www.ziyouz.com kutubxonasi
118
bunisining molini yegan, boshqasining qonini to‘kkan, yana birovni urgan bo‘ladi. Keyin
uning yaxshiliklaridan ularga olib beriladi. Mabodo bo‘ynidagi narsalar bitmay turib,
yaxshiliklari tugab qolsa, ularning xatolaridan olinib unga yuklanadi. So‘ng do‘zaxga
uloqtiriladi» (Muslim rivoyati).
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
«Kimda-kim qarich yer ustida zulm qilsa (o‘ziniki qilib olsa), o‘sha yerning yetti qavati
uning bo‘yniga osib qo‘yiladi» (Muttafaqun alayh).
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Minoda xitob qilib: «Ogoh bo‘linglarki, Alloh
sizlarga qonlaringizni va mollaringizni ushbu kuningiz va ushbu oyingiz hurmati kabi
harom (hurmatli) qildi. Yetkazdimmi?» dedilar. Ular: «Ha», deyishgach, uch marotaba:
«Ey Allohim, O‘zing guvoh bo‘l», dedilar» (Buxoriy rivoyati).
Abdulloh ibn Unays roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi
vasallam: «Alloh qiyomat kuni bandalarni (yoki insonlarni) yalong‘och, xatna qilinmagan
va yo‘qsil holda tiriltiradi», dedilar. Biz: «Yo‘qsillik nima?» deb so‘ragan edik, u zot
sollallohu alayhi vasallam: «Ularning hech narsasi bo‘lmaydi. So‘ng ularga uzoqdagi
kimsa ham yaqindagi kimsa kabi eshitadigan ovozda: «Men hakamman, men
podshohman. Bironta do‘zaxiyning bironta jannatiyda haqqi bo‘lsa, to unga qasosini olib
bergunimcha do‘zaxga tushishi joiz emas. Va bironta jannatiyning bironta do‘zaxiyda
haqqi bo‘lsa, hattoki bir tarsaki bo‘lsa-da, unga ham qasosini olib bermagunimcha
jannatga kirishi joiz emas», deb nido qiladi», dedilar (Ahmad rivoyati).
Huzayma ibn Sobit roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi
vasallam dedilar: «Mazlumning duosidan saqlaninglar. Zero, u bulutda ko‘tariladi. Alloh:
«Izzatim va ulug‘ligimga qasamki, garchi ozginadan keyin bo‘lsa-da, senga, albatta,
yordam beraman», deydi» (Tabaroniy rivoyati).
Jobir aytadilar: «Dengiz muhojirlari qaytib kelgach, Rasululloh sollallohu alayhi
vasallam: «Habash yerida ko‘rgan narsalaringizdan ajoyibini gapirib bermaysizlarmi?»
dedilar. Bir yigit: «Aytib beramiz, yo Rasululloh» deb, so‘z boshladi: «Bir joyda o‘tirgan
edik. Yonimizdan boshida bir ko‘za suv ko‘targan rohiba kampir o‘tdi. U yerlik bir yigit
turgan edi. U bir qo‘lini kampirning kuraklari orasiga qo‘yib itarib yubordi. Kampir
cho‘kkalab qoldi, ko‘zasi sindi. O‘rnidan turib unga qaradi-da: «Yaqinda bilasan, ey
zolim! Alloh kursini qo‘yib, avvalgilaru oxirgilarni to‘playdigan, qo‘l va oyoqlar qilib
o‘tgan ishlarini so‘zlaydigan kunda Uning huzurida sen bilan mening holim qanday
bo‘lishini bilib olasan!» dedi». Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Rost
aytibdi, rost aytibdi. Kuchlilardan zaiflarining haqqi olib berilmaydigan ummatni Alloh
qanday qilib aziz qilsin», dedilar» (Ibn Moja rivoyati).
Rivoyat qilishlaricha, besh toifa odamdan Alloh g‘azablanadi. Xohlasa, Uning azobi shu
dunyoning o‘zida beriladi. Xohlasa, oxiratda ularni do‘zaxga hukm qiladi. Ular: bir
qavmning boshlig‘iki, rayiyatidan o‘z haqqini to‘la-to‘kis oladi, o‘zi esa ularga insof
qilmaydi, ularni zolimlardan himoya qilmaydi; bir qavmning yetakchisiki, odamlar unga
itoat etishadi, u esa kuchli bilan kuchsizni teng ko‘rmaydi va havoi nafsidan gapiradi; bir
kishiki, ahlini va bolalarini Allohga itoat etishga buyurmaydi, ularga diniy ishlarni
o‘rgatmaydi; bir kishiki, mardikor yollab ishini qildiradi-da, haqini to‘liq bermaydi; bir
kishiki, xotiniga mahri borasida zulm qiladi.