Ihyou ulumid-din (Qalb kitobi). Abu Homid G’azzoliy
www.ziyouz.com kutubxonasi
41
Hasan Basriy aytadilar: «Albatta u ikkisi qalbda aylanib yuradigan ikki qasddir. Biri
Allohdan, ikkinchisi dushmandan. Bir ishni qasd qilgan paytida yaxshilab o‘rganib, agar
Alloh taolodan bo‘lsa, uni yurgizadigan, agar dushmanidan bo‘lsa, unga qarshi
kurashadigan bandaga Alloh rahm qilsin». Bu ikki hukmronlik o‘rtasida
qalb tortilib
turganligi uchun Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Mo‘minning qalbi Rahmon
barmoqlaridan ikki barmoqning orasidadir», dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Alloh taolo bo‘lingan holdagi suyak, go‘sht, qon va paydan tuzilgan barmoqdan oliydir.
Lekin «barmoq» lafzini keltirishdan murod qalb o‘zgarishining tezligiga va uni o‘zgartirish
va harakatlantirishga qodir ekanligiga dalolat qiladi. Chunki siz agar barmog‘ingiz qilgan
ishni iroda qilib turgan bo‘lsangiz ham, barmog‘ingiz bilan bir ish qilsangiz, (ishni
barmog‘ingizga nisbat berasiz). Alloh taolo ishlarini farishta va shaytonni bo‘ysundirish
bilan qiladi. Farishta bilan shayton esa Allohning qudrati bilan qalblarni o‘zgartirishga
bo‘ysundirib qo‘yilgandir. Bu barmoqlaringiz ham jismlarni o‘zgartirishda
sizga
bo‘ysundirib qo‘yilganiga o‘xshaydi.
Qalb asl yaratilgan holatida farishtaning xabarini qabul qilish uchun ham, shayton
xabarini qabul qilish uchun ham, biri ikkinchisidan ustun bo‘lmagan holatda, bir xilda
qabul qilish uchun salohiyatlidir. Ikkisidan birining ustun bo‘lishi
havoyi nafsga ergashish
va shahvatlarga mukkasidan ketishdan yoki havoyi nafsdan yuz o‘girish va unga qarshi
chiqishdandir. Agar inson g‘azab va shahvat taqozo qiladigan narsalarga ergashsa, unda
havoyi nafs vositasi bilan shayton hukmronligi zohir bo‘ladi va qalb shaytonning uyasi
hamda qoniga aylanib qoladi. Chunki havoyi nafs shaytonning yaylovi va o‘tlaydigan
joyidir. Agar inson shahvatlarga qarshi kurashsa, uni o‘z
nafsiga hukmron qilib
qo‘ymasa, o‘zining xulqini farishtalar axloqiga o‘xshatsa, uning qalbi farishtalar
qarorgohiga va kelib tushadigan joylariga aylanadi.
Qalb shahvat, g‘azab, hirs va uzun orzu hamda havoyi nafsdan iborat bashariy sifatli
narsalardan xoli bo‘lolmas ekan, shayton ham unda vasvasa qilish bilan aylanib
yurmoqlikdan to‘xtamaydi. Shuning uchun Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam
aytdilar: «Sizlarning har biringizda bittadan shayton bo‘ladi» (Imom Muslim rivoyati).
Shunda «Sizda ham bo‘ladimi, ey Rasululloh?» deyishdi. Rasululloh
sollallohu alayhi
vasallam: «Ha, menda ham bo‘ladi, lekin Alloh taolo uning zarariga menga yordam
beradi. Men omonda bo‘laman, menga yaxshilikdan boshqa narsani buyurolmaydi»,
dedilar.
Qachonki, havoyi nafs taqozo qiladigan narsalar bilan dunyoning zikri qalbda g‘olib
bo‘lsa, shayton u yerda joy topib, vasvasa qiladi. Agar Alloh zikriga qaytadigan bo‘lsa,
joy torlik qilib, shayton u yerdan ko‘chib ketadi. So‘ngra farishta qalbga kelib, unga
yaxshilikni ilhom qiladi. Farishta askarlari bilan shayton askarlari o‘rtasida qalb
maydonida bir-biriga hujum qilish to qalb ulardan biriga ochilgunga qadar davom etadi.
Qalb
qay biri uchun ochilsa, u yerni o‘ziga vatan qilib o‘rnashib oladi. Ikkinchisining u
yerga borishi o‘g‘rilik tarzida bo‘ladi. Ko‘p qalblarni shayton askarlari ochib, unga egalik
qilib olgan. Natijada qalbga dunyoni ixtiyor qilib, oxiratni
tashlashga chaqiruvchi
vasvasalar to‘lib ketgan.
Shayton askarlari qalbni egallashining boshlanishi shahvatlarga va havoyi nafsga
ergashishdir. Ana shundan keyin shayton askarlarini bosib olish imkoni faqatgina havoyi
nafs va shahvatlardan iborat shaytonning ozuqasidan qalbni bo‘shatish bilan bo‘ladi.