Poyezdlar bekatga kirish svetoforlarning ruxsat beruvchi belgisi yonib turgan taqdirda bekatning texnik-farmoyish hujjatida nazarda tutilgan bo‘sh yo‘llarga qabul qilinishi, poyezdlarni bekatdan jo‘natish esa chiqish svetoforlarning ruxsat beruvchi belgisi yonib turgan taqdirda ALS signali ko‘rsatilgan tezliqdan oshmagan holda, ALS-ARS qurilmalari bilan jihozlanmagan tarmoqda esa - mazkur yo‘l qismida ruxsat etilgan tezlikdan oshmagan tezlikda amalga oshiriladi.
Avtomatik tarzda ishlaydigan kirish va chiqish svetoforlari o‘rnatilgan, hamda mazkur svetoforlarning signal chiroqlari o‘chirib qo‘yilgan bekatda, poyezdni bekatga qabul qilish (poyezdning bekatga kirishi) yoki poyezdni bekatdan jo‘natish ALS signali ko‘rsatkichi bo‘yicha ko‘ra amalga oshiriladi.
Istisno tarzida yarim avtomatik tarzda ishlaydigan kirish yoki chiqish svetoforining taqiqlovchi belgisi (qizil chiroq, bitta qizil va bitta sariq chiroq, o‘chiq chiroqlar, tushunarsiz ko‘rsatkich) yonib turgan taqdirda poyezd svetofor oldida to‘xtaganidan keyin uni bekatga qabul qilish yoki bekatdan jo‘natishni taklif qiluvchi signalga ko‘ra, mazkur signal ishlamagan taqdirda - poyezd nozimining og‘zaki buyrug‘i yoki yozma buyrug‘ining nusxasiga binoan ALS ruxsat beruvchi signal ko‘rsatkichi paydo bo‘lgunga qadar ogohlik pedali (tugmasi) bosilgan holda 20 km/soatdan oshmagan tezliqda, ALS-ARS qurilmalari nosoz bo‘lgan yoki ALS-ARS qurilmalari o‘rnatilmagan poyezdlar, shuningdek ALS-ARS qurilmalari bilan jihozlanmagan tarmoqda ogohlantiruvchi svetofordan tashqari, navbatdagi svetoforgacha 20 km/soatdan oshmagan tezlikda amalga oshirishga yo‘l qo‘yiladi.
Avtomatik tarzda ishlaydigan kirish yoki chiqish svetoforning taqiqlovchi belgisi (qizil chiroq, bitta qizil va bitta sariq chiroq, o‘chiq chiroqlar, tushunarsiz ko‘rsatkich) yonib turgan taqdirda poyezd svetofor oldida to‘xtaganidan keyin uni bekatga qabul qilish (poyezdning bekatga kirishi) yoki bekatdan jo‘natishni ALS ruxsat beruvchi signal ko‘rsatgichi paydo bo‘lguncha qadar ogohlik pedali (tugmasi) bosilgan holda 20 km/soatdan oshmagan tezliqda, ALS-ARS vositalari nosoz bo‘lgan yoki ALS-ARS vositalari o‘rnatilmagan poyezdlar, shuningdek ALS-ARS vositalari bilan jihozlanmagan tarmoqlarda navbatdagi svetoforgacha 20 km/soatdan oshmagan tezlikda amalga oshirishga yo‘l qo‘yiladi, ogohlantiruvchi svetoforlar bundan mustasno.
«O», «NCh>> («OCh») signal ko‘rsatgichlari va svetoforlarning ruxsat beruvchi belgilari yonib turgan taqdirda poyezdni bekatga qabul qilish (poyezdning bekatga kirishida) yoki uni bekatdan jo‘natishda poyezd to‘xtaganidan keyin uning tezligi ALS ruxsat beruvchi signal ko‘rsatgichi paydo bo‘lgunga qadar ogohlik pedali (tugmasi) bosilgan holda 20 km/soatdan oshmasligi kerak.
