"Ey (kiyimlariga) o‘ralib olgan zot! Kechasi (bedor bo‘lib, namozda) ozgina turing!" (Muzammil surasi, 1–2-oyatlar) degan amr bilan Rasulullohga ham, musulmonlarga ham farz bo‘lgan edi. Keyinchalik: "Endi (kechalari namozlaringizda) Qur’ondan sizlarga muyassar bo‘lgan miqdorda o‘qiyveringlar. U zot sizlarga orangizda (kechalari bedor bo‘lishga quvvati yetmaydigan) bemorlar bo‘lishini, boshqalar Allohning fazl-marhamatidan (rizq-ro‘z) istab yer yuzida (ya’ni, uning turli tomonlariga) safar qilishlarini va yana boshqalar esa Alloh yo‘lida jangga chiqib ketishlarini bildi. Bas, (o‘zlaringizni qiynamay Qur’ondan) muyassar bo‘lgan miqdorda o‘qiyveringlar", oyati nozil bo‘lib, tahajjud namozi ummatga nafl namozga aylandi, lekin Rasulullohga (sollallohu alayhi vasallam): "O‘zingiz uchun nafl (ibodat) bo‘lgan namozni o‘qing!" oyati bilan farz bo‘lib qoldi".
Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Kechasi turib namoz o‘qigan va xotinini ham namozga uyg‘otgan, uyg‘onmasa yuziga suv sepgan erlarga Alloh taolo rahm qilsin", deganlar.
Hazrati Oyisha (r.a.) onamizdan rivoyat qilingan hadisda, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Uch narsa borki, ular menga farz, sizlarga sunnatdir: vitr namozi, misvok tutish, tahajjud namozi".
Umar ibn Xattobdan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Kimki kechasi namoz o‘qisa va namozni go‘zal qilib ado etsa, Alloh taolo unga to‘qqizta narsa bilan marhamat qiladi. Beshtasi dunyoda, to‘rttasi oxiratda. Dunyodagi beshtasi: Alloh uni ofatlardan saqlaydi, yuzida ibodat asarini zohir qiladi, uni bandalarining qalbida suyukli qiladi, nutqiga hikmat beradi, uni dinda hakim-faqih qiladi. Oxiratdagi to‘rttasi: qabrdan yuzi oppoq bo‘lib turadi, hisobi yengil bo‘ladi, sirotdan chaqmoq kabi tez o‘tadi, namoi a’moli o‘ng tarafidan beriladi", dedilar".
Rasulullohdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilingan yana bir hadisda u zot bunday deganlar: "Me’roj kechasida Alloh taolo menga besh narsani buyurib aytdiki: "Qalbingni mol-dunyoga bog‘lab qo‘yma, chunki dunyoni sen uchun yaratmaganman. Muhabbatingni Menga qil, chunki hammalaringiz Mening huzurimga qaytasizlar. Jannat talabida sa’yi harakat qil, xalqdan umid qilma, chunki ularning qo‘larida hech narsa yo‘qdir, tahajjud namozida davomli bo‘l, chunki nusrat kechasi qoim bo‘lish bilan birga bo‘ladi".
Yana bir hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Kimki uyqusidan uyg‘onganda: "La-a ilaha illallohu vahdahu la-a sharika lah, lahul mulku va lahul hamdu va huva ‘ala kulli shay‘in qodir, subhanalloh, valhamdulillah va la-a ilaha illallohu vallohu akbar. Va la-a havla va la-a quvvata illa billahil ‘aliyyil ‘aziym, rabbig‘firliy", desa, uning gunohlari kechiriladi", deganlar.
Ibrohim ibn Adham aytadilarki: "Bir kuni uyimga mehmonlar kelishdi. Bildimki, ular sharafli kimsalar. Shunda men ularga: "Menga va’z-nasihat qilinglar, shoyadki men ham sizlar kabi Allohdan qo‘rqsam", dedim. Ular: "Biz senga yettita narsani vasiyat qilamiz: birinchi, ko‘p gapirishdan saqlan, chunki u qalbning uyg‘oqligini ketkazadi. Ikkinchi, ko‘p yeyishdan saqlan, chunki u hikmatni ketkazadi. Uchinchi, odamlarga ko‘p aralashib yurishdan saqlan, chunki bu ibodatdagi halovatni yo‘qotadi. To‘rtinchi, dunyoga muhabbat qo‘yishdan saqlan, chunki bu husni xotima (xayrli oqibat) bilan vafot etishni ketkazadi. Beshinchi, johil va ilmsiz bo‘lishdan saqlan, chunki bu qalbning tirikligini ketkazadi. Oltinchi, zolimlar bilan hamsuhbat bo‘lishdan saqlan, chunki bu dinda mustaqim turishni ketkazadi. Yettinchi, kimki odamlarning roziligini talab qilsa, Allohning roziligidan bebahra qoladi", deyishdi".
Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Kechasida qoim bo‘linglar, chunki bu sizlardan avvalgi payg‘ambarlaru avliyolarning odatidir", dedilar.
Rivoyat qilinishicha, Dovudning (a.s.) ahli oilalari har kecha qoim bo‘lisharkan. Bu xabarda bizga ulardan ko‘ra kechalari qoim bo‘lishga haqliroq ekanimizga tanbeh bor, chunki biz barcha ummatlarning yaxshirog‘imiz. Va kimki kechasi turib tahajjud namozi o‘qimasa, haqiqiy solihlardan emasligiga ishora bor.
Hadisi qudsiyda Alloh taolo: "Banda nafl ibodatlar qilish bilan Menga yaqinlashadi, hatto Men uni yaxshi ko‘rib qolaman", deydi. Qur’oni karimda: "Yaxshiliklar gunohlarni ketkizadi", deyilgan.
Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Sizlardan biringiz uxlagan vaqtda shayton uning boshini tepasiga uchta tugun tugadi. Agar u turib, Allohni zikr qilsa, bitta tugun yechiladi. So‘ng tahorat qilsa, ikkinchi tugun yechiladi. Agar namoz o‘qisa, uchinchi tugun yechiladi va g‘ayratli, quvnoq holatda tong ottiradi. Agar bularni qilmay uxlab qolsa, shayton uning ikki qulog‘iga bavl qilib ketadi", dedilar.
Imom G‘azzoliy aytganlarki: "Kechaning avvalida Arshning ostidan bir nido qiluvchi: "Ibodat qiluvchilar tursin", deb duo qiladi. Obidlar turib Alloh xohlaganicha ibodat qilishadi. Kechaning yarmida: "Sahargacha namozda qoim bo‘lguvchi, Allohdan qo‘rquvchi kimsalar tursin", deb duo qiladi. So‘ng: "Istig‘for aytguvchilar tursin", deb nido qiladi. Ular turib xohlaganlaricha istig‘for aytadilar. Agar tong otsa: "G‘ofillar tursin", deb nido qiladi. Ular o‘liklar qabrdan turgandek, ko‘rpalaridan turadilar". Shuning uchun ham Luqmoni Hakim o‘g‘illariga: "Saharda xo‘roz qichqirayotgan vaqtda uxlab yotma, ya’ni, barvaqt, erta turishda xo‘roz emas, sen chaqqonroq bo‘lgin", deb vasiyat qilganlar.
Hikoya qilinadiki, Muso (a.s.) bir kuni bir kimsaning oldidan o‘tib qoldilar. U huzu’ va xushu’ bilan namoz o‘qirdi. Shunda Muso (a.s.): "Yo Parvardigor, buning namoz o‘qishi qanday go‘zal!" dedilar. Alloh taolo: "Ey Muso, agar u har bir kecha kunduzda ming rak’atdan namoz o‘qisa ham, ming marta haj qilsa ham, ming marta g‘azot qilsa ham, toki molining zakotini bermaguncha bu amallar unga foyda bermaydi", deb vahiy qildi.
Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Kim qaerda bo‘lmasin namozini vaqtida ado etib yursa, u Sirotdan peshqadamlarning avvalgi jamoasi bilan birga chaqmoq kabi o‘tib ketadi. Qiyomat kuni yuzi to‘lin oydek porlab turadi. Har kuni mingta shahidning savobini oladi", dedilar. Yana Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Bomdodning ikki rak’ati dunyo va undagi jamiki narsalardan yaxshiroqdir", dedilar. Ya’ni dunyodagi jamiki narsa seniki bo‘lsa, sen uni Alloh yo‘liga infoq qilib yuborsang, ikki rak’at bomdodning farzini o‘qigandek savob ololmaysan.
Dostları ilə paylaş: |