Yangi industrial mamlakatlar – sanoatlashtirish, ilmiy ishlab chiqarishning alohida turlarini yaratishda muvaffaqiyatlarga erishgan, xalqaro mehnat taqsimoti va xalqaro savdoda faol qatnashuvchi, sanoat tarmoqlari va xizmatlar sohasi eksportga yo‘naltirilgan rivojlanayotgan mamlakatlar guruhi.
Eksportga yo‘naltirilgan iqtisodiy rivojlanish modeli – milliy iqtisodiyotning ustun darajada tashqi bozorga, iqtisodiyotning eksportga yo‘naltirilganligini ta’minlashga qaratilgan iqtisodiy rivojlanish modeli.
Import o‘rnini qoplash modeli – milliy iqtisodiyot tarmoqlarini ichki resurslarga tayangan holda rivojlantirish, import o‘rnini qoplashga yo‘naltirilgan iqtisodiyotni shakllantirish modeli.
Quvib yetadigan modernizatsiyalash – iqtisodiyotning barqaror o‘sish sur’atlari ustun darajada yuqori jamg‘arish normasi, ya’ni YaIM da yuqori investitsiyalar ulushi iqtisodiyotga davlatning aralashuvi hisobiga erishilishi.
Sanoat siyosati – ishlab chiqarishning o‘sishiga, fan-texnika yutuqlarini ishlab chiqarishga joriy etish, iqtisodiyotning tarmoq tarkibini yaxshilashga va tayyor mahsulot eksportini rivojlantirishga qaratilgan davlatning uzoq muddatli chora-tadbirlar majmui.
Sanoat siyosatining «Sharqiy Osiyo» modeli – yuqori texnologiyali tarmoqlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan bo‘lib, iqtisodiy o‘sishning, birinchi navbatda, fan-texnika yutuqlari va yuqori texnologiyalarni o‘zlashtirishga (innovatsiyalarga) bog‘liqligiga asoslanadi.
«Kreol neoliberalizmi» – Lotin Amerikasi mamlakatlari rivojlanishining yangi modeli hisoblanib, uning negizida Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari tajribasiga ko‘ra, rivojlanishning tashqi omillari, eksportga yo‘naltirilgan iqtisodiyotning tiklanishi yotadi.
«Chikago maktabi» usullari – pul emissiyasi to‘xtatilishi, xususiylashtirish va soliq tushumlari hisobiga davlat xarajatlarini tartibga solish, daromadlarni oshirish orqali byudjet taqchilligini bartaraf etish usullari.