www.ziyouz.com kutubxonasi
40
Tushuncha xohishni harakatga keltiradi. Negaki, niyat, qasd va xohish albatta xayolga
kelgan narsa tushunilgandan keyin bo‘ladi. Ishlarning avvali tushunchalardir. So‘ngra
tushuncha rag‘bat uyg‘otadi, rag‘bat qasd qilishni qo‘zg‘aydi, qasd qilish niyatni
harakatga keltiradi, niyat esa a’zolarni ishga soladi. Rag‘batni qo‘zg‘atuvchi tushuncha
oqibatda zarar qiluvchi yomonlikka chaqiradigan narsalarga va oxiratda foyda qiluvchi
yaxshilikka chaqiradigan narsalarga bo‘linadi. Bular ikki tushuncha hisoblanib, ikki xil
nomga muhtoj bo‘ladi. Avvalgisi maqtalgan tushuncha, bu ilhom, deyiladi. Yomonlangan
tushuncha, ya’ni yomonlikka chiqiruvchisi esa vasvasa, deyiladi.
Endi siz bu tushunchalar paydo bo‘luvchi ekanini bilasiz. Albatta har bir paydo bo‘luvchi
narsaning paydo qiluvchisi ham bo‘ladi. Qachonki, hodisalar har xil bo‘lsa, bularning
sabablari ham har xil bo‘lishiga dalolat qiladi. Bu Alloh taolo mavjud hodisalarni
sabablari bilan birga yaratgani qonunidan ma’lum. Qachonki, uyning devorlari olov nuri
bilan yoritilib, shifti esa tutun bilan qoraysa, bilasizki, albatta shiftning qorayish sababi
yoritish sababidan emas. Xuddi shuningdek, qalb nurlari va zulmati uchun ham ikkita
har xil sabab bor. Birinchisi -malak, deb nomlanmish yaxshilikka chaqiruvchi tushuncha.
Ikkinchisi -shayton, deb nomlanmish yomonlikka chaqiruvchi tushuncha. Qalbni yaxshi
ilhomlarni qabul qilishi uchun tayyorlab turadigan marhamat tavfiq, deb nomlanadi.
Qalbni shayton vasvasalarini qabul qilish uchun tayyorlaydigan narsa ig‘vo va
muvaffaqiyatsizlik, deyiladi.
Albatta har xil ma’nolar uchun turlicha ismlar kerak. Farishta Alloh taolo maxluqotlaridan
biri bo‘lib, uning ishi yaxshiliklarni to‘kish, ilm bilan foydalantirish, haqiqatni kashf qilish,
yaxshilikni va’da qilish va yaxshilikka buyurishdir. Alloh taolo uni shuning uchun yaratib
bo‘ysundirgan. Shayton Alloh taolo maxluqotlaridan bir maxluq bo‘lib, uning ishi
yomonlikni va’da qilish, buzuqlikka buyurish, bir yaxshilikka qasd qilingan paytda
kambag‘allik bilan qo‘rqitishdir. Vasvasa ilhomga muqobil bo‘ladi. Shayton farishtaga
muqobil bo‘ladi. Tavfiq muvaffaqiyatsizlikka muqobil bo‘ladi. Bunga Alloh taoloning
so‘zida ishora bordir: