«Ey mo‘minlar, Alloh va Uning payg‘ambariga xiyonat qilmangiz va bilgan hollaringizda sizlarga ishonib berilgan narsalarga (ya’ni, dinga va boshqa har qanday omonatlarga) xiyonat qilmangiz!» (Anfol surasi, 27).
Vohidiy rahimahulloh aytadilar: «Bu oyat Abu Luboba xususida nozil bo‘lgan. Bani
Qurayza yahudiylari qamal qilingach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishini
ularga elchi qilib jo‘natgan edilar. U kishining ahli va farzandlari Bani Qurayza
yahudiylarining orasida edi. Ular undan: «Ey Abu Luboba, bordiyu Sa’dning hukm
qilishiga rozi bo‘lsak, nima bo‘ladi deb o‘ylaysan?» deya so‘rashdi. Abu Luboba
tamog‘iga ishora qildi, ya’ni, so‘yadi, demoqchi bo‘ldi. Bu ishi bilan u Alloh va Rasuliga
xiyonat qilgan edi. Abu Lubobaning o‘zi: «Turgan joyimdan qo‘zg‘almay turib, Alloh va
Rasulga xiyonat qilganimni bildim», degan edi».
Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadilar: «Omonatlar – Alloh omonat qilib bergan
amallar, ya’ni farzlardir».
Kalbiy aytadilar: «Alloh va rasuliga xiyonat qilish ularga osiylik qilishdir. Har bir inson
Alloh farz qilgan ishlarda omonatdordir, xohlasa xiyonat qiladi, xohlasa ado qiladi, uni
Allohdan o‘zga hech kim bilmaydi».
Ya’ni, bu va boshqa har qanday omonatga xiyonat qilmaslik darkor.