www.ziyouz.com kutubxonasi
50
to‘yib yeyishdir. Chunki bu shahvatlarni kuchaytiradi. Shahvatlar esa shaytonning
qurollaridir.
Rivoyat qilinishicha, Iblis Zakariyo alayhissalomning o‘g‘illari Yahyo alayhissalomga
ko‘rindi. Yahyo alayhissalom uning ustida har bir narsa uchun ilmoqlarni ko‘rdilar. Unga:
«Ey Iblis, bu qanday ilmoqlar?» dedilar. Shayton aytdi: «Bular shahvatlardir, ular bilan
odam farzandiga yetishaman». «Bu ilmoqlar ichida men ham ilinadiganim bormi?»
dedilar Yahyo alayhissalom. «Ha, bor. Gohida to‘yganingizda namozda va Alloh zikrida
sizga malollik sezdiramiz», dedi Iblis. «Yana bundan boshqa narsa bormi?» dedilar
Yahyo alayhissalom. «Yo‘q», dedi shayton. Yahyo alayhissalom aytdilar: «Alloh uchun
hamma vaqt taomni to‘yib yemaslikni lozim tutaman». Shunda shayton ham Yahyo
alayhissalomga: «Men ham Alloh uchun doimo biron musulmonga nasihat qilmaslikni
lozim tutaman», dedi.
Aytiladiki, insonning ko‘p yeyishida oltita xatar bor: ularning birinchisi - uning qalbidan
Allohdan qo‘rqish ketib qoladi. Ikkinchisi -xalqqa rahm-shafqat qilish yo‘qoladi, chunki u
hammani (o‘ziga o‘xshab) to‘q deb o‘ylaydi. Uchinchisi - toat qilishga malollanib qoladi.
To‘rtinchisi -agar biror hikmatli so‘zni eshitsa, o‘zida halimlik topmaydi. Beshinchisi -
agar u nasihat va hikmatni gapirsa, insonlar qalbida o‘rnashmaydi. Oltinchisi - unda har
xil kasalliklar qo‘zg‘oladi.
Shaytonning eshiklaridan yana biri jihozlar, kiyimlar va hovli-joy bilan ziynatlanishni
yaxshi ko‘rishdir. Chunki shayton ana shu narsalar inson qalbini egallaganini ko‘rsa, u
yerda tuxum qo‘yib, bola ochadi. Doim insonni hovlisini obod qilishga, shift va
devorlarini ziynatlashga, binolarini keng qilishga chaqirib turadi. Yana insonni kiyim va
ulovlar bilan ziynatlanishga chorlaydi. Umri bo‘yi mana shunday narsalar vositasida
insonni o‘ziga bo‘ysundiradi. Agar shayton uni shu holatga tushirsa, oldiga ikkinchi bor
kelishiga hojat qolmaydi. Chunki bunday ishlarning biri ikkinchisiga ulanib, biri
ikkinchisini yetaklab to o‘lgunicha davom etaveradi. So‘ngra nafsi havosiga ergashib,
shayton yo‘lida o‘lib ketadi. Bunday narsalarning oqibati kofirlik bilan tugashi xavfi bor.
Bundan Allohdan panoh so‘raymiz.
Uning katta eshiklaridan yana biri insonlardan ta’ma qilishdir. Chunki qalbda ta’ma
kuchaysa, shayton doim ta’magir kishini har xil riyolar, firiblar bilan o‘ralashtirib qo‘yadi.
U ta’ma kutilayotgan kishida yo‘q sifatlarni bor qilib ziynatlab ko‘rsatish bilan ovora qilib
qo‘yadi. Hatto ta’ma qilinayotgan kishi go‘yo ta’magirning ma’budiga o‘xshab qoladi.
Doim unga yaxshi ko‘rinish va do‘st bo‘lish hiylalari to‘g‘risida tinmay fikr qiladigan bo‘lib
qoladi. Ana shunga yetishish uchun har xil ko‘chalarga kirib chiqadi. Ta’magir holatining
eng ozi ta’ma qilinayotgan kishini unda yo‘q sifatlar bilan maqtash va yaxshilikka
buyurmasdan, yomonlikdan qaytarmasdan tilyog‘lamalik qilishidir. Safvon ibn Salimning
rivoyat qilishlaricha, Iblis Abdulloh ibn Xanzalaga ko‘rindi va u kishiga: «Ey Xanzalaning
o‘g‘li, men senga o‘rgatib qo‘ygan narsani yodingda tut», dedi. U kishi: «U narsaga
ehtiyojim yo‘q», dedilar. Shayton: «Qara, agar yaxshi bo‘lsa, olasan, yomon bo‘lsa, rad
qilasan. Ey Xanzalaning o‘g‘li, Allohdan boshqa kishidan rag‘bat bilan biror narsa
so‘rama. G’azablanganingda qay holda bo‘lishingga qara, chunki men g‘azablanganingda
senga ega bo‘lib olaman», dedi.
Katta eshiklardan yana biri shoshqaloqlik va ishlarda sobit turmaslikdir. Payg‘ambar
sollallohu alayhi vasallam: «Shoshqaloqlik shaytondandir, xotirjamlik Allohdandir»,
Ihyou ulumid-din (Qalb kitobi). Abu Homid G’azzoliy