www.ziyouz.com кутубхонаси
22
badan mamlakati vayron bo‘lib, podshoh Dil ham asir bo‘lib, badbaxt va halok bo‘lg‘usidur.
Na’uzu billohi min zolika (Bunday ahvoldan Xudo asrasin).
FASL Havos hissiyotlar bayonida Vaqtiki, mazkur bo‘lgan so‘zlardin bildingkim, g‘azab va shahvatni yemak va ichmak
va badanni saqlamoq uchun xalq qilibdur. Bas, g‘azab va shahvat badanning
xizmatkoridurlar. Taom va suv badanning rizqidur.
Va badanni besh hissiyotni ko‘tarmoq uchun yaratibdur. Bas, badan hislarning
xizmatkoridur. Va havosni vazir Aqlga xizmatda bo‘lmoq uchun xalq qilibdur. Toki Aql
hissiyotlar vositasi birla Haq taoloning ajoyib-g‘aroyib qudratlarini bilg‘ay. Havos aqlning
xizmatkoridur. Va aqlni Dil uchun xalq qilibdurlarkim, aql dilning shamchirog‘idur. Toki dil
ul sham’ nuri birla hazrati parvardigori olam jamolini mushohada qilg‘aykim, ul jamoli
bokamol podshoh Dilning bihishtidur. Bas, aql dilning xizmatkoridur.
Va dilni hazrati Haq subhonahu va taoloning jamoli bokamolin mushohada qilmoq uchun
xalq qilibdur. Vaqtiki, dil ul jamoli bokamol nazzorasiga mashg‘ul bo‘lsa, Haq taoloning
xizmatkori va bandasi ekanligiga shoyista bo‘lg‘onidur. Chunonchi Haq taolo aytibdur:
Va mo xalaqtu-l-jinna va-l-insa illa li-ya’buduni. Oyatning tafsiri: Men jinlar, parilar va odamlarni menga ibodat qilmoq uchun xalq qildim. (Va-z-Zoriyot, 56). Va bu mamlakat va lashkarni Dilga topshiribdurlar. Va badan markabini anga beribdur. Toki bu
markab va lashkarlar madadi birla inson olami xokiydan a’loi uliyyinga safar qilg‘ay.
Va agar bu ne’mati haqni ado qilmoq va bandalik shartini bajo keltirmoq xohish qilsa
bo‘lg‘ayki, Dil podshohvor mamlakat boshida o‘ltirg‘ay. Haq taolo jamolini qiblai maqsad
qilg‘ay. Va oxiratni vatan qarorgohi va badanni markabi roh va dunyoni langar o‘rnida bilg‘ay.
Va aqlni vazir; qo‘l, oyoq va o‘zga a’zoni xizmatkor va shahvatni aqlning poymoli qilg‘ay. Va
g‘azabni, tun podshohi va havaslarni xizmatga shaylab, bulardin har birini bir ishga muakkil
qilg‘ay.
Va quvvati xayolki, dimog‘ning avval tabaqasidandur, ani xazinador qilg‘ay. Toki
xabarlar ruq’alarini (xatlarni) xayol sohibi tadbir qilib, o‘z vaqtida voqif bo‘lib, royi savob
birla mamlakat ishini saranjom aylab, podshoh Dilning safari asbobini muhayyo
qilg‘ay.
Vaqtiki, bu lashkarlardin biri, chunonchi shahvat va g‘azab va bundin o‘zgasi ham podshoh
Dilga tog‘iy va yog‘iy (isyonkor va dushman) bo‘lib podshoh Dilga itoatdan yuz o‘girib, rohzanlik
(qaroqchilik) qasdini qilsa, vazir Aqlga lozimdurki, bularni tadbirin aylab, jihod va g‘azotga
mashg‘ul bo‘lg‘ay, bularni salohga kelturgay. Va o‘ldirmag‘aykim, bularsiz mamlakat ishi rost
kelmas. Balki tadbir qilg‘ayki, bularni toat va ibodat martabasiga yetkuzgay, toki ul safarki,
oldinda bordir, podshoh Dilg‘a yor va o‘rtoq bo‘lg‘aylar, na hasm va rohzan (dushman va
qaroqchi) bo‘lmas.
Vaqtiki, bu tariqada bo‘lsa, nekbaxt va saodatmandlik nishonasi va ne’mat haqqin ado
qilg‘onidur. Va bu xizmatlar mukofotini o‘z vaqtida topqusidur. Agar bu mazkur bo‘lgan
tariqaning xilofida bo‘lub, ul tog‘iy va yog‘iy bo‘lg‘on dushman va rohzanlar muvofaqatda
bo‘lsa, kofiri ne’mat bo‘lib, shakiy va badbaxt bo‘lg‘usidur. Va aning jazo va uqubatlarini
ko‘rgay. Vallohu a’lam.