www.ziyouz.com kutubxonasi
72
Agar qalbdagi g‘olib sifatlar yuqorida zikr qilingan shaytoniy sifatlar bo‘lsa, unga shayton
g‘olib keladi. Qalb Alloh taoloning jamoalari va avliyolaridan yuz o‘girib, shayton
jamoalariga moyil bo‘ladi. Bu bilan shayton jamoasiga va o‘z dushmanlariga yordam
beruvchi bo‘ladi. A’zolariga qadarda bitilganiga ko‘ra Alloh taolodan uzoq bo‘lishga sabab
ishlar joriy bo‘ladi.
Agar qalbga farishtalar sifati g‘olib kelgan bo‘lsa, qalb shaytonning ig‘vosiga va uning
naqd narsaga undashiga, unga oxirat ishini yengil sanashiga quloq solmaydi. Balki Alloh
taoloning jamoasiga moyil bo‘ladi va qazoi qadarda bitib qo‘yilgan narsaning taqozosi
bilan uning a’zolarida toat zohir bo‘ladi. Mo‘minning qalbi Rahmonning barmoqlaridan
ikki barmoq orasidadir. Ya’ni, mana shu ikki askarning o‘rtasida talash bo‘lib turishdadir.
Ya’ni, bir jamoadan ikkinchi jamoaga ko‘chishda va o‘zgarishdadir. Ammo farishtalar
jamoati bilan doim sobit turish yoki shayton jamoasi bilan doim birga bo‘lish, bu ikki
tomonga ham juda noyob hollarda bo‘ladi. Bu toat va ma’siyatlar g‘ayb xazinalaridan
shahodat olamiga qalb uychasining vositasi bilan zohir bo‘ladi. Chunki qalb malakut
olami xazinalaridandir. U ham agar zohir bo‘lsa, qalb arboblariga avvalda qazoyi qadarda
bo‘lgan narsalarni bildiradigan alomatlar bo‘ladi.
Kim jannat uchun yaratilgan bo‘lsa, toat qilish sabablari unga oson qilib qo‘yiladi. Kim
do‘zax uchun yaratilgan bo‘lsa, unga osiy bo‘lish sabablari oson qilib qo‘yiladi va unga
yomon do‘stlar hukmron qilib qo‘yiladi. Qalbiga shaytonning hukmi tashlab qo‘yiladi.
Chunki shayton har xil hukmlar bilan ahmoqlarni «Albatta Alloh rahmlidir, parvo
qilaverma, insonlarning hammasi ham Allohdan qo‘rqavermaydi. Sen ularga xilof qilma,
hayot hali oldinda, to‘xtab tur, ertaga tavba qilarsan», degan gapi bilan aldaydi.
Ularga va’dalar beradi va orzular qildiradi. Shayton ularga faqat aldashni va’da qiladi.
Ya’ni, ularga tavbani va’da qiladi, ularga mag‘firatni orzu qildiradi, natijada Alloh
taoloning izni bilan mana shu hiylalar va ular o‘rnida joriy bo‘ladigan narsalar tufayli
ularni halok qiladi. Ularning qalblarini aldashni qabul qilishga keng, haqni qabul qilishga
esa tor qilib qo‘yadi. Bularning har biri ham Alloh taolodan bo‘lgan qazoi qadar bilandir.
Alloh taolo aytadi: