qilingan: ötrü-ötrü “soʻng”, öni-öni “asta-sekin”, tolu tükäl “batamom”, ertü keč “tez orada”, bükün, küntüz.
Ravishlarning quyidagi ma’no turlari qayd qilinadi:
Payt ravishlari: bükün “bugun”, küntüz “kunduz”, emit “emdi”, ertä
“erta”, ašnu “avval”, küntämäk “har kuni”.
O‘rin ravishlari: taštïrtï “tashqari”, ičrä “ichida”, birayä “o‘ngda”,
yïraya “chapda”.
Holat ravishlari: aquru “sekin”, tärk “tez”, yaqïn-timin “asta- sekin”.
Daraja-miqdor ravishi: munča, anča, az, üküš “koʻp”, telim “koʻp”. Qadimgi turkiy tilda, xususan, VI-X asrlarda -ğacha, -gäčä affiksi
vazifasini tägi so‘zi bajargan. Masalan: Shantuŋ yazïqa tägi “Shantung cho‘ligacha”; Temir qapïğqa tägi “Temir darvozagacha”.
YORDAMCHI SOʻZLAR
Yordamchi so‘zlar lug‘aviy ma'no anglatmaydi, leksemaning grammatik ma'nosini bildiradi, morfologik o‘zgarish tizimi, yasalish xususiyati ham yo‘q, gap bo‘lagi bo‘lib ham kelmaydi. Ular so‘z va gaplarni o‘zaro bog‘lash, ularga qo‘shimcha ma'no yuklash, so‘zlarni bir-biriga tobelash kabi munosabatlarni anglatadi.
Ko‘makchilar gapda ot yoki otlashgan so‘zlardan keyin kelib, vosita, maqsad, sabab, vaqt, makon sintaktik munosabatlarni ifodalash uchun xizmat qiladi. Turkiy tillarda ko‘makchilar mustaqil so‘z turkumlaridan rivojlangan. Lekin bu jarayon uzoq davrlar davomida kechgan. Bunday so‘zlar dastlab o‘z ma'nosida qo‘llanish bilan birga, ko‘makchi vazifasini ham bajargan. Davrlar osha ular o‘zining mustaqil leksik ma'nosini yo‘qotib, ko‘makchilar turkumiga o‘ta boshlagan.
Qadimgi turkiy tilda ko‘makchilar va ko‘makchi vazifasida qo‘llangan so‘zlar o‘z ifodasini topgan. Hozirgi turkiy tillarda ko‘makchilar gapdagi so‘zlar o‘rtasida bo‘lgan turli-tuman sintagmatik munosabatlarni ifodalashga xizmat qilgani kabi qadimgi turkiy tilda ham ana shunday ma’nolarda qo‘llangan.
Ko‘makchilar grammatik ma’no ifodalashi jihatidan kelishiklarga yaqin turadi. Ba’zan kelishik formasi bajargan funktsiyani bajarishga xizmat qiladi. Ko‘makchilar ma’no anglatish jihatidan bir emas. Jumladan, učun, birlä, sarï va boshqa shunga o‘xshash ko‘makchilar mustaqil ma’no anglatmaydi. Lekin ast, oŋ, ičintä kabi koʻmakchilar yakka holda ham mustaqil ma’no ifodalaydi, lekin o‘rni bilan ko‘makchi vazifasida ham qo‘llanadi hamda kelishik affiksini qabul qiladi. Ana shu nuqtai nazardan qadimgi turkiy tildagi ko‘makchilarni sof ko‘makchilar va vazifadosh ko‘makchilarga bo‘lish mumkin.
Dostları ilə paylaş: |