Har bir g‘ildirak juftligi metropoliten boshlig‘i tomonidan tasdiqlagan G‘ildirak juftliklarini ko‘zdan kechirish, tekshirish, ta’mirlash va shakllantirishga doir yo‘riqnoma talablariga javob berishi lozim. Har bir g‘ildirak juftligi o‘qida g‘ildirak juftligining shakllantirilgan vaqti va joyi, hamda to‘la tekshiruvdan o‘tkazilganligi haqida aniq qo‘yilgan belgilar, shuningdek uni shakllantirish paytida qabul qilinganligi haqida tamg‘aga ega bo‘lishi kerak.
Belgilar va tamg‘alar belgilangan joylarga qo‘yiladi.
G‘ildirak juftliklari harakat tarkibi tagida ko‘zdan kechirilishi, oddiy va to‘liq tekshiruvlarining o‘tkazilishi, g‘ildiratib keltirilganda tegishli Daftar va pasportlarda qayd etilishi lozim.
Yuklanmagan g‘ildirak juftligining ichki qirralari oralig‘idagi masofa 1440 mm bo‘lishi kerak. Bundagi og‘ishlar ko‘payishi yoki kamayishi tomonga 3 mm dan oshmasligi lozim.
Yuklangan g‘ildirak juftligi g‘ildiraklarining pastki nuqtasidagi ichki qirralari oralig‘idagi masofa g‘ildirak juftligining pasportida ko‘rsatilgan o‘lchamdan 2 mm ga kamayishi mumkin.
G‘ildirak juftliklarida quyidagi yedirilish va shikastlanish holatlarining birortasi aniqlanganda harakat tarkibidan foydalanish qat’iyan man etiladi:
g‘ildirak juftligi o‘qining har qanday qismida darz ketish yoki elektr kuyishi;
rezinalangan va yaxlit yasalgan g‘ildirak juftliklarining aylanma doirasi bo‘ylab bir tekisda yedirilishi 3 mm dan ottiq, D rusumli vagonlarning g‘ildirak juftliklarining aylanma doirasi bo‘ylab bir tekisda yedirilishi - 5 mm dan ortiq, shuningdek bir g‘ildirak juftligi g‘ildiraklarining aylanma doirasi bo‘ylab bir tekisda yedirilishining tafovuti 2 mm dan ortiq bo‘lganda;
uzish klapanlari o‘rnatilgan g‘ildirak juftliklarining aylanma doirasi bo‘ylab notekis yedirilishi 0,5 mm dan, qolgan g‘ildirak juftlarining bunday yedirilishi - 0,7 mm dan oshganda;
qirra cho‘qqisidan 18 mm masofada o‘lchanganda qirraning qalinligi 33 mm dan ortiq yoki 25 mm dan kam bo‘lsa;
maxsus shablon bilan o‘lchangan qirraning tikka kesimi 18 mm dan oshganda, hamda qirra qatori uchining o‘tkirlanishi;
aylanish sirtdagi chuqurligi 0,3 mm dan ortiq polzun (o‘yilgan joy) mavjud bo‘lganda, motovozlarda esa - 0,5 mm dan ortiq;
istalgan elementda darz ketishi yoki qatlamlarga ajralishi, bandajda ko‘chish yoki chuqurcha, shuningdek aylanma sirtida belgilangan me’yordan ortiq yoriqlar hosil bo‘lishi;
bandaj yoki uning mahkamlovchi halqaning bo‘shab qolishi, g‘ildirak yoki tishli g‘ildirak gupchagining surilishi;
aylanma sirtida sathi 200 mm2, chuqurligi 1 mm dan ortiq yuza uvalansa.
G‘ildirak juftlarini tekshiruvdan o‘tkazish va ta’mirlash maxsus ta’mirlash shahobchalarida bunday huquqga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan amalga oshirilishi lozim.