ALSning «O», «OCh» signal ko‘rsatkichi yonib turgan taqdirda, poyezd to‘xtaganidan keyin ogohlik pedali (tugmasi) bosilgan holda ALS ruxsat beruvchi signal ko‘rsatkichi paydo bo‘lgunga qadar 20 km/soatgacha tezlikda harakat qilishga ruxsat etiladi.
Avtomat tarzda ishlaydigan svetoforning taqiqlovchi ko‘rsatkichi yonib turgan taqdirda (qizil chiroq, bitta qizil va bitta sariq chiroq, o‘chiq chiroqlar, tushunarsiz ko‘rsatkich), poyezd svetofor oldida to‘xtaganidan keyin, ALS-ARS qurilmalari ishlaydigan poyezd ogohlik pedali (tugmasi) bosilgan holda ALS ruxsat beruvchi signal ko‘rsatkichi paydo bo‘lgunga qadar 20 km/soatgacha tezlikda, ALS-ARS qurilmalari ishlamaydigan yoki bunday vositalar bilan jihozlanmagan poyezd, shuningdek ALS-ARS qurilmalari bilan jihozlanmagan tarmoqdagi poyezd esa - ogohlantiruvchi svetofordan tashqari, navbatdagi svetoforgacha, 20 km/soatgacha tezlikda harakat qilishiga ruxsat etiladi.
Poyezdning ALS-ARS qurilmalarining nosozligida mashinist ARS qurilmalarini o‘chirib qo‘yishi, nosozlik haqida poyezd nozimiga xabar qilishi, mashinist yordamchisini chaqirishga talabnoma berishi va yo‘lovchilar bilan harakatni ogohlik pedalini bosgan va svetoforlarning signal ko‘rsatkichlariga amal qilgan holda tarmoq punkti joylashgan bekatgacha davom ettirishi lozim. Mashinist yordamchisi yetib kelganidan keyin lokomotiv brigadasi tarkib rejada belgilangan to‘xtash joyiga olib kirilgunga qadar ishni davom ettiradi. Mashinist yordamchisi kelmagan taqdirda, tarkib elektrodepoga haydab borilishi lozim.
To‘suvchi svetoforlarning taqiqlovchi belgisi yongan taqdirda, poyezdlar harakati tartibi metropoliten boshlig‘i tasdiqlagan Yo‘riqnoma bilan belgilanadi.
Asosiy signallashtirish vositalarining ishlashi to‘xtatilgan taqdirda poyezdlar harakati Poyezdlar harakati va manyovr ishlariga doir Yo‘riqnomada belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
POYEZDLAR HARAKATI TARTIBI
Metropolitenda elektr poyezdlarning ruxsat etilgan harakat tezliklari metropoliten boshlig‘ining buyrug‘i bilan belgilanadi. Mazkur buyruqqa binoan ruxsat etilgan harakat tezliklarining signal belgilari o‘rnatilishi lozim.
Elektr poyezdlarining harakat tezligi quyidagicha bo‘lishi lozim: