www.ziyouz.com kutubxonasi
4
ko’zidan nur ketdi.
Kunlardan birida ona-bola ittifoqo yana o’sha qishloqqa borib qoldilar. Yigit qaddini g’oz
tutib tez-tez yurib borar, ona esa toliqqan oyoqlarini, og’ir-og’ir ko’tarib bosgancha
harsillab kelardi. Guzardagi yarmini yashin uchirib ketgan chinor hali ham bor ekan. Buni
qarangki, chinorning tarvaqaylab o’sgan shoxida hamon supradek kattakon uya qorayib
ko’rinar, uyada esa oyog’I, tumshug’i uzun laylak turardi. Yigit laylakka bir qarab qo’ydi-
yu qadamini tezlatdi.
Orqada kelayotgan ona nursizlanib qolgan ko’zlarini chinorga, chinor shoxida qorayib
turgan uyaga tikdi. Shoxda osilib turgan narsa ko’ziga g’alati ko’rindi.
- Anavi nima, o’g’lim? – dedi to’xtab.
-Laylak, oyi, laylak!
Ona yaxshi eshitmadi. Uch-to’rt qadam yurib yana to’xtab qoldi. Savatdek narsa ichida
bir nima oqarib ko’rinyapti. Qiziq...
-Nima, o’g’lim? – dedi ko’zlarini pirpiratib. O’gil taqqa to’xtadi. G’ashi keldi. O’zi shoshib
turibdi: mingta ishi bor! Odam qariganidan keyin ezma bo’lib qolarkan-da!
-Laylak! –dedi jerkib. –Laylak deyapman-ku, karmisiz!
Shunday dedi-yu, jahl bilan tez-tez yurib ketdi. Nachora, yigit yosh, yigit navqiron.
Uning yumushi ko’p. hali shaharga qaytishi kerak… Uning yumushi ko’p. hali shaharga
qaytishi kerak… Uning g’or, go’dak bolalari bor…
Tarix “xatosi” To’qqizinchi asr. Muhammad al- Xorazmiy algebra faniga asos soldi.
O’ninchi asr. Abu Nasr Forobiy Aristotelning “Metafizika” asariga ehg mukammal sharh
yozib, “ikkinchi ustoz” unvonini oldi.
On birinchi asr. Abu Rayhon Beruniy Yer bilan Oy o’rtasidagi masofani o’lchadi. Ibn Sino
medetsina Qomusi- “Tib qonunlari” ni yaratdi.
O’n to’rtinchi asr. Sohibqiron Amir Temur Yevroosiyoning yarmini tasarrufga oldi. Ahli
ilm boshini silab, o’lmas obidalar yaratdi.
O’n beshinchi asr. Ulug’bek 1019 yulduzning harakat jadvalini tuzdi. Alisher Navoiy
o’lmas “Xamsa” sini yozdi.
O’n oltinchi asr. “Boburnoma” olamga tarqaldi.
O’n yettinchi asr. Shoh- Jahon dunyodagi yeti mo’jizaning biri- “Tojmahal” ni bunyod
etdi.
Yigirmanchi asr. O’zbek-sovet olimlari misli ko’rilmagan “ixtiro” qildilar: tarix “xato” sini
tuzatib, o’tmishda biz yoppasiga “savodsiz” bo’lganimizni isbotlab berdilar…
Umr Tanishdilar…
Sevishdilar…
Turmush qurdilar…
Farzand ko’rdilar…
To’ng’ichi nimjonroq edi. Kasal bo’lib, ko’p kuydirdi…
O’rtanchasi o’yinqaroq edi… Qamalib chiqdi…
Kenjasi qiz edi… Erkaroq o’sdi. Turmushi buzildi…
Bir kuni erkak kechasi uyg’onib ketdi. Uzoq o’y o’ylab yotdi. Qarasa, ayoli ham uyg’oq
ekan.
- Onasi,- dedi. - - Dunyoga kelib nima ko’rdik o’zi?
- Bilmasam, - dedi ayoli xo’rsinib…
Daftar hoshiyasidagi bitiklar. O’tkir Hoshimov
www.ziyouz.com kutubxonasi
5
..Bobotoqqa borganimda qurib qolgan ikkita daraxtniko’rgandim. Ikkalasi bir-biriga
suyani-i-ib turardi...