«Bas, kim Parvardigoriga ro‘baro‘ bo‘lishidan umidvor bo‘lsa, u holda yaxshi amal qilsin va Parvardigoriga bandalik qilishda (riyokorlik bilan) biron kimsani (Unga) sherik qilmasin! (Ya’ni, qiladigan barcha amallarini Yolg‘iz Alloh uchun qilsin)» (Kahf surasi, 110).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam
aytdilar: «Qiyomat kunida birinchi bo‘lib hukm (hisob-kitob) qilinadigan kimsa – shahid
kishi. Uni keltirishadi, so‘ng Alloh taolo unga ne’matlarini tanitadi, u tan oladi. «Bular
evaziga nima qilding?» deb so‘raydi. «Sening yo‘lingda jang qildim, hattoki shahid
bo‘ldim», deydi. «Yolg‘on aytding, sen «falonchi jur’atli» deb aytishlari uchun jang
qilding. Sen istagan narsa aytildi», deydi. So‘ng buyuradi va u yuzi bilan sudralib,
do‘zaxga uloqtiriladi. Keyin ilm o‘rganib, o‘rgatgan va Qur’on o‘qigan kishini keltirishadi.
Alloh taolo unga ne’matlarini tanitadi, u tan oladi. «Bular evaziga nima qilding?» deb
so‘raydi undan. «Sen uchun ilm o‘rganib, uni (boshqalarga) o‘rgatdim va Qur’on
o‘qidim», deydi. «Yolg‘on aytding, sen olim, deb aytishlari uchun ilm o‘rganding va qori
deb aytishlari uchun Qur’on o‘qiding. Bu gap aytildi», deydi. So‘ng buyuradi va u yuzi
bilan sudralib, do‘zaxga uloqtiriladi. Keyin Alloh rizqini keng qilib qo‘ygan, turli tuman
mol-dunyo ato etgan kishini keltiradilar. Alloh taolo unga ne’matlarini tanitadi, u tan
oladi. «Bular evaziga nima qilding?» deb so‘raydi. «Sen infoq-ehson qilinishini yaxshi
ko‘rgan biror yo‘lni qoldirmasdan Sen uchun infoq qildim», deydi. «Yolg‘on aytding, sen
saxiy, deb aytishlari uchun shunday qilding. Bu narsa aytildi», deydi. So‘ng buyuradi va
u yuzi bilan sudralib, do‘zaxga uloqtiriladi» (Muslim, Nasoiy va boshqalar rivoyat
qilishgan).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Riyoning ozginasi ham shirkdir!»
Yana: «Sizlar xususingizda qo‘rqadigan narsalarimning eng qo‘rqinchlisi kichkina shirk»,
dedilar. «Kichkina shirk nima?» deyishdi. «Riyo» dedilar.
Yana: «Insonlar amallariga yarasha jazo-mukofot olgan vaqtida Alloh taolo
(riyokorlarga): «Dunyoda kimlar uchun riyo qilgan bo‘lsangiz, o‘shalarga boringlar.
Qaranglar-chi, ularning huzurida biron mukofot toparmikansiz?!» deydi», deganlar
(Imom Ahmad rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: «Alloh taolo: «Men sheriklarning
shirkdan behojatrog‘iman. Kimki Men uchun biron amalni qilsa, unda boshqani Menga
sherik qilsa, Men undan behojatman. U o‘sha «sherik» uchundir», dedi» (Ibn Moja
rivoyati).
Yana aytadilar: «Kimki (odamlar) eshitsin desa, Alloh eshittirib qo‘yadi va (odamlar)
ko‘rsin desa, Alloh ko‘rsatib qo‘yadi» (Muttafaqun alayh).
Ya’ni, kimki odamlar ko‘rishi yoki eshitishi uchun biron amalni qilsa, qiyomat kunida
Alloh taolo uning buzuq niyatini fosh etadi va guvohlar huzurida sharmanda qiladi.