Daftar hoshiyasidagi bitiklar. O’tkir Hoshimov
www.ziyouz.com kutubxonasi
23
Urush bilan besh ukunda bitadigan muammo tinchlik bilan besh yilda bitsa, ikkinchi
yo’lni tanlash kerak!
* * *
Bir zamonlar urushda askar o’lsa-o’lgandir. Hozirgi urushda qurol ko’targandan ko’ra
qurol ko’tarmagan ko’proq qiriladi. Zamonaviy qurollar okop bilan bolalar bog’chasining,
aedrodrom bilan tug’ruqxonaning farqiga bormaydi!
* * *
Inson-aqlli. Inson-donishmand... shu qadar donishmandki, xat-savodi chiqmay turib
omoch o’ylab topdi... G’ildirak ixtiro qildi. Narvon... Keyin suvda suzdi. Osmonda uchdi.
“ Oynai-jahon”ni yaratddi... ko’p bedavo dardlarga shifo topdi. Qadami Oygacha yetdi...
Inson- aqlli. Inson-donishmand... Shu qadar “donishmand”ki, bir zarb bilan butun boshli
shaharni kultepaga aylantiradigan atom bombasini o’ylab topdi. Shu qadar
“donishmand”ki, bir zarb bilan butun boshli mamlakatni yer bilan yakson qiladigan
vodorod bombasini yaratdi. Shu qadar “donishmand”ki, bir zarb bilan million odamni,
mol-holni, qurt-qumirsqani qirib tashlab, “jonsiz” boyliklarga- uy-joy, mol-mulk, oltin-
kumush, temir-tersakka ziyon yetkazmaydigan “aqlli” neytron bombasini kashf etdi...
Shu qadar “donishmand”ki, bir tomchisi havoga purkalsa, yetmish odamni til torttirmay
o’ldiradigan “U-X” degan zaharni ixtiro qildi va ...o’sha zahri-qotilning 15 ming tonnasini
g’amlab qo’ydi...
Bu qurol bilan yetti yuz milliard odamni qirib tashlash mumkin ekan!
Holbuki, Yer kurrasida besh milliard odam yashaydi…
…Inson-aqlli. Inson-donishmand. Inson- telba!
* * *
Odamxo’rlik-kannibalizm, besh asr avval barham topgan, deydilar… Unday emas.
Modomiki, yer yuzida urush balosi bor ekan, shuning o’zi odamxo’rlikdir.
* * *
Urush degan palakatni, ko’pincha, kaltafahm siyosatdonlar o’ylab topadi. To’nkamijoz
generallar boshlaydi. Jabrini esa begunohlar tortadi. Begunoh askar. Begunoh ota.
Begunoh ona. Begunoh kelin. Begunoh go’dak…
Dostları ilə paylaş: