www.ziyouz.com kutubxonasi
29
Ba’zan kishiga dunyo ko‘z ochib yumguncha ostin-ustun bo‘lib ketganday tuyuladi. Buyuk
xoqonning dilida xuddi ana shunday bir tug‘yon junbushga kelgan edi. Atrofda esa hamma narsa
o‘zgarmagan, oldin qanday bo‘lsa shunday. Ha, oldinda qora otlar minib bayroqdorlar qo‘llariga
ajdaholar rasmi solingan bayroqlarni ushlab mag‘rur borishmoqda, xoqon esa odatdagiday jonajon
Xubasini minib olgan, uning yonida va orqa tomonida mulozimlar jahongirga lutf aylab otlariga
qamchi bosib borishmoqda, atrofni sodiq soqchilar — «ponsodlar», navbatchilar o‘rab olgan, butun
dashtni ufqqa qadarli harbiy tumanlar — armiyaning zarbdor kuchi hamda minglab aravalar,
qo‘shinlar egallab olgan. Tepada, odamlar dengizi ustida xoqonning sodiq oq buluti — Tangri
Taoloning inoyati yurishning birinchi kunlaridan boshlab olam kezar edi.
hech nima o‘zgarmagan, ilgari qanday bo‘lsa xuddi shunday edi go‘yo, biroq dunyoda nimadir
o‘zgarib, xoqonning g‘azabini avj oldirmoqda edi. Demak, kimdir uning irodasiga qarshi ish qilgan,
demak kimdir o‘zining shahvoniy ehtirosini xoqonning buyuk maqsadlaridan yuqori qo‘yishga jur’at
etgan, demak, kimdir qasddan uning farmoniga zid ish qilgan! Uning suvoriylaridan kimdir namunali
harbiy xizmat qilishdan, xoqonga so‘zsiz itoat etishdan ko‘ra to‘shakda ma’shuqasining pinjiga kirishni
a’lo ko‘rgan! Va qandaydir notavon ayol, kashtado‘z, undan keyin hech kim kashta tika
olmaydiganday xon qatag‘onini bir tiyin qilib tug‘ib olishga jur’at etgan, holbuki aravalardagi boshqa
ayollar maxsus ruxsat bo‘lguncha bola bo‘lib qolmasin deb o‘z nafslarini tiyishgan.
Bu fikrlar uning dilida yovvoyi o‘t, qalin o‘rmon kabi o‘sib, g‘azabdan ko‘z nurini xiralashtirdi,
xoqon shuni ham tushunar ediki, bu aslini olganda favqulodda ahamiyatga molik katta voqea emas
edi, yana bir ko‘ngli shafqatsiz bo‘lishni, jiddiy jazo berishni, qonunbuzarlarni butun cherik oldida qatl
qilishni talab etib, boshqacha bo‘lishi mumkin emasligini ta’kidlar edi.
Charchoq nimaligini bilmaydigan yo‘rg‘a Xuba xoqon ustidan tushmagandanmikin, bu gal o‘zini
ortiqcha yuk ko‘targanday, yuk borgan sayin ortib borayotganday sezdi, har doim bir tekisda o‘qday
otiladigan yo‘rg‘a bu safar ola-chalpoq libos kiyganday ter ko‘piklariga o‘randi, otning bunaqa
bo‘lganini hech ham eslay olmaydi.
Chingizxon qovog‘idan qor yog‘ib jim borar edi. Bunday qaraganda yurishda hech qanday
o‘zgarish bo‘lmagan, dasht lashkarlarining G’arbga tomon harakatiga, dunyoni zabt etishdek buyuk
rejalarini amalga oshirishiga hech qanday kuch monelik ko‘rsatmas edi, lekin nimadir ro‘y bergan edi,
xoqonning amri-farmonlari cho‘qqisidan ko‘z ilg‘amaydigan oshiqday tosh qulab tushdi-yu jahongir
hokimiyati zil ketdi. Bu esa xoqonga tinchlik bermasdi. U ot ustida ham shu haqda o‘ylar edi: bu fikr
tirnoq tagiga kirgan zirapchaday qalbini qiynoqqa solar edi. Xoqon shu haqda mulohaza yuritgan sari
bu ishda o‘z a’yonlarining ayblarini tuya boshladi. Ular bu haqda bo‘lari bo‘lib bo‘yog‘i singgandan
keyin, ya’ni ayol tug‘ib olgandan so‘ng xabar qilishdi, ular oldin qaerda edilar, qayoqqa qaradilar,
nahotki ayolning ikkiqat davrida sezib bo‘lmasa? Ana shunday qilinganda ish oson ko‘chgan bo‘lur edi
— davosi suyuqoyoqni o‘g‘ri itday urib haydashganda olam guliston bo‘lardi. Endi nima qiladi? Bu
shum xabar kelganda xoqon aravalar karvoni uchun mas’ul no‘yonni chaqirtirib, qattiq so‘roqqa tutdi
– kashtachi bo‘shanib bola tug‘ib olguncha, chaqaloqning yig‘isi eshitilmaguncha hamma-hammasini
nahotki hech kim payqamagan bo‘lsa, bunisi qanday bo‘ldi? Buni qanday tushunmoq kerak?
Xoqonning bu savollariga no‘yon dudmal, mujmal javob qaytardi — Do‘g‘ulang ismli bayroqdo‘z har
doim bir chekkadagi alohida o‘tovda yashagan, ayol band ekanligini pesh qilib hech kim bilan
muloqotda bo‘lmagan, o‘zi bir aravada yolg‘iz yashagan, uning bitta xizmatkori bo‘lgan ekan, xolos.
Huzuriga ish bilan kelgan-larida kashtado‘z ipak bilan tikiladigan bir to‘p gazlamani beliga o‘rab
o‘tirarkan. Odamlar ayol buni chiroyli ko‘rinish uchun shunday qilgan deb o‘ylashgan, chunki u
go‘zallik shaydosi bo‘lgan ekan. Shuning uchun ham ayolning ikkiqatligini payqab bo‘lmagan. Bolaning
otasi kimligi noma’lum. Kashtado‘z esa hali so‘roq qilinganicha yo‘q. Xizmatkor bo‘lsa, o‘limdan
xabarim bor, ammo bundan xabarim yo‘q, deydi.
Chingizxon bu hodisaning unchalik e’tiborga molik emasligi haqida o‘yladi, biroq bola tug‘ishni
taqiqlagan o‘zi, shuning uchun qo‘shin boshliqlari o‘z hayotidan qo‘rqib, bo‘lib o‘tgan voqea haqida
hokimi mutlaqqa tezroq xabar berishga oshiqar edi. Demak, xoqon o‘z farmoni oliysining quli bo‘lib
Chingizxonning oq buluti (qissa). Chingiz Aytmatov