KASANDRA
Anton nonushta qilib o‘tirgandi.
“Mushugim, - chaqirdi u. - Bu yoqqa kel, nom topishga yordamlashasan!”
Anton nihoyat mushugiga nom topishga ahd qilgandi. U o‘ziga ma’qul nomlarni bir
qog‘ozga yozdi va ularni mushugiga birin-ketin ovoz chiqarib o‘qib bera boshladi. Har
holda tanlanadigan nom uning o‘ziga ham ma’qul bo‘lishi kerak edi-da. Nomlar yozilgan
uzundan-uzun ro‘yxatlarning bir nechtasini u shu paytgacha rad etgandi.
Mushuk kelib stol ustiga o‘tirdi va Antonga diqqat bilan termulib turdi.
“Stol ustida o‘tirma, - dedi Anton. – Onam urishadi”.
Mushuk boshini quyi soldi. U buni bilardi. Anton unga achinganday bo‘ldi. “Ha bo‘pti,
o‘tirsang-o‘tir”. Mushuk Antonga qarab turaverdi. Anton uni haydamasligini juda yaxshi
bilardi. Doim shunday bo‘lgan.
Anton o‘qidi: “Matilde”. Mushuk esnadi. “Nastasya”. Mushuk bir pashsha ortidan qarab
qoldi. “Go‘zal. Qirolicha. Birinchi Raqam”. Mushuk maqtovlarga sira o‘ch emasligi ko‘rinib
turardi. “Yo‘lbars Lilli. Mautsdibauts. Uzunmo‘ylov”. Mushuk qulog‘ini ham qimirlatmadi.
“Felitsitas, Yesika, Klarisa”. Mushuk boshini qimirlatib, stoldan sakrab tushdi va divan
burchagidagi uxlaydigan joyiga borib yotib oldi.
Anton uh tortdi. U bu safargi takliflarini ham taqdim etib bo‘lgandi. Buning ustiga
maktabga boriladigan vaqt ham bo‘lib qolgandi.
Anton yugurib ketdi. Navbatdagi burilishda u qo‘qqisdan kimgadir urilib ketdi. Bu Tomas
edi. “ Kechirasan”, - hansiradi Anton.
“Hechqisi yo‘q”, - dedi Tomas samimiy tarzda.
Anton bu safar ham hayron qoldi. Mo‘mataloq voqeasidan keyin Tomas umuman
boshqacha munosabatda bo‘lib qolgandi. Nafaqat unga, balki Sibillega nisbatan ham.
Anton bo’rini uchratgan kecha (qissa). Edith Shrayber-Vike
Dostları ilə paylaş: |