Harakat tarkibi avtomatik tarzda ishlaydigan pnevmatik tormozlar bilan jihozlanishi lozim.
Yo‘lovchilar va yuk tashish uchun mo‘ljallangan elektr poyezdlari harakat tarkibi elektr tormozlari bilan ham jihozlanishi kerak. Vagonning har bir o‘qida tormozi bo‘lishi lozim.
Avtomatik tarzda ishlaydigan pnevmatik tormozlar va ularning qismlari belgilangan me’yorlarga ko‘ra saqlanishi, boshqaruvchan bo‘lishi va turli foydalanish sharoitlarda ishonchli ishlashi, bir tekis tormozlanishni ta’minlashi, shuningdek havo tormoz magistrali uzilganida yoki yorilganida, to‘xtatish-jo‘mragi (tezkor tormoz berish jo‘mragi) yoki avtoto‘xtatgichning uziladigan klapani ochilganida poyezdning to‘xtashini ta’minlashi kerak.
Avtomat tarzdagi pnevmatik va elektr tormozlari vagonlarning har xil yuklanishida tormoz masofasini o‘zgarmasligini saqlash uchun mo‘ljallangan avtorejimli vositaga ega bo‘lishi, hamda g‘ildirak juftliklarining harakatlanmay qolishiga yo‘l qo‘ymaydigan va tezkor tormozlanishda yoki ALS - ARS vositalaridan tormozlanishda poyezdning jadvallarda keltirilgan hisoblangan tormozlanish masofasi doirasida to‘xtashini taminlashi lozim.
Shoshilinch tormozlanishda hisoblangan tormozlanish masofasining jadvalda keltirilgan uzunligi ochiq yer usti yo‘l qismlari va ularga tenglashtirilgan yo‘l qismlarda 50% ga ortadi. Hisoblangan tormozlanish masofalarining amaldagi tormozlanish masofalariga muvofiqligi vaqti-vaqti bilan tekshirib turilishi lozim. Tekshirish tartibi va muddatlarini metropoliten boshlig‘i belgilaydi.
Har bir elektr toki bilan ishlaydigan harakat tarkibi mashinistining kabinasida shoshilinch tormozlanish uchun jo‘mrak, vagonning qarama-qarshi qismida esa - shtangasi qisqartirilgan va tutqichi o‘rindiq suyanchigi ortida o‘rnatilgan to‘xtatish-jo‘mragi bo‘lishi lozim.
Mashinist kabinasi bo‘lmagan vagonda to‘xtatish-jo‘mraklari vagonning ikkala yon qismida o‘rindiqlar suyanchig‘i ortida bo‘lishi kerak.
Harakat tarkibi to‘xtatib turish tormozlari bilan jihozlanishi, ular belgilangan me’yorlarga ko‘ra saqlanilishi, hamda metropoliten boshlig‘i tomonidan tasdiqlangan hisoblarga mos ravishda tormozlanishni ta’minlashi lozim.
Vagonlarning ajralishi yoki sinishi natijasida gabaritdan chiqish yoki yo‘lga to‘kilib qolishi mumkin bo‘lgan barcha qismlari va detallari himoyalovchi vositalarga ega bo‘lishi kerak.
Motor-relsli transport, mazkur mashina turkumi uchun tasdiqlangan amaldagi tormozlanish masofasiga mos tormozlanishi vaqti-vaqti bilan tekshirib turilishi lozim.
Tormozlanish masofalari tirkamaning og‘irligidan kelib chiqib xo‘jalik pooyezdlari uchun hisoblangan tormozlanish masofalariga tengligi tekshirib turilishi kerak.
Tormozlanish masofalarini tekshirish tartibi va muddatlarini metropoliten boshlig‘i belgilaydi.
Harakat tarkibi avtomatik tarzda ulovchi uskunalar bilan jihozlanishi lozim.
Tarkibdagi vagonlarning to‘g‘ri ulanishi uchun uni qabul qilgan mashinist yoki tarkibni shakllantirgan elektrodepo navbatchisi javobgarlikka ega bo‘ladi.
Xo‘jalik poyezdi tarkibdagi harakatlanuvchi vagonlarning to‘g‘ri ulanishi uchun xo‘jalik poyezdining mashinisti javobgarlikka ega bo‘ladi.
Poyezd tarkibidagi avtomatik tarzda ulovchi uskunalarning texnik holati uchun texnik xizmat ko‘rsatgan brigadir va usta javobgar hisoblanadi.