Chili «kreol liberalizmi» tavsifi. Chili iqtisodiyotining rivojlanish muvaffaqiyatlari aynan A.Pinochet nomi bilan bog‘liq, chunki A.Pinochet davrida Chili iqtisodiyotini erkinlashtirish va yirik masshtabli neokonservativ islohotlar boshlandi. Chili islohotlari qisqa muddatda mamlakatni qiyin iqtisodiy inqirozdan chiqib ketishiga imkon yaratdi va u XX asrda amalga oshirilgan oqilona iqtisodiy siyosatning eng yaxshi namunalaridan biri hisoblanadi.
Mamlakatda erkin iqtisodiyotni shakllanishga olib kelgan Chili islohotlari majmuaviy va davriy bo‘lgan. Ularning asosiy tarkibiy qismini quyidagilar tashkil etgan:
inflyatsiyaga qarshi siyosati. XVF va «Chikago maktabi» usullari bo‘yicha pul emissiyasi to‘xtatildi, xususiylashtirish va soliq tushumlari hisobiga davlat xarajatlarini tartibga solish, daromadlarni oshirish orqali byudjet taqchilligi bartaraf etildi;
proteksionistik choralar yordamida tashqi savdodagi nomutanosiblikni bartaraf etish. Eksport, xususan, noan’anaviy eksportni rag‘batlantirish va importni cheklash siyosati olib borildi (mahalliy ishlab chiqarish samaradorligini oshirish uchun dastlab import o‘rnini qoplash siyosati amalga oshirildi);
soliq islohotlari. Soliq bazasini kengaytirish, soliq qonunchiligini soddalashtirish, soliq stavkalarini yagonalashtirish, soliq imtiyozlarini bekor qilish, soliqlar to‘lashdan bosh tortishga qarshi kurash. Chilida 1975-yildan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i joriy etildi;
tashqi savdoni erkinlashtirish. Milliy valyuta (peso) kursining oshib ketishi, devalvatsiyasiga yo‘l qo‘ymaslik. Xorijiy kapitalni jalb etish, valyuta cheklashlari va xorijiy qarzlarga bo‘lgan cheklashlarni bekor qilish. Keyinchalik mamlakat iqtisodiyoti uchun tashqi savdodagi erkin va davlat tartibga solish elementlarini birlashtirish xos bo‘lib, peso kursining chet el valyutalari qatoriga kiritilishi esa tashqi iqtisodiy aloqalar rivojlanishining barqarorligini ta’minladi va inflyatsiyaga qarshi kurashga yordam berdi;