Mashinist quyidagi holatlar haqida poyezd nozimiga xabar berishi shart:
ALSda «NCh» («OCh») signal ko‘rsatgichlari paydo bo‘lgani;
poyezdni ALSning «O» signal ko‘rsatgichiga ko‘ra to‘xtagani;
poyezdni taqiqlovchi ko‘rsatgichli svetofor oldida to‘xtagani;
poyezd oldida turgan poyezdning yo‘ldan olinmaganligi natijasida to‘xtagani haqida.
Quyidagi holatlarda 30 soniya mobaynida poyezd 20 km/soatdan oshmagan tezlikda harakatlanishi lozim:
ALSni «NCh» («OCh») ko‘rsatgichlarini ruxsat beruvchi signal ko‘rsatgichi bilan almashganidan keyin;
ALS-ARS vositalari nosoz bo‘lgan yoki ALS-ARS vositalari o‘rnatilmagan poyezd tomonidan, taqiqlovchi belgi (qizil chiroq, bitta qizil va bitta sariq chiroq, o‘chiq chiroqlar, tushunarsiz ko‘rsatgich) yonib turgan oldingi svetofordan o‘tilganidan so‘ng ruxsat beruvchi belgili svetofor ortida.
Yo‘l avtoto‘xtatgichi skabasining to‘suvchi holatidan o‘tish tartibi Poyezdlar harakati va manyovr ishlariga doir yo‘riqnoma bilan belgilanadi.
Poyezd yopiq turdagi bekatga kirib kelganida, mashinist bekat eshiklari holatini ko‘rsatuvchi signallashtirish ko‘rsatgichiga, poyezd bekatdan jo‘nab ketayotganida bundan tashqari poyezd bilan yo‘lovchilar zali devori o‘rtasidagi oraliq bo‘shligini nazorat qiluvchi signallashtirish ko‘rsatgichiga amal qilishi lozim.
Poyezdni bekatning platforma doirasida qisman egallangan yo‘liga qabul qilinishi, istisno tariqasida poyezd nozimining ko‘rsatmasiga binoan, poyezd nozimi yoki bekat navbatchisitomonidan bu haqda mashinistni ogohlantirganidan keyin yo‘l qo‘yiladi.
Poyezdni bekatning qisman egallangan yo‘liga qabul qilinishi tartibi Poyezdlar harakati va manyovr ishlariga doir Yo‘riqnoma bilan belgilanadi.
Poyezdning bekatdan jo‘nashi jadval bo‘yicha, ammo belgilangan eng kam vaqt oralig‘i saqlagan holda amalga oshiriladi.
Poyezd dastlabki bekatdan jo‘natishdan oldin mashinist poyezdning harakat jadvalidan ko‘chirma yoki poyezd talonini olishi kerak.
Mashinistlar (lokomotiv brigadalari)ning harakat jadvallari yoki poyezd talonlarini olish tartibi harakat xizmati boshlig‘i tomonidan belgilanadi.
Poyezdni jo‘nab ketishi uchun hech qanday to‘siqlar yo‘qligiga ishonch hosil qilmasdan turib, bekat navbatchisi yoki poyezdlarni qabul qilish va jo‘natish bo‘yicha navbatchi poyezdning jo‘nashga tayyorligi haqida signal berishi, mashinist (lokomotiv brigadasi) esa bunga ishonch hosil qilmasdan poyezdni harakatga keltirishi man etiladi.
Yo‘lga chiqqan poyezdning harakati xavfsizligi yoki odamlar hayotiga tahdid soluvchi nosozlik yoki to‘siq aniqlangan taqdirda, bekat navbatchisi yoki poyezdlarni qabul qilish va jo‘natish bo‘yicha navbatchi mazkur poyezdni to‘xtatish haqida signal berishi va shundan so‘ng bu haqda zudlik bilan poyezd nozimiga xabar berishi shart.
Poyezd ohirini belgilovchi signallar o‘chgani aniqlangan taqdirda bekat navbatchisi yoki poyezdlarni qabul qilish va jo‘natish bo‘yicha navbatchi bu haqda yo‘lga chiqqan poyezd mashinistini ogohlantirishi va poyezd nozimiga xabar berishi shart